Dyula Iyesh (1902-1983)

Dyula Iyesh (Illyes Gyula) 1902 yilda tug‘ilgan mashhur venger shoiri, prozaik va dramaturgi. Ko‘pgina ilmiy ishlar muallifi. Koshut nomidagi mukofot, birinchi darajali Davlat mukofoti bilan bir necha marta taqdirlangan.

BAHOR SABOG‘I

Ana, yana! Yana bo‘rtmoqda kurtak!
Deraza ortida tushar o‘yinga
Olcha shoxidagi beshta gul xursand,
Nazdimda, kamalak kirar uyimga.
Yasharmoq ko‘yida
Tin olmas kiyacha
O‘zim bir mahallar o‘tqazgan olcha,
Muncha quvonmasang? (Deyman ming‘illab
Va o‘ylab ketaman)
Yuraklarni kim
Yana iqbol ila aylar limmo-lim?
Ko‘rdik ne yo‘llar va yillar totini,
Endi kim qaytarar yoshlik o‘tini?
Darvoqe…
Darvoqe, qachondir qalbim tubida
Kurtakday nish urgan ishonch va imon
Umrimning quyoshi horsa-da,
Hamon
Meni quvontirib,
turar tobida.
Darvoqe,
Bilaman, o‘lim erur haq,
Bir dona qum kabi oxir bo‘lgum g‘arq,
Lekin kurtak to‘la nurli u novda
Bir ayol qo‘liday yashnab havoda,
Hayotning mangulik jumboqlarini
Va yoki qabrning qiynoqlarini
Ko‘zimning oldidan quvarkan dadil,
Orzu-armonlardan tozalanar dil!
Bularning bariga, nahot, shuncha yil
Menga derazadan bosh irg‘ab ahil,
Gullar «yo‘q» yo «ha» deb turgani sabab?

HAYKAL

Havo buzuq, yomg‘ir va qordan
Bo‘kib yotar, qarang, to‘rt tomon,
Namda bo‘kib, avval bahordan
Boshpanasiz kun ko‘rar cho‘pon.

Kuzda ham shu. Vaqt-bemahal
Turaverar misoli haykal.
Bola edim. Dilimni u dam
Ezar edi hasad gupurib
Chillada ham, saratonda ham
Uning chayla-po‘stinin ko‘rib.

Yiroqdan u o‘xshar qoyaga,
Suzayotgan qoyaga o‘xshar.
Oppoq dengiz jo‘shar poyida,
Qo‘y-qo‘zilar ummoni jo‘shar.

Kalla tashlar qo‘chqorlar qizg‘in,
Bamisoli jonidan kechib.
Yozda esa poda olar tin,
Qo‘ylar qo‘yar po‘stinin yechib.

Vaqt yugurar. Jajji buzoqlar
O‘sib novvos bo‘lishar sekin.
Yillar emas, asrlar oqar,
Cho‘pon parvo aylamas lekin.

Kunlar qarib vaqt bilan birga,
Ne zamonlar kelsa ham hali,
Parvo qilmay ikir-chikirga,
Yashayverar podachi ahli.

Ana, cho‘pon turibdi adl,
Soqchi kabi olamdan ogoh.
Sovuq yellar boshlasa «hazil»,
Iti izlar poyidan panoh.

O‘tsa hamki muddatlar shoshib,
O‘z postini tark etmas cho‘pon.
Shuning uchun ilhomim toshib,
Matonatin aylayman doston.

Qo‘rqitolmas ularni aslo
Na qor, na sel, na o‘zga xatar.
Qalpog‘ining cho‘qqisi go‘yo
Osmon bilan tutashib ketar.

Siz ulardan surishtirmang yosh,
Hayot bilan tug‘ilgandir teng.
Po‘stini ham o‘ziga tengdosh,
Bo‘lmasa-da u payt yoqa, yeng.

Astari — jun, avrasi — teri,
Tegib turar etagi yerga.
U bir uyki, xoh yosh, xoh qari
Olib yurar o‘zi-la birga.

Qarang, o‘ylab cho‘pon kiyimin,
Olmaganmi chevar daf’atan
Bu basavlat po‘stin bichimin
Ichi butkul g‘ovak daraxtdan?!

Unga boqsam, chekinib yillar,
Ko‘nglim ko‘zi ko‘radi doim
Hindilarning chaylasi ila
Chukchalarning qora o‘tovin.

Lekin cho‘chir xayolim bugun
Istiqbolga sayr aylasa:
Inson nahot yashamoq uchun
Muhtoj bo‘lgay yana chaylaga?

Ming shukrki, tirikman — borman,
Hayot tinmay olg‘a chopadi,
Oq qish esa kiftimga qordan
Muzdakkina po‘stin yopadi.

BETON ChAKALAKZORDAGI FASLLAR INI

Bu beton shaharda kaftday bir bog‘
Unda kuz bahorga bermasdan ozor,
Qish esa yoz ila tortishmay bekor
Siqilib bo‘lsa-da, yashar yonma-yon.

Yashil yaproq bilan oppoq qor qo‘shni,
Saraton qo‘yadi za’farga boshni
Ular, oz bo‘lsa-da, emgach quyoshni,
Hattoki hibsni derlar keng jahon.

Ne-ne sargardonlar izma-iz, ana,
Shu yerga kelishar izlab boshpana.
Tamalari yo‘qdir, qilmaslar ta’na,
Ko‘zim yo‘llarida lekin nigoron.

Ruschadan Husniddin Sharipov tarjimasi