Lennart Xelsing (1919-2015)

Pol Lennart Xelsing (Paul Lennart Hellsing, 5 iyun, 1919 – 25 noyabr, 2015) – shved yozuvchisi va tarjimon.

ShAQIR-ShUQUR

(Igna haqida qo‘shiq)

Juda abjir o‘yinchi,
Sehrgar Shaqir-shuqur.
Uyga charm g‘ilofda
Ish izlab kelgan, axir.

O‘tirolmaydi ishsiz,
Likillatib dumini.
Har narsaga tinmasdan
Tiqaverar burnini.

Bir ko‘zli sehrgarga
Bo‘lmoq kerak ko‘z-quloq.
Qo‘lga nogoh sanchilsa,
Og‘rib qoladi barmoq.

Sehrgar Shaqir-shuqur,
Sendan bitta iltimos:
Bizga turli matodan
Tikib ber ko‘rkam libos!

YoZ SALTANATI

Sarin yellar yeladi,
Eru falakda.
Turfa ranglar aks etar
Naykamalakda.

Chechaklarga burkangan
Zamin zangor, ol.
Keldi Yoz saltanati,
Men unda qirol!

Majnuntol xonishidan
Binafsha masrur,
Bunday damlar yodingda
Qolar bir umr!

Suvda qalqar nilufar,
Suzolmay halak.
Nigohlarim parvozda
Misli kapalak!

QIRQOYoQ

Yorishmaydi hech ko‘ngli,
Yoqishsa ham qirq chiroq.
Hammada ikki oyoq –
Unda esa qirq oyoq!

Qirqoyoq bo‘lib yurmoq,
Kulgili emas, biroq,
Kun bo‘yi yuvar oyoq,
Bir hafta olar tirnoq!

Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimaci