Fudzivara Teyka (藤原定家, Fudzivara Sadaie nomi bilan ham mashhur; 1162—1241) — yapon shoiri va filolog. Fudzivara Tosinarining o‘g‘li.
* * *
To‘xtatolmam ko‘z yoshim —
Chechaklarga sochilgan
Kamyob shabnam durlarin:
Nega ketding umrbod meni tashlab, sevgilim?
Sensiz kulbamda esar kuzning sovuq shamoli…
* * *
Yolborishlar befoyda,
Eriydi umrim manim,
Xatsuse tog‘idagi ibodatgoh jomlarin
Tovushi olis qishloq
Uzra erib yitgandek.
Xurshid Davron tarjimasi
* * *
Deding: “Tong otib qoldi!”
Turib tez bo‘lding g‘oyib.
Izing topilmas tayin.
Yo‘qolib ketar bari
Tonggi qor yoqqan sayin.
* * *
Kuzning rangiga o‘xshar
Parishon muhabbating!
Meni ado qilar g‘am.
Xuddi shunday o‘chirar
Shabnamlarni quyun ham.
* * *
Ayrilarkan tong chog‘i
Ko‘zimiz yig‘ladi qon,
Qolmadi qo‘llar holi.
Muzlatdi qalbimizni
Mahzun kuzning shamoli.
* * *
Qanday silardim bir payt
O‘r sochiga bosib lab!
Endi har tolasini
O‘lg‘iz yotog‘im ichra
Erkalayman xotirlab.
Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi.