Xo Shi Min (1890-1969)

Xo Shi Min (Hồ Chí Minh), Nguyen Shin Kung, Nguyen Tat Txan (1890.19.5, Ngean provintsiyasi, Kimliyen qishlog‘i — 1969.3.9, Xanoy) — Vetnam mehnatkashlar partiyasi MK raisi (1951 yildan), Vetnam prezidenti (1946 yildan); ayni vaqtda Vetnam bosh vaziri (1946-55). 1945 yil avgust – 1946 yil martda Vetnam Muvaqqat hukumati raisi. Vetnam adabiyotining taniqli vakili. Frantsuz tilida hikoya va ocherklar, xitoy tilida she’rlar yozgan. Saygon shahriga Xo Shi Min nomi berilgan.

* * *

Ellikka yetmasdan ba’zi bir odam
Qarilik da’vosin qiladi har dam.
Oltmishdan nariga o‘tib ketsam ham
O‘zimni sezaman tetik va bardam.

Kamtarin bir hayot kechirmoq kerak,
Kamtarda hamisha yosh bo‘lur yurak.
Mehnatdir hayotning ko‘rki, negizi,
Muntazam mehnatdir yoshlikning o‘zi!

* * *

Bu kecha to‘lin oy naqadar ko‘rlam!
Daryoning suvlari go‘yoki ko‘klam –
Ko‘kiga tutashib ketgandek ulkan.
Qirg‘oqda ko‘p harbiy rejalar tuzdik.
Tun og‘gach, qayiqqa o‘tirib suzdik:
Oy nuri qayiqda limmo-lim ekan!

Shuhrat tarjimasi