Ivan Franko (1856-1916)

Atoqli ukrainiyalik yozuvchi, shoir va publitsist Ivan Franko (Іvan Yakovich Franko) 1856 yil 27 avgustda Ukrainada tug‘ilgan. “Yuksaklikda va tubanlikda”, “Xazon bo‘l, yaproq”, “Qayg‘uli kunlardan” she’riy to‘plamlari, “Jamiyat ustunlari”, “Lel va Polel”, “Borislovning kulgisi”, “Zaxar Berkut” singari ko‘plab qissalar, “O‘g‘irlangan baxt” dramasi muallifi. Adib 1916 yilda vafot etgan.

SOHIBJAMOL QIZGINA

Sohibjamol qizgina, qaddu qomat qurchgina,
Nechun qalbingda buncha araz hamda o‘ch, gina?
Lablaring misli g‘uncha – duoga chog‘langanmi,
So‘zlaring tiyg‘i xanjar – jazoga chog‘langanmi?
Nigohingda aks etgan nozu karashma, hayhot,
Yuragimga o‘t qalab, aylagay gulxan bunyod.

Tundan-da qaro bu ko‘z, ey ofatijon nargiz,
Uni bir ko‘rgan kishi oftobni demas hargiz!
Kulgularing jon o‘rtar, erkalab chunon o‘rtar,
Bu qanday jodu aytgin, bag‘rimda bo‘ron o‘rtar?
Sarvqomat dilbarim, kundan yorug‘ nahorim,
Quvonchim o‘zingdirsan, o‘zing mening ozorim!

Sohibjamol qizgina, qaddu qomat qurchgina,
Nechun qalbingda buncha araz hamda o‘ch, gina?
Seni ko‘rgan onimda yo‘qotaman so‘zimni,
Sensiz qanday yashayman, unutaman o‘zimni?
Quvonchim o‘zingdirsan, o‘zing mening ozorim,
Sarvqomat dilbarim, kundan yorug‘ nahorim!

* * *

Sen, faqatgina sen – istagim yolg‘iz,
Sen bilan yayramoq bo‘lmadi ravo.
Qonni og‘ulagan qayg‘umsan ilkis,
Ko‘ksimni chok etgan – sen o‘sha ro‘yo.

Ilhom onlarida tushday bir sado,
Unga munosib so‘z topmadim, afsus.
Sen sharaf manbai, men-chi, jonfido,
Iymonim yo‘limni yoritgan fonus.

So‘ngan ehtirosdek, umid ordona,
Men aytmagan qo‘shiq, niyat mardona,
Barchasi ulug‘vor qalbimda mening,
Tanimni ilitib, yondirgan olov,
Mahv etib, azobdan xalos etgan yov –
Mamotdek, hayotim, sevaman seni.

BOQIY HAYoT HAQIDA AFSONA

1

Dunyoni zabt etib buyuk Iskandar,
Bobilda ilohdek yashar muzaffar.

Zohid-chi, bir umr cho‘lu sahroda
Tangriga sig‘indi – bo‘ldi taqvoda.

Zulmatni quvgandek quyosh bir zumda,
Tun chog‘i ko‘rindi nogoh ma’buda.

Yaqinlashib dedi: “Ey, sodiq bandam,
Tila tilagingni, berayin shu dam!”

Zohid dedi: “Hayot, garchi, qayg‘uli,
Lekin yetmasaydi ajalning qo‘li”.

Ma’buda der: “Ayon niyating mutloq,
U holda bu senga, oltinrang yong‘oq.

Bir kecha uxlamay va sukut saqlab,
Yong‘oqni chaqasan aqlingni charxlab.

Mag‘zin yeb, po‘chog‘in otasan o‘tga,
Shunda erishasan boqiy hayotga”

2

Kun bo‘yi sukutda, tun bo‘yi bedor –
Zohid ulug‘ ishga bo‘ldi talabgor.

Xushbo‘y og‘ochlarni yoqa boshladi,
Hatto isiriqdan mo‘l-ko‘l tashladi.

Taqdirlar tangridan etilgan ato –
Aqlni peshlaydi: qilmay deb xato.

Qalbini o‘rtadi nogahon hadik:
“Nega kerak menga o‘zi mangulik?

Kurash olamiga qaytish uchunmi?
Mangu yashamoqlik?.. Shu kunim kunmi!

Ma’buda, afv etgil, gunoh qildim men!
Ne’mating sohibin endi bildim men.

Navqiron shohimiz misoli ma’bud,
Kamini bu ne’mat yana aylar but.

Milyonlar uchun nur, oftob erur u,
Milyonlar baxtiga yashasin mangu”.

3

Dunyoni zabt etgan buyuk Iskandar,
Bir suluv ishqida quldek mung‘ayar.

Raxshona – sug‘d qizi go‘zal, betakror,
Shu chiroy boisi yurakda sharor.

Mag‘rur qiz ko‘ksiga qo‘yar ekan bosh,
Og‘ushida erir, berolmas bardosh.

Lekin o‘tmasidan biror daqiqa,
Qiz qalbin chulg‘aydi g‘ayur tahlika.

Ishqu ehtirosdan namli ko‘zida,
Chaqnaydi yovuz o‘t shu vaqt o‘zida.

Labidan uchadi dahshatli istak –
Yong‘in, o‘lim, g‘amga egizak.

Shoh ham sadoqatdan butkul tonadi:
Persepolis yondi! Suza yonadi!

Klitni o‘ldirdi! Bu ishq sarobmi?..
Kundan kun kuchayar do‘zax azobi.

4

Ma’budga yolvordi buyuk Iskandar:
“Vayron qil, dunyodan qolmasin asar!

Yoxud iztirobim aylagil oson,
Bilayin, u yormi va yoki ilon?

Buncha ko‘p tuslanar, aytaqol yana,
Qalbining sohibi menmi yagona?”.

Zohid paydo bo‘lib qoshida shu zum,
Zaminning shohiga ayladi ta’zim.

“G‘animlar daf bo‘lsin, shohim, yo‘lingdan!
Tuhfa qabul ayla sodiq qulingdan.

Nopisand qarama! Shu mitti yong‘oq –
Ma’buda in’omi! G‘urur yo gunoh”.

So‘ngra izoh berdi, qaydan bu hosil,
Ma’buda shartlarin aytdi batafsil.

“Milyonlar baxtiga oftobman desang,
Mangu yosh bo‘lasan, yong‘oqni yesang”.

5

“Boqiylik manbai – Haqdan inoyat!”
Shoh o‘zin qudratli his etdi g‘oyat.

“Men mangu yashayman o‘ktam, navqiron!
Yorim-chi? Gul kabi so‘larmi nolon?

Usiz hayot nechun? Nimadir jannat?
Yo‘q, yo‘q, o‘lim afzal! Tiriklik – dahshat!”

Shoh karaxt yugurdi Raxshona tomon:
“Gulim, mangu yashna, senga bu in’om!”

So‘ngra aytib berdi, qaydan bu hosil,
Ma’buda shartlarin aytdi batafsil.

“Quyoshim, sen meni sevsang chinakam,
Shu mag‘iz kifoya ikkimizga ham.

Yo‘qsa… – tutilar shoh. – O‘zing, mayli, bil!
Mana senga yong‘oq! Nima qilsang, qil!”

Qizardi qiz birdan qon tepib yuzga,
Iskandar shahd bilan qayrildi izga.

6

Raxshona, go‘zal qiz, neni o‘ylarsan?
Shoh bilan mangulik tomon bo‘ylarsan?

Yo‘q! Uni kuydirgan alam o‘zgadir!
Qalbida iloh ham, shoh ham o‘zgadir.

Aziz deb ko‘z tikkan, kunu tun demay,
Dovrug‘li sarkarda, u – Ptolemey.

Garchi yigit sevmas, intilmas zinhor,
Qiz esa jonini berishga tayyor.

“Mangu yashamoqlik… yorsiz? Aslo yo‘q!
U boqiy yashasa – ko‘nglim bo‘lar to‘q!

Sirli yong‘oq bilan qalbin zabt etay!
Bo‘lmasa, na iloj, dunyodan o‘tay”.

Sarkardaga uni eltdi o‘sha on,
Va barcha shartlarni ayladi bayon.

Oqshom cho‘kkanida qayta qoldi qiz,
Iskandar mayiga zahar soldi qiz.

7

Shoh og‘riq zo‘ridan oh-faryod urar,
Raxshona beparvo, jimgina turar.

Ko‘pni ko‘rgan tabib nochor bosh silkir,
Saroyni chulg‘aydi tunday xavotir.

Dahshatli tush yanglig‘ tarqalar xabar,
Saltanat qayg‘uda, xo‘rsinar shahar.

Kurtizanka yaltir-yultir libosda,
Shu payt kirib kelar xonai xosga.

“Ko‘pning baxti uchun yasha beadoq!
Shohim, mendan hadya bu sirli yong‘oq!

Ma’buda in’omi – yesang mag‘zini,
Mangu yosh bo‘lasan – aytdim so‘zini”.

Iskandar darg‘azab: “Qaqshagin, badbaxt!
Kimdan olding buni? To‘g‘risini ayt!”.

Qiz qo‘rqmay gapirdi, holi bo‘lmay tang:
“Uni menga berdi sening sarkardang”.

