Sumako Fukuda

QOR

Qor yog‘adi sekin,, osuda,
Qor to‘sadi kunning ko‘zini.
Oq bint kabi o‘raydi asta
Qora yerning ma’sum yuzini…
Qip-yalang‘och butoqlarda qor,
Simyog‘ochu, o‘tloqlarda qor,
Tom boshida — hamma yoqda qor!

Kasalxona sahnida sakrab,
Hurkib yurgan chumchuqlar ketdi.
Tashqarida qor yog‘ar faqat,
Qor yog‘adi uzilmay keti.
Ichkarida qalb ezar g‘urbat,
Baxti qora hayot surati…

Qor yog‘adi sekin, osuda,
Qor to‘sadi kunning ko‘zini.
Oq bint kabi o‘raydi asta
Qora yerning ma’sum yuzini…
Qip-yalang‘och butoqlarda qor,
Simyog‘ochu o‘tloqlarda qor,
Tom boshida — hamma yoqda qor!

Faqat mening yuragim hamon
Kul rangida,
Tutun rangida…

Shuhrat tarjimasi