Mustafo Sayid Sutuven (Mustafa Seyit Sutüven) – turk shoiri.
She’rlari “Yuksalish”, “Sarvati funun”, “Ediltepa”, “Yangi inson”, “Yangi ovoz”, “Borliq”, “Yurt va dunyo”, “Turk tili” jurnallarida chop etilgan.
SAN’AT
Qalamim – mo‘yqalam, uchi ignadek inja,
Oq qalbim – siyohdon, siyohi – bo‘yoqdir qora.
Mo‘yqalam bo‘yoqdon-la bag‘ir berib ko‘rishgach,
Barmoqlarim yaqinlashur ertangi lavhalarga.
Go‘zallik-chirkinlik topmoq, yaxshi-yomonni chizmoq,
Ko‘lka uzra haftalab urinmoq zorlik ila.
Eng yuksagu eng pastni bo‘yiga ko‘ra tizmoq,
So‘ngra kezinmoq uzun yo‘llarni yorlik ila.
So‘ngra toliqur olddan nedir izlagan ko‘zlar,
Toliqur qarshisida turganlar qator-qator
Munchoqlar kabi ipga tizib ham osmoq istar
O‘z aqlim-u ko‘zimni odamlarga necha bor.
Asrlarcha bu hovuz ranglarim bilan to‘lmas,
Chashma kabi oqsa-da qalbimdagi bo‘yoqlar,
Bu yo‘qsullik ichra ko‘klarga chatsam-da oz
Yaratgan lavhalarim faqat qalbimni yoqlar.
Turk tilidan Yo‘ldosh Eshbek tarjimasi