Layosh Kashshak (1887-1967)

Vengriyaning taniqli shoir va rassomi Layosh Kashshak (Kassák Lajos) 1887 yil 21 martda Ershekuyvar shahrida tavallud topdi. U venger san’atidagi “Avangard” oqimining iste’dodli yetakchilaridan biri bo‘lgan. Adib adabiyot va rangtasvir sohasida bab-baravar ijod qilgan. 1921 yil Venada chop etilgan “Yangi rassomlar kitobi” Layosh Kashshak ijodining cho‘qqisi hisoblanadi. Ijodkor 1967 yil 22 iyulda Budapeshtda vafot etgan. Budapeshtdagi Zichi saroyida Layosh Kashshak muzeyi tashkil etilgan. O‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharga uning haykali o‘rnatilgan.

GULBARGLAR TO‘KILAR

Meni
ko‘pdan beri
bezovta qilar
sevgi emas
o‘limning yaqinligi.

Men qanday ovutay
yuragi ostida
tirik niholdek qimirlayotgan
xotirasi bor
ayollarni

qanday yuvaman gunohimni
tunlarda niqob taqib
kunlar aro esa o‘zimning
ezgulik va tozalik haqdagi
va’zgo‘yligimni.

Bunga chidab bo‘lmas
bo‘yinbog‘im bo‘g‘ib qo‘yishidan qo‘rqaman.

Menga imkon bering
oppoq to‘shakda nafas rostlashga
to‘xtatib qo‘ying boshim uzra
o‘limim vaqtini
intiqlik bilan kutayotgan soatni.

UZILGAN RIShTA

Qayerdadir
shu yerlarda olisdamas
maqsadim tanlangan tavakkal.

Biroq ufq
qochaverar
oyog‘imning ostidan.

Shamol ovozidan
nafasidan bulutlarning
o‘ziga tortayotgan oyga chalg‘ib
yo‘ldan adashaman.

Yana chiqib qolaman
Rangi unniqqan
O‘ziga tortuvchi chiroqlari bor
Notanish o‘lkalardan.

Yo‘lning oxiri yo‘q
va bo‘lmaydi
oy yo‘q boshim uzra
yo‘qdir mening yulduzim.

Beqiyos taqdirni
o‘zim bilan
chamalayman.

Vatanni tark etib
Izlayman o‘z qabrimni.

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi