Robert Luis Stivenson (1850-1894)

Robert Luis Stivenson (Robert Louis Stevenson, 13 noyabr 1850, Edinburg — 3 dekabr 1894, Upolu, Samoa) — shotlandiyalik yozuvchi va shoir, bir qancha roman va qissalar muallifi.Dastlab Edinburg akademiyasida, so‘ng Edinburg universitetining yuridik fakultetida ta’lim olgan.Uning birinchi kitobi «Pentlande qo‘zg‘oloni» nomi bilan 1866 yili chop etilgan. Uni dunyoga mashhur qilgan asar esa «Xazinalar oroli» («Treasure Island» 1883) sarguzasht romanidir. Shundan so‘ng yozuvchining «Qirol Otto» («Prince Otto» 1885), «O‘g‘irlangan» («Kidnapped» 1886), «Qora nayza» («The Black Arrow» 1888), «Ballantre sohibi» (The Master of Ballantrae, 1889), «Katriona» («Catriona» 1893), «Merosxo‘r», «Sent-Iv» («St. Ives», Stivenso o‘limidan so‘ng A. Kviller Kuch tomonidan tugatilgan, 1897) romanlari dunyo yuzini ko‘rdi. Stivensonning so‘nggi romani «Uir Germiston» («Weir of Hermiston» 1896) tugallanmay qolgan.

“BU UY MENGA BEGONA…”

Bu uy menga begona, qayga olib ketay bosh?
Ochlik azoblaydi, lek ketmoqligim shart.
Ayoz shamol yelar tepaliklar uzra,
Quyar sharros yomg‘ir, kulbam omonat.
Bir zamonlar shunday oqillar yashab,
Dildan so‘zlashlari qalbga bo‘lgan cho‘g‘.
Gulxan yonidagi yorishgan har yuz
Bugun o‘tmish bo‘ldi, endi qaytish yo‘q.

O‘shanda uy edi uyim, azizim,
Mehribonlarim-la but edi hayot.
Gulxan nuri o‘ynab derazalarda,
Yoqimli bir qo‘shiq yangrardi bot-bot.
Endi tonglar otar mahzundan-mahzun,
Uyim yolg‘iz qoldi, mo‘ri ham sovuq.
Qanday yomon – do‘stsiz tanho qolmoqlik,
Endi yaqinim ham, g‘amguzor ham yo‘q.

Ko‘klam kelar yana, sayragay qushlar,
Ko‘klam olib kelgay quyoshni, gulni.
Tepaliklar uzra gullar archagul,
Mayin yomg‘ir yog‘ar siypalab uyni.
Kunlar shunday bo‘lgan bolaligimda,
Endi eshik ochiq, kulbam omonat.
Mo‘ri ustida ham kuylar qushchalar,
Biroq men qaytmasman, ketgum toabad.

O‘TINCh

Keng, yulduzli osmon ostidan
Qabr kavlab, yotqizing meni.
Baxtli yashab, baxtli o‘lgum men,
Shunday yakunlayman umrimni.
Vaholanki bu qabr emas,
Ruhim Arshi A’loda kezgay.
Mening uyim huv dengiz edi,
O‘zim esa o‘tdim ovchiday.

ORZU O‘LIMI

Gar beqaror, tinimsizman men
Tole’ izlab bo‘ldim sarosar.
Magar baxtim boy berib qo‘ysam
Hayot nuri chehramda so‘nar.
Baxt kularkan baxtiyor ko‘zda,
U umrimdan ketdi baribir.
Yoz yomg‘iri kitobim yuvib,
Qilar ma’yus ko‘nglimni dilgir.
Yo, Xudoyim, rohat ato et,
Pichoqlama ruhimni bir zum.
Garchi bebaxt o‘lib ketsam ham
Rabbim, sening noming yod etgum.
Qismatimni sho‘r qildi, e-voh,
Achchiq azob, sharmisor gunoh!

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

ARG‘IMChOQ

Bir balandga, bir pastga,
Parvoz qilar qo‘nimsiz.
Mazza qilib shodlanar
Bolajonlar tinimsiz.

Uchayapman havolab,
Kumush anhor jimirlar.
Qoldi pastda bog‘devor,
Uylar, qo‘ylar, sigirlar.

Pastda so‘qmoq-daralar,
Bog‘lar yam-yashil chaman.
Arg‘imchoqda aylanib,
Tag‘in yerga qaytaman.

YoMG‘IR

Yomg‘ir yog‘ar, shivalar,
Shalabbo qir-tepalar.
Shamsiyamni savalar,
Ivib ketdi kemalar.

Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimaci