Desanka Maksimovich (Desanka Maksimoviћ) – XX asrdagi eng mashhur va yorqin iste’dodli serb shoirasi. Serbiya fan va san’at akademiyasi a’zosi.
Shoiraning “Zamin tarovati” (1955), “Afv tilayman” (1964), “Perun avlodlarining yodnomasi” (1976), “Yangi she’rlar” (1936), “Er isi” (1955), “Tush asiri” (1960) “Ohista gapir” (1961), “Mening boshqa vaqtim yo‘q” (1973), “Norgeviya she’rlari” (1976), “Saylanma” (1980), “Sevgi haqida so‘z” (1983), “Hammasini eslayman” (1988) kabi kitoblari jahon she’riyati xazinasidan munosib o‘rin egallagan.
Yoshligidan otasi kabi o‘qituvchi va shoir bo‘lishni orzu qilgan Desanko Maksimovich she’riyati keng qamrovli, zabardast. Anna Axmatova bu dilbar shoiraning she’rlarini sevib, tarjima qildi.
NEChA YuLDUZ BORKI JAHONDA…
Necha yulduz borki jahonda –
Bari mening ko‘zim bo‘lsayam
Unga boqib to‘ymas edim men.
Necha butoq border o‘rmonda –
Bari mening qo‘lim bo‘lsayam
Uni quchib to‘ymas edim men.
Necha jilg‘a border jahonda –
Ular bari bo‘g‘zim bo‘lsa-da,
Qo‘shiq aytib to‘ymas edim men.
Necha qush bor bo‘lsa jahonda –
Ular bari qizga aylansa,
To‘ydim demas u also,also.
Necha qoya border jahonda –
Ko‘ksim uzra qo‘ysangiz barin,
Bo‘lmas edi dardimdan og‘ir.
Xurshid Davron tarjimasi
RO‘Yo
Bari sodir bo‘ldi mo‘jiza kabi,
Xuddi xayol kabi,bir ro‘yo kabi,
Go‘yoki haqiqat va go‘yo yolg‘on.
Jimgina tingladik bir-birimizni,
Jimgina tikildik bir-birimizga.
Ko‘z uzmadik,go‘yo hayajon bilan
Ruhlarni chorladil ko‘zlarimiz-la.
Shu payt g‘iyqilladi eshik qaydadir,
Tushirib yubordi kimdir kalitni,
Qaydadir sham alanga oldi
Va mo‘jiza yo‘qoldi,
Cho‘chigan ruh misol yo‘q bo‘ldi birdan,
Jahli chiqdimi yo g‘ofillar chorlaganidan,
Baxtsiz bo‘lgan kabi sirning bir cheti
Ochilganidan,
Sirki,go‘yo mavjud,go‘yo yo‘q odam
Mo‘jiza ruhlarday yo‘qoldi birdan.
SIR
Men sirsiz hech nima qilolmayman,rost,
She’rlar meni biroz fosh qilar xolos,
Deylik,gul ko‘kargan chuqur zaminda
Qolgan narsalarni ochgani kabi,
Yoki boshimizda suzgan oq bulut
Ochganday biz yetmas teranliklarni.
Men sirsiz hech nima qila olmayman.
Ko‘nglimda yillar va yillardan buyon
Bir pinhona qayg‘u boshpana topgan.
Ko‘nglimni ochaman xuddi Yer kabi
Gullar va o‘tlarning isyoni bilan.
Odamlar dil uyim ayvoniga to
Kirarlar – yo‘l qo‘yib beraman o‘zim,
Lekin mehrobiga yo‘l yo‘q – hech qachon.
YoLG‘IZLIK ShE’RI
Men bilaman, ko‘nglim mening bu tomonlarga
Bandargohga kirgan kema misoli kirdi.
Men qarindosh emasman, yo‘q, bu odamlarga,
Kelgusida yashamog‘im yo lozimmidi.
Men bilaman, men — bir qushning nozik sayrog‘i,
Olis ko‘kdan elas-elas quloqqa kelgan.
Men bilaman, men — mo‘rtgina g‘alla boshog‘i,
Bo‘ronlarning nafasidan yerga egilgan.
Yangi emas, mening olib kelgan xabarim,
Ulug‘ Haqni men dunyoga qilmayman ko‘z-ko‘z.
