May Van Fan (1955)

Shoir May Van Fan (Mai Văn Phấn) 1955 yili Vetnam shimolidagi Ninh Banh viloyatida tavallud topgan. U o‘z xalqining quvonch va tashvishlarini go‘zal va ohangdor vetnam tilida qalamga olarkan, qashshoqlik, kasallik, azob-uqubat bilan birga oddiy kishilarning samimiy ko‘ngil izhorlarini quyuq she’riy bo‘yoqlarda ifodalaydi. Bir gal u «Biz qaro yer ostiga ko‘milgan urug‘ yorug‘likka talpinib o‘sgani kabi har doim ro‘shnolikka intilib yashaymiz» deb yozgan. U inson tabiati sinoatlari va borliq murakkabliklarini tadqiq qilgan holda nurli-shonli tong, barg ustida g‘imirlagan qurt, juvonlarning xo‘rsinig‘ini badiiy talqin etadi. U Vetnamdagi qator adabiy mukofotlar sohibi. May Van Fanning «Oftob nuri tomchilari», «Tongga qasam», «Davrimiz odamlari», «Suvdevor», «Nogoh shamol esar», «Kunduz va tun urug‘lari» kabi yigirmadan ortiq to‘plamlari nashr etilgan. She’rlari ko‘plab xalqaro antologiyalarga kiritilgan va bir necha chet tillariga tarjima qilingan.
 
MEHMONIMNI KUZATDIM ASTA

To‘ldiraman piyolaga choy
O‘ltiraman topib qulay joy
Faqat uyni tark etmish mehmon
Shoshib unga qilgum telefon
U yo‘q, derlar, nargi dunyoga
Rihlat etgan yetti yil burun
Birdan dilga ko‘chadi huzun

Kulbam g‘ala-g‘ovur, betartib
Kim suratni oldiykin tortib?
Qayga ketdi antiqa soat
Kimdan sovg‘a qalbaki choynak
Xotirimga tushsaydi shoyad

Qo‘shnilardan eshik qoqqancha
Surishtirdim narx-navo qancha
Oshmish ayrim mollar yil osha
Ba’zisi hanuz o‘sha-o‘sha

Uyda esa choy hali qaynoq
Ol, ho‘plagil, tortinma, o‘rtoq
Bug‘ nogahon o‘rlaru shiftga
To‘kilmoqqa poyingga mushtoq.

YIL BOShIDA NUR IChRA

Qancha yuvinmayin bo‘lmadim toza
Chiroq yorug‘ida chaygum o‘zimni,
Elka, ikki qo‘lim, tovonu tizzam
Tutib quruq yo‘tal, iyak, ko‘zimni.

Tanamga yashirin har bitta qatni
Yoruqqa chulg‘adim o‘ssin deb yana
Suvda toblagandek qaynoq po‘latni
Uyada bosilgan iliq moyana,
Shoxlari yoyilgan bir og‘och tana.

Navbahorni kutib cho‘milaman bot,
Sho‘ng‘iganim anvor zo‘r taram-taram.
Ota-bobolarim imlarkan hayhot
Chiroq yorug‘iga o‘rmalar tanam.

Yorqin nur ostida pichirlab isming
Chorlagum, yorug‘lik borar chayqalib
Homila ko‘targan ayolday jismi.
Qayerda kezyapsan, umrim sayqali,
Qalbim olislardan seni chorlaydi
Xira chiroq mudom, mudom porlaydi.

HECh TUShMAYSAN

Hech og‘zimdan tushmaysan, jonon,
Bor unda na qirg‘in, na vabo,
Na g‘iybat, na aldovu qopqon,
Tikonlardan tortmaysan jafo.
Ajib devor etaman barpo,
Buzolmaydi muhtasham to‘fon.

Yonog‘imda oyoq izlaring,
Asta yelka tutganing palla
Uzuq-yuluq uchar so‘zlaring
Va jimgina boshlanar yalla.
Tishu tilim vujuding tutar
Izning bilan mayin, bexatar.
Oy nuriga to‘lgan gulmohi
Zo‘r dengizda ketgumdur oqib.

TELEFONDA EShITIB SENI

Bu sas tiniq va yengil pardak,
Endigina shimilgan tomchi,
Olamga ko‘z ochgan bir kurtak,
Toza pishib uzilgan meva,
Jilg‘a – uzun manzil ko‘zlovchi.

Huv uzoqda sim naryog‘ini
Egallagan sholipoyada
Qamishsavat va tayog‘ini
Ko‘tarmish dehqonlar soyada

Turfa ulov, ajib minora,
Unda chuqur botgan ildizlar
Ovozing etib miniatura
O‘zaro bir anglashuv izlar

Some’dirman, iliq tuproqda
Ochiladi muqaddas qatlam.
O‘shal jilg‘a zo‘r ishtiyoq-la
Savatchaga quyilar ildam,
Minoralar o‘sgan qishloqda
Kezinadi yam-yashil ko‘klam.

Behuda so‘zlashni et davom,
Bir lahzada qo‘yarkan go‘shak
Bari mahv bo‘lgusi, tamom,
Yo asliga qaytadi beshak.

Qolur faqat to‘lqinlar olis
Keng olamga sochib iforin,
Tutar mudom nafis, totli is,
Qoyali sohillar xumori!

O‘ZANDA BIR QOYa

To‘smang oqarsuvni shashtidan,
Tezkor, chuqur, tugallanmas hech
Muzday sovuq qoya ustida.

Shu ekanmi bahor degani?
Cho‘ziladi novdalar chaman
Yo‘lakchalar misli begona,
Jilg‘a ila qushlar jo‘r, omon,
Tebranadi og‘och soyasi,
Goh qoyani qizdirar quyosh,
Goho salqin, go‘zallik sasi
Toabad, o‘zgarmas, beqiyos.

Qoya yumib olar ko‘zini
Quchib-o‘pib o‘tadi oqim
Maymunchalar ildam kezinur
Og‘och soyasida o‘t, chaqin.
Yomg‘ir sochar bor zardasini
Yirtib ko‘ngil darpardasini.

O‘rmon sari o‘rlar behadik
Guavaning hidi muattar,
Bulutlaru tipratikon tik
Ignasi-la o‘rnida qotar.

Har kimsa o‘z joyin tutgan dam
Abadiydir ushbu lahza ham.

A’zam Obid tarjimasi

UYIMIZDAN

Mavsumga mos mevalarni yig‘ayapsizmi?
Kuz uchun po‘rtaxol guldastasini,
Olxo‘ri gullarini esa bahorga.

Biz havoning tomir urishi, chuqur tubsizlik, ko‘krak qafasi
mebel joylash uchun saralaymiz ko‘zga issiq joy
o‘rindiqqa aniqroq o‘rin.
Bori g‘amxo‘rliklarni dasturxon ortiga qo‘yamiz,
Cho‘p ila yig‘amiz sabzavotlarni,
Loytuvakdagi xo‘rakni
cho‘qilab qochadi baliqlar.
Biz yaxshi ko‘ramiz
Guruchning mo‘y tashlagan izlarini,
Chuqur quduqlar, daryo va soylar, hovuz va halqoblarni.

Olis qolib ketmang o‘z xonangizda,
Baliqlar o‘ynoqlagan qirg‘oqqa, yaproqlar yashillangan
dalalarni tomosha qiling.

Tishlangan ananas yo po‘rtaxolning
ildizidan ingan bir tomchi ifor.

TIKILAYoTIB

Axlat qutisida yalang‘och baliqning
qiltanog‘i bor
Shunday bo‘lsa ham suzish holatida ushlab turilar
bir martalik pardoz taxtasining yonida.
Hammasiga qon bilan chiziq tortilgan.

Issiqqina jun shlyapasi
mayin hidi shampunning qazg‘oqqa qarshi
sohiba hayiqmas soch zamburug‘idan.
Qaychining juft shiddati. Choynak. Ruchka…
bir qancha top-toza qog‘oz varag‘i
uchrashuv lahzalaridan boshlab
boshqaruvchi, kotib yoki vakillarning ismu sharifi
“Bugun soat 17.30 da… va yana
jami: 32
turli sabab bilan qatnashmagan: 04…”
Axlat qutisining ichidagi
guldasta ustida varrak uchadi.
Bir necha juft poyabzallar ham…
Shamol esa esar, esaveradi
ariqchani titroqqa solib.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi