Sergey Yesenin (1895-1925)

Esenin Sergey Aleksandrovich [1895.21.9 (3.10), Ryazan viloyati Konstantinov, hoz. Yesenin qishlog‘i — 1925.28.12, Sankt-Peterburg, Moskvada dafn etilgan] — rus shoiri. Ilk she’riy to‘plami «Radunitsa» (1916) dayoq qalb holatlarini noziq tuyg‘ularda berishni, tabiat bilan bog‘liq ruhiy kechinmalarni ifodalashning ustasi, qishloq hayoti, xalq tili va qalbining bilimdoni ekanligini namoyish etgan.
1919—22 yillarda Yesenin imajinist (ijodning maqsadini asarning mazmuniga mos kelishi shart bo‘lmagan obrazlarni o‘ylab topishda deb tushunuvchi)lar guruhida bo‘lgan. «Moskva mayxonalari» (1924) va boshqa turkum she’rlarida, «Qora odam» (1925) dostonida shahar hayotining yaramas tomonlari, qishloqni xonavayron qilayotgan «taraqqiyot» haqqoniy aks ettirilgan.
Esenin «Anna Snegina» (1925) dostoni hamda «Sho‘ro Rusi», «Zamin darg‘asi» (1925) to‘plamlarida «kommuna oyoqqa turg‘izayotgan Rus»ni anglashga harakat qilsa ham, o‘zini «o‘tmishga aylanayotgan Rus» ning shoiri deb bildi.
«Fors taronalari» she’rlar turkumi (1924—25) Hofiz, Sa’diy, Xayyom kabi Sharq ijodkorlariga cheksiz hurmat-ehtirom mahsuli sifatida dunyoga keldi. «Jar» (1916) qissasi, «Bobil va Drujok» (1917) hikoyasi, «Temir Mirgorod» ocherkida Yesenin nasriy imkoniyatlarini namoyish etdi.
Esenin 1921 yil Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgan. «Tanlangan she’rlar», «Zamin darg‘asi», «Lirika: she’rlar, dostonlar» she’riy to‘plamlari E. Vohidov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1965, 1970, 1981).
Toshkentda shoirning uy-muzeyi ochilgan (1985). Yeseninning shaxsiy hayoti fojialar ichida kechgan. U og‘ir ruhiy holatga tushib qolib, Sankt-Peterburgdagi mehmonxonalardan birida o‘zini-o‘zi o‘ldiradi.

ONA IBODATI

Qishloqning bir chetida
Pastakkina uy turar,
Sajda qilib shu uyda
Onaizor o‘ltirar.

Yolg‘iz o‘g‘lin eslar u
Yonib achchiq firoqla.
O‘g‘li esa yurt uchun
Jang qiladi yiroqda.

Ona sajda qiladi,
Ko‘z yoshlari shashqator.
Bir nuqtaga tikilgan,
Xayolida nelar bor?

Ko‘z oldiga keladi:
Keng dala — jang maydoni.
Jonsiz yotar maydonda
Mard o‘g‘li — pahlavoni.

Ko‘kragida jarohat,
Qop-qora qon har yog‘i.
Qolmish jonsiz qo‘lida
Dushmanining bayrog‘i.

Ona yuzin qoplar g‘am,
Chimirgancha qoshini
Asta suyar qo‘liga
Oppoq sochli boshini.

Yurak dardi yosh bo‘lib,
To‘lib kelar ko‘ziga.
Marjon-marjon tomchilar
Oqib tushar yuziga,

IT HAQIDA DOSTON

Quyosh o‘ynar javdar xirmonda,
Chiptalarda nuri tilla rang.
Bolaladi ona it tongda,
Etti kuchuk tug‘di mallarang.

Yuvib-tarab tillari bilan,
Oqshomgacha erkaladi u.
Ona itning issiq bag‘ridan
Qor ustida erib oqdi suv.

Oqshom payti, tovuqlar endi
Qo‘nog‘iga tizilishgan dam,
Uy egasi xo‘mrayib keldi,
Qopga soldi yettovini ham.

Sho‘rlik ona chopdi ketidan,
Uzoq-uzoq quvlab bordi u.
Muzdek terlar oqib etidan,
Achchiq-achchiq uvlab bordi u.

Botqoqlardan kechib o‘tdi loy,
Oyoqlari toldi, urindi.
Qaytar ekan tom ustida oy,
Bolasiga o‘xshab ko‘rindi.

Sho‘rlik yana bolasin so‘rab,
Ko‘kka boqib uvladi xasta.
Yangi oy ham asta g‘ildirab,
Tushib ketdi ufqdan pastta.

Bechoraga ermaklab, kulib,
Non o‘rniga otishgandek tosh,
It ko‘zidan yulduzlar bo‘lib,
Qorga oqdi tomchi-tomchi yosh.

* * *

Tongda meni uyg‘ot ertaroq,
Mehribonim, mushfiq onajon!
Men yo‘llarga ko‘z tutay mushtoq,
Bizning uyga kelmoqda mehmon.

O‘rmon ichra bugun, onajon,
G‘ildirakning izlarin ko‘rdim.
Ellar uni aylab zar kamon,
Tortqilagan kezlarin ko‘rdim.

Erta tongda mehmon keladi
Oy shapkasin boshga ko‘yib dol.
Uchqur oti ravon yeladi,
Kokillari tovlanadi ol.

Meni sahar uyg‘ot, onajon,
Chiroqlarni yoqib qo‘y hozir.
Deydilarki, bo‘lmog‘im ayon
Rossiyada shuhratli shoir.

She’r aytaman mehmonga ul dam,
Senga, onam, o‘sgan yerimga.
Sahar turib soqqan suting ham
Quyiladi mening she’rimga.

* * *

Go‘daklikdan ma’lum har odam,
Bola boshdan degan gap to‘g‘ri.
Mabodo men shoir bo‘lmasam,
Bo‘lar edim bezori, o‘g‘ri.

Jikkakkina shum bola edim,
Tengdoshlarim ichra “qahramon”.
Qaytar edim ko‘chadan doim
Burnim pachoq, usti boshim qon.

Qo‘rqib ketgan onam qoshida
Derdim tutib o‘zimni mahkam:
“Hechqisi yo‘q. Qoqildim toshga.
Ertagacha qolmas o‘rni ham”.

Yillar o‘tdi, ketdi bolalik,
Nihoya yo‘q armonlarimga.
Yoshlikdagi sho‘xlik, olovlik
Ko‘chdi she’ru dostonlarimga.

Bolaligim ketdi borini
Satrlarda qoldirib butun.
She’rlarimda shum, bezorining
Xislatlari aks etar bu kun.

Mag‘rurligim hamon qolmagan,
Hamon baland o‘tli ko‘kragim.
Bolalikda burnim qonagan,
Bugun esa qondir yuragim.

Mendan kulgan to‘da qoshida
Deyman tutib o‘zimni mahkam:
“Hechqisi yo‘q! Qoqildim toshga,
Ertagacha qolmas o‘rni ham”.

Meni so‘kmang! Bo‘lar ish bo‘ldi,
So‘z sotuvchi savdogarmasman.
Oltin boshim quyi egildi,
Bu dunyodan sovidim, bas, man.

Shaharda ham qolmog‘im mahol,
Na qishloqqa mayl sezarman,
Bir yo‘l qoldi; o‘stirib soqol
Rossiyani daydib kezarman.

Xayr, deyman doston, she’rlarga,
Io‘lga to‘rva olurman, xolos.
Ko‘chadagi bir darbadarga
Shamollar ham qo‘shiq aytar soz.

Piyoz, turup hidin taratib,
Bilganimni qilib yurarman.
Burnim oqsa yengimga artib,
Peshonamda borin ko‘rarman.

Qor quyunin tinglarman behis,
Baxt kerakmas bundan ziyoda.
Bunday ajib turfa ishlarsiz,
Yashamasman yorug‘ dunyoda.

* * *

Aldamasman o‘zimni bu kun,
Yuragimda uqubatli g‘ash.
Bezori deb nom oldim nechun?
Nega nomim bo‘ldi janjalkash?

Ug‘ri bo‘lib o‘rmon kesmadim,
Bo‘yamadim qo‘limni qonga.
Aybim faqat ko‘cha kezganim,
Jilmayganim o‘tgan-ketganga.

Men maskovlik bir dalli yigit,
O‘zimga xon, tanti, chapani.
Ko‘chadagi har bir daydi it
Yurishimdan taniydi mani.

Tverskoyda ko‘rib yiroqdan,
Bosh irg‘ashar menga otlar ham.
Jonvorlarga yaxshi o‘rtoqman,
She’rim ular dardiga malham.

Boshimdagi bul tsilindrim
Jononlarga yoqish uchunmas.
Unda berib baytallarga yem,
Chaynashiga qilurman havas.

Odamlardan yuvdim qo‘limni,
O‘z do‘stlarim sari intildim.
Eng chiroyli galstugimni
Kuchuklarning bo‘yniga ildim.

Endi darddan xoliman bu kun.
Dilimda yo‘k uqubatli g‘ash.
Aldoqchi deb nom oldim shu-chun,
Shu-chun nomim bo‘ldi janjalkash.

* * *

Bas! Bo‘lar ish bo‘ldi, kerakmas,
Qaytmas bo‘ldim endi yurtimga.
Yaproklari qanot teraklar
Soya solmas endi ustimga.

Pastak kulbam bunchalar mensiz,
O‘lib bo‘lgan qari itim ham.
Maskovning bir burchida, esiz,
Zavol topmoq chog‘i nasibam.

Bu shaharga bo‘ldim men shaydo,
Garchi ko‘hna, ko‘rimsiz makon.
Mudrab yotgan oltin Osiyo
Gumbazlarda bo‘lur namoyon.

Tunda esa, oy nur sochgan dam
Go‘yo… bilmam, nima singari…
Bosh eggancha tashlayman qadam
O‘sha tanish mayxona sari.

Meni kutar bu dahshat maskan,
Bunda tunni ulab saharga,
May ichaman o‘g‘rilar bilan,
She’r o‘qiyman fohishalarga.

Kayf tumani chulg‘aganda men
Faryod bilan ochaman ko‘nglim:
“Men ham sizdek gumroh bandaman,
Mening ham yo‘q, qaytarga yo‘lim”.

Pastak kulbam bukchayar mensiz,
O‘lib bo‘lgan qari itim ham.
Maskovning bir burchida, esiz,
Zavol topmoq chog‘i nasibam.

* * *

Bir manzilga borurmiz kam-kam,
Bir manzilki, halovat hokim.
Yig‘ishtirmoq chog‘i menga ham
Boqiy yo‘lga do‘kon-dastgohim.

Ey siz, suluv, oppoq qayinlar,
Ey sen, zamin, bog‘lar, barxanlar.
Ketayotgan saflarga qarab
Yuragimga cho‘kar armonlar.

Men o‘zimcha ko‘p o‘ylar surdim,
O‘z hakimda she’r aytdim talay.
Baxtlimanki, yashadim, ko‘rdim,
Bu dunyoga keldim har qalay.

Baxtlimanki, sevdim, intildim,
Quloch yozdim chechaklar aro.
Jonvorlarni ukam deb bildim,
Boshlariga urmadim aslo.

Bilaman, ul manzilda balqib
Yotmas oqqush bo‘yin boshoqlar.
Ketayotgan saflarga boqib
Shundan menda alam, qiynoqlar.

Bilamanki, o‘shal ma’voda
Bu kengliklar bo‘lmas, shubhasiz.
Shuning uchun menga dunyoda
Yashayotgan odamlar aziz.

AYoLGA MAKTUB

Usha kun, albatta,
Yodingizdadir.
Burchakka qisilib
Ojiz turganim.
G‘azabnok edingiz,
Va g‘oyat og‘ir —
So‘z bilan urdingiz
Betimga manim.

Dedingiz:
Bas, yetar,
Ajramoq kerak.
Betartib umrimdan
Toqatingiz toq.
Izlamoq bo‘ldingiz
Oqilroq erkak.
Mening qismatim-chi,
Tubanlab ketmoq.

Men sizni sevardim,
Siz esa aslo.
Parvo qilmasdingiz,
Men edim bexol —
Shaddod bir suvoriy
Xaloyiq aro
Qamchilab choptirgan
Sho‘rlik ot misol.

Siz bilmas edingiz,
Bo‘ronda, axir,
Meni o‘z bag‘riga
Tortganin girdob.
Qayon eltmoqdadir
Bizlarni taqdir,
Bilolmay chekardim
Achchiq iztirob.

Yuzni ko‘rmoq qiyin
Boqib yaqindan,
Har narsa yiroqdan
Ko‘rinar ayon.
Dengiz harakatta
Kelsa to‘lqindan,
Bilingki, kemaning
Axvoli yomon.

Er katta kemadir,
Kimdir nogaxon
Yangi hayot uchun,
Yangi shon uchun
Bu ulkan kemani
Dahshatli bo‘ron,
To‘lqinlar qo‘yniga
Yo‘lladi bugun.

Kema chaykalarkan
Notinch dengizda
Boshi aylanmagan,
Yiqilmagan kim?
Juda kam,
Juda kam,
Bundaylar bizda,
Ularning idroki
Qalbiga hokim.

Shunda men
Xaloyiq shovqini aro
O‘qchigan yuzlarga
Boqishdan toldim.
Shunda men, toqatsiz,
Kemaning qaro
Ostki xonasiga
Kirib yo‘qoldim.

Qahvaxona edi
Bu ostki xona.
Shu kundan qadahga
Egildi boshim.
Dunyoni unutdim
Tamom mastona,
May bo‘ldi hayotda
Yolg‘iz yo‘ldoshim.

Sevgilim!
Men uchun —
Qiynaldingiz ko‘p.
G‘amgin ko‘zingizdan
Sezardim buni.
Axir men sharobga
Bosh bilan cho‘kib,
G‘avg‘osiz o‘tmasdi
Biror-bir kunim.

Siz bilmas edingiz
Bo‘ronda, axir,
Meni o‘z bag‘riga
Tortganin girdob.
Qayon eltmoqdadir
Bizlarni taqdir,
Bilolmay chekardim
Achchiq iztirob.

Mana, yillar o‘tdi,
Ulg‘aydi yeshim.
Fikru hislarim ham
O‘zgacha butun.
Bayram sharobidan
Ko‘tarmay boshim
Darg‘aga sharaf-shon
O‘qiyman bugun.

Dilni erkalarkan
Nozik tuyg‘ular
Sizning tashvishingiz
Yodimga oldim.
Shoshaman siz tomon
Bermoqqa xabar:
Bir zamon kim edim,
Kim bo‘lib qoldim.

Sevgilim!
Quvonch-la qilurman bayon,
Men bir tik qoyadan
Yiqilmay qoldim.
Sho‘rolar yurtimda
Endi bu zamon
Men ashaddiy hamroh.
Nomini oldim.

Men tamom boshqaman,
Yor bo‘lsam bugun
Sizni qiynamasdim
Balki u qadar.
Shonli mehnat uchun,
Erk va baxt uchun
Borishga tayyorman
La-Manshga qadar.

Siz meni kechiring,
Siz endi boshqa.
Bugun sizga oqil,
Jiddiy er hamdam.
Bizning tashvishlarni
Urmaysiz boshga,
Zarra kerakmasman
Sizga o‘zim ham.

Mayli, yashang yangi
Yorning oldida,
Baxtli bo‘ling, shudir
Tilagim mening.
Sizga salom bilan,
Sizni yodida
Doim saqlaguvchi
Sergey Yesenin.

ONAMDAN MAKTUB

Endi ne ham o‘ylab
Topadir xayol,
Javobni o‘ylayman
Chakkamni tutib.
Stolim ustida
Yotar xafahol
Onaginam menga
Yo‘llagan maktub.
“Ko‘zimiz to‘rt bo‘ldi,
Bolam, kelaqol.
Yaxshiydi bayramga
Kelsang, har qalay.
Otangga ishtonlik,
Menga jun ro‘mol
Olakel, bizlarda
Kamchilik talay.
Menga sira yoqmas
Shoirliging ham,
Janjalkashlik bilan
Topgan shuhrating.
Undan ko‘ra omoch
Haydasang, bolam,
Obro‘ keltirardi
Halol mehnating.
Men ham qarib qoldim,
Hech yo‘q darmonim.
Oh, sen bo‘lsang eding
Mening yonimda.
Kelinlik bo‘lardim,
So‘nggi armonim —
Nabira suyardim
Asrab jonimda.
Sen bola-chaqalik
Bo‘lmading, daydi.
Yuragingni berding
O‘zgaga oson.
Oilang bo‘lsaydi,
Do‘sting bo‘lsaydi,
Senga mayxonalar
Bo‘lmasdi makon.
Jonim bolaginam,
Ne bo‘ldi senga?
Mo‘min-qobil eding
Bir vaqt naqadar.
El-yurt havas bilan
Aytardi menga:
Aleksandr Yesenin —
Baxtiyor padar.
Afsus, niyatimiz
Bo‘lmadi hosil.
Barbod bo‘ldi so‘nggi
Umidimiz ham.
Otang o‘ylar edi —
She’r yozib qoyil,
Bir dunyo pul topib
Keladi bolam.
Ammo sendan bir so‘m
Kelmas, bolajon.
O‘kinchlarimizning
Bosh sababi shul.
Xomtama bo‘libmiz,
Holingdan ayon:
To‘lamas ekanlar
She’r yozganga mo‘l.
Menga sira yoqmas
Shoirliging ham,
Janjalkashlik bilan
Topgan shuhrating.
Undan ko‘ra omoch
Haydasang, bolam,
Obro‘ keltirardi
Halol mehnating.
Endi bo‘lsa bizni
Ezdi g‘am, alam.
Ot yo‘q,
Pul yo‘q, borib
Olsak naqd so‘mga.
Uyda bo‘lsang eding,
U zehning bilan
Rais bo‘lar eding
Volijroqo‘mga.
Boshqacha bo‘lardi
Bizning tiriklik,
Sarson yurmas eding
Sen ham yiroqda.
Xotining yonimda
Urchuq yigirib,
Sen birga qararding
Qarigan chog‘da…”
Xatni g‘ijimlayman,
So‘z aytmoq qiyin,
Oh, bormi girdobdan
Chiqmoqqa imkon.
Yurak so‘zlarimni
Aytaman keyin,
Javob maktubimda
Qilaman bayon.

JAVOB

Aziz onaginam,
Bo‘lgin salomat.
Mehru shafqatingni
Sezib turibman.
Sen zarra tasavvur
Qilmassan faqat,
Nima deb dunyoda
Yashab yuribman.
Hozir siz yozda qish,
Ayoz kechalar.
Deraza oldida
Surarsan xayol,
Osmonni to‘ldirib
Yogilar ukpar,
Kimdir oq sirenni
Silkitgan misol.
Onam!
Shunday tunda
Bo‘lurmi uxlab,
Tarnov uzra shamol
Chiyillar betin.
Yotmoqchi bo‘lursan,
Ko‘zingga xona
Tobutdek ko‘rinib
Seskanar eting.
Izg‘irin yigichi
Xotinga o‘xshar.
Mingta dyak bo‘lib
Cho‘zar badkirdor.
Qor yerga sochadir
Oppoq tangalar…
Tobut ortida bor
Na do‘st va na yor…
Menga hammasidan
Ma’qul navbaxor,
Ko‘nglimga munosib
Toshqin shiddati.
Bunday payt xar bir cho‘p
Bir kemacha bor.
Dala — cheksiz ummon,
Yo‘q nixoyati.
Barcha ko‘klamlardan
Men sevgan ko‘klam —
Bashar dilidagi
Buyuk inqilob.
O‘shanga intilib
Chekarman alam,
O‘shani sevaman,
Chorlayman shitob.
Lekin bor muzlagan
Er sayyorasi.
Shundan men nolalik
She’r ovorasi,
Shundan men serjanjal
Va oshuftaxol.
Onajonim,
Kelar bizga ham fursat,
Keladir intizor
Kutganimiz dam.
Biz axir turibmiz
Jangga bo‘lib taxt,
Kim zambarak tutib,
Kim tutib qalam.
Qo‘y, puldan gapirma,
Mol-mulk na kerak.
Bu so‘zlarni yozgan
Senmisan, yo rab:
Nima, men molmidim
Va yoki eshak,
Qoziqdan yechmasa
Yotguvchi qarab.
Men o‘zim boraman,
Vaqt kelar bir kun,
Muzlagan kurraga
To‘p otilar chog —
Boraman jun ro‘mol
Olib sen uchun,
Cholga paytavalik…
Bo‘lgin faqat sog‘…
Hozircha izg‘irin
So‘fidek cho‘zar,
Yig‘ichiga o‘xshab
Uvlar badkirdor.
Qor yerga sochadir
Oppoq tangalar,
Tobut ortida bor
Na do‘st va na yor.

FORS TARONALARI

* * *

Dog‘lar ketmish majruh ko‘ngildan,
Mast vasvasa qo‘zg‘amas tug‘yon.
Men dardimga Tehron gulidan
Choyxonada topoldim darmon.

Choyxonachi — barvasta, o‘ktam.
Qoyil qolsin rus, deb, choyimga,
O‘tkir aroq, may o‘rniga ham
Achchiq-achchiq choy tutar menga.

Siyla, mezbon, ammo had bilan,
Bog‘ing aro turfa gullar bor.
Oqshom menga hijob ostidan,
Dilbar ko‘zin suzmadi bekor.

Rossiyada gulday qizlarni
Qulday tutqun saqlamas erlar,
Sarmast etar bo‘sa bizlarni
Bexanjaru bemakru bezar.

Bu tong yuzli dildor qoshimda
Bir bor xirom etsa noz bilan,
Shohi ro‘mol solgum boshiga,
Yo‘llariga — sheroziy gilam.

Mezbon, choy quy menga lolagun,
Shoir senga so‘ylamas yolg‘on.
Ehtiyot bo‘l o‘zingga bugun,
So‘ngra mendan qilmagin gumon.

Eshikka ko‘p qaray berma san,
Gulbog‘ingga, baribir, yo‘l bor…
Oqshom menga hijob ostidan
Dilbar ko‘zin suzmadi bekor.

* * *

Bugun dedim sarrofga atay,
Alisharkan so‘mni tumanga:
“O‘rgat, go‘zal La’limga aytay,
O‘rgat sevdim, demoqni manga”.

Ul sarrofga dedim bugun men
Eldan sokin, jilg‘alardan tinch:
“O‘rgat menga, go‘zal La’limdan
Fors tilida so‘rayin o‘pich”.

Yana dedim sarrofga atay
Hayajonim dilda berkitib,
O‘rgat, go‘zal La’limga aytay,
O‘rgat, aytay “menikisan”, deb.

Shunda menga dedi u, e voh —
Ishq sharqiga topilmas so‘zlar.
Sevaman der dildan chiqqan oq,
Yoqut kabi yonguvchi ko‘zlar.

So‘rma mendan bo‘saning ismin,
Nomi yo‘qdir senga aytmoqqa,
U keltirib atirgul isin,
Gulbarg bo‘lib qo‘nar dudoqqa.

Sevgi dilga bermas kafolat,
Sevgi baxtga ye dardga yo‘llar.
Menikisan deyolur faqat
Yuzdan hijob ko‘targan qo‘llar.

* * *

Shahinam, o mening Shahinam,
Bilsang, shimol Vatandir menga.
Dalalardan so‘ylaymi senga.
Oy nur sepgan boshoqlardan ham.
Shahinam, o mening Shahinam.

Bilsang, shimol Vatandir menga.
Unda oy qam yuz bora ulkan.
Sheroz qancha bo‘lmasin ko‘rkam
Aziz o‘lka Ryazandir menga.
Bilsang, shimol Vatandir menga.

Dalalardan so‘ylaymi senga?
Sochim olmish bug‘doyidan rang.
Barmog‘ingga o‘ra xohlasang,
Zarra og‘riq sezilmas menga,
Dalalardan so‘ylaymi senga?

Oy nur sepgan boshoqlardan ham
Oltin sochim so‘ylasin, dildor,
Kul, o‘yna-yu, dalamni zinhor
Eslatmagin menga, jonginam,
Oy nur sepgan boshoqlarni ham.

Shahinam, o mening Shahinam,
Shimol yoqda bir nozanin bor:
Senga o‘xshar, g‘oyatda dildor
Balki meni o‘ylar ul sanam…
Shahinam, o mening Shahinam.

* * *

Deding: Sa’diy doimo yorning
Siynasidan olarkan bo‘sa.
Xudo haqqi, shoshma, dildorim,
Qochmas axir o‘rganish bo‘lsa.

Deding: — “Qur’on so‘zi azaldan
“Alqasosu minalhaq” tamom!”
Men tug‘ilgan bo‘lsam Ryazanda
Qaydan tanish bo‘lsin bu kalom.

Sen kuylading: “Frot ortida,
Gullar borki, qizlardan go‘zal!”
Voy bo‘lsaydim qo‘shiq bobida
To‘qir edim boshqa bir g‘azal.

Gar qizlardan bo‘lsa ziyoda
Men gullarni kesardim butkul,
To ko‘rmayin yorug‘ dunyoda
Shahinamdan suluvroq bir gul.

O‘git bilan qiynama endi,
O‘gitlaring menga ne darkor?!
Shoir bo‘lib dunyoga keldim,
Shoir kabi o‘paman, dildor.

* * *

Men Bosforda bo‘lmaganman hech,
Uni so‘ylab berolmam senga.
Lekin moviy ko‘zlaring har kech
Dengiz bo‘lib ko‘rinar menga.

Qilmaganman Bag‘dodga safar,
Karvon bilan eltmadim xino,
Ammo bir zum tin olsam netar
Tizzangga bosh qo‘yib, dilrabo!

Shafqat ayla, jonginam, derman,
Ham qilurman qancha iltijo,
Rossiyada mashhur shoirman,
Nechun zarra qilmaysan parvo?!

Kuy taratar qalbimda garmon,
Qaydadir it hurar oydin kech,
Eron qizi, moviy, bepoyon
Yurtni ko‘rging kelmaydimi hech?

Bunda ko‘ngil yezgani emas,
Izlab keldim xayolan seni.
Oqqushqanot qo‘llar har nafas
Og‘ushiga chorladi meni.

Nolishim yo‘q o‘tgan umrimdan,
Ammo horg‘in dil izlar orom.
Dilbar, menga quvnoq yurtingdan
Biror narsa so‘yla bu oqshom.

Afsun bilan tarqat o‘ylarim,
Toki chiksin ko‘nglimdan garmon,
Toki o‘sha shimol dilbarin
o‘ylamayin, kilmayin armon.

Men Bosforda bo‘lmaganman hech,
Ammo so‘ylab berurman senga.
Chunki moviy ko‘zlaring xar kech
Dengiz bo‘lib ko‘rinar menga.

* * *

Za’far yurtga nur to‘kar oqshom,
Bog‘da gullar javlon urgan payt,
Kel, jonganam, kushik, ayt, Xayyom —
Kuylab o‘tgan qo‘shiqlardan ayt
Bog‘da gullar javlon urgan payt.

Oy nuriga g‘arq bo‘lgan Sheroz,
Parvonadek uchar yulduzlar.
Menga yokmas, o‘rtanaman, rost,
Hijob tutsa dilrabo yuzlar,
Oy nuriga ko‘milgan Sheroz.

Qizlar yuzni saklar xijobda,
Issiqdanmi bo‘lib asramoq,
Yo kuymasin derlar oftobda.
Sevsin uchun yigitlar ko‘proq
Qizlar yuzni saqlar hijobda.

Hijob bilan do‘st bo‘lma gulro‘,
Yoz so‘zimni yoding lavhiga,
Umr o‘zi g‘oyat qisqa-ku,
To‘ymoq qiyin tole shavqiga,
Yoz so‘zimni yoding lavhiga.

Qismatlarda ne qarolik bor,
Qolmas bir zum baxsh etsang roxat.
Gunoh bo‘lur shu sabab, dildor,
Bu dunyoda yashirsang tal’at,
Bergach uni ona-tabiat.

Bog‘da gullar tebranar oqshom,
Yuragimda o‘zga bir diyor,
o‘zim senga qo‘shiq. aytay, yor!
Bu qo‘shiqni bilmagan Xayyom.
Bog‘da gullar tebranar oqshom…

* * *

Havo toza, musaffo, zangor,
Gulzor bo‘ldi menga sayilgoh.
Ufqlarga yo‘l olgan sayyoh,
Etolmaysan sahroga zinhor.
Havo toza, musaffo, zangor.

Dalalardan o‘tasan tanho,
Bog‘lar senga ochadi quchoq.
Chinni gulga bo‘lib mahliyo,
Qarshisida cho‘karsan nogoh
Dalalardan o‘tganda tanho.

Shitirlar, yo‘q, shivirlar barglar,
Nafis, go‘yo Sa’diy g‘azali.
Ko‘zlaringga ko‘kning go‘zali —
Oltin oydan yog‘iladi zar,
Nafis, go‘yo Sa’diy g‘azali.

Dil qo‘shig‘ing bastalar pari,
Nay sasidek mayin, dilrabo.
Og‘ushiga olsa ul barpo
Ketar dildan g‘am, hijron nari,
Nay kuylaydi mayin, dilrabo.

Mana, uzoq kezib piyoda
Charchaganning ezgu matlabi:
Esar salqin, xushbo‘i shabboda,
Shimiradi qaqragan labim.
Esar salqin, xushbo‘y shabboda..

* * *

Oy yuzida tillarang jilo,
Sambitguldan taralar xushbo‘y,
Kezmoq na soz quvnoq va xushro‘y
Moviy o‘lka sukuti aro.

Yiroqlarda Bog‘dod. Bir zamon
Shahrizoda yashagan diyor.
Ul sanamga endi ne darkor,
Xazon bo‘lmish jannat guliston.

Ul sharpalar singibdi yerga,
Dev, parilar bo‘lmishdir tuproq,
Bosh egma, ey sayyoh, qabrga,
Arvohlarga solmagin quloq.

Atrofga boq, qanchalar barqut!
Dudog‘ingni tortar chechaklar.
Dushmanga ham do‘stlik qo‘lin tut,
Yorug‘ bo‘lsin ko‘nglim, desang gar.

O‘yna, sendan ne qolur o‘lsang,
Visol aylab ishq boliga to‘y,
O‘liklarga sig‘inmoq bo‘lsang,
Tiriklarni o‘z holiga qo‘y.

Shunday degan Shahrizoda ham,
Barglar aytar yana bir bora,
Bu dunyoda armonsiz odam
Bechoralar ichra bechora.

* * *

Xurosonda bir darvoza bor,
Ostonasi gulga ko‘milgan.
Unda yashar bir pariruxsor,
Xurosonda bir darvoza bor,
Hayhot, uni ocholmadim man.

Qo‘llarimda kuch xam yetarli,
Sochlarimdan oltin rang olgan,
Asir etdi meni ul pari,
Qo‘lda garchi kuchim yetarli,
Ul eshikni ocholmadim man.

Mardligim ne ishq maydonida.
Ayting, kimga qilay sharxi g‘am?!
Sevmas bo‘lsa Shahi jonidan,
Ul eshikni ocholmas bo‘lsam,
Mardligim ne ishq maydonida?!

Yana tushdi Rus sari yo‘lim,
Eron, sendan ketgummi hali.
Naxot, seni boz ko‘rmas bo‘ldim?
Ona-yurtga mehrim tufayli
Yana tushdi Rus sari yo‘lim.

