Halim Sayyoh

TO‘RTLIKLAR

Yoshlik o‘tib borar birma-bir, kam-kam,
Meni chulg‘ab borar hasrat hamda g‘am.
Ko‘ngil dardidanu dunyo g‘amidan
Ikki ko‘zim erur doimo purnam.

***

Men mansab ortidan yurmadim hargiz,
Mansabparastlarga loqaydman hamon.
Sovuq, qattiq hamda baland bo‘lsa ham
Tarma ham qurtlashdan topmagay omon.

***

Daryo sohilida, chinor ostida
Yoru nigorimsiz tanhoman , yolg‘iz.
Yolg‘izlikda hayot mazmuni yo‘qdir,
Qani may bo‘lsayu hamda jonon qiz.

***

Tomchi suv suyakka aylanarmidi
Hukmingsiz bo‘lsaydi jumlayu jahon.
Ibodat qilaman jamoat bilan
Qoshingda topshiray deya imtihon.

***

Varzob she’rim singari atoyi xudo erur,
Uning har qatra suvi dardimga davo erur.
Chiqqin tog‘lar bag‘riga, boqqin chiroy, sehriga
Har mozorining toshi moili duo erur.

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi