Nayto Meysetsu (1847-1926)

Nayto Meysetsu (内藤鳴雪) (1847 — 20 fevral 1926) — yapon shoiri. Nariyuki va Nanto nomlari bilan ham mashhur.

“Meysetsu xayku to‘plami” kitobidan

* * *

Sovg‘a oldim –
Choy idishda uyga olib ketmoqdaman
Oltin baliqchani…

* * *

Tip-tiniq suvda
Qimirlamas uyqudagi baliqlar.
Kuz havosi…

Ruschadan Tursun Ali tarjimalari

***

Og‘ilxona ustida
Porlar yangi oy.
Olxo‘ri gullabdi.

***

Qaytarib keladi o‘z ovozimni
Yana o‘zimga
Kuzgi bo‘ronlar.

***

Oy porlayotir.
Oyoq qo‘ydim osma ko‘prikka,
Lapangladi ko‘prik g‘ijirlab .

***

Yurmayotgan otining
Jilovidan tortar zo‘r berib
Aravakash sovuq kechada.

***

Eshitilar oyna ortidan
Dexqon ketmonining chiqirlashlari.
Shudgorda tosh ko‘p.

***

Zilol suvli daryo,
Lapanglab oqmoqda
Suvga qulatilgan xodalar.

***

Tutunlarda ko‘rinmay ketar
Sargashta roxib.
Olislarda yangrar qo‘ng‘iroq.

***

Chug‘urchuqlar galasi
Uchib o‘tdi tepamdan.
Eshitdim qanotlar shuvillashini.

***

Menga sovg‘a berishdi,
Uyga olib ketyapman suvli kosada
Oltin baliqchani.

***

Qish yomg‘iri.
Xamma narsa jim.
Qirg‘oqdagi qayiq ham hatto.

***

Go‘yo itoatkor kapalakni oldiga solib
Xaydab kelayotganga o‘xshar
So‘qmoqdagi yo‘lovchi.

Xoldor Vulqon tarjimasi