Bu bor-yo‘g‘i bir hasratli ko‘ngil izhori,
Mening yozgan satrlarim, men aytmoqchi So‘z.
Lek meningdek tushunmagan hech kim zaminda
Dunyoning va saxovatning beadadligin.
Va meningdek kezmagandir xira oydinda
Xazonlarning to‘kilishin tinglamagan jim.
To mengacha mening kabi seva olmadi
Hayvonlarni, qanotlarning ko‘lkasin hech kim,
Va mengacha qattiq turib yo ishonmadi
Saxovatning qonuniga. Fakat men edim
O‘rmonlarning farzandi va mo‘rchalar do‘sti,
Bodlar bilan do‘stlashganman, do‘stman to hozir.
Bilar edim ne shivirlar o‘tloqda maysa,
Yashiringan hayvon tuygan sezgisi nadir.
O, bilaman, mening shuhrat topishim gumon,
Yangi kundan olis bo‘lar men bosgan izlar.
Ammo mening kimligimni bilardi osmon,
Bilar edi bulutlar va mayda qo‘ng‘izlar.
Qaldirg‘ochlar bolalarga aytar: kuyladi
O‘zi uchun hech nimani qoldirmay kuyib.
Shomlarda men orzu qildim ko‘klam haqida
Yolg‘izgina so‘qmog‘imda jim turgan kuyi.
Daryolar-chi, timsolimni eltadi ajib
Dengizga, to tomchisini qoldirmay tugal.
Men dunyodan o‘tib ketsam bir kuni agar,
Mening sevgan qo‘pshg‘imni aytadi qushlar.
ShOIR HAQDA SO‘Z
Men bir sayyodiman o‘z yuragimning
Ajoyib taqdirim bekormas, ishim:
Yurak yig‘lasa yo shodlansa agar
Qo‘shiq qildim uning har xo‘rsinishin,
Mana, ko‘rsataman endi hammaga.
Men bir sayyodiman o‘z yuragimning.
Shodlik va xayollar ko‘zasidan jim
Ichaman, tutaman o‘zgalarga-da.
O, qo‘rqmay qalbimni men olib chiqdim
Qaynab yotgan maydon — ishq savdosiga.
Men bir sayyodiman o‘z yuragimning
Istaymanki, quvsam qora xayolni,
Yurak-la ilitsam she’r qatorlarin.
Allalab tunlarni, alaf o‘tlardek
Sug‘urib tashlasam dil ozorlarin.
Ilitib yurak-la she’r qatorlarin,
Ko‘ngil haqda o‘zim bilganim so‘zlab,
Qaytarmoq istayman ozod quvonchni
Yurakka, misoli haftrang kamalak.
Bilaman, Hayotdan keyin, kenglikda,
Kutamanmi tun yo tong jilmayishin,
Hammasi bari bir bo‘lib qolganda,
Bir istak barn bir yashar men uchun:
Kim-la qo‘shar meni o‘lim — yulduzmi,
Yo o‘rmonda o‘sgan bir marvaridgul,
Yoki maydaqadam kichik shilliqqurt,—
Bundan olib ketsam qancha yurakni,
Istayman hammasin in’om etmakni.
SOZIM
Men seni uchratdim qor eriganda,
Kezar edi yellar iliq va sarin.
Intiq talpinardi dil ham ko‘klamga,
Ko‘klamning beadad kengligi sari.
Tikildim oq qorga tushgan izlarga,
Izlaringga boqdim hayajon-la jim.
Angladim, men endi bu kunni, seni
Unutmog‘im qiyin.
Men seni uchratdim ko‘klam kunida,
Dala guliday sof, xushbo‘y kun edi.
Seni birinchi bor ko‘rgan bo‘lsam-da,
Bu his menga jonday yaqin tuyuldi.
Tikildim oq qorga tushgan izlarga,
Izlaringga boqdim hayajon-la jim.
Angladim men endi bu kunni, seni
Unutmog‘im qiyin.
Men seni uchratdim muz eriganda,
Muz erib, so‘qmoqda daydir-da ko‘klam.
Tashvishdan goh yonib qorayardi Kun,
Goho shod, goh ma’yus edi ko‘ngil ham.
Tikildim oq qorga tushgan izlarga,
Izlaringga boqdim hayajon-la jim.
Angladim, men endi bu kunni, seni
Unutmog‘im qiyin.
AYoL
Mening qalbim sevgi chashmasi.
Shifobaxsh maysalar misoli so‘zim
Malham sovumagan jarohatlarga.
Agar qorong‘uda adashib qolsang,
Yo‘l topib berguvching bo‘lay men o‘zim.
Qalbim baxtsizlardan tortmaydi o‘zin.
Beshafqat gam bilan kuyib kul bo‘lib,
Jonidan to‘yganlar — o‘lim ham yiroq,
Ko‘zimga tikilib qarang, ishoning,
Beparvo yor bo‘ldim ahyon-ahyonda
Men sabrli singil bo‘lganman ko‘proq.
Beg‘am sevmoq mening qo‘limdan kelmas,
Allalab suyishga yaralganman men.
O‘zgalar dardiga davo bo‘layin,
Notinch uyqusiga parvonaman, jim,
Mijja qoqmay tongni kutaman o‘zim.
Beg‘am sevmoq mening qo‘limdan kelmas —
Ko‘ngil qo‘yolmayman baxtli ko‘ngilga.
Tongni loqayd kutgan bir lodayd dilga,
Uyqusizlik dardin chekmaganga, bil,
Baxshida emasman, qo‘ymadim ko‘ngil.
O‘zgaga o‘zimni baxshida qildim,
Yuragimda faqat ishd va hamdardlik.
Qo‘llarim tegishi davodir unga.
Ko‘zimdan — harorat, lablarim bilan
Dardin aylantirdim baxtli kulguga.
YoShLIKKA
Eh yoshlik, yoshlik!
Deydilar, ketasan sarobday erib,
Lekin sendan ayri tushar dil menmi!
Qo‘yarman kuvonchim, azoblarimni
Yuragim yoniga ko‘riqchi qilib.
Bir bog‘ — jodu bilan yaratay uni,
O‘tqazay daraxtlar — qarag‘aylarni,
Daryolar asrasin sening mulkingni.
Kengroq aylantirib tegrang yana ham
Shudringli o‘tloqzor bilan o‘rayman.
Afsunlab shafqatsiz qahraton bilan
Qortepada bo‘ron bo‘lib uvlayman.
Eh yoshlik, hamrohing tark etasanmi!
Baxtdan to‘xtamayin yig‘lar, aytgin, kim,
Baxtda sukut saqlar kim mening kabi.
Eh yoshlik, yoshlik!
Qay dilda beg‘araz ehtiroslaring
Yuragimday quyosh bo‘lib yonadi.
Beayb gunohlarning shavqli hukmida
Hech nimaga qilmay zarra tazarru,
Aytgin, mening kabi kim ishonadi.
Eh yoshlik, yoshlik!
Deydilar, toabad sen o‘zing bilan
Quvonching, qayg‘ungni olib ketasan.
Lek ayri tushar dil taqdirdan menmi!
Yuragim yoniga qo‘riqchi qilib
Qo‘yarman men yolg‘iz muhabbatnmni.
Eh yoshlik, yoshlik!
Sen uchun ekaman ko‘klamni, sen deb
Bog‘im nafas olar gul, maysa bilan.
To‘xtatib qolaman yulduz, quyoshni,
Kunni kutib qirmiz yongan tongni ham.
Istamassan o‘zing hiyla etmoqni,
Mendan ayrilmoqni, mendan ketmoqni.
Farog‘at Kamolova tarjimalari
AYoL
Yuragim-sevgining tiniq bulog‘i
Shifoli, yam-yashil giyohdir-so‘zim.
Kuylasa, ko‘rinmas mehrim adog‘i,
Yo‘lda yo‘lboshchidir quyoshli ko‘zim.
Sabrlari oltin singilman, singil,
Saodatdan sarxush ko‘ngilman, ko‘ngil.
Kimniki jonidan to‘ydirdi dunyo,
Shafqatsiz hasratda kimki bo‘ldi kul.
Qayrilib qarasa, ko‘radi, illo,
Unga hamshiraday tutyapman qo‘l
Sabrlari oltin singilman, singil,
Saodatdan sarxush ko‘ngilman, ko‘ngil.
Kimniki bezovta qilar og‘ir tush,
Ko‘z ochib yumguncha uchib kelgan qush
Kabi dardlarini olgani keldim,
Yuragiga umid solgani keldim,
Sabrlari oltin singilman, singil,
Saodatdan sarxush ko‘ngilman, ko‘ngil.
Kimki osoyishta tonglarni kutsa,
Kimki uyqusizlik g‘amin unutsa,
Qo‘limni qo‘liga do‘stona tutdim,
Ko‘ngillar ko‘nglimdan suv ichib o‘tdi.
Sabrlari oltin singilman, singil,
Saodatdan sarxush ko‘ngilman, ko‘ngil.
Taqdirim ishq bilan qondoshdir, har kun
Tonglar tug‘iladi kaftimda ma’sum.
Nigohimda mehr bog‘lari gulgun,
Baxtga aylantirdi g‘amni tabassum
Sabrlari oltin singilman, singil,
Saodatdan sarxush ko‘ngilman, ko‘ngil.
G‘USSA NA DARKOR
Qadrdon do‘stlarni tuproqqa qo‘ydik,
Kipriklar egildi mayin, bearmon,
Begona qit’alar yoyinki osmon
Tublaridan yelgan nomaday shodon
Aziz chehralardan saboqlar tuydik.
Vaqt yetdi, og‘riqli xotirni butkul
Dildan aritay deb, yerga ko‘may deb,
Bahoriy yomg‘irlar qo‘shildi mo‘l-ko‘l
Daryolarga oydin tushday ko‘may deb,
Ruhing to‘lqinlari oqadi gul-gul.
O‘chirmog‘ing kerak tilsiz olovni,
Yo‘qsa, idroklarda tutay boshlaydi.
Itqitib bahorning yo‘lidan g‘ovni
Tuyg‘ular shoshadi dilbar, jangari.
Eng osuda damlar qadam tashlaydi,
Muzlik ostidagi dengiz singari.
Ko‘klam yo‘llarini quchgan qaldirg‘och
Qanotida turfa mujdalar uchdi.
Horg‘in hasratlarni so‘ndirdi, ichdi
Bulbulning yor-yori tiniq, jarangdor.
Bokira olamning bag‘rida qiyg‘och
Gulladi hayratim, g‘ussa na darkor!
SIRLAR
Siru sinoatsiz yashashim qiyin.
Kamlik qilar menga she’rlar in’omi
Gulg‘uncha bag‘rida kulgumday mayin
Ochila boshlaydi tabiat siri.
Qanotli qush kabi erkin yoyilib,
Tarqalgan bulutning to‘satdan iyib,
Tubsizlikka cho‘kib ketar ko‘z qiri.
Siru sinoatsiz yashashim qiyin
Qadamimda yillar sizgani sayin
Harorat oladi dilning qayg‘usi.
Tazarru qilaman momo yer kabi,
So‘zlarim-maysaning yashil tuyg‘usi.
Tazarru qilaman, tazarru tanho,
Qalbimni qo‘limda ushlab piyoda
Boraman cherkovning poyigacha to,
Mehrobga singiydi borlig‘im go‘yo.
YoZ OXIRI
Zamin xushbo‘y, borliq nuri quchoqda,
Ellar maysalardan olmoqda bo‘sa.
Nastarin bargiday o‘y totli chog‘da
Yozning oxiri.
Butoqlar egildi, mevalar pishdi,
Yaproqlar uyumi-olovli qissa.
Ufqlar qizarib ruhimda jo‘shdi,
Yozning oxiri.
Xazonlar chulg‘anar g‘amgin navoga,
Kumush ip shodasi bilmaydi g‘ussa,
Bardoshing yetarmi, yurak, vidoga-
Yozning oxiri…
SUHBATDOShIM DEYDIKI…
Taqdir-ko‘tarilib kelayotgan quyosh,
Yana shu yo‘l bilan ortga qaytadi.
Taqdir-dardi bilan suyumli bardosh,
Qanotida umid qo‘shiq aytadi.
Taqdir-qachonlardir olis saharlar
Kechikdi, kimningdir yozi kechikdi.
Undan o‘zib ketdi o‘zga bahorlar,
Ichikdi, chin mag‘lub damlar ichikdi.
Taqdir-seni dilbar tonglar kutadi,
Adashmayman deya ichasan qasam.
Quyosh botaverar, baxt ham o‘tadi,
Taxir sharob tutar qalbingga alam.
Taqdir-hech o‘ngidan kelmayotgan ish
Tushingdagi kabi o‘nglanib qolsa.
Taqdir-cho‘qqisiga ko‘tarilgan ishq
Qalbdagi toshlarni parchalay olsa…
QUYoSh HAQIDA QO‘ShIQ
Tun eriy boshlaydi o‘tinchlarimda,
Poyimda oqadi tonggi farog‘at.
Quyoshli o‘tloqda yam-yashil ko‘kat
Titraydi shamolning o‘pichlaridan
Ummonli xayoli o‘tli muhabbat,
Ruhimda gullaydi giyoh orzusi.
Qo‘rquv sololmaydi o‘lim qayg‘usi,
Go‘yo sen bo‘lmasang to‘xtaydi hayot.
O‘tloq bilan meni qurshaydi shitob
Bilan kelayotgan jangari tilsim.
Tubsiz qorong‘ulik chulg‘aydi sim-sim,
Qirlarning ortiga cho‘kkalar oftob.
Ko‘nglimni ushlasa deysan yangi kun,
O‘lim haq deysanu, umid o‘lmaydi.
Hech o‘lging kelmaydi, o‘lging kelmaydi,
Yashaging kelmaydi nursiz va g‘amgin.
NOMSIZ DARYo
Uriladi daryo shovqini
Dala tomon qumlarni otib.
Bu qandayin sirki, nomi yo‘q,
Nahot uni qo‘ygan yo‘qotib?
Xaritada na chiziq, na so‘z.
Ovozlari mayin sharshara
Baxtli yashar nomsiz, dovruqsiz,
Qalbga tutash bu hislar, qara!
U-go‘yoki qo‘shiq barhayot,
Qadimiydir shoirlardan ham,
Yo rassomi noma’lum surat.
Bunda buyuk soddaliklar jam-
Shoirdan-da bebaho hayrat,
Musavvirdan a’loroq surat.
QUYoSh VA MEN
Quyosh bilan do‘stlashgim keldi,
Unga tutashtirdim yo‘llarim.
U-osmondan, men-tog‘dan keldim,
Uzataman tongda qo‘llarim.
Shoshilaman yetib olay deb,
Meni kutib turganga o‘xshar.
Kengliklarni zavqqa solay deb
Bir pas xayol surganga o‘xshar.
Yarim yo‘lga yetganda quyosh
Men olovli kuyga tushaman.
Nafasimga urilar otash,
Hayratlarim ichra jo‘shaman.
Qiyaliklar moviylashadi,
Quyosh enib bormoqda sokin.
Tuyg‘ularim mayinlashadi,
Tog‘larimday viqorli, vazmin.
Tun cho‘kadi, xushlashar xurram,
Tushimga ham kiradi hali.
Uning bilan qadam-baqadam
Ketayapmiz tongni kutgali.
ALDOVLAR
Olisdan uyg‘onib kelayotir tong,
Sut hidini tuyib, to‘layotir tong,
Go‘dak nafasida kulayotir tong,
Quyosh nurlarini silayotir tong,
Barii-barini
Tortiq qilmoq istar kimdir kimgadir.
Ko‘kda bir juft bulut chiroyli, oppoq,
Gullagan olxo‘ri shoxiga uyqash,
Taqdirlari tutash, par kabi yumshoq
Burkib-burkib yoyilar bulut
Boylangani so‘nggi tushlarga,
Aylangani tungi qushlarga.
Barii-barini
Tortiq qilmoq istar kimdir kimgadir.
Suvlar, quyunlarda jununvash jilva,
Ochiq dengiz, chaqmoq, dovullar holva,
To‘lqinlar ummonning qa’ridan, qarang,
Abadiyat kabi qadim va kulrang
Itqitib yubordi qayroq toshlarni.
Barii-barini
Tortiq qilmoq istar kimdir kimgadir.
SARXUShLIK
Meni mast ayladi bahor to‘satdan
Dunyo ochiq dengiz kabi to‘lg‘ondi.
Oyni qarshi olgan xayolparastday
Meni intiq kutgan she’rlar uyg‘ondi.
Bilmam, ne qudratli-yurak entikib
Qaynoq tuyg‘ulardan quvonmoqlikmu?
Satrlar qatiga jonini tikib,
Yangi yaproqlarday barq yonmoqlikmu?
Ne tong, bir oliy sehr siyladi,
Ochdi borlig‘imning pok sirlarini.
Dengizlar tubini ishg‘ol ayladim,
O‘ynatdim, quvnatdim ko‘k nurlarimni.
Go‘yo uyqudaman, lek bari yodda-
Tabiatning turfa rangi va joni.
Idrok mo‘jizasi buyuk va sodda,
Musiqa oqmoqda-daryo toshqini.
XALQ QARG‘IShI
Qaydaki, yaxshilik barq urdi so‘lim,
Tuyoqlar ostida toptaldi xun-xun.
Zolim,
Seni jazolaydi tabiat bir kun!
Qaydaki, munavvar tonglarda tinim
Bilmasdan kuyladi erkinlik qushi.
Bir kun kishanladi ularni tishing,
Zolim,
Izing qolar bo‘lsa qaysi so‘qmoqda
Qarg‘ish to‘fonlari quvsin to‘qmoqday!
Qaydaki qabriston-so‘nggi manzil bor,
Ajdodlar ruhiday daraxtlar ham jim.
Ko‘rarlar, aytolmas-tuproq bo‘ldi xor,
La’nat, la’nat bo‘lsin oting,zolim,
Qiron, qiron kelsin zotingga, zolim!
HIDLAR
Go‘dakning hidiga o‘xshaydi sahar,
Nonning hidlarida hayot yeladi.
Tuproq, nafasingdan sozlanadi tor,
G‘aramlardan maysa isi keladi.
Qalin chimni yorib-yorib o‘tarmi
Chimzor va tumanni tutatayotgan is?
Parmalanib singan girdob tutarmi
Avgust o‘tlog‘iga qadrdon pok his…
Avaylab-asraging kelar qaroqda
Yomg‘irli suvlarni, muzliklarni ham.
Yaxshilik so‘zi bor hidlar ardoqda,
Jonlanar tabiat, zamin va olam.
Tong chog‘i yo‘llarga to‘shaldi o‘ying,
Esingdami, birdan zavqlandi dunyo.
Yozgi yomg‘irlarning yoqimli kuyi
Qushcha qanotida to‘kildimi yo?
Arg‘uvon gullaydi, ruhing allalar
Bahoriy nasimlar! Sarxush pallalar!
Yodingdami, mayin po‘stloqning hidi
Baridan-da nozik tuyg‘uli edi!…
ER BILAN SUHBAT
Er menga onamday rost gapiradi,
U-jonli halqadir, uzilmas rishta.
Biz bilan borliqqa jonin beradi,
Ko‘rgisi kelmaydi hech kimni xasta
U-inson siyratin chizuvchi shoir,
Tabiat sehriga asir musavvir.
Er menga onamday rost gapiradi,
Ma’suma yashillik dildorlashadi.
Yulduzlar shu’lasi dilga uradi,
Olis xotiralar diydorlashadi.
Qaytmas kunlar mehri qaytib keladi,
Tong chog‘i quyoshni aytib keladi.
Er menga onamday rost gapiradi,
Xayolning past-baland do‘ngliklarida
Osmon ham biz bilan birga yuradi,
Yuragingning ajib kengliklarida
Hali sen ko‘rmagan zamon bor, zamon,
Vaqtdan ham chuqurroq davron bor, davron.
QOP – QORA YoShLAR
Fam-g‘ussaning ko‘z yoshi qora,
Tinmay vaqt-bevaqt
Tomchilaydi yerning bag‘riga.
Tirik ekan zaharli yara,
G‘azab va ofat
Ildiz otar yerning qa’riga.
G‘am-g‘ussaning ko‘z yoshi og‘ir-
Qop-qora yoshlar
Qay zulmatdan sirqiramoqda.
G‘am-g‘ussaning ko‘z yoshi sag‘ir,
Qonli bardoshlar
Erning naq ko‘ksidan tirqiramoqda.
