Miroslav Maksimovich (1946)

Miroslav Maksimovich (Miroslav Maksimoviћ) – taniqli serb shoiri. “She’rlar” (1978), “Mudrayotgan xizmatchi” (1971), “Sarrof” (1972), “Oddiy xizmatchining xotiralari” (1983), “Samo” (1996), “Tanlangan she’rlar” (2000), “Belgradda yozilgan she’rlar” (2002), “Hayot quvonchlari va tashvishlari haqida 77 sonet” (2008), “Ozodlik haqida yomg‘ir shiviri” (2009) singari she’riy to‘plamlari chop etilgan.

YoLDOR YoPINChIQ

Yopinchig‘im
yopdim boshimga,
Zulmat ichra ketyapman asta.
Tulporim goh pishqirar,
Goh yollarin isi
kezar dimoqda.
Aytar bo‘lsam
bunday antiqa yopinchiq bilan
Boshlash mumkin yangi asrni.
Oh, bu otlar,
sara tulporlar,
Kengliklarda uchadi qushdek.
Yuragingdan ketadi gardlar.
Olov yollar yelpib o‘tadi
Ortda qolayotgan qishloqlarni-da.
Meshlar ichra qalqiydi sharob.
Suvoriylar ketmoqda tezob…
Shu tob yopinchiqqa o‘randim-da, boz,
Mizg‘idimu
nom qo‘ydim o‘zimga o‘zim:
“O‘spirin chavandoz!”
Vaqtlar o‘tib
borgach har inson
O‘zi istagan qo‘nalg‘ani topadi, inon.
Mana shu yopinchiq,
bilsangiz,
Mening asl qo‘nalg‘am erur.
Garchi bu jul ostida
nafas olmoq oson emasdir,
G‘oyat qiyin qo‘lingni qimirlatmoq ham.
Oh, shunchaki yashamoqqa qo‘ymas, axir,
Vaqtning beshafqat sharorasi.
Bir zum
afsonaday o‘tar bir asr.
Ko‘pdan shu yopinchiq ichra bedorman.
Va yaqinda
pinakka ketmog‘im boryapman sezib.
Nachora, bor odatlarga ko‘nikkanmiz biz.
Qarabsizki, hech vaqt o‘tmay
mo‘ysafidga do‘naman, shaksiz.
Va… xira tortib borar umrim mayog‘i.
Biroq yopinchig‘im hamroh,
masrurman hargiz.
O, mening qadrdon
va yoldor yopinchig‘im-a,
Xo‘rsinaman tolalaring yuzimga bosib.
Axir, necha tunlarni
o‘tkazdik sen bilan birga.
Bedovim-da guvoh bo‘ldi bariga.
Juda uzoq sukut saqladim nega,
Bilmam, nima uchun imkon bo‘lmadi
Qah-qah urib bor
ovozim-la masrur bo‘lmog‘imga…
Bu yopinchiq bilan tulporim
Kesib chiqdi Karpat dovonlarini.
Va mardona bordi Charnoyevich izidan.
Drina orqali ko‘tarib o‘tdi
Savat ichra uxlagan go‘daklarni ham.
Yopinchig‘im ostida
cheksiz osmonning-da
titradi yulduzli shokilalari.
Va nihoyat… yorishdi osmon.
Mikroskop oynasidan qarang
har bir xonadon o‘chog‘iga siz.
Mitti mikrobchalar sho‘xlik qiladi sakrab,
Oynasi qaynatayotgan atalaga mo‘ralab.
Shunaqa…
Bu yopinchiq ostida
nimalar kechmaydi otxona ichra.
Biroz urinsam-da
oyoqlarimni qimirlatishga
Shu ondayoq hovlida keza boshlaydi
…sirli qadamlar…

Rus tilidan Muxtasar Tojimamatova tarjimasi