Qutbi Kirom 1932 yilning 18 dekabrida Tojikistonning Zahmatobod (hozirgi Ayniy) tumanida tug‘ilgan. Dushanbe pedagogika universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.
Ilk she’ri 1957 yili «Sharqi Surx» (“Qizil Sharq”) jurnalida, ilk kitobi “Mehr parvozi nomi bilan 1963 yili chop etilgan. «Non hidi» (1966), «Ilhom» (1968), «Rezi ko‘hsor» (1970), «Ostoni baland» (1972), «Xoki payvandiy» (1974), «Kamon» (1974), «Chashmi dil» (1976), «Puli Sangin» (1980), «Jonfizo» (1980), «Sari baland» (1982), «Jomi nur» (1983), «Dili barodar» (1986), «Subhi sodiq» (1989), «Nishot» (1992), «Yor meoyad!», «Az gulu xoku shu’lai otash», «Otashi mehr» va «Minbari vijdon» (2012) kabi kitoblar muallifi.
Qutbi Kirom V. Shekspir, A.Blok, A.Miskevich, M.Lermontov, N.Nekrasov, L.Ukrainka, F.A.Fayz, M.Karim, S.Vurg‘un, Zulfiya, V.Kostrov asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan.
U Tojikiston xalq shoiri, madaniyat arbobi, Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomidagi davlat mukofoti sohibi.
1993 yil 26 oktyabrda vafot etgan.
TO‘RTGULLI DO‘PPI
Mehringdan nazdingda sening pokdoman —
Ey, tojik ayoli, turibman iyib,
Boshimda yer yuzin ushlab turibman,
To‘rtgulli ajoyib do‘ppingni kiyib.
Qanday mo‘jiza bu!
Qutlug‘ zaminni
Go‘daklik chog‘imdan boshga qo‘ndirding.
To‘rt gul chizib uning to‘rt tomoniga,
Jahon yo‘lin menga ko‘rsatib berding.
To‘rt gul menga go‘yo to‘rt inim bo‘lib,
Umrbod ko‘nglimga berajak madad.
Ajdodlarim uchun hidoyat edi,
Men uchun endi u erur inoyat.
Birinchi gul menga, Vatanman, deydi,
Qara, boshingdadir, sen sevgan maskan.
Sen jonim, jangchimsan,
Boshingni tutgin,
Mendek dunyoda bo‘l sen haj sarbaland.
Shahidlar yodidir ikkinchi guli,
Boshimda ushlayman mangu jahonni.
Davlatu shavkatning jonli timsoli
Bo‘lgan qalbda tirik har bir insonni.
Aytmagan qo‘shig‘i, g‘uncha orzusi
Yuragim torida jaranglar takror.
Ko‘zimda namoyon men ham bir askar,
Ularning yo‘lida bu jonim nisor!
Uchinchi gul so‘zlar sarafrozlikdan,
Itoatkorlikdan asrar boshimni.
Hokisor bo‘lishni bilgan bir holda
U izlar quyoshdan mening tojimni.
Shu sabab, odatda, boshni egishlar
Men uchun o‘zgacha kasb etgan ma’no:
Borlig‘im do‘stlarga misoli malham,
Qirg‘oqda qoyaman g‘animga ammo.
Xalqimning nomusi to‘rtinchi guli,
U — mash’al, tundan yo‘q chekinish, demak.
Keskirdir yashindan, guldan nozikroq,
Murodi yo‘q uning poklikdan bo‘lak.
Zamin kurrasini: kaftingga olib,
Bu yorug‘ olamda yaratding dunyo.
Do‘ppi ranglarida boshga qo‘ndirding,
Ona, mo‘jizangga bo‘lgim bor fido!
Bu zebo do‘ppining turfa rangida
Ko‘raman mangulik shuhratni, shonni.
Asrlardan yulqib qo‘ndirdik boshga.
Zamin, Obihayot, Sharafni, Nomni!..
Normurod Narzullayev tarjimasi
YaG‘NOBLIK DEHQON
Quyosh sayrga chiqsa so‘qmoqlaridan,
Ming bir rang sochilib irmoqlaridan,
Mening orzularim uradi chappar
Va ko‘ngil burjimda Hulkar charaqlar.
Boshim osmono‘par tog‘larday baland,
Toshqin favvoralar dilimga monand.
Bo‘lurman Yag‘nobning usta dehqoni,
Tinglarman tuproqning dardu armonin.
Yo‘l olarman yangi Zafarobodga,
Mirzacho‘lga — mehnat jo‘shgan hayotga.
Uxlamay ter to‘kay kechayu kunduz,
Tuproqmas, kaftimda bir hovuch yulduz!
Sahro tonglaridan yayrarkan ko‘zim,
Dunyoni me’morday bezatay o‘zim.
Zaminga bosh egib, maftun bo‘larman,
Erdan baxt undirib, mamnun bo‘larman.
Garmsellar esib, o‘kirsa bo‘ron,
Ko‘ksimni etarman sahroga qalqon.
Cho‘qqilar xumori tutgan chog‘larim,
Paxtaday yuksalgay buyuk tog‘larim.
Shalola epkini gar menga havas,
Chashmalar ocharman yer qa’ridan, bas!
Men tiklagan oppoq nurli qoyalar
So‘ylasin mehnatdan hur hikoyalar.
Men umr kechirsam shu el qatori:
Baxtu shodlik, mehnat, qishim, bahorim…
Do‘stlarimga eshik ochsam shod-xandon,
Topgan-tutganimdan tuzab dasturxon.
Yaxshi niyat bilan mehmon bo‘larkan,
«Otamdan ulug‘», deb hadya qilsam jon.
Xirmonim boshida orzularimdan
Somon yo‘llariga shu’lalar tushgay.
Oftob ham bahr olib yog‘dularidan,
Jahonning jamoli yashnab yorishgay!
NASIBA
Sahar edi, otam jangga otlandi,
Xumchalar bo‘sh, supralar ham qup-quruq.
Kemtik nonday ko‘kda hilol tovlandi,
Olay desa o‘zga bir nasiba yo‘q.
Oyning yarmin oldi otam do‘stlarga,
Yarmisini qo‘ydi chog‘i bizlarga…
Onam ko‘kka termilardi choshgohlar,
Namozshomda yana o‘ychan nigohlar,
Qarar edi, ko‘z uzolmas edi hech,
Yo‘l qarardik, norastalar, erta-kech.
O‘sha go‘dak nigohim-la izma-iz
Reyxstagga yetib keldim…
Ming afsus…
Oh, qurbonlar — yurt deb fido bo‘lganlar,
Ne farzandlar uchun nido bo‘lganlar…
Bari bunda bo‘lishgandi jamuljam,
Sadolanar eshiklar ham, devor ham…
Ey, voh, ey, voh, alvido!..
Ming-ming sado, hayqiriqlar tingladim,
Unda Otam xitobin ham angladim:
Fazolarda guvranardi u sado,
Armon — sado, sir — sado, qayg‘u — sado!
So‘ng nigohlar meni olib uchdilar,
Yana osmon gumbazlarin quchdilar.
Yarqirardi unda qadrdon hilol,
Go‘dakligim do‘sti — kemtik non — hilol.
Nahot, Otam o‘sha kemtik rizqini —
Hamrohini ketgan ekan qoldirib!
Olib boray yerda qolgan yarmini,
Yarim oyni butun etay to‘ldirib!
PULI SANGIN
Puli Sangindan o‘tmoqda zamon,
Puli Sanginga boqmoqda jahon.
Olam sari borar Puli Sangindan
Tojiklar obro‘si yuklangan karvon.
Puli Sangin so‘ylar mangu do‘stlikning
Buyuk qudratidan elga hikoyat.
Asriy cho‘lu sahro sari yo‘l olar
Bu manzildan ajib ko‘rku malohat.
Puli Sanginga boqmoqda jahon,
Puli Sangindan o‘tmoqda zamon…
BOShOQLAR
Butdoylar bosh tortdi-yu, zamin gavharzor bo‘ldi,
Yuraklar bu chiroydan zavqli, bahravor bo‘ldi.
Donga to‘lgan boshoqlar yel kaftida raqs tushib,
Go‘yoki har donasi oltin bo‘ldi, zar bo‘ldi.
Bug‘doyzor ummonining mavji dilni yashnatar,
Umidlar qayig‘ida dehqon suzadi sarmast.
Ba’zilar bu sohildan o‘tib ketar benazar,
Lekin shoir bu yerdan aslo loqayd o‘tolmas:
— Ona-zamin boshoqqa berganmi bu husnni,
Yo boshoqlar kaftida tutib turar zaminni?..
JAHON
Zaminning etagi osmon hisobidan kengaygan,
Uyim bolalarimning ko‘pligidan toraygan.
Kulgisi bor, yig‘isi bor, bordir bahsu janjali,
Vo ajabkim, bu jahon uyimdanmi joy olgan?!.
Tilak Jo‘ra tarjimasi