Mayakovskiy Vladimir Vladimirovich [1893.7(19).7, Kutaisi sh. — 1930.14.4, Moskva] — rus shoiri. 1906 yil, otasi vafotidan so‘ng, oilasi bilan Moskvaga ko‘chib borib, klassik gimnaziyaga, 1911 yil esa tasviriy san’at, haykaltaroshlik va me’morchilik bilim yurtiga o‘qishga kirgan. Shu yili rus futuristpar guruhi tashkilotchisi D. Burlyuk bilan tanishgan.
1912 yil «Jamoat didiga tarsaki» to‘plamida dastlabki she’riy asari chop etilgan. Ijtimoiy silsilalar arafasida she’riyatga kirib kelgan Mayakovskiy simvolizm va akmeizm estetikasiga qarshi chikali, e’tirof etilgan ustoz shoirlar, jumladan, A. Blokning badiiy tajribalariga tanqidiy yondashadi.
1913 yil «Vladimir Mayakovskiy» tragediyasini yozadi, «Men!» ilk she’riy kitobi nashr etiladi. Mayakovskiyning dastlabki ijodida «Cholvorli bulutlar» (1914—15) dostoni muhim o‘rin egallaydi. Bu dostonda intim syujet ijtimoiy va kosmik miqyosga, sevgi esa bayroq — qalb darajasiga ko‘tarilgan.
Mayakovskiyning Osip va Lilya Briklar oilasi, ayniqsa, Lilya Brik bilan tanishuvi uning taqdirida hal qiluvchi rol o‘ynagan. Ijtimoiy hayotda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar Mayakovskiyni chetlab o‘tmadi.
Mayakovskiy 1917 yil Oktyabr davlat to‘ntarishini xushnudlik bilan qarshi oldi. Undagi voqealarning shiddatli ruhini o‘z she’riyatiga singdirdi («So‘l marsh», 1918). Turli janr va sohalarda ham ijodiy kuchini sinab, bir necha filmlar («Pul uchun tug‘ilmagan», «Xonim va bezori» va b.) stsenariylarini yozdi va bu filmlarda bosh rollarni ijro etdi.
1917 yil avgustda esa Musiqali drama teatrida davrning qaxramonona, epik va satirik tasviri bo‘lgan «Misteriya-buff» pesasi namoyish etiladi. Shu davrdan boshlab Mayakovskiy iste’dodi bolshevizm g‘oyalariga to‘la-to‘kis xizmat qiladi. Mayakovskiy, insoniy sajiyasiga ko‘ra, xudbinlik, hasad, kalondimog‘lik, mansabparastlik, pora-xo‘rlik singari illatlar bilan murosa qila olmovchi kishi edi. Mayakovskiy bolsheviklarni jamiyatni ana shunday qusurlardan xalos etuvchi, sovetlar mamlakatini yuksak taraqqiyot manziliga eltuvchi kishilar, deb bildi.
Shuningdek, u «yangi jamiyat»ni barpo etayotgan kishilar orasida ham haftafahm, amalparast kishilar borligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi va ularni «Qandala» (1928), «Hammom» (1929) satirik pesalarida aks ettirdi. Bu pesalar ko‘p o‘tmay taqiqlanadi va Stalin vafotiga qadar (1953) hech yerda qo‘yilmadi.
Mayakovskiy 1924—25 yillarda Frantsiya, Amerika singari qator xorijiy mamlakatlarda bo‘ldi. «Amerikani kashf etishim» asarida buyuk mamlakatning kuch-qudratidan hayratga tushdi, shu bilan birga bu mamlakatda dollarning axloq va vijdon mezoniga aylanganidan o‘pkalandi.
Mayakovskiy ijodining so‘nggi bosqichida ana shu nafrat va muhabbat tuyg‘ulari shoir asarlari («Hayqiriq», «Juda soz!», «Qandala», «Hammom» va b.)ning bosh leytmotivi darajasiga ko‘tarildi. U o‘z ijodi va jangovar so‘zi bilan sotsialistik qurilishga hissa qo‘shishga urindi. Gorkiy bilan birga sho‘ro adabiyotidagi sotsialistik realizm metodi asoschisi bo‘ldi. Ammo u ishongan davlat tizimi o‘sha yillardayoq byurokratik apparatga aylanib borayotgan, u ishongan davlat rahbarlari esa xalqdan va uning peshqadam siymolaridan yuz o‘girayotgan edilar. Mayakovskiy bir tomondan, RAAPchi safdoshlari (proletar yozuvchilari) tomonidan tark etilgan, ikkinchi tomondan, «muhabbat kemasi», o‘zi yozganidek, suv osti toshlariga urilib shikastlangan. Mayakovskiy 1930 yil 14 aprelda o‘zini-o‘zi otib o‘ldiradi.
