1963 yilda Ayniy rayonining Urmetan qishlog‘ida tug‘ilgan. 1980-85 yillarda Tojikiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. 1985-88 yillarda Respublika radio va televideniye komitetida, 1988-92 yillarda Leninobod viloyati teatrlar ittifoqi direktori lavozimida, 1992-2001 yillarda Leninobod viloyati radio va televideniye komitetida ishlagan. Ayni paytda – «Adabiyot va san’at» gazetasining maxsus muxbiri.
1999 yildan buyon Tojikiston yozuvchilari ittifoqining a’zosi. «Az chashmasor omadam» («Buloqlar bo‘yidan keldim»), «Namozi musofir» («Musofirning ibodati») she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Kitobi oftob» («Quyosh kitobi») she’rlar to‘plami nashr arafasida. «Orifi pinhon» («Sirli donishmand»), «Gulho namemirand» («Gullar so‘lmagay»), «Safedor» («Oq terak»), «Hazordaston» («Bulbul»), «Naqshi Ro‘daky» («Ro‘dakiy siymosi» dramalari sahnalashtirilgan.
TONGINGIZ XAYRLI…
Tongingiz xayrli bo‘lsin,
Otamning
Ayvoni ostida saf tortgan qushlar.
Xayrli tong, sizga, ey musichalar,
Onamning yodiday mushfiq, mushtipar…
Mehr baxsh aylagan diydoringizni
Ko‘rib, men bir lahza unutdim g‘amni.
Mahzun diydoringiz eslatar menga,
Sizlarday mushtipar, onaginamni…
Onam suyar edi musichalarni,
Muso Kalimulloh qushi, derdi u,
Ular xayr-baraka duosin o‘qib,
Har qaysi dargohga tilaydi yog‘du.
Har gal musichalar «ku-ku»laganda,
Uyning burchagida bo‘lib bir qism,
Qur’on bag‘ishlardi duogo‘y onam,
Barcha payg‘ambarlar arvohiga jim.
Va ochiq kaftidan qushlar oldiga
Dona-dona bo‘lib to‘kilardi don.
Tomchi-tomchi bo‘lib to‘kilardi yosh,
Uning nigohidan hayrona, pinhon…
Bilmasdim, nimani gaplashar edi,
Onam qushlar bilan uzoq va uzoq.
Faqat, bilar edim,
Ushbu suhbatlar
Kechardi bemalol, samimiy, qaynoq.
Faqat, bilar edim,
Suhbatlar go‘yo,
Sulaymon va qushlar suhbati edi.
Hikmat koni edi uning jimligi,
Har so‘zi muhabbat suvrati edi…
Iso tug‘ilgan kun o‘tib,
Ertasi
Er-osmon titradi tortgan nolamdan:
Qordan oppoq kafan kiygan Bir Tongda,
Mening onaginam o‘tdi olamdan.
Tog‘lar nola qildi,
Menga qo‘shilib
Yig‘ladi buloqlar, soylar sharaqlab.
Yosinxon yig‘ladi…
Ukalarimday
Yonimda bel bog‘lab turdi daraxtlar…
Chorlovlar,
yo‘qlovlar, ohlar, alamlar,
Faryodlar onamni qaytarolmadi.
Ketardi,
ketardi,
ketaverdi u,
Mendan,
bizdan ketdi…
Yo‘ldan qolmadi…
«Tug‘ilgan ayyoming bo‘lsin muborak,
Karomat sohibi, Hazrati Iso!
Onamni bir nafas bedor ayla!» — deb
Xudo dargohiga qildim iltijo.
Toki, bilay dedim, onam tilida
Nechuk so‘z bor edi?
Olib ketdi u.
Toki, bilay dedim, zor-zor dilida
Nechuk asror edi?
Qolib ketdi u…
Nogoh javob keldi,
Ayvon ostida
Musichalar g‘amgin «ku-ku»laganda:
«Odam, Havo qani?
Qayerga ketdi?..
Birodar, hammamiz – ojiz bir banda.
Onang kelgan edi Odam ortidan
Va Odam ortidan izma-iz ketdi.
Dunyoga Havoday kelgan edi u,
Havoga aylanib, Havoga yetdi.
Isodan sen nima istaysan, axir,
Dilingni bunchalar tirnamasin g‘am.
Oxirat yo‘li bir, dargoh bittadir,
Maryam ketgan yo‘ldan ketdi Iso ham…»
Oh, ey musichalar,
Eh, musichalar,
Eh, ayvon ostining musichalari.
Otam ayvoniga kelib qo‘ndingiz,
Sog‘inchimning mahzun musiqalari.
Ko‘zimning ayvoni in bo‘lsin sizga,
Mehringiz dilimdan aritar g‘amni.
Onamni sog‘indim,
Sizlarni ko‘rib,
Sog‘indim
Mushtipar, onaginamni!..
TUMANLI XOTIRALAR
Yormalik Qayumzodga
Bu daraxtlar orti,
Shahar, baland tog‘,
Tumanli xotira ortida yuvosh,
Bir qishloq bor — tinmay yog‘adi yomg‘ir,
Bir qishloq bor – tinmay yoritar Quyosh.
Onam dedi:
Seni tug‘ayotgan chog‘
Ko‘nglim suv tusardi
Pardo‘shi Tagobning buloqlaridan,
Biroq, sen tug‘ilganda,
Qandaydir tashnalik bergandi azob.
Otam dedi:
Men ul Pardo‘shi Tagob
Bulog‘idan qonib suv ichgan sahar,
Mening qulog‘imga borgandi yetib,
Sening tug‘ilganing haqida xabar.
Bilmasdim, dunyoga kelgan chog‘imda
Quyosh porlaganmi?
Yoqqanmi jola?
So‘ylardi dunyoning baland-pastidan
Doim ogoh bo‘lgan Ruhafzo xola:
Sen tug‘ilgan kunda,
Bu tabiatning
Ezgu xislatlari bo‘lgandi zohir.
Quyosh yomg‘ir bilan tutingandi do‘st,
Goh quyosh porlab,
Goh yog‘ardi yomg‘ir.
Hasbu holimnimas,
So‘ylayman bukun
Serquyosh yurtimdan, bokiralardan.
Xayolan seryomg‘ir qishlog‘im kezib,
So‘zlayman tumanli xotiralardan.
Bir shoir qushlarning iniga mengzab,
Zarafshonning jannat bog‘i der biri.
Qishlog‘im ta’rifin keltirganlar ko‘p,
Turfa edi ular
so‘zi,
ta’biri.
Murg‘ak tasavvurda
O‘xshatar edim,
Qishlog‘imni otam joynomoziga.
Tog‘lar etagida yashil maysalar,
Dilkash, go‘zal edi qush navosiday.
Ko‘m-ko‘k maysazorda kulgan chechaklar,
Tovlanganda yerning qarog‘larida,
O‘xshab ketar edi,
Ruhafzo xola
Kiygan ko‘k ko‘ylagin yamoqlariga.
«Umring yo‘lda o‘tdi, safarda o‘tdi»,
Deb so‘ylardi menga Ruhafzo xola.
«Mayli yerda, ko‘kda,
Qayda bo‘lmagin,
Boshing omon bo‘lsin.
Omon bo‘l, bolam!
Qayerda bo‘lmagin, shod bo‘l, obod bo‘l,
Dilingni bosmasin alam va qayg‘u,
Otangning bog‘ini unutma, faqat.
Sening bahoring ham,
Mozoring ham – shu!»
Juda katta edi otamning bog‘i,
Maskan edi
meva, maysaga,
nurga,
Yog‘dulari yorug‘, soyasi salqin,
Bag‘ri to‘la edi fayzu sururga.
Soylari Xuroson sozi bilan mast,
Qushlar qadim kuyning tuyar ta’mini.
Sira ko‘rganmisan,
Baland terakning,
Ro‘dakiyday g‘azal o‘qiganini?
Tarona kuylaydi Xayyomdan uzum,
To‘ldirib bog‘ni she’r, g‘azallariga.
Bodom Hofiz, Sa’diy qissasin o‘qir,
Tilidan bol tomib asalariga.
Shohtut Firdavsiyning g‘amidan nolib,
Mahzun qissa so‘ylar shohu gadoga.
Shamol yo‘lida mast tebrangan o‘rik,
Mavlaviydek tushar raqsi samo’ga.
Ruhafzo xola der:
Otangning bog‘i,
Ekinzor bu – gullab-yashnagan duo.
Xudo nazar qilgan bu bog‘da ilk bor,
«Alifbe» kitobin o‘qidim, hatto,
Bog‘dagi har maysa,
Har bir qatra suv,
O‘lsam ham yodimdan chiqmas umrbod.
So‘zma-so‘z,
harfma-harf,
qatorma-qator,
Ayladim daraxtlar g‘azalini yod.
Bunda yod ayladim qushlar navosin,
Hatto, xoru xasning lahjalarini.
Zarafshonning mavzun ohanglari-yu,
Xurosonning qadim nag‘malarini!
Shukrona aytaman o‘sha kunga men,
O‘sha lahzalarga men cho‘karman tiz:
Daftarimga tushdi dov-daraxtlarning
Va baland terakning qo‘llaridan iz.
Uzum,
bodom,
o‘rik barmoqlarining
Izi bor – yurakda uning ildizi.
Bu izlar – duoning qo‘l izi edi,
Bu izlar – qo‘llagan Xudoning izi!..
SENING NOMING BILAN
Agar ko‘nglimni rom etsa o‘shal Sheroz jononi,
Qaro xoliga baxsh etgum Samanqandu Buxoroni.
Hofiz Sheroziy
(O‘tgan-ketganlarning aziz arvohi
Meni kechirsinlar).
Toki, yashayman:
Men ushbu shaharni, qadim shaharni
Boshqa bir nom bilan atayman…
Ko‘ngli qolsa-qolsin hammaning mendan,
Mayli, g‘iybat qilsin har yerda, har on:
«O‘zgartirgan bilan bu shahar nomin,
Non narxi bir diram bo‘lmaydi arzon…»
Shikoyat yo‘llasin odamginalar,
Yumaloqxat yozsin ig‘vogar ahli,
Yo‘l-cho‘lda uchragan soxta do‘stlar ham
Yuz bursin,
Dushmanlar bo‘lsin farahli.
Shahar hokimi ham g‘azabga minib,
Qo‘yaver, atasin meni savdoyi.
«Bunday shakkoklarga o‘rin yo‘q» deya
Shahardan haydasin,
Qilsin sazoyi.
Nima bo‘lsa bo‘lsin!..
Ushbu shaharning,
Rayhonin nafasi, hamd-sanosini,
Daryosi keltirgan shukronalarni,
Majnuntolin nozi va sadosini,
Bodomining xumor nigohlarini,
Gullarini, gulgun xandalarini,
Olmazori hamda anorzorini,
Chinorzorining sho‘x nag‘malarini:
Barcha go‘zallikning orzularini,
Bir umr xirgoyi qilib yashayman,
Zero, bu navqiron, qadim shaharni
Sening noming bilan
Atayman!!!
EY, ShE’R!
Ey, she’r, qazo bo‘lgan namozim mening,
Seni o‘qishga vaqt topmadim bir dam.
Menga imkon bermas bu qattol qismat,
Betartib umrimning jabru zulmi ham.
Quyoshli kunlarni, yorug‘ kunlarni,
Suv, don fikri bilan sovurdim butkul.
Oydin tunlarimni, yovuq tunlarni,
Zamon g‘ami bilan qovurdim butkul.
Vatan motamida ko‘z ochdi shomim,
Vatan motamida tongim tun bo‘ldi.
Sen uchun atalgan sara so‘zlarim,
Vatan yuragidan oqqan xun bo‘ldi.
Kuychi shoir edim, zamonning dardi,
Butkul motamsaro ayladi meni.
Yodimdan o‘chirib yorug‘ she’rlarni,
Marsiyago‘y, ado ayladi meni.
Karvonin yo‘qotgan qari chol kabi,
O‘ttiz to‘rt yoshimda tentirayman jim.
Ey she’r, qazo bo‘lgan namozim mening,
Seni o‘qimoqqa yetmaydi umrim.
QISh XAYoLI
Qahraton kelmoqda,
Men – shaharlikning
Yodiga qish kelib qo‘nadi – qattol.
Tog‘likdagi onam tushar yodimga…
Ona!
Holing nima kechar ushbu hol!?
Sari Xirman ichra ko‘zing to‘rt bo‘lib,
Yo‘limni poylaysan, ko‘zlaringda nam.
Kechir, borolmasman yoningga, ammo,
Borsam ham, yodingga borarman, onam.
Kechirgil, bu qish ham sening dardingga,
Xalqning bolasiday bo‘lmadim darmon.
Senga bir bog‘ o‘tin keltirolmadim,
Bir kaft bug‘doyni ham ko‘rmadim ravo…
Dunyo tashvishlari qaddimni bukdi,
Fursat topolmasman holing so‘rashga.
Shahar bozorida she’rlar kitobi,
Asqotadi, faqat, pista o‘rashga…
Men hamon o‘shaman, fe’li keng, sarkash,
Hanuz o‘zgarmagan, hatto, bir tuki.
Og‘irlik qilar bu tarozilarga,
Muhabbatim yuki, mehrimning yuki.
To‘kdirgim kelmadi naqd bu jonimni,
Tiriklikning uchqur savdolariga.
Cho‘ktirgim kelmadi cho‘kkan ko‘nglimni,
Tubanlikning chuqur g‘avg‘olariga
Ona!
Ruhim cho‘kib ketmadi, garchand,
Yo‘qchilik panjasi tirnar jonimni.
Ona,
Bu qishda ham, nasib etsa gar,
Men olib boraman she’r kitobimni…
(Bilaman,
Yo‘lini yo‘qotgan o‘g‘ling
Yo‘l ozig‘i yanglig‘ asraysan uni.
Ko‘zlaringga surtib bir burda nonday,
O‘pasan, pichirlab degaysan shuni:
«Xudoga ming qatla shukur…»
Tiz bukib
Tag‘in pichirlaysan sokin, pinhona:
«… mehrning muattar hidi kelmoqda
she’ringdan…)
Qahraton kelmoqda,
Ona!!!..
ChAQALOQ
Tonggi namozdan so‘ng
Tasbih o‘girar,
Otam termulgancha barmoqlariga.
Ko‘chiraman tarqoq bitiklarimni,
Xotiramning oppoq varoqlariga.
Shabada kaftida, Bog‘i Bolo dan
Kelar olma gulin atri, chiroyi.
Shirin xandalaring yodimga tushib,
Dilimdan to‘kilar shirin xirgoyi.
Bu qo‘shiq, xuddi, tong tabassumiday,
Dilni forig‘ etar dardu dog‘idan.
Jannatiy saboning mayin nafasi
Kelar otaginam shakarbog‘idan…
Xayolimning yorug‘ sahifasida,
Ilkis paydo bo‘lar bir satr noxos.
Uni qayta-qayta takrorlayman men,
«Otam olmazori – bizlarga meros».
Jismimda fikr va tuyg‘ular guli
Ochilib-sochilib kuladi dildan:
ushyor bo‘l, ey oshiq, so‘zi bepayvand,
Bu tongda yangi she’r yaralar chindan».
Xirgoyi qilaman o‘zimcha sokin,
«Olmazor – otamdan bizlarga meros».
Va labing g‘unchasi ochilib mavzun,
Undan chiqib kelar yoqimli ovoz:
Bilib qo‘y, ma’nolar lug‘atida ham,
«Shirabog‘» atalar otangning bog‘i.
Otang ham Odamday payvandchi erur,
Kaftida keladi «samar» yaprog‘i.
Tag‘in ochiladi labing g‘unchasi,
Tag‘in undan chiqar turfa sas-sado.
Xotiramning oppoq varoqlariga,
Uni ko‘chiraman beun, bexato:
Otam shirabog‘i payvanddir bizga,
Behisht olmasining toti bor unda.
Onalar yodi bor, shiru shakarday
Kelgan onalarning yodi bor unda…
Otam shirabog‘i payvanddir bizga,
Ma’rifat guliga burkangan ma’vo.
Shu bog‘da qolipdan chiqqandir Odam,
Bo‘lgandir Havoga oshiqu shaydo.
Shu bog‘da qolipdan chiqqandir Odam,
Shu bog‘da o‘rtangan ko‘ngilning mayli.
Tog‘ oshib, daryoyu biyobon kezib,
Majnunga aylanib, axtargan Layli.
Otam shirabog‘i payvanddir bizga,
Olamning tortishish qonunin,
Birpas
Otam ekkan olma tagida turib,
Nyuton yaratgan bo‘lsa, ajabmas.
O‘shal jozibali jozibalarning
Qonuni ham bunda bo‘y cho‘zar baland.
Ular bashariyat baxtini ko‘zlab.
Odamzod orzusin aylagay payvand…
«… Nima yozding, o‘g‘lim?» —
Tabassum bilan,
Otam men tomonga tashlaydi nigoh.
Men esa to‘lib she’r ohanglariga,
Unga aytardim:
«Hech…
Bilmasman, billoh…»
Olma gulin atri, Bog‘i Bolodan,
Beg‘am bolaligim bag‘rida yelar.
Va unga qo‘shilib mening ko‘zimga
Yosh kelar,
Boshqa bir chaqaloq kelar…
BIR DO‘STGA
Chamanlar bulbulning nomin unutgan,
Chamanlar bulbulni taniydi, ammo,
Mayin ovozidan,
Bulbul sozidan,
Taralsa ko‘ngilga yaqin bir navo…
Yor bo‘lish qanday baxt,
Bilarmisan, ayt?!
Ko‘rsang ko‘zni yumib, unutib o‘zni:
Nomahram nigohdan olis go‘shada
Yo‘lingga intizor bo‘lgan bir Ko‘zni.
His qilmoq qanday baxt,
Ko‘rmasdan turib,
Ko‘zga aylantirib ochiq ko‘ngilni:
Shirin titrog‘ingning xayoli bilan,
Seni orzu qilgan ozurda Dilni.
Eshitmay anglasang, nafaslaringga
Nafaslar birikib yonganda bot-bot,
Sokin suhbat qurib jimliging bilan,
Yodingni quchganda qay bir Tashna Yod…
Ogohmisan, ey sen, yolg‘izdan – yolg‘iz,
Xobu xayolingda jonlangan o‘shal,
Qaysi bir go‘shada sening yo‘lingga.
Ko‘z tutar bir Go‘zal – go‘zaldan go‘zal.
Moychechak bargini yulib umidvor,
Qaydadir ul go‘zal shivirlar besas,
Giyohning barglari to‘kilar bir-bir:
«Keladi,
Kelmaydi,
Kelar?
Yo kelmas?…
Chamanlar bulbulning nomin unutgan…
ABADIYaT TILIDA
Boshingni chiqargin suvdan, nilufar,
Quyosh keldi, gulim, ko‘tarsang-chi bosh!
Tashnalab kelibdi suvning labiga,
Qarshingda – bir oshiq-beqaror Quyosh!
Quyosh keldi yorug‘ bag‘rini ochib, –
Labga nur surasi keldi nurafshon.
Dillarga nur keldi,
ko‘zga kelgan nur,
Kipriklar qavatin ayladi makon:
Ishqni xor aylamang,
Ishqni xor qilmang,
Ishq yurtida aziz – ahli tamizlar.
Xudoga,
Ma’nolar mamlakatida,
Eng yaqin, mumtoz yo‘l Ishqdir, azizlar!
Oshiqlik osonmas, havaskorlikmas,
Oshiqlik yaralgay imon yoshidan.
Oshiqliq
davr, zamon,
jism ila makon,
Jonu jahonlarning o‘tar boshidan.
Oshiqlar Azaldan, Abadiyatning
Ibtidosin izlar sarson-sargardon.
Ular Abadiyat lisoni bilan
Azalning kunidan so‘z aytar har on.
Oshiqlar – azaldan bedor ko‘zlari,
Oshiqlar – yodiga mangu bo‘lar Yor.
Oshiqlar – bu hamma behammalikda,
Hammadan yuksakdir, hammadan poydor.
Ular nafas olar g‘ayb nafasidan,
Tushning nazaridan boqadi ular.
Yurak tebranishi xayolida mast,
She’r aytib, yurakni yoqadi ular…
Oshiqlar ogohdir,
Suv bilan ariq
Orasida mastur orzu, o‘ylardan.
Ular voqif, –
Nechun ariq istagi
Suv tomonga kelgan pana yo‘llardan.
Ular ogoh,
Nechun bir oshiq shoir,
Daryoga iltijo qilar to‘kib yosh:
Boshingni chiqargin suvdan, nilufar,
Quyosh keldi, gulim,
Ko‘tarsang-chi bosh!!!
BULOQLAR QOShIDAN KELDIM…
Bitta musofirman,
Bir yo‘lovchiman,
Manzildan manzilga xush xabar bergan.
Buloqlar qoshidan keldim entikib,
Men keldim daryolar tug‘ilgan yerdan.
Men keldim olisdan, olisdan-olis,
Hech kimsa yetmagan inson qadridan.
Jannatiy ekinzor quchog‘iday hur,
Onam og‘ushidan, onam bag‘ridan.
Men keldim,
Yam-yashil joynamozini
Otam topib olgan ul mahalladan.
Yodim bog‘i uzra oq kaptarlarning
Tushiday zangori, yorug‘ palladan.
To‘rvamda –
Quyoshning bir issiq noni, –
Ochlik balosini tindirishimga.
Bir ko‘za oy suvi yetib-ortadi,
Tashnalikni toshday sindirishimga.
Yo‘l ozig‘in berar hayotning qo‘li,
Ochlik, tashnalikdan yemagayman g‘am.
Qayda bo‘lsam,
Mehr berdim hammaga,
Mehr olib ketdim,
Gar qayga borsam.
Na shoh na gadoman, lekin, maqomda,
Ham shoh ham gadoga birdek – barobar.
O‘roqchilar ichra o‘roqchidirman,
Qalandarlar ichra men ham qalandar.
Talantsiz nazdida – men bir talantsiz,
Tanlantli qoshida – iqtidorim bor.
Shoirlar bazmida – shoirman beshak,
Oshiqlar bazmida oshiqdirman zor.
Tojirlar xaylida tojirman, hatto,
Garchand, savdogarlik nonin totmadim.
Bozordan iborat ushbu jahonda,
Biror narsa olib, narsa sotmadim.
O‘ttiz uchga kirdim,
Ushbu yoshimda
Ko‘rganim, bilganim – barchasi ro‘yo.
Bir asr
yo ikki
yo o‘ttiz uch ming
Asrni boshimdan o‘tkazdim go‘yo.
Ashkoniylar qavmi boshimdan o‘tar,
Sosoniy,
Somoniy sulolalari,
Yigirma birinchi asrga o‘tgum,
Ushbu kun sadosi bo‘lib sarsari.
Musofirman,
Keldim buloq boshidan,
Daryolar yurtidan yo‘l bosib uzoq.
Mening nigohimda ko‘z ochar chashma,
Mening yuragimda ko‘z ochar buloq:
Bittasi muhabbat, kadardan xoli,
Bittasida savob ko‘taradi bosh.
Oyoqlarim yerda, qo‘lim osmonda,
Bir qatra suv ichgum,
Bir zarra quyosh!
TOPGANLARIM
Kulgum quyoshdandir, ko‘z yoshim – yomg‘ir,
Dilim yonar, boshim qattiq toshdan ham.
Ko‘nglim, bamisoli soylar shishasi,
Qishloqda tug‘ildim, shahar – ishxonam.
Vatanim keng shahar yoki baland tog‘,
Dilimda orzular isyon qiladi.
Maskanim – toshloq yo dengiz etagi,
Buni men bilmasman, Xudo biladi.
Men, faqat, bilaman,
Bir chashma edi
Ruhim, ravon bo‘lib ketdi daryoga.
Dardim zarra edi, bir zarra edi,
Katta bo‘lib ketdi katta dunyoga.
Ko‘zlarim chiroqqa do‘ndilar nogoh,
Qo‘llarim daraxtga aylandi butkul,
Oyoqlarim, go‘yo zo‘r havas bilan
Yo‘rg‘alar Zarafshon ortidan nuqul.
Bodday xiyobondan xiyobonlarga,
Yodday biyobondan biyobonlarga.
To‘nim o‘zimniki emas,
Har bahor,
Qishloq teragining beqasamidir.
Kuzakda shahardan olaman sotib,
Chinorlarning sariq ko‘ylagin bir-bir.
Qishda yopinaman qordan chodir, to
Tanam yoz ko‘ylagin sog‘insin bir oz.
Choriqning g‘amini yemasman, zero,
Choriq – yag‘ir bo‘lgan oyog‘im, xolos.
Yo‘lma yo‘l, yangidan yangi bu qadam bu,
Ortimdan izma-iz tinmay chopar yul.
Yo‘lma yo‘l, yangidan yangi safar bu,
Mening oyog‘imni izlab topar yo‘l.
Otam cho‘pon edi,
Madrasa ko‘rmay,
Cho‘ponlik ortidan olim bo‘ldi zo‘r.
Men-chi, tentiradim madrasalarda,
Olim bo‘lolmadim, bilimlarim – g‘o‘r.
Men madrasa ko‘rib do‘ndim cho‘ponga,
Mol-holi bo‘lmagan cho‘ponman chala.
O‘zgalar molini boqish payida,
Kezaman tog‘ma-tog‘,
Dalama-dala.
Hamma bilar oshkor, pinhonligimni,
Bor-yo‘g‘imdan hech kim emas bexabar.
Dalli dildan o‘zga nimam bor mening?
Men bilmasman,
Xudo bilmasa agar…
MEN DARYo NASLIDANMAN
Charog‘on, farovon diyordandirman,
Zulmat o‘rab olgan tevaragini.
Tong yo‘lini ko‘zlab ketayotir u,
Izlab saodatli kelajagini.
Men o‘sha buyuklar tuprog‘idanman,
O‘z ona yurtiga sig‘maganlarning.
Ishq dardin his qilib, ishq dardin yutib,
Ibn Sino, Kamol Xo‘jandiy kabi,
Yor shahridan judo bo‘lganda nochor,
Ketdilar g‘urbatlar etagin tutib.
Men o‘sha azizlar makonidanman,
Barcha fozillari topmagan panoh.
Misli yonimizdan oqqan suv kabi,
O‘z yurtida g‘arib, o‘zga yurtda shoh…
Men o‘sha daryolar naslidandirman:
Xomush lablarida mastur va pinhon
Ming bitta xirgoyi, ming bitta tilsim.
Men o‘sha quyoshning qabilasiman:
Ziyo sochgan bedor xandalari ham
Yomg‘ir qo‘shig‘iga to‘lgan limmo-lim.
Men o‘sha tog‘liklar nasabidanman:
G‘azalxon shoiri, shahidlarining
Ulug‘lab eng so‘nggi nasibasini,
Qabr toshi uzra qasida bitgan,
Muhabbatning mangu qasidasini.
KAMOL XO‘JANDIY KO‘ChASIDA
Kamoli Xo‘jandiy ko‘chasidan jim
O‘taman har oqshom, har tongda, har kun.
Oynavand uylarning oralig‘idan,
Rastalar, daraxtlar oralab mahzun.
Ko‘zlarim salomga to‘lar paydar-pay:
Qulog‘im alikdan bo‘ladi zada.
Faqat, menga ayting, ey siz, yaxshilar,
Kamolning haqiqiy manzili qayda?
Asl buloq qayda, sidqu dilidan,
Bema’ni hayotga baxsh etgan ma’ni?
Har bitta lab uzra, lablari bilan
Qand, novvot keltirgan shirinlab qani?
Limmo-limdir Sayhun kaftida kosa,
Bo‘sadan mastdir u, mangu ishqparast.
Telba ayladimi Xo‘jand go‘zali
Yo Tabriz dildorin xayolida mast?
Kamolning qo‘lini kim oldi hayron,
Tariqatning mangu so‘qmoqlarida.
Kamolning yo‘lin kim ayladi ravon,
Haqiqat cho‘qqisin hur bog‘lariga.
Bu yo‘l – muhabbatga yo‘llagan quvonch,
Bu yo‘l – g‘ariblikda bo‘zlagan qayg‘u.
Bu yo‘l – judolikka chorlagan motam,
Olislarni yaqin aylagan yo‘l bu…
Kamoli Xo‘jandiy ko‘chasidan jim
O‘taman har oqshom, har tongda, har kun.
Oynavand uylarning oralig‘idan,
Rastalar, daraxtlar oralab mahzun.
Ko‘zlarim salomga to‘lar paydar-pay,
Qulog‘im alikdan bo‘ladi zada.
Faqat, menga ayting, ey siz, yaxshilar,
Kamolning haqiqiy manzili qayda?!
BU YuRAK…
Ramazon oyining muborak kuni…
Hamma nuroniydir, ozoda, halol.
Hamma boqar edi nur tirqishidan,
Hamma go‘zal edi,
Hamma barkamol.
Odamlar ko‘z yumdi badbinliklarga,
Kimdir haqoratli so‘zdan tiydi til.
Kimdir avf ayladi qattol dushmanin,
Kimdir may kosasin sindirdi chil-chil.
Kimdir to‘nin to‘shab ariq bo‘yiga,
Tahorat olmoqqa chog‘lanar kimdir.
Yolg‘onning qorong‘u yo‘laklaridan
Yuz burib ziyoga bog‘lanar kimdir.
Ramazon oyining muborak kuni…
Hamma go‘zal edi, hamma nuroniy.
Yashardi umrning bir lahzasida,
Hamma bir-birining mehriga qonib.
Va lekin,
Bu yurak, bu benavo qalb,
Atrofda ne kechar, qilmas edi his.
Devonaday g‘avg‘o ko‘tarardi u,
Juda yolg‘iz edi,
Juda ham yolg‘iz…
SAFAR OLDIDAN
Men sening bag‘ringni tark etgan mahal,
Xazon bosh ustimda chekar edi oh.
Chinorzorlar to‘kkan yaproq ohangi,
Ketguvchi bahordan aylardi ogoh.
Behol tebranganda sarg‘ish panjalar,
Yuzimga, bag‘rimga to‘kilar bir rang.
Bu dam to‘kilardi yo‘llar xazoni,
Mevasiz xurmoning bargiday garang.
Qarshimda xazonga burkangan sukut,
Qarshimda xazonga aylangan qo‘shiq.
So‘ldi labimda bir yangi ohang, kuy,
Dushanbe daryosin labiday quruq.
Aytarsan bu lahza eshitmadim deb,
Jimligimning oshkor jaranglarini.
Aytarsan bu lahza tushunmadim deb,
Besado qo‘shig‘im ohanglarini.
Bu lahza qishloqi boladay she’rim,
Qoldi hayronlikning go‘shalarida.
Bu bebosh yo‘llarda adashib toldi,
Yolg‘izlikning xilvat ko‘chalarida…
Men sening bag‘ringni tark etgan mahal,
Xazonning hidiga to‘ldi ob-havo.
Meni tashlab ketgan darbadar shamol,
Ko‘changdan oh urib o‘tar edi, oh…
TABRIZ OSTONASIDA
Ko‘zlarimda duo,
To‘lib toshmoqda
Qalbim, jonim kuy va qo‘shiq qurbidan.
Tabriz, ostonangga bosh urib keldim,
Ro‘dakiy yurtidan,
daryo yurtidan!
Labimdagi qand, bu –
Samarqandniki,
Meva – Dushanbening bog‘iday masrur.
Shirinlik – Buxoro boliday begard,
Yoqut – Badaxshonning yoqutiday dur.
Ko‘z yoshni
Ro‘dakiy duosi bilan,
Olganman Mo‘liyon va Zarafshondan.
Kiprigimga qo‘ngan yo‘l tuprog‘i bu,
Nosir Xisrav, Kamol kezgan makondan.
Sen bilan to diydor etguncha nasib,
To yetib kelguncha o‘shal baxtli kun,
Bu suv, bu tuproqqa suv, tuproq qo‘shib,
Gulgun suvni tag‘in ayladim gulgun.
Xoqon mozorini etdim ibodat,
Valiylar tog‘u bu, qilgaydir nazar.
Xo‘janddan keltirdim Kamol xokini,
Kamolga Xo‘janddan beray deb xabar.
Toki, tabriziylar yurtida torday
Singrayman dilimning ol rangi bilan.
Toki, Shahriyorning shahrida to‘lib,
Kuylay Shahriyorning ohangi bilan.
Tabriz!
Ey, shoirlar orzu etgan baxt,
Ey, oshiqlar bog‘i, «mahbublar tog‘i».
O‘sha shoir,
oshiq,
mahbublarga ayt:
Dilimda diydorning shirin titrog‘i,
Ko‘zlarimda duo,
To‘lib-toshmoqda,
Qalbim, jonim kuy va qo‘shiq qurbidan.
Bukun ostonangga bosh urib keldim,
Ro‘dakiy yurtidan,
daryo yurtidan!
TARIX G‘ILDIRAGI
Tarix g‘ildiragi gir-gir aylanar,
Eski tegirmonning toshiday og‘ir.
Qachondir to‘lgandi bag‘ri bug‘doyga,
Qachondir arpaga to‘lgan bu bag‘ir.
Ey Vatan, ey, bedor, beozor osmon,
Ey, Vatan, ey, zamin, zahmatkash, qo‘tir,
Nechun buncha sening quvonchlaring kam,
Nechun qayg‘ularing bunchalar ko‘pdir?!
Shahriyoring hamon izlaydi fitna,
Faridun joniga qilmoq uchun qasd.
Rustamday dovyurak pahlavonlaring,
Suhrobning o‘limin istaydi sarmast.
Hanuz Afrosiyob ko‘rligi bois,
Siyovush joniga aylar tajovuz.
Hanuz Taxminangning kiyimi qora,
Rudobang qismati qarodir hanuz.
To hanuz shoirlar Firdavsiy kabi
Bitmoqdalar ne-ne shohlarga noma.
Hanuz «Shohnoma»ni taqdirlash uchun,
Shoh «in’om» etadi tahqir, malomat.
Bukun bug‘doy nonin yemas xaloyiq,
Arpa uniga ham ba’zida zordir.
Tarix g‘ildiragi gir-gir aylanar,
Eski tegirmonning toshiday og‘ir…
TUGUN
Oh, ey dil, odatin tark etmagan dil,
Tutqunsan-ku, tinib-tinchiysan qachon?
Behuda tashvishlar tashladi ezib,
Sen Hech ilinjida chopasan hamon.
Ishq, dedingu ishqni aylading orzu,
Yor, dedingu bo‘lding sarson, ovora.
Shikoyat – ojizlar kirdori deding,
Shukr ayladingu bo‘lding bechora.
Devona shoirsan, devonsiz shoir,
Asrorin birovga aylamagan xo‘r.
Hamon ohangi yo‘q bastakordirsan,
Hamon jimligingga bo‘lmoqdasan jo‘r.
Bahorsan – bog‘ bo‘lib ochilmagan gul,
Xazonsan – dog‘ bo‘lib sochilmagan zar.
Sen hosil bermagan qatqaloq yersan,
Bulutsan – yomg‘irdan ayrosan badar.
Oh, ey dil, oh, tasbih qaytarguvchi dil,
Qonim qatrasini sanaysan bir-bir.
Men o‘girgan ko‘z yosh tasbihlarining
Donalari nechta?
Bilmaysan, axir…
ESKI MAQOL
Ey, ichqora bulut,
Gunoh soyasi!
Nechun quyosh yuzin to‘sarsan bot-bot?
«Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi…»
Bu eski maqolni bilmaysan, nahot?!
Etagingni yiqqin esing borida,
Sharmanda bo‘larsan.
Ko‘z yosh yomg‘iriday osmon ko‘zidan
Kanda bo‘larsan!
QORA UYQU
Tun motam libosin yechmagan hali,
Hamon ko‘zlarimni yopar g‘am, azob.
Haligacha ko‘rgan tushlarim yomon,
Tong otgunga qadar bu holim xarob.
Ovozim o‘xshamas o‘z ovozimga,
Dilimdagi navo – meniki emas.
Diydam nazarimga begona butkul,
Yotdir boshga tushgan savdolar besas.
Ko‘zimni ochganlar «Yop!» deb yopishdi,
O‘sha kundan tiyra bo‘ldi o‘ngu so‘l.
Quloq berib, paxta tiqdilar unga,
So‘z berib, ortidan aytdilar: «Jim bo‘l!».
Ovozdan ayrilgan ashulachiman,
Kuysiz bastakorman, beg‘am ko‘z yoshman.
Tirik jasadim bor – tuproqdan beri,
Ichida olovni asragan toshman.
Xullas, xomush chehram o‘zimnikidir,
Yurak kosasiga to‘lgan bu fig‘on:
Yomg‘irdan oldingi sokinlikdir bu,
To‘fondan oldingi jimlikdir bu on.
Tun motam libosin kiygan ushbu dam,
Mening ko‘zlarimni yopib qo‘yar g‘am…
EY, YO‘LDOSh!
Ey, yo‘ldosh, biz birga bosarmiz qadam,
Etib borgan yo‘ling muborak bo‘lsin!
Elkamizga og‘ir keldi zamona,
Tortayotgan yuking muborak bo‘lsin!
Ko‘z ochgan buloqday bo‘ldik ravona,
Soylarga, daryolar tomon bemador.
Sahrolar yo‘lida sarson bo‘ldik biz,
Daryolar g‘amida yig‘ladik zor-zor.
Yig‘i to‘lib-toshgan ey, qadrdon ko‘z,
Ko‘zdan tomgan yoshing muborak bo‘lsin!
Ishqdan judo bo‘ldik, xayolimizni
O‘zdan, aqrabodan ayladik yiroq.
Olqadik, ko‘chadan shohlar o‘tganda,
Gadolar yo‘liga o‘t qo‘ydik, biroq.
Ey, orom bilmagan tabarruk sahro,
Uchgan rangu quting muborak bo‘lsin!
To‘nimiz yirtilgach bu to‘g‘ri yo‘lda,
Quyoshning nuridan tikdirdik qabo.
Qabargan ul yalang oyog‘imizni,
Qadoq chorig‘iga aylaganmiz jo.
Ey, yo‘ldosh, biz birga bosarmiz qadam,
Yirtilgan chorig‘ing muborak bo‘lsin!
…Etib borgan yo‘ling muborak bo‘lsin!..
YaRIM TUNDA
Uyqusirab shahar ko‘chalaridan
O‘taman bir o‘zim qoq yarim tunda.
Bir qadamdir bunda Borliq olami,
Yo‘qlik olami ham bir qadam bunda.
Shahar ko‘chalari sokindir juda,
Yotar tun jimligin beozor quchib.
Bir nafas men bilan hamohang erur,
Bir nafas yodidan chiqarman uchib.
Asta g‘o‘ldirayman o‘zimga o‘zim:
Men yurgan bu yo‘llar bilmas to‘zimni.
O‘zimdan qayerga qochaman, axir,
Axir, qachongacha izlay o‘zimni?
…Jimjitlik qo‘ynida baland devorlar
Oyog‘im sharpasin aylaydi takror.
Uxlab yotganlarni, shovqin-suronim,
Nogoh aylaganday bo‘ladi bedor.
Bir zum shovqin solay butun olamga,
Tinchim ham buzilsin o‘sha tufayli.
Toki, qulab tushay uyqu arshidan,
Suv to‘la ariqqa yiqilay, mayli…
Uyqusirab shahar ko‘chalaridan,
O‘tarman bir o‘zim qoq yarim tunda.
Bir qadamdir bunda Borliq olami,
Yo‘qlik olami ham bir qadam bunda…
***
Qismatingni achchiq dema gar bo‘lsa sho‘r,
Gumonlaring bari bekor, xayoling – g‘o‘r.
Gar juvonmarg o‘lib ketsang – Xudodan bu,
Agar qari tug‘ilgansan – o‘zingdan ko‘r.
***
Umr – goh oson, goh jigar bag‘ri xun,
Afsus, yaxshi, yomon emas bir butun.
Naqadar qisqa – bir asrlik mehr,
Jabrning bir oni — nechog‘lik uzun.
***
Xok bo‘lsam-da, dilni pora aylardim,
Yulduzday zulmatga chora aylardim,
Qachon kelishingni bilsaydim, Ajal,
Yo‘ling to‘sib, yuzing qora aylardim.
***
Oldi-qo‘ydi g‘avg‘osidan ayla xalos,
Bilolmassan, nima ko‘pdir va nima oz.
O‘z hayoti maktabida hamma – shogird,
Xalq hayoti maktabida hamma – ustoz.
***
Umrimiz havasga dum bo‘lib o‘tar, ketar,
G‘aflatda abasga gum bo‘lib o‘tar, ketar.
Yorug‘ yod qolsa gar bir nafas ichra,
Yovuzlik nafasga zum bo‘lib o‘tar, ketar.
***
Cho‘qqiga buncha kech bo‘ylaysan, shoir,
Tezroq tushmoq yo‘lin o‘ylaysan, shoir.
Yuksaklik, tubanlik, asli bu umr,
Sen uni tinmasdan kuylaysan, shoir.
***
Shoir, ishqdan mastsan, ishqqa sarvarsan,
Zamona ko‘zida sen mayparvarsan.
O‘lgandan so‘ng sendan olgaylar xabar,
O‘lganingdan keyin sen Payg‘ambarsan!
***
Aytgil, nechun maydan orom toparman,
Qaynoq may taftida qaynab yotarman?
Tanimda bir yirtiq ko‘ylagim bilan,
Zamonning yuz aybin qanday yoparman?!
***
Kambag‘alga ozroq shakar bergaylar,
Yo yarim kilo nedir agar bergaylar:
Radio va tilvizorda jar solib,
To‘rt tomonga nechun xabar bergaylar?
***
Bir pora, qirqpora, sadpora – o‘zim,
Serko‘cha shaharda ovora – o‘zim.
Chorasiz oshiqlik maqomi ichra,
Bechoradan ko‘ra bechora – o‘zim.
***
Bu she’r tushga o‘xshar, uchmas xayoldir,
Uni qalb mayliga solmoq maholdir.
Yo kitobday o‘qib, olib ketarsan,
Ammo, varog‘idan yirtmoq zavoldir.
***
Ko‘ngling bo‘shat, to‘siq va g‘ov yig‘lasin,
To quyosh dilingda lov-lov yig‘lasin.
Shunday yashaginki, jon bergandan so‘ng,
Ko‘z yoshin yashirib go‘rkov yig‘lasin!
***
Tirikligim margi uchun yig‘larman,
Mangulik g‘amida bukun yig‘larman.
Ko‘z yosh to‘kmasman gar keksalik kelsa,
Yoshligim ketganda xun-xun yig‘larman.
***
Yurt erlari mehnatini sotgani ketdi,
O‘zga yurtga o‘z nonini topgani ketdi.
Qo‘lda ketmon, paxta ekib yurt ayollari,
Zamonaning qulog‘ini yopgani ketdi.
***
Haq so‘z bobida sen beqiyos, shoir,
Balodan qo‘rqmaslik senga xos, shoir.
Shoirin tanisa o‘ldirar zamon,
Tanilmagan bo‘lsang juda soz, shoir.
***
Tulki arslonlarga bosh, sarbon bo‘ldi,
To‘qayda arslonlar lol, hayron bo‘ldi.
Hamma hayron bo‘lsa, mayliga, biroq,
Bolalik ertagi, oh, vayron bo‘ldi.
***
Ne xoma, ne qissa, topdi ne daftar,
Ey, Baxt, nechuk seni qayta topay, gar:
Bir umr axtardim, yuzing ko‘rmadim,
Bir zum axtarmadim, topdi o‘zgalar.
***
Boyparastdan qashshoq yurganing afzal,
Boqimlikdan tutqun bo‘lganing afzal.
Tiz cho‘kib o‘tgan ul uzoq umrdan,
Bir lahza tik turib o‘lganing afzal!
***
Shoir, dilda alaming toza erur,
So‘zingga har dil – eshik, darvoza erur.
Bir shahar kasbu koringdan bexabar,
Bir aybginang dunyoga ovoza erur.
***
Kuylasam she’rda nishon – noming sening,
Gavhar ichra durfishon – noming sening.
Har xatim peshonaning yozdig‘idir,
Kaftida turgay, ishon, — noming sening.
***
Qirqdasan, quvon, ich, ko‘ngling bo‘lsin to‘q,
Hayot yonib-o‘char bamisoli cho‘g‘.
Bir tomon yoshlikdir, sendan qochmoqda,
Bir tomon qarilik, qocharga joy yo‘q.
***
Har tunda tunim sening shabingni yod etar,
Tobu tabim tobu tabingni yod etar.
Qanday chiqaray seni labimning yodidan,
Har lahza labim sening labingni yod etar.
***
Ko‘zgu dedi: Tiyra – yorug‘ jahonim,
Afting ko‘rib chunon qartaydi qonim,
Qariding, dilingda yoshlik zavqi bor,
Afsus, sendan oldin uzilmas jonim.
***
Tinch uxla, Humoyun, oqilim manim,
Tinch yotsang yayraydi jon-dilim manim,
Tushingda muloyim jilmaysang, shudir,
Bu dunyo bog‘idan hosilim manim.
***
Xudo rahm eshigin aylab basira,
Keksalarga berdi umri kabira.
Yorug‘ aylab jahl ko‘zoynagini,
Aql ko‘zoynagin ayladi xira.
***
Odamiyat jangi boshlangach, esiz,
Qonga g‘arq bo‘lganin olam etdi his.
Bir maymun boshqa bir maymunga aytar:
— Xayriyat, odamga aylanmadik biz.
***
Dunyoning holiga qarash bo‘lmagay, –
Xalq dardidan biror dil g‘ash bo‘lmagay,
Rahm aylamagay qo‘ylarga Bo‘ri,
To suv, olov aro yarash bo‘lmagay.
***
Ey, qismat chirog‘i yonayotgan zot,
Yondir, toki, ertang porlasin obod.
Bukun sen yo‘l o‘rgat bolangga, bolang
Ertaga senga yo‘l o‘rgatar, hayhot!
***
Har dam g‘am yor bo‘lsa, holimizga voy!
Ozor ohzor bo‘lsa, holimizga voy!
U kun xato qildik, u kungi xato,
Bukun takror bo‘lsa, holimizga voy!
***
Zotlar bor har yerda so‘zlasa yayrar,
Faqat gap urmoqqa tilini qayrar.
Nutqining boshida aytmasa agar,
«Men» deya so‘zini xulosa aylar.
***
Toki, tong fayzi bor, tunlar armoni,
Bexabarmiz, o‘tar vaqtning karvoni.
Go‘daklikning oniy lahzasi – cheksiz,
Qisqadir yuz soat qarilik oni.
***
Xayrxoh hayotga fidomiz har dam,
Yurt qashshoq, taxtimiz – shohona, ko‘rkam.
Qanoat qilmasak bir parcha oyga,
Bir kunga yetmasdi oyligimiz ham.
* * *
Qalamning yodiga kelgan kun naqqosh,
Yodimda jonlandi ul yor, qalamqosh.
Ishqdan so‘z ochmayman degandim, biroq,
Dilimni jimligim aylab qo‘ydi fosh.
***
Tun o‘ldi…
Tong tug‘ildi…
Kimning qismati bu?
Yopiq eshik ochildi…
Kimning davlati bu?
Misoli yangi quyosh – har yangi va yorug‘ kun,
Safarga ruxsat keldi…
Kimning navbati bu?
***
Gul bazmiga yangi piyola bo‘ldi,
Hangomayu yangi «la-lola» bo‘ldi.
Bir qissa o‘qimay «Ming bir kecha»dan,
Yangi bir ming yillik – havola bo‘ldi.
***
Ey, qalbi ko‘r g‘anim, dunyoning duni,
Qaytar dunyo derlar, bilmassan buni.
Otganingda menga tegmagan tosh bu,
Ko‘tar, mozoringga olib ket uni.
SARI XIRMAN SOYI
Sari Xirman soyi ustimdan kular,
Ustimdan kuladi takror va takror:
«Buncha gerdayding sen – kechagi bola,
Nechuk savlating bor, salobating bor?
Serg‘alva boshingda – eskirgan qalpoq,
Na orzu na dilda halovating bor.
Bekor, botil hoyu havasdan o‘zga,
Nechuk davlating bor, daromading bor?
Axir, sen emasmi, kuy, so‘zlarimni
Tinglab, so‘zga mohir bo‘lgan so‘zamol?
Axir, sen emasmi, g‘azallarimni
Yod aylab, so‘ng shoir bo‘lgan bezavol?
She’r aytib,
Bag‘rimdan bo‘lding ravona,
Zarafshon yoqalab goh Buxoroga,
Goh Tehron, Samarqand, Dushanbe, Kobul…
Ketding qay ma’vodan qaysi ma’voga?!
Quloqni qomatga keltirib tinmay,
Zamon shoirlarin zo‘riman, deding!
Deding, men Ro‘dakiy avlodidanman,
Va Xayyomning merosxo‘riman, deding!
Biroq, ey, ovora go‘dagim mening,
Koshki, o‘z dardingga davo qilsayding,
Biroq, ey bechora shoirim mening,
Koshki, anglasayding, koshki, bilsayding:
Ne-ne shoirlaru shoirzodalar,
Yo‘llarda tentirab, toqati to‘lib,
Ro‘dakiyday safar ayladi, biroq,
Safardan qaytmadi Ro‘dakiy bo‘lib.
Ne-ne shoirlaru shoirpeshalar,
Ro‘dakiyday ash’or to‘qir azaldan.
Biroq, arzimadi tom-tom g‘azali,
Ro‘dakiy yaratgan bitta g‘azalga…»
Sari Xirman soyin qahqahalari,
Mening yuragimga kiradi oqib.
Sari Xirman soyi ustimdan kular…
Yig‘lardim…
Yig‘lardim men unga boqib…
NODONLIK ISYoNI
(She’r-doston)
Chumoliyu qushlar tilin bilmasman…
G‘irt nodonman, ey voh, o‘ta nodonman,
Shunday nodonmanki, bilmasman, hatto:
Yuragim soati qo‘l soatimi,
Devorga osilgan soatmikin yo?!
Jonim hushyorlikdan qaltiraydimi
Va yoki mastlikdan?
Bilmay hayronman.
O‘z holimni o‘zim anglay olmadim,
G‘irt nodonman, ey voh, o‘ta nodonman.
Ahvolim yomondir anchadan buyon:
So‘zim qulog‘imga qilmayapti kor,
Yoqtirmas oyog‘im sharpalarini,
Nursiz nigohimdan ko‘zim ham bezor.
Qo‘llarim ojizdir, osmonda emas, —
Qo‘l bo‘lishdan qo‘lni yuvgan tandadir.
Ancha bo‘ldi, yodim aksi – nobakor,
Fikru xayolim ham parokandadir.
Ba’zan, uyg‘otaman mudroq yurakni,
Ba’zan, o‘zligimni aylagayman yod.
Ba’zan, jimligimning ohangi bilan,
Dilimdan to‘kilar sokin bir faryod:
Azizlar,
Qaysi yil va qaysi oy bu,
Soat qay fursatni ko‘rsatar bukun?
Bu qanday yo‘ldirki,
Ruhimiz – ravon,
Oyoq qo‘llarimiz bog‘langan nechun?
Kutdim, hech qayerdan sado kelmadi,
Hech kim so‘z qotmagan yuragi qonman.
Bo‘g‘zimga jon keldi, navo kelmadi,
G‘irt nodonman, ey voh, o‘ta nodonman.
«Xayrli tong!» dedim bitta gadoga,
Aylab yurganimda bozor ichra sayr.
«Boshqa xayring yo‘qmi?!»
Tirjaydi gado,
Uyaldim,
«Xayr» dedim men noiloj…
Xayr…
G‘irt nodonman, ey voh, o‘ta nodonman,
Ruhim – och bo‘riday, o‘z nafsiga qul,
Och hamda yarador bo‘ri yanglig‘ u
O‘zining tanini yalaydi nuqul:
To yo‘l tuprog‘iga qonli yaradan
Qon tomib, qonli iz qoldirmasin yer.
Toki, qonxo‘r jufti
Luqmasidagi
Qon hididan ko‘ngli aynimasin der.
G‘irt nodonman, ey voh, o‘ta nodonman,
Chumoliyu qushlar tilin bilmasman.
Bilganda, so‘rardim,
Kaptarlardan men
So‘ragan bo‘lardim tinim bilmasdan:
Nechun tinchlik qushi deyishar uni?!
So‘rardim parvozning zavqi nima deb?!
So‘rardim, masjidda yoki cherkovda
Don cho‘qishning asli farqi nima deb!
So‘ragan bo‘lardim chumolidan ham:
Jangu jadal ichra o‘ldirib, o‘lib, —
Ko‘zingizga qanday ko‘rinar Odam,
Odam bo‘libmi yo
vahshiy dev bo‘lib?!
G‘irt nodonman, ey voh, o‘ta nodonman!
Ko‘rdim:
Bug‘doy ekar ochlik qasdida,
Yigirmanchi asr Odam, Havosi,
Yigirma birinchi asr dashtida.
Yo‘q, yo‘q,
Tush emas bu,
Kun –kecha ko‘rdim:
Kaftida – bir to‘g‘ram zog‘ora noni, —
Bir devona shovqin solib kulardi,
Boshiga ko‘tarib butun dunyoni:
«Tush ko‘rdim, yigirma birinchi asr
Sigirlari nogoh ko‘tarmish isyon.
Zero, jonivorlar orasida pok
Go‘daklar obro‘sin to‘kmish olomon!
Sarkash nafsi uchun,
Birodarining
Qonin ichishdan ham qaytmaydi Odam.
Sarkash nafsi uchun,
G‘aflatda qolib,
Qaytmaydi onasin o‘ldirishdan ham.
Bir damlik dilxushlik ilinjida u
O‘zdan ketar, sarmast ko‘zini suzib,
Yuz yilda urinib tiklaganini,
Bir lahza,
Birpasda tashlaydi buzib.
Ular qilmishidan, jaholatidan,
Hayvonlar lol qolgay,
Hayvonlar – hayron.
Lol qolgay ularning xiyonatidan,
Xiyonat bobida beqiyos Shayton…»
Bu tush ta’birini bilmasman, ammo,
Ko‘rdim:
Bug‘doy ekar ochlik qasdida,
Yigirmanchi asr Odam, Havosi,
Yigirma birinchi asr dashtida…
G‘irt nodonman, ey voh, o‘ta nodonman.
Ko‘zimning durbini
Yorug‘liklarni,
Balki, yorug‘likdan yorug‘roq ko‘rar.
Ko‘zimning durbini
Qorong‘ulikni
Qorong‘ulikdan ham yovuzroq ko‘rar,
Olislarni ko‘rar olisdan olis,
Yovuqlikni esa yovuqroq ko‘rar!..
Oy nuriga sajda aylardi shomda,
Bir zanji pichirlab o‘qirdi duo:
Yaxshiyam, tanimni, rangimni qora,
Qalbimni sen yorug‘ aylading, Xudo.
Noshukur emasman,
Qoramas ichim,
Biroq, bitolmasman soxta qasida,
Sochlari oqargan Aql turardi,
Taqdir bergan ikki yo‘l orasida,
Ashyolardan, ashyo ma’nolaridan
Izlardi O‘zlikning yo‘laklarini,
Har tomon,
Har rangdan,
hamma narsadan
Yig‘ardi sochilgan bo‘laklarini.
Juda buzuq edi avzoyi…
Derdi:
Tomingiz ostida qaldirg‘ochlar bor,
Ulardan so‘ramang ijara puli,
Ulardan joy haqqin so‘ramang zinhor.
Baliqlarni suvning,
Qushlarni daraxt,
Solig‘idan butkul aylangiz ozod.
Daraxtlar ham yerga to‘lamay soliq,
O‘sha yer bag‘rini aylasin obod.
«Sen qaysi dindansan?» — deya kunu tun
Biz savol beramiz nechun buloqqa?
«Qaysi mazhabdansan?» — deb nima uchun
Ariqlar suvini tutdik so‘roqqa?
O‘rikdan so‘raymiz «Imoming kim?» deb,
Unutib o‘zlikni, ishqni, imonni,
Kimning ortida u namoz o‘qiydi,
Zardushtmi?
Nasroniy?
Yo musulmonmi?!
Titkilamang g‘araz puchmoqlarini,
Buzuq xayollarni aylamang bedor.
Fikringizda paydo to‘siq, g‘ov yanglig‘,
Eru osmon aro tiklamang devor.
O‘z holiga qo‘ying,
Yursin chumoli,
Qo‘rqmay, bir tomondan boshqa tomonga.
Kaptarlar ham parvoz aylasin beg‘am,
Uchsin bir osmondan boshqa osmonga…
Tutqun etmay so‘zni til zindonida,
Jonni asramaylik sichqon inida,
Ishimiz bo‘lmasin,
Agar qurbaqa
Gapirsa
turk,
ingliz,
yo fors tilida!
Axir, qachongacha ertak so‘ylaymiz,
Ironu Nirondan,
Kinodagiday,
Butunlay yer bilan yakson aylaymiz
Mehrni Amriqo binolariday!
Sadoqat
Kavkazning toshdan qurilgan
Kulbasiday qulab bo‘ldi kulto‘da.
Ishqni xonavayron ayladik butkul,
Afg‘on tuprog‘iday
Afg‘on yurtiday!
O‘z holiga qo‘ying bir zum o‘limni,
O‘lim o‘z vaqtida yetsin, odamlar!
O‘z holiga qo‘ying bir zum Umrni,
Umr o‘z vaqtida ketsin, odamlar!
… Sochlari oqargan Aql,
Taqdirning
Ikki yo‘li aro lol, hayron edi,
Go‘dakka o‘xshardi bir qaraganda…
G‘irt nodon edi u,
G‘irt nodon edi…»
G‘irt nodonman, ey voh, o‘ta nodonman,
O‘ylardim, insonning bir bo‘lagi – dil.
Shahar va qishloqning har go‘shasida
Bor unda dardiga shifo bir manzil.
Ammo, qaydan bilay,
Har go‘shasida
Bir g‘arib uchun – bir ziyoratgoh bor.
Bir habib uchun – bir ibodatgohi,
Bir tabib uchun – bir muhabbatgoh bor
Bilmadim,
Ko‘ngilni to‘ldirganida
Va ko‘ngil tindirgan chog‘da Odamni.
Bilmadim,
Ko‘ngilni bog‘laganida
Va ko‘ngil sindirgan chog‘da Odamni…
O‘shandan keyin she’r xayolgohida,
Ishq so‘zi yurakda qolib ketdi jim.
Sindirdim, bog‘ladim qofiyalarni,
Vaznlarni bo‘ldim,
Qaytib bog‘ladim.
Bir lahza ishq bilan yurakni nogoh,
Bir qofiya, bitta vaznga soldim.
Birikib ketganda ishq bilan yurak,
O‘zim ham butunlay bevazn qoldim.
Engil tortdim,
Suzib yurardim go‘yo,
Dengiz suvidagi baliqday qalqib.
Nur osmoni uzra parrandaman yo
Olis koinotda Odamman, balki…
Zamon devorining ortida hanuz,
Bolalar charchamas davronbozlikdan.
Qo‘li bo‘shamaydi,
Har vaqtu bevaqt,
Qo‘rchoqbozlikdan va kamonbozlikdan.
Men bilmayman,
Nima asraydi ular,
Puch yong‘oqqa to‘lgan qo‘yinlarida?
Men bilmayman,
Zero, yo‘qdir xabarim,
Bolalikning bunday o‘yinlaridan…
Men bilmayman,
Mening bu nodonligim
Ofatmi,
toatmi?
Odatmikin yo?
Yuragim soati
Qo‘l soatimi?
Devorga osilgan soatmikin yo?
Jonim hushyorlikdan qaltiraydimi
Va yoki mastlikdan?
Bilmay hayronman.
O‘z holimni o‘zim anglay olmadim…
G‘irt nodonman, ey voh, o‘ta nodonman!!!
Odil Ikrom tarjimasi