Xayr endi, xayr, parizod!
Darvozangni ocholmasam-da,
Shirin g‘aming birla umrbod
Kuylab o‘tay seni o‘lkamda.
Xayr endi, xayr, parizod!

* * *

Firdavsiyning moviy diyori,
Ko‘pni ko‘rgan ey, ko‘hna diyor!
O‘ychan nigoh, ko‘zi zangori
O‘rusingni unutma zinhor!
Firdavsiyning moviy diyori.

Ajoyibsan, go‘zalsan, Eron,
Lolalaring bamisli chiroq,
Ular menga olis bepoyon.
Bir o‘lkani eslatar harchoq,
Ajoyibsan, go‘zalsan, Eron.

Sipqorurman eng so‘nggi bora
Sharob yanglig‘ mushkin bo‘yingni,
Jonim Shahi, dilbar kuyingni
Ayrilarkan sendan, nachora,
Tinglagayman eng so‘nggi bora!

Kuying mangu qalbimda qolar,
Seni aslo unutmam, jonon!
Tog‘lar oshib, kelib sahrolar
Sen xaqingda kuylayman doston,
Kuying mangu qalbimda qolar.

G‘amlaringdan qo‘rqmasman sira,
Faqat meni saqla yodingda,
Rus haqida bir kuy qoldiray!
Meni esla kuylar oningda,
Qo‘shiq bo‘lib yashay yoningda.

* * *

Shoir bo‘lmoq — bu-ku tayin gap —
O‘z joningni o‘rtamoq faqat.
Xanjar urib nozik taningga,
O‘zgalarga baxsh etmoq lazzat.

Shoir bo‘lmoq — kenglikni kuylash,
Senga ko‘proq bo‘lsin deb oshkor.
Bulbul ko‘ngli bo‘larmi hech g‘ash —
U qiladi bir kuyni takror?!

O‘zgalarning ovozi bilan
To‘tiqush ham biyrondir, ammo,
Kuyla faqat o‘z sozing bilan,
Qurbaqadek bo‘lsa ham hatto.

Qur’onda man etmish Muhammad
Lab urma deb hatto sharobga.
Shoir ichar shuning-chun ham may
Tashlar ekan o‘zni azobga.

Shoir kelib yori oldiga
Yot qo‘ynida ko‘rsa uni gar,
O‘t solsa-da alam qalbiga,
Qiz ko‘ksiga urmaydi xanjar.

Rashkda yonib, ko‘ngilda tug‘yon
Asta kuylab tashlaydi qadam:
“Mayli, o‘lay xoru sargardon,
Taqdirimda bor ekan bu ham”.

* * *

Bir juft oqqush — jonon qo‘llari
Sho‘ng‘ir oltin sochlarim aro.
Bu dunyoda odamlar bari
Ishqni kuylar takror va takror.

Kuylaganman men ham bir mahal,
Bugun yana takrorlar ko‘ngil,
Otash so‘zim boisi o‘shal,
Nafis she’rim sababi ham ul.

Jon-joningga singsa muhabbat
Qalb ko‘ksingda oltin tosh bo‘lur.
Baxsh etolmay kuyga harorat
Tehron oyi ko‘kda fosh bo‘lur.

Qanday yashay endi, bilmayman,
Yo Shahi-la kechsin tunlarim.
Qariganda yo qilay armon
Ishqni kuylab o‘tgan kunlarim.

Har kimda bir o‘zgacha e’zoz,
Har kimda bor o‘zgacha havas.
Gar Eroniy kuylolmasa soz,
Bilingki, u sherozlik emas.

Men haqimda ayting, kimki bu
Kuyim tinglab meni so‘rsa gar.
U bundan ham soz kuylardi-yu,
Xarob qildi o‘shal oqqushlar.

* * *

Nechuk ma’yus taratar ziyo
Oy Xuroson chamanlariga.
Rus bag‘rida kezaman go‘yo
Cho‘mib oqshom tumanlariga.

Shunday deya, ey go‘zal La’lim,
Shamshodlardan ayladim savol.
Bu sir bizga emasdir ma’lum,
Degan kabi boqdi ular lol.

“Ne uchun oy ma’yus sochar nur?”
Chechaklarni tutdim so‘roqqa.
Ular dedi: guldan so‘rab ko‘r
Sahar payti kirganda boqqa.

Gul tebratdi asta shoxini,
Tilga kirib so‘yladi gulbarg,
“O‘zga bilan bo‘ldi Shahina,
O‘pdi bu kech o‘zgani dilbar”.

Dedi yoring: “Qaydan bilar rus,
Qo‘shiq unga ham tanu ham jon”.
Shuning uchun oy boqar ma’yus,
Shuning uchun yuzida yo‘q qon.

Ne jafolar ko‘rmadi olam,
Xiyonatu ko‘z yoshdan xunlar.
Lekin, mayli, har na bo‘lsa ham
Mo‘tabardir nafarmon tunlar.

* * *

Talpinma ko‘p, devona ko‘ngil,
Barchamizdan yuz o‘girmish baxt.
Shafqat tilar gadolar faqat…
Talpinma ko‘p, devona ko‘ngil.

Fusunkor oy kiyib zar libos,
Shu’la to‘kar kashtanlar uzra:
Qo‘yib La’lim siynasiga bosh,
Pardasini tortaman yuzga.
Talpinma ko‘p, devona ko‘ngil.