Mayakovskiy isyonkor she’riyati bilan nafakat rus, balki L. Aragon, P. Neruda, V. Bronevskiy, Nozim Hikmat, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon singari turli millatga mansub shoirlar ijodiga katta ta’sir o‘tkazdi. She’riyatning tarixiy-ijtimoiy davr bilan hamqadam, jo‘shqin va shiddatli hayotga hamnafas bo‘lishida, yangi shakl va tasvir vositalarini axtarib topishda Mayakovskiy an’analari o‘z rolini o‘tadi. Ammo shu bilan birga she’riyatning siyosatlashishi va mafkuraviy qurolga aylanishida ham Mayakovskiy ning ta’siri kattadir.
G‘.G‘ulom, Shayxzoda, A. Muxtor tomonidan «Hayqiriq», «Juda soz!» va boshqa asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. (Naim Karimov)
QO‘LINGIZDAN KELARMI BU ISh?
Shartta stakandan sachratib bo‘yoq,
g‘arib kun chehrasin o‘chirdim dangal;
ummonning qiyshaygan iyagin nogoh,
bir kosa selobda yashnatdim yal-yal.
Tunuka baliqning tangalaridan
o‘qidim notanish lablar o‘yini.
Tarnovni nay qilib,
siz ham,
daf’atan,
chala olasizmi oqshom kuyini?
1913
OYDIN KEChA
Manzara
Oy chiqmoqchi.
Ko‘rindi
cheti.
So‘ng muallaq qoldi havoda oppoq.
Kumush qoshig‘i-la
kovlab ko‘rar edi
seryulduz sho‘rvasin,
chamamda,
xalloq.
1916
BAHOR
Shahar yechdi qishligin takror.
Qor labidan oqdi so‘lakay.
Keldi yana vijirlab bahor,
xuddi sergap yunker—bolakay.
1918
G‘AYRIODDIY IKKI HODISA
Kun bo‘yi
ho‘kizday kavshanib beg‘am,
qalam haqi uchun chekib jon,
Men
Volgabo‘yini qo‘shiq qilolmam:
yozish mumkin emas
bu haqda yolg‘on.
Lekin och yurganman,
la’nati ochlik
neligin minglardan yaxshi bilaman!
G‘azabga uchrasin, deya, muhtojlik,
bir juft hodisani
tasvir qilaman.
Bittasi. —
Unuta olarmi hech zot
o‘n sakkizinchi yil, Peterburg turqin?!
Jon bersa muz uzra ot ortidan ot,
qarg‘alar charx urib, “qilardi qirg‘in”.
Yo‘lda qopqalar berk garchi taqa-taq,
chorraha hech qolmasdi tinchib:
o‘rgatilgan itlar
so‘rar sadaqa
dumin likillatib, akillab, g‘ingshib.
Gazetalar yozmas bu haqda hadeb,
tildan tilga o‘tar lekin bir naql:
bir chol
kampirini bo‘g‘ib,
go‘shtin yeb,
“Muncha bemaza” deb
qilganmish jahl.
Ha, mish-mish deganing,
bo‘lib yuz takror,
Ochni ham, to‘qni ham behud qilardi.
Bu ulkan shaharda ne teshikki bor,
barida hokimdir qorinning dardi.
Ochlik va g‘iybatdan hol qurib,
bir kun
Morskaya ko‘chasida,
shabko‘rga o‘xshab,
gulzor-vitrinaga tikildim dilxun,
Eylers do‘konining oldida to‘xtab.
Nuqtadek tuyular bu murg‘ak gullar.
Narxi-chi?
Bolalab ketmish no‘llar, o!
Bir nonga arzirdi har bitta gulbarg.
Bexosdan
men hamda
vitrina aro
bir nusxa ko‘rindi.
Boshi — otnamo.
Odimlardi
chayqalib,
horg‘in.
Tiqib olgan edi burniga ammo
negadir
ikki yo uchta
barmog‘in.
Ko‘zlarida qaymoqlab yiring,
payi chiqib yotar
yirtib bo‘ynini.
Yirtiqdan tomchilar tomchilab, ko‘ring,
lolazor qilardi
ko‘cha bo‘yini.
Sudralgan soyaga qarab turgan chog‘
qaqshadim:
nahot shu insonning holi,
axir bu jonivor,
axir bu arvoh
o‘lgusi odamzod timsoli.
Bu dahshatdan qalqdim men ortga.
Qora tomchilardan topib yo‘l,
borib qoldim yana chirigan otga.
Boshi qani?
Bosh degan gap yo‘q!
Yonda —
porlab, tushardi o‘yin
qalamtarosh —
qon yuqi pichoq.
U bilan
u nusxa
o‘lik ot bo‘ynin
qirtishlardi nazdimda bu chog‘.
Shunda tushundimki,
timsol yo‘q bu yerda,
bu soya ham emas,
bu — odam.
Balki chiyabo‘ri bo‘lib,
bugunmi-erta
bunda tirikchilik boshlarman
men ham.
Mana ikkinchisi. —
Mayda va sodda.
May oxiri edi
avvalgi yozda.
Qarang erkalovchi bog‘lar havosiga:
arg‘uvoniy edi,
bahoriy.
Men esa och edim,
toqatim yo‘q sira, —
huv sobiq Filippov qahvaxonasiga
navbatda turardim barcha qatori.
Bu yerga kirgandim besh yilcha avval.
Xotiramni titkilab ko‘rsam, —
bunda chuldirardi favvora u gal,
xonbaliqlar
o‘ynardi xurram.
Xotiradan — ishtaha o‘sar;
yaxshimi — yomonmi,
kechmam tushlikdan!
Oh, vaqt muncha imillab o‘tar?!
Mana,
kirib oldim men ham
eshikdan.
Odamlar o‘ltirar,
og‘zida — sho‘rbaliq,
idishda — sho‘rbaliq,
havo sho‘r hatto.
Tashqarida bahor
qilardi xush qiliq,
o‘zni ichkariga urar xalq ammo.
Chaynashar,
bosolmay ochlik titrog‘in,
xursand shimirishar zahar havoni.
Gadoylar
tilashar baliq qulog‘in,
talashga aylanar
buning davomi.
O‘chib ketmasmidi “ruslar” degan nom,
kaft ochish kasbini bilmaganida?!
Bugunoq
rus eli bo‘lardi tamom,
baliq umurtqasi bo‘lmaganida.
Shuni o‘yladim-u,
suyak dardida
quturgan galani
turtib,
tupurib,
otildim,
eshikni shart itardim-da,
hid tarab, baliqday
chiqdim yugurib.
Undan qutularman ne bilan yuvsam,
Sasigan —
egnimmi va yoki ko‘ngil?
Baliq tangasiday yongan yulduz ham
nur emas,
sassiq bo‘y sochdi
yarim yil.
Ochu to‘q,
hayotim bir nav o‘tmoqda,
ochlikni ko‘rmasdan o‘lsam ne ajab,
lekin yuragimda g‘azab o‘smoqda,
ochlikka nisbatan,
oliy bir g‘azab.
Mayda-chuyda gapga o‘rin yo‘q zarra
odamlar ochlikdan tirishgan mahal.
Non! —
shudir hayotning o‘qi bir karra,
biz ham, ozodlik ham o‘shanga mahtal.
Yayrasa
oq nonning hidiga botgan
Smolensk maydonimi, Trubniymi yo,
mening ko‘z o‘ngimda
poxolda yotgan,
poxolni non deya g‘ajilayotgan
Volga sho‘rliklari bo‘ladi paydo.
“Ochlik!” deng,
Evropa eshitib qo‘ysin!
Qo‘li qisqalar ham
bo‘lishsin borin!
Soliq bulog‘ining ochingiz ko‘zin!
Dehqonlar chuqurroq olsin shudgorin!
Uraylik she’r bilan,
pesa bilan!
Qani, shifokorlar, qo‘zg‘oling yo‘lga!
Dimlang, ado bo‘lsin u
dud zabtidan!
Fabrikalar — jangga!
Zavodlar — olg‘a!
Kirmasa
ochlarning ohi quloqqa,
bugun tashnalarga bo‘lmasak darmon,
ochlik
etib kelar
bizning tuproqqa,
giribonimizdan
tutar beomon!
1921
QAT’IY MAN ETILUR…
Ob-havodan,
maydek,
ketasan yayrab.
May — nimasi.
Bu chinakam yoz.
Hatto nazoratchi,
hammolga qarab,
dil
etar parvoz.
Bag‘rimda
qo‘shiqlar
uradi tug‘yon,
qo‘limni
etaklab ketadi
qalam.
Jannatga o‘xshatgim keladi
bu on
Krasnodar
perronini ham.
Kayfiyatim —
xuddi xitoyi chinni.
Bulbulday
kuylagim kelardi
xushhol!
Bir mahal:
“Chalg‘itmang
nazoratchini, —
degan
e’lon ko‘rdim, —
bermanglar savol!”
Bulbullar quladi
go‘yoki o‘q yeb.
Qalbim no‘xtalanib,
og‘riq poralar.
So‘ragim kelardi:
— Ishlar qalay? — deb,
Sog‘lig‘ingiz qalay?
Qalay, bolalar?
Netay,
erga boqib,
o‘tdim besado,
qunushgancha,
iljayib taxir.
So‘ragim keladi,
mumkinmas ammo, —
xafa bo‘lmasin-da:
hukumat axir!
1926
KALLAVARAMLARGA
She’r
g‘oyat ta’sirchan narsadir,
biroq,
haqqoniy bir xabar
undan o‘tkirroq.
Masalan,
olay deb dehqonning ko‘nglin,
Zodagon udumin tutib,
qishloqda
bir to‘p kallavaram,
shimarib yengin,
Opera teatri
qurmoqda.
O‘zga yerda esa,
yo kayfi oshib,
yoki bosib
miyasin qirov,
Guldek ishlab turgan
zavodni
shoshib,
boshqa joyga,
ko‘chirar
birov.
Uchinchisin boshi —
elkadan pastda,
kallasi
elkadan pastroq
kishilar
rezinka cho‘chqacha misoli
asta
puflab,
hisobotni shishirar.
Undan ham boshqasi,
qarzga botsa ham,
do‘kon deb
quradi
muhtasham saroy.
Keyin,
yuqorida
shamol qo‘pgan dam
ishchilar boshiga
ship qular,
voy-voy…
Xullaski,
bema’ni ishlardan to‘yib,
jinoyat kitobin ochar
zamona:
Qurmay
qurib keting!
Bularni qo‘yib,
Quring
o‘zingizga
bir jinnixona.
1928
TA’BLAR HAQIDA ShE’R
Tuyani ko‘rgan ot
pishqirdi:
“Hayhot,
muncha
beso‘naqay bo‘lmasa
bu ot”.
Tuya
o‘kirib der:
“Nega kuyasan?
Sen o‘zing —
o‘smasdan qolgan
tuyasan”.
Yolg‘iz xudo o‘zi
bilardi asli
Turlicha ekanin
ularning
nasli.
1928
MEN BAXTIYoR!
Shodman,
grajdanlar,
shodligim shoyon,
keling,
qah-qah uring
men bilan birga.
Sizga ham
sirimni etay deb bayon,
soldim
hislarimni
she’riy satrga.
Bugun
fil singari sezdim
o‘zimni,
odim ham otaman
zarracha tolmay.
Tunda
yumibmanu ko‘zimni,
uyg‘onibman
hatto yo‘talmay.
Qayoqqa qarasam —
yashnar tabassum.
Bilasiz,
kuz — shilta bir fasl.
Menga esa
gullar
jilmayar ma’sum,
chiroyi ham,
hidi ham
asil.
Fikru
qofiyalar
kelar quyulib,
muharrirning
tili
karaxtdir.
Ishlasam,
tulporlar u yoqda qolib,
Bas kelolmas
hatto traktor.
Qornim ham og‘rimas,
hamyonim ham to‘la,
qadamim ham
tushar
bexato.
Qutulib
bekorchi xarjdan
bir yo‘la,
rangim chiqib qoldi,
semirdim hatto.
Ko‘z ravshan tortarkan
ravshan bo‘lsa ta’b,
dimog‘im
xushhavo,
og‘zim
shirindir.
Go‘yoki
a’lo nav tortni
tilimlab,
Tilimning ustiga
qo‘ndirar
kimdir.
Garddan forig‘ edi hamisha
kallam.
Endi-chi?
Kallamning ichi ham
tiniq.
Har kun
yigirma bet
she’r yasab tursam,
Tolstoy ham
hasaddan yonishi aniq.
Ayollar
parvona bo‘lishar menga,
tovlanib,
ismimni so‘rashar oldin.
Xullas,
har askiyam tengdir
oltinga,
suhbatning guliga
aylanib qoldim.
Qizillik yugurdi
yuzimga,
qarang,
tumov ham ilashmas,
karavotim bo‘sh.
Endi
shodligimning boisin
so‘rang.
Aytaymi —
aytmaymi?!
Netay, xo‘sh?
Kimdir
javob kutib
qovrilar o‘tda,
Kimningdir ohidan
taralar
tutun.
Hay-hay, to‘lqinlanmang,
sababi —
bitta:
O‘rtoqlar,
chekishni tashladim
bugun.
1929
Husniddin Sharipov tarjimasi
LILIChKA*
(javob maktubi)
Sigara tutuni yutib havoni,
Jahannamga do‘ndi xona, axir, boq.
Eslagin,
ilk marta qo‘llaringni men
Tutgandim,
sozini tutgandek mashshoq.
Erkam, o‘tirarding,
Tashna qalbing tosh,
Meni kelajakka quvardi hujram.
Qaltirab to‘kilar edi kaftlarim,
Esimda,
qip-qizil ko‘ylaging uzra…
Ruhim sahrolarga haydalgandayin,
Yuragim to‘kilar edi parishon.
Azizam,
bu mening istagim emas –
Ammo, hijron dami kelganday bu on.
Ishqim – bir og‘ir yuk,
Har nedan asrab
Senga sodiq qolgay qayda bo‘lsang ham.
Barcha dardlaringni o‘chiraman deb,
So‘nggi bor izn ber, ohlar uraman…
Qachondir dolg‘aga aylansa qismat,
Ayozda muzlarga do‘nar bo‘lsa gar.
Menda, dengiz yo‘qdir sevgingdan boshqa,
U ham yashagaydir ko‘zyoshi qadar…
Dam olmoq istasa hatto bebosh fil,
Shoh kabi toblanar qum uzra mudroq.
Menda, quyosh yo‘qdir sevgingdan boshqa,
Qayda, kim bilansan, bilmayman bu chog‘.
O‘zga bir shoirga jafolar berib,
Boyliku davlatga o‘ch bo‘lsang juda.
Bilki, qilmagayman aslo hiyonat,
Hur isming keltirgan saodatimga…
O‘zimni osmayman, ichmayman zahar,
Tiriklay ko‘mmayman.
Faqat olgum tan.
Azizim,
qop-qora ko‘zingdan boshqa
hanjar mavjud emas ko‘ksimga botgan.
G‘unchalagan dilni yoqmoqmi lozim,
Kerakmi, o‘zimga tilab olmoq baxt.
Bir kun kitoblarim varoqlarini,
Birma-bir yuladi shafqatsiz bu vaqt…
Nima asray olar,
seni g‘olib nafs,
Osiy so‘zlarimni qovjiramoqdan?
Ruhsat et tark etgan qadamlaringni
So‘nggi so‘zim bilan vasf etayin man…
*She’r Liliya Brik (1891-1978) – shoirning sevgan ayoliga atalgan.
YaKUN*
Soat salkam ikki.
Uyg‘oqsan hali,
Kumush daryo oqar kalbingga ko‘kdan.
Ortiq o‘tinchim yo‘q,
Ug‘ongin deya
Maktublar jo‘natsam yurakdan, ruhdan…
Kimdir yo‘llar bitdi, deydi ehtimol,
Kim aytar: – Cho‘kkandir ishqning qayig‘i…
Endi jim sanaymiz,
bizda nima bor –
Mudom chekkanimiz g‘am, g‘ussa, qayg‘u…
Samodan termular ming nigoh – yulduz,
Qara, sukut kezar yon-atrofda sha’n.
Shunday daqiqada gaplashar odam,
O‘tgan asrlar va koinot bilan…
(1927-1928)
*Umrining so‘nggi kunlarida yozgan bu she’rning ikkinchi bandini o‘limoldi maktubida ham qayd etgan.
ALVIDO
Taksiga sarflandi eng so‘nggi frank,
“Qancha yo‘l qoldi, ser, Marselga qadar?”
Parij borar meni oldga yetaklab,
Barcha go‘zalligi orqada qolar…
Tinmay tomchilaydi ko‘zlarimdan yosh,
Qalbimni parchalar o‘tkir bir havo.
Istardim, Parijda yashab-o‘lmoqni,
Agar bo‘lmasaydi bizning Moskva…
(1925) Bu she’r shoirning 1924 yilda Parij safaridagi olgan taassurotlaridan yaratilgan sakkiz she’rdan iborat “Parij” (1924-1925) turkumidan.
Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi