Mehmet Nuri Parmaksiz (1974)

Mehmet Nuri Parmaksiz (Mehmet Nuri Parmaksız) 1974 yil Istanbulda tug‘ilgan. G‘oziy universitetining turk filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Sel tomchilari” xalqaro adabiy loyihasi rahbari. “Johit Sitqi Taranji va uning maktublari”, “Mug‘on she’r oqshomlari”, “Ko‘ngildan tashqarida”, “Kapalak umri” kabi bir qancha she’riy va ilmiy asarlari chop etilgan.

TAShQARINING XAYoLI

Na chuqurga ketar ruhim, na sayoz,
Bir tomchidek yerga singar bu jismim.
Yo‘llar xarob, yillar esa juda oz,
Ichimda yig‘lagan bola – bolaligim.
Qo‘limdadir singan sozim simlari,
Na chuqurga ketar ruhim… na sayoz.
Qalbimda hasratdan turku so‘ylar tajribasizlik.
Na so‘zdan tushunar, na ko‘zdan ruhim,
Har nafasda ishqdan jo‘shar, ishqqa qochar, menligim
Ishq sog‘inchi, ishq raqsida, yor o‘ynar
Hasratdan rashkim qo‘zir,
Hujayralarimda senga aylangan senligim,
Bir sitamida qalb devorim bo‘lar torumor,
Na so‘zdan anglar ruhim, na ko‘zdan…
Yomg‘irlarning hovuri so‘ngsizlik
O‘lim sinovida uyqusirar
Na ishqqa to‘yar ruhim,
Na ishqqa qonar ruhim.
Ko‘zlarimda umid, qo‘llarimda sevinch ishtiyoq,
O‘lim, kirishi yopilgan ruhimni
Shamollari-la qo‘riqlar
Ishq, sog‘inch-la, tomchining baxtli aytgan qo‘shig‘i
Qalbim tushlarida cheksizlikka ko‘z tikar.
Na ishqqa to‘yar ruhim, na ishqqa qonar ruhim.

OSONMI?

Sendan uzoqlashmoq osonmi?
Har kun yuksaklardan yerga tushmoq kabi,
O‘lmoq va tirilmoq orasidagi narsa bu.
Har ko‘ringanni sen deb o‘ylamoq,
Uxlarkan xayollaring bilan ovunmoq,
Va har doim yo‘qligiga ishonib,
Ismi pushaymonlik bo‘lgan bu o‘lkada,
Tuni bo‘yi ho‘ngrab yig‘lamoq,
Kulaymi, shu haqda o‘ylasang,
Sendan uzoqlashmoq osonmi?

Ayt, axir osonmi seni unutmoq,
Vujudimga singan iforni,
Ayirmoqchi bo‘lgan hijronu xorni.
Yuzlaringdan taralgan nurni,
Yuzimdagi ajinlarimni
Bo‘lmaganday gumonga bormoq,
Osonmi, shu haqda o‘ylasang,
Osonmi, seni unutmoq.
Haligacha hech narsa bo‘lmaganday yashamoq.
Osonmi, seni unutmoq?

YO‘QOTAJAK NIMAM BOR?

Olovmanu yoningda sovuq qotadi qo‘lim
Jim o‘tirma, qizarma – kutmoq, aslida, o‘lim.
Yo‘qotajak nimam bor? Ayting-chi, Xudo uchun.
Davosiz dard insonni yiqitadi, shubhasiz,
Nafsim ko‘z o‘ngimdagi yiqilmagan bir devor.
Iztirobim har kecha soyam kabi cho‘kar tiz,
Bu cho‘lga chiqish yo‘qmi, qaysi tabibda qaror.
Norozilik kayfiyat qonimda kezar har on,
Jim turgim kelmas, ammo, tilim ham tugundadir.
Yog‘sa ham yuvilmagay
O‘limgacha men bilan sendan yopishgan bu kir,
Olovmanu yoningda sovuq qotadi qo‘lim,
Jim o‘tirma, qizarma, kutmoq – aslida o‘lim,
Umid atalgan orzu
Tebranmish daraxtlarda,
Yo‘qotajak nimam bor?

Muhabbat rashklarida,
Yo‘qotajak nimam bor,
Yo‘qotajak nimam bor,
Ayting-chi, Xudo uchun!

Sensan, Sen
Sen bilan suzib o‘tsak, boshqa dunyolarga,
Kechalari ketsak umid irmoqlarga.
Nafasimni kesgan sensan,
Hamma yerda esgan sensan!
Sening bilan go‘zal hamma kun,
Sen bor uchun go‘zallik, mazmun.
Sening bilan ketsak mayli, orollarga,
Bir on bo‘lsin qaytmasak bu tomonlarga.

Turk tilidan Xosiyat Rustamova tarjimasi