YoLG‘IZ ODAM
1. Sonet
Odam ketib borar yo‘l bo‘ylab tong payt,
Uzilgan yaproqlar tuproqni quchdi,
Na qo‘shiq, na hislar, na qushlar uchdi,
Qurigan daraxtlar kutmay qo‘ygan baxt.
Odam ketib borar, qiymalar o‘ylar,
To‘ng‘igan chigirtka misoli sirlar
Sovuq va kimsasiz uyda g‘imirlar,
Shubha va qo‘rquvlar zulmatdan so‘ylar.
Bu keng olam nechog‘ bo‘m – bo‘sh va sovuq!
O‘tdi Mikelandjelo, Tatsit va Bayron,
Pushkin o‘ldirildi, Tolstoy ham yo‘q.
Kuzgi barglar kabi qaytmaydi tuyg‘u,
Tiriklar safida qolmadi biron
Qadrdon do‘stu yor, yolg‘iz qoldi-u.
O‘LIM
2. Sonet
Bo‘ychan maysalarning bag‘rida yotar,
Bilmam, tulkichami, olmaxonmikan.
Uning jonsiz tani tuproqqa botar,
Shamollar nafasi sargardonmikan…
Sezmas poyalardan oqadi sharbat,
Giyohlar chayqaldi, jilg‘alar shoshdi.
O‘rmalab, yugurib, uchib betoqat
Vahshiy ochofatlar haddidan oshdi.
U esa yashadi-ko‘z ochdi-yumdi,
Kamtarin mehmoni bo‘ldi dunyoning,
Uni qurt-qumursqa qo‘shini ko‘mdi.
O‘rmonda azamiy qonuniyat bor-
Murdani xazonlar ko‘madi, g‘amgin
Shamollar kuylaydi uzoq va bedor.
VAYRONA ChERKOV
3. Sonet
Urushning qurboni bo‘ldi bu cherkov,
Qarovsiz bog‘ida nimalar bo‘lmas:
Ikonalar tushib ketsa-da birov
Bilmas, oynalar ham sinar basma-bas.
Dinsizga cherkovning keragi ham yo‘q,
Bu-mening ishimmas, deya o‘ylaydi.
G‘ira-shiralarda ranglari sovuq
Mog‘orli devorlar nedan so‘ylaydi…
Qorayib ko‘ringan ikonalarga
Urilar, yulqilar shamollar daydib,
Kuzgi xazon to‘lar bo‘sh xonalarga.
Qishda jon saqlaydi jonvorlar bunda-
Shu kimsasiz cherkov qahrli tunlar
Omon olib chiqar qorli qirg‘indan.
HIDLAR BO‘RONI
4. Sonet
Hidlar sarson kezar yuraklar misol,
Bu jununvash hidlar iztirob hidlar.
Quyosh hidi urar soyani xiyol,
Tuman hidi anqir xilvatga qadar.
Kuylar hidi qalbga oqib kiradi,
Har damning hidida gurkirar ko‘klam.
Bahsu nizo, sirlar suhbat quradi-
Baxtning shivirida sovuqqina g‘am.
Uchar ruhlar hidi-uchqur suluvlar,
Qamishdagi unut hidlar suronin
Yo‘llar menga uyg‘oq va to‘lg‘in suvlar.
Chirmashar, kengayar hidlar ko‘lami,
Hidlarning mastona jonli bo‘roni-
Tabiatning mayin-lirik to‘plami.
ShOIR
5. Sonet
Shoir hamma vaqt ham erkin va uysiz,
Vaqtning qonunlari unga hokimmas.
Xudoning qudrati eng baxtli nafas
Suv, havo, shoirni yaratdi tuyqus.
U-Vaqtga bo‘ysunmas ilhomdir, beshak,
U-yigirma yoshda daho va qo‘shiq.
U-to‘qsonga kirgan navqiron oshiq.
U-dengizlar, tog‘lar bilan egizak.
Yolg‘izlikda uning hamrozi-iloh,
Xalal bermas sirli tushlar ko‘rsa ham,
Mo‘jizalar tortiq etar banogoh.
Jazolamas uni sevgi xudosi,
Sidirar qalbiga insa qatra g‘am,
Yuksaklarga chorlar hayrat ma’vosi.
Oygul Suyundiqova tarjimasi