Renat Xaris (1941)

Renat Maxsum o‘g‘li Xarisov (Renat Mәg’sүm ulы Xarisov) Chinli tumanidagi Qasha qishlog‘ida tug‘ilgan. Qozon pedogogika institutini bitirgach, o‘qituvchilik qilgan. “Qozon o‘tlari” jurnalining bosh muhirriri bo‘lgan. Turli rahbarlik lavozimlarida (madaniyat vaziri, Tatariston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari) ishlagan. Tatar va rus tilarida yigirmadan ortiq kitobi chiqqan.

SUHBAT VA QAYG‘U

Besh kishi besh daqiqa
Gaplashsa kun haqida,
Aqli besh ongga ortar,
Umri besh tongga ortar.

Kishi yolg‘iz o‘tirsa,
Besh daqiqa qayg‘ursa,
Iztirobi uzayar,
Umri besh kun ozayar.

NE BO‘LAR?

O‘t yondirmay, isitmay qolsa,
Suv so‘ndirmay, sovutmay qolsa,
Erda ne bo‘lar?

Qiz unutsa seva bilishin,
Yigit qo‘ysa qo‘ldan qilichin,
Elda ne bo‘lar?

ORALIQ

Bolalik va yoshlik orasin
Sezmay, yelday o‘tib borasan:
Yonib-kuyib,
Toptab-o‘yib,
Ochib-yopib,
Yo‘qotib-topib,
Yig‘lab-kulib,
Ulab-uzib,
Mamnun, bezib,
Sezmagancha yelib borasan…
Yoshlik bilan keksalik aro
Salmoqlanib boryapsan, ammo
Yonasan-da kuyasan,
Toptaysan-da o‘yasan,
Ochasan-da yopasan,
Yo‘qotasan, topasan,
Yig‘laysan-da kulasan,
Uziladi ulasang,
Sezmasdan ham qolasan…
Qarilik va o‘lim orasin
Bilmadilar,
Bilmay borasan.

BOLA TUG‘ILGANDA

Jilg‘alar:
“Tepaga oqamiz!” dedi.
Tepalar:
“Biz vodiy bo‘lamiz!” dedi.
Vodiylar:
“Ignalar ustida turamiz!” dedi.
Ignalar:
“Biz quduq qaziymiz!” dedi.
Quduqlar:
“Er uzra chiqamiz!” dedi.
Er:
“Shodlik ortarmi yo qayg‘u?..” dedi.

Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimaci