Zaliliy (1674-?)

Zaliliy (taxallusi; asl ismsharifi Muhammad Sodiq) (taxm. 1674, Yorkent — ?) — uyg‘ur shoiri. Uyg‘ur adabiyotida realizm asoschilaridan. Yorkentdagi madrasada tahsil olgan. Arab va fors tillarini o‘rgangan. Bizgacha bitga to‘plami yetib kelgan. Unga «Safarnoma» (1720), «Tazkirai chistoy» (1736), «Tazkirai Muhammad Sharif Buzurugvor» (1744) kabi dostonlar hamda 2 qasida, 133 g‘azal, 19 muxammas, 26 ruboiy, 5 mustahzod va fors tilida yozilgan 46 g‘azali jamlangan. Asarlarida vatanparvarlik va xalqparvarlik ruhi yetakchilik qiladi.

* * *

Seni Layliyu Ra’nodek ajoyib dilrabo derlar,
Meni Majnuni hayrondek ko‘yingda bir gado derlar.

Ajabdur ey shahi xo‘bon kechayu kunduz ishqingda,
Hamisha men navo qilsam, dog‘i sen benavo derlar.

Boqibon el sori, jono, yuzingdin bir niqob olsang,
Ruhingni chun mohi anvar, tajalliyi Xudo derlar.

Tabassum aylabon toki, nazar qilsang go‘ristong‘a,
Turib go‘rida barcha murda, unga hasrato derlar.

Ko‘rubon ba’zi oshiqlarki, halqa-halqa zulfingni,
Azaldin birga solg‘on bu hama zanjiri po derlar.

Yurib so‘rdim tabiblardin nadur bu dardima darmon,
Tabib ayturki, ey nodon, bu dardni bedavo derlar.

Otining xoki rohiga Zaliliy yuzini surdi,
Nido keldiki qasringdin, ko‘zing sur, to‘tiyo derlar.

Uyg‘ur tilidan Omonbek Jalilov tabdili

* * *

Agarchi bulbulam har tarafda bog‘im bor
G‘amingda nola sifat yurakda dog‘im bor.

Firoq kechalari ko‘rki, o‘tlug‘ ohim bor
Saxar sitorasidek bo‘l ajab charog‘im bor.

Boshing ketar demagil qo‘rqutub mani zohid,
Muhabbat ahlini izlarmen to ayog‘im bor.

Agarchi ishqi haqiqiy dilimda jo‘sh ursa
Jununni shu’lasidin behisob firog‘im bor.

Musofironi Xo‘tandin duo tilaydurman
Adam yo‘liga yo‘landim na to‘sh, na ulog‘im bor.

Zaliliy hech hazina nazarga kelmaydur
Javohiri yo‘qotibmen ki oni so‘rog‘um bor.

* * *

Gul ochilur chaman-chaman bog‘ ichida bahor o‘tar
Uyquni qil ko‘zga uzoq ayni saharda yor o‘tar.

Bordi kuying sari ko‘ngul har nafasida beqaror
Yondi yuzin ko‘rolmayin tobakay intizor o‘tar.

Dayr ichiga qo‘y qadam, masti mayi mug‘ona bo‘l
Hizr suyini istama topg‘uncha ro‘zg‘or o‘tar.

Dog‘i yuzing qononmag‘in telba Zaliliy sen bugun
Jomi junun tu yor uchun kosai lolador o‘tar.

* * *

Kirdiki, shama birla majlis ichiga shahriyori
Ruxsori xirmani gul go‘yoki navbahori

Yangi tariqat aylab qildi nazar Sulaymon
Qushlar ichinda hudhud go‘yoki tojdori.

G‘aflat sharobidin siz zinhor g‘arq bo‘lmang
Bundog‘ nasihat etdi bir mardi xushyori.

Chin ahlidin, burodar, obi tarovat istang
Mochinda kim ko‘rubdur pokiza ro‘zg‘ori.

Ganjinai g‘azalni el mahv suylayurlar
Bilganga so‘z ko‘rinur, dushmanga zulfiqori.

Soqiy, Zaliliy keldi, bir kosa to‘ldurub ber
Mayxonani topolmay ul ertadin xumori.

* * *

Xoh dayr ichra hamisha sahobi zunnor bo‘l
Xoh masjidda imomi voizi kuffor bo‘l
Kiy kulohi hirqau pashmina qalandor bo‘l
Harna bo‘lsang bo‘l, va lekin mardi beozor bo‘l
Ey ko‘ngul, dunyoni tark ayla, qalandarvor bo‘l.

Mahram ermastur nigorim suhbatiga jonu tan
Sad hazor odam bu da’vodin kiyibdurlar kafan
Gar musofirsan, mo‘g‘ul iqlimida yo bevatan
Tavf qilg‘ondin keyin qabri shahidoni Xo‘tan
E’tiqod aylab g‘ulomi Ja’fari tayyor bo‘l.