8

Iskandar yotarkan og‘riqqa chidab,
Mo‘jiza yong‘oqni turar changallab.

“Abadiy yashamoq, sevmoq sevilmoq!
Hayot esa jangdir! Muhabbat – aldoq!

Kurashib yashamoq aldov to‘rida!
Kunu tun! Kunu tun! Azob qo‘rida!

Ma’buda, tuhfangni qilmasman havas!
Men shohman dunyoga, qalbimga emas!

Milyonlab odamni o‘ldirish oson,
Majburlab suydirish – bunisi gumon!

Abadiy yashamoq! Hazil-mazax-ku!
Shu yong‘oq baxt tuhfa etarmi mangu?

Baxtsiz, yana ishonch, sevgisiz, hayhot,
Mangu yashash – o‘tda yonmoq umrbod!

Yo‘q, ma’buda! Qaytarib ol tuhfani!
Qutqar, yo‘qsa, do‘zax kutmoqda mani!”

9

To‘shakda o‘rtanib og‘riqdan podsho,
Yong‘oqni ko‘ziga qildi to‘tiyo,

So‘ng xushbo‘y o‘tinlar charsillab turgan
Gulxanga ne’matni tashladi birdan.

Go‘yoki og‘riqlar pasaydi, tindi,
Qaynagan qoniga salqinlik indi.

Aqli tiniqlashdi, ketdi xomxayol
Va tunda joniga yetishdi zavol.

Ukrain tilidan Sirojiddin Rauf tarjimasi

TENTAK HAQIDA ERTAK

O‘ynaydi qushcha,
Uchadi qushcha,
Bexosdan to‘rga
Tushadi qushcha.

Ovchiga deydi:
– Qo‘yvorgin meni.
Bir hovuch patman,
Olarsan neni?!

Gar ozod aylab,
Qo‘ysang erkimga,
Uchta sirli gap
Aytaman senga.

– Obbo, qushcha-e,
So‘zlaring g‘alat,
Mayli, ayta qol,
Sabog‘ing o‘rgat.

Aqlim ko‘paysa,
Gapingdan biroz,
Keyin bemalol
Etaver parvoz.

– Eshit, – der qushcha, –
Adashar inson.
Xato qip qo‘ysang,
Bo‘lma pushaymon!

– Rost, – dedi ovchi, –
Juda yaxshi so‘z.
O‘tgan – ketganga
Ne kerak afsus?!.

– So‘ng, – dedi qushcha, –
Yurma axtarib,
Qo‘ldan ketganin
Bo‘lmas qaytarib.

Ma’qullar ovchi:
– Bu ham yomonmas,
Boy bersa, hech kim
Qaytara olmas.

– Oxirgisi, – der
Qushcha – ojiza, –
Yolg‘onga uchib,
Kutma mo‘jiza.

– Bu ham to‘g‘ri gap,
Ishonmay nechun?!
Zo‘r saboq berding
Bugun men uchun.

Mayli, uchaver,
Qushcham, uzoqqa,
Ehtiyot bo‘lgin,
Tushma tuzoqqa –

Shunday deb, uni
Ayladi ozod.
Qush parvoz etib,
Behad bo‘ldi shod.

Keyin u qo‘nib,
Ovchiga dedi:
– Mening kimligim
Eh, bilsang edi…

Baxting kulgandi,
To‘ringga tushib.
Qo‘ldan chiqarding
Gapimga uchib.

Qo‘yvording bekor,
Ekansan latta,
Ichimda dur bor –
Tuxumdan katta!

Meni bo‘shatmay,
Olsang netarding,
Bir zumda hay-hay
Boyib ketarding…

Ovchi alamdan,
Sochini yular.
Qilgan ishidan
Pushaymon bo‘lar.

Endi bir chora,
Qilmasa agar.
Chiqadi qo‘ldan,
Bebaho gavhar.

Ovchi der: – Qushcham,
Qaytgin izingga.
Chin ota bo‘lay
Sendek qizimga.

Oltindan uycha
Yasab berayin,
Atirgul bilan
Bezab berayin…

Qushcha der: – Odam,
Fikr qil picha,
G‘o‘r eding, qolding
Dumbulligingcha.

Nasihatim-chun
Saqlading omon,
O‘tganga nechun,
Endi pushaymon?!

Hozir uqtirgan
Sabog‘im arib,
Olmoqchisanmi
Meni qaytarib?!

So‘nggi so‘zimni
Eshit, kallaxum:
Sig‘armi menga,
Kattakon tuxum?!..

Shu bilan keldi
Ertak adog‘i,
Balki asqotar
Sizga sabog‘i.

Rus tilidan Xudoyberdi Komilov tarjimasi

O‘xshash maqolalar: