Lohutiy (1887-1957)

Lohutiy Abulqosim Ahmadzoda (1887.4.12, Kirmonshoh, G‘arbiy Eron — 1957.16.3, Moskva) — fors-tojik shoiri, yangi tojik she’riyatining asoschilaridan biri.
1905—11 yillardagi Eron inqilobining ishtirokchisi. «Bisotun» gazetasi (1916, Kirmonshoh shahri), «Fors» jurnali (1921, Istanbul shahri)ni nashr ettirgan. 1922 yil 2-Tabriz qo‘zg‘oloniga («Lohutiyxon qo‘zg‘oloni») rahbarlik qilgan. Bu qo‘zg‘olon bostirilgach, Erondan chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Avval Moskvada, so‘ng Dushanba shahrida yashay boshlaydi.
«Uch qatra» (1932), «Farangiston safari» (1934) dostonlari, «Shevchenko vasiyatnomasiga javob» (1934), «Oqin Jambulga» (1937) va boshqa she’rlari xalqlar do‘stligi mavzusida. 2-jahon urushi yillari yozilgan she’r va dostonlari fashizm ustidan g‘alabaga ishonch ruhi bilan sug‘orilgan.
«Temirchi Kova» (1939) librettosi tojik adabiyotida bu janrda yozilgan ilk asardir. Urushdan keyingi yillarda yaratilgan asarlarida tinchlik tarannum etilgan («Tinchliksevarlar qo‘shig‘i», «Miting» va b.). «Eron na’rasi» (1950), «Koreya xalqiga» (1952) she’rlarida esa Sharq xalqlari ozodlik va mustaqillik uchun kurashga da’vat etiladi.
A. S. Pushkin, A. S. Griboyedov, V. V. Mayakovskiy, U. Shekspir, Karpo Vega va boshqa yozuvchilarning asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan.
Lohutiy bir necha yil Toshkentda yashadi. O‘zbekistonga bag‘ishlangan bir turkum she’rlar yaratdi («O‘rta Osiyo», 1934; «O‘zbekiston», 1939; «O‘zbek onasining topshirig‘i», «Do‘st keldi», 1941 va b.). Asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan (Devon, 1958; «Tanlangan asarlar», 1968).

G‘AZAL

Mening vafoli yorim jononalikda mashhur,
Qalbim o‘shal sanamga koshonalikda mashhur.

Zulfin domiga mahkam ilindi murg‘i ko‘ngil,
Lab uzra xoli yorning yakdonalikda mashhur.

Yor ishqida yurakka bir o‘t tutashdi, qizg‘in,
Husni shamlikda, qalbim parvonalikda mashhur.

Dilbar kaftida turgan may kosamu labolab,
Ishq bazmi ichra ko‘nglim paymonalikda mashhur.

Yorga behad sadoqat jonimga jo bo‘libdir,
Oshiq eliga ishqim darsxonalikda mashhur.

Sarmast vujudu aqlim har lahza vaslin istab,
Ayb etmangiz, gar bo‘lsam devonalikda mashhur.

Qayga urmang qadamni, doston eturlar ishqim,
Bo‘ldi Lohutiy ismi afsonalikda mashhur

* * *

Sening darding — mening qalbimga orom,
Sening noming — mening qalbimga ilhom,
Sening yoding bilan baxtim saranjom,
Dilim — mehringga limmo-lim erur jom,
Visolingdan hosildir maqsudu kom.

Sening ishqingni pinhon aylamasman,
Ya’ni ahdimni vayron aylamasman,
Bo‘lak-la ishqu paymon aylamasman,
Bu jonni sensizin jon aylamasman,
Shu dard-la o‘lsam, afg‘on aylamasman.

Bilib qo‘y, lolu bemoring erurman,
Dili otashda abgoring erurman,
Jununi qaddu raftoring erurman,
Menga sen yor, sening yoring erurman,
Tirikman, zori diydoring erurman.

Xonamga bir nafas kirsang ne bo‘lg‘ay?
Yonimda lahza o‘ltirsang ne bo‘lg‘ay?
So‘rab holimni ulgursang ne bo‘lg‘ay?
Ko‘zim usti, yo o‘ldirsang ne bo‘lg‘ay?
Xonamga bir nafas kirsang ne bo‘lg‘ay?

Tilak Jo‘ra tarjimasi