Akutagava Ryunoske (1892-1927)

Akutagava Ryunoske (芥川 龍之介) (1892.1.3, Tokio — 1927.24.7) — yapon yozuvchisi. O‘z asarlari bilan yapon adabiyotini jahon miqyosiga chiqishini boshlab bergan. U ijodida g‘arb va yapon adabiyoti an’analarini o‘zaro uyg‘unlashtirib, yapon an’anaviy tasvir va ifoda usulini yangi yo‘nalishga burgan.
Inson ongining «jumboq»ligi, oldindan aytib bo‘lmaslik xususiyati ifodalangan hikoyalari — «Ryosman» (1915), «Burun» (1916) unga shuhrat keltiradi. «Kuz» (1920), «Sovuq» (1924) psixologik hikoyalarida esa ijtimoiy yovuzlik dunyosida ezgulikning fojiaviy qismati aks etgan. «Suv alvastilari mamlakatida» (1927) ijtimoiy-fantastik majoziy asardir.
Insonning yolg‘izligi, uning vaqt, tarix oldida ojizligi pand-nasihatdan iborat «Tentakning hayoti» (1927) nomli so‘nggi asarining mavzuidir. Yapon madaniyatida beqiyos o‘rin egallagani uchun «Akutagava» milliy mukofoti ta’sis etilgan.

***

Xatto quyonning ham,
Quloqlari shalpayib qoldi
Qanday issiq havo!

***

Mana tong otdi,
Qo‘shig‘ini to‘xtatib birdan,
Chirildoq jimib qoldi

***

Tog‘ etaklarida
Yumilib qolibdi sovuq ayozdan,
Choy g‘unchalari

***

Qishki yomg‘irlar,
Kanal qirg‘og‘idagi choyxonada
Yolg‘iz bir mexmon…

***

Bog‘ yo‘lakchasidagi
Ko‘lmakda aks etar
Azaliya gullari…

***

Qish kechasi sovuq,
Yo‘lning ikki cheti
Bambuk o‘rmoni.

Xoldor Vulqon tarjimalari

* * *
Bambukzor o‘rmon
Yo‘l yoqalab o‘ng va so‘lda
Izg‘irin kecha…

* * *
Qish bo‘roni.
Ipga tizilgan baliqlar shodasida
dengiz to‘lqinini ranggi.

* * *
Porlaydi qishning ranggi.
Siyrak shoxlar orasidan ko‘karib ko‘rinar
Osmon yomg‘ir mavsumida…

Tursun Ali tarjimalari