Karoy Chex (1952-2013)

Vengriyalik shoir Karoy Chex 1952 yili tug‘ilgan. 1970 yildan boshlab dastlabki she’rlarini yoza boshlagan. To she’riyat bo‘stoniga qadam qo‘yguncha u o‘qituvchilik qilgan. Ilk izlanishlari ijobiy natija bergach, butun umrini shoirlikka bag‘ishladi. Xalq orasida Karchi taxallusi bilan tanilgan Karoy Chex bir qator rus shoirlarining she’rlarini o‘z ona tiliga tarjima qildi.

ANTIK BAHOR

Yangi ming yillik ohanglaridan,
go‘yo emizikli ona ko‘ksining
har yog‘idan bo‘rtmacha bo‘rtib chiqadi
shunday, bu beozor ishmas,
zoriqqan zaminga samoning tuhfasi.
Va unga, go‘yo yangi tug‘ilgan chaqaloqdek,
o‘sha erta bahor bosh urishga tayyor.
jarangdor tarnovchalarda suv emas,
qushlar sayrog‘i oqib tushar,
nechog‘lik tomlar to‘la sayroq bilan,
garchi sayroqi qushlar hamon
tepada o‘ynayotgan sovuqdan junjikar.
Ularning yo‘lboshchisi esa shafaq nazarimda,
ranglari ko‘ngilni va ko‘zlarni
muzlatib yuboradigan
rang-barang qirg‘ovulga o‘xshaydi,
biroq u ertaga tong bilan uyg‘onar
va o‘sha ranglarning cho‘g‘i bilan hayratlantirar.

SAMOVIY QABRISTON

Unda hamon yog‘du sochayotgan
Yulduzlar dafn etilgan,
Yodgorlikdek ularning nuri,
Qabr toshidek o‘ziga qo‘yilgan.

Dafn etilgan unda bolalik–
Yuz yildirki, so‘ngan mana u,
Biroq bizda uning nurlari –
Xohlamaydi hech ham so‘nishni.

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi