Lyubomir Simovich (1935)

Lyubomir Simovich (Љubomir Simoviћ) – shoir, nosir, dramaturg, tarjimon. Serb fan va san’at akademiyasi a’zosi. “Slavyan elegiyalari” (1958), “Xo‘roz uch qichqirguncha” (1972), “Shanba”, “Ummoniy idrok” (1982), “Non va tuz” (1985), “Igna va ip” (1992), “Zulmat sabog‘i” (1995), “Tuxum po‘chog‘i” (1998), “Nuqta” (2000) va boshqa she’riy to‘plamlar muallifi. 2008 yili o‘n ikki jildli “Tanlangan asarlar”i nashr qilingan. Rus, ingliz, polyak, rumin, italyan she’riyatlaridan tarjimalar qilgan.

AVTOPORTRET

Ostonamda guvlab o‘sar,
o‘sar tomlar, tarnovlarda,
o‘sar oqqush, qichitqi o‘t,
uyim qolgan zich qurshovda!
Men uxlarman toshdek qotib!

Chumolilar olgan asir –
kaftlarimda erk yo‘q ortiq!
Men uxlarman toshdek qotib!

Qishloq oralagan beor
suvoriy ul –
askari bor, lak-lak, qator,
G‘oz-o‘rdakni xo‘b tutarlar,
Mol-holni ham obketarlar!
Men uxlarman toshdek qotib!

Darvozamni sindirishar,
Bog‘lashadi oyoq-qo‘lim,
Dog‘lashadi g‘arib dilim.

Etadilar naq xaroba,
Qaznog‘imda izlab boda!
Men uxlarman toshdek qotib!

Ko‘rinmas bir yovqur botir,
Qilar xitob, ey, do‘sti xob!
Shonu sharaf, ozodlik-chun,
Qonunlar-da ishlamoq-chun
Qo‘lga qurol tuting shitob!
Men uxlarman toshdek qotib!

Jarga otarman yarog‘im
Zafar quchsin qor –
chirog‘im!
Boshim
stolga egilgan!

O‘z dunyomda toshday qotib,
Tamom g‘aflatga-da botib…
Oh, muddaom uxlash shu kez…
Chiroqlarni o‘chiring tez!

KO‘KDAN TUShGAN MEHMON

Sovqotgan yelkamga tashlab junro‘mol,
akashak qo‘llarim ishqab o‘tirsam,
shippagim ilgancha, qandaydir bir zot
pechkamiz yonida isinar edi.

Ayollar tarasha tashlab o‘rlatar,
o‘choqda choy, tovuq ichak-chavog‘i,
oq tolning cho‘g‘i-ku misoli malham
qarigan tanani etar yarog‘li,

unga yerto‘ladan may keltirishar,
tokchadan qurt urgan pishloq ilinib,
zanglagan pichoq-la darrov tilimlab,
u esa namchil non, nokni xohlamay,
tarvuz tuxumini chaqadi shodon.

U chaqib hozircha, yeb-ichar ekan,
Orada g‘udranib qilganda duo,
Men oyna ortida –
anglaganimcha
zulmatda chaqchayib, yalangoyoq, och:
bir talay o‘tinga qor belgi qo‘yar.

STOYKOVIChLAR HAQIDA BALLADA

Jallodning dag‘dag‘asi hazilmas, jo‘ra,
qancha razilliklar bijg‘igan yuho?
Kuchiga achinmay kunlab kaltaklar,
tanamiz titilib, yo‘l bo‘lguncha to,
etlar uchib, oqaradi suyaklar.
Yurakdan kaltaklaydi yaramas odam,
zavqlanib, oyog‘ida tursa-da zo‘rg‘a,
shunda ham, voajab, hammamiz o‘ktam,
tirik ochiq go‘rda.
Oyoq-qo‘llarimiz yetgancha bog‘lab,
bizni tiklab qo‘yishadi devor yoniga.
Nishonmiz o‘qlarga! O‘qlar havolar!
Miyalar qaqshagan, qo‘rg‘oshin quyilgan qoniga.
Nihoyat, kech tushdi.O‘qchilar dam olar palla.
Yo‘lga tushishadi biz bilan, bizning borar joyimiz yurak.
Xuddi ishdan horib qaytgandaydirmiz
otuvdan chetan devorli uylarimizga.
Ayollarimiz gardanimiz ilitar,
ko‘ylaklarimizni almashtirib yashil o‘tlarga.
Yutoqib kechlik qilamiz, ro‘zg‘or tashvishlariga botamiz keyin:
tomni suvamoq, devorni qaytadan ko‘tarmoq kerak,
jomda yomg‘ir suvin yig‘masa bo‘lmas,
cho‘zilmoq oldidan deyman xotinga:
erta meni uyg‘otgin erta –
beshdan kechikmay bo‘lay qatlgohda, osarlar.

Na chiroq, na shu’la – qatlgohda porlaymiz.
Arqonlari pishiq, dori – navqiron.
Xudo haqqi, nolisak, bo‘lar-ku gunoh.
Osishadi almashtirmasdan, hunarlarin ishga solishib chunon.
Kechki taomgacha osiq turamiz – jonimiz tark etmas tanamiz!
Jallodlarning o‘zlaricha jinlari qo‘zir –
barimizni mixlab qaytadan, haqoratlab mushfiq onamiz.

Ertasi kun. Aravada o‘tin keltirib,
to‘kib tashlashadi dorning ostiga, qip-yalang‘och ilgakka ildirishadi
va yoqishar tutantiriqni.
Bir hafta okrugda gulxanlar o‘rlaydi,
uylar qirindiga to‘lib qolar naq tomigacha.

Yonib bitar bari. Tirik, soppa-sog‘, tutunlardan chiqamiz
ko‘rib hushdan ketgan bo‘g‘oz ayollar qancha,
Shoh ko‘rib ishonmas o‘zining ko‘ziga:
Nahot shu rost bo‘lsa, he, onalaringni!..
Buni qanday tushunmoq kerak?
Bizni g‘ildirak ostiga bostirishar, to‘rt buklab,
parcha-parchalab – dahshat!
Tepib-ezib, otib tushirishar, kesishar.
Biron-bir sababi bordir. Nimaga – noma’lum.

Hakamlar tishlarin g‘ijirlatishar,
jig‘ibiyron izlashar jazo:
jallodlar qatl qilinar,
o‘qchilar kech otiladi bexato,
bizni o‘ldirmoq bo‘lganlarning itqitilar o‘zlari.
Biz bo‘lsa tirik va soppa-sog‘!
Voqea-ku, mayli, oliyjanob kishilar shipshiydi:
“Hech bir natijasiz shuncha urinish!”

Bari borar telba-teskari.
Uyqu oldidan xayolga keltirmoq dahshat: shubhasiz,
biz ham mangu o‘lmaydigan emasmiz,
qani, bo‘lmasa bir
ochunni
qahqahadan zirillataylik?

Rus tilidan Vafo Fayzulloh tarjimasi