Biz barchamiz go‘dakmiz bir oz,
Goh ko‘zda yosh, goh labda kulgu,
Bo‘lmish ushbu dunyoda meros
Barchamizga shodlik va qayg‘u.
Talpinma ko‘p, devona ko‘ngil.

Ko‘rganman ko‘p elatlarni men,
Tole izlab kezganman jahon.
Yuragimning ezgu istagin
Endi ortiq qidirmam sarson.
Talpinma ko‘p, devona ko‘ngil.

Umidim bor hayotdan hali,
Tugamagan ko‘nglimda bardosh,
Kel, bir nafas orom ol, qalbim,
Uxla qo‘yib yor ko‘ksiga bosh,
Umidim bor hayotdan hali.

Zora taqdir boshimiz silab,
Saodatga yor etsa bizni,
Tole bulbul ovozi bilan
Allalasa pok sevgimizni.
Talpinma ko‘p, devona ko‘ngil.

* * *

Moviy o‘lkam, quvnoq diyorim,
Qo‘shiq uchun baxshida borim.
Tingla, mayin esgan shabboda,
Bulbul gulni chorlaydi bog‘da.

Kuyga asta bosh egadi gul,
Sado berar bu kuyga ko‘ngil,
Tingla, mayin esgan shabboda
Bulbul gulni chorlaydi bog‘da.

Sen go‘daksan xali, jonginam,
Shoirman-ku, go‘dakman men xam.
Tingla, mayin esgan shabboda,
Bulbul gulni chorlaydi bog‘da.

Kechir meni, aziz G‘oliyam,
Yo‘llaringda gullar ko‘p, sanam.
Senga egar barchasi qomat,
Faqat biri aylar sadoqat.

Shod bo‘laylik, kel biz ham bu kun,
Shunday moviy o‘lka bor uchun.
Tingla, mayin esgan shabboda,
Bulbul gulni chorlaydi bog‘da.

Moviy o‘lkam, quvnoq diyorim,
Mayli, kuyga baxshida borim.
G‘oliyam tinch uxlagan chog‘da
Bulbul gulga she’r o‘qir bog‘da.

HAYoT YO‘LIM

Kemadek sohilga
Kelmoqda umrim,
Yana xotiralar
Chulg‘ar o‘yimni
Kel endi,
Ohista so‘zlab ber,
She’rim,
Bosib o‘tgan hayot yo‘limni.

Tor kulba.
Achimsiq qoramoy isi,
Ko‘hna sajdagoxu
Lipillagan sham…
Qanday soz,
o‘sha ilk bolalik hissi
Yuratamda yashar to shu dam.

Deraza ostida
Alanga — quyun.
To‘qqizdaman.
Kursi, kampir, oq baroq…
Kampir g‘amgin kuylar
Dalalar kuyin
Va esnar, e voh, deb
Cho‘qinar uzoq.

Raqs etardi quyun
Qanotni kerib,
Misli jinlar bazmi —
Qizir gijdu bang.
Shunda imperiya
Qurbonlar berib
Yapon bilan qilar edi jang.

Shunda Rossiyaning
Qora ishlarin —
Bilmasdim.
Bilmasdim — nedir jang, g‘anim…
Ryazan dexqonlari
Don ekkan zamin,
Qo‘ng‘ir tuproq edi
Mening vatanim.

Men faqat dehqonlar
So‘zin eslayman.
So‘kilardi shoxu
Shayton barobar.
Ammo, ajab yo‘qki,
Bunga javoban
Jimgina kulardi
Limu rang sahar.

O‘shanda men ilk bor
Tuzdim qofiya,
Hislar quyunida
Aylandi boshim.
Bir kirib qoldimmi
She’r girdobiga —
Bor dedimu unga
Bor ko‘nglim ochdim.

Olis u yillarni
Eslayman arang.
Bobom, achitmagin,
Derdi, miyani.
Bekorchi ishni qo‘i,
Bordiyu yozsang,
Mana, sulini yoz,
Yoki biyani.

Meni asir etgan
Soxir she’riyat.
Xayol osmonidan
Tushmay zaminga,
O‘ylardim, bo‘lurman —
Mashhur, badavlat,
Ryazanda zo‘r haykal
Qo‘yishar menga.

O‘n besh yoshda bir qiz
Jigardan urdi,
Xayol daryosida
Suzardim maftun.
Der edim, u go‘zal,
Hurlarning huri
Menga xotin bo‘lar
Vaqt kelib bir kun.

Yillar o‘tdi.
Yillar yuzga iz solar,
O‘zgacha ko‘rk berar,
O‘zgacha ziye.
O‘sha xayolparast
Qishloqi bola
Bugun poytaxtda —
Shoiri yakto!

Shoirlik dardiga
Duchor bo‘ldimu
Yurt kezib ko‘ngilga
Izladim taskin.
Na visol shavq berdi,
Na hijron, qayg‘u,
Hayot aldoqlari
Quritdi ashkim.

Rus asli nimadir,
Angladim shunda,
Angladim, nimadir
Sha’n ila shavkat.
Horg‘in yuragimga
Kunda va kunda
Og‘u bo‘lib tomdi
Bitta uqubat.

Mening shoirligim
Bir pul o‘zimga.
Mensiz ham she’rbozning
Urug‘i serob.
O‘lsam haykal qo‘ymang
Ryazanda menga,
Xasta bu ruhimga
Solmang iztirob.

Rossiya… Podsholik…
Qanday bemaza!
Pastkash kitoblarning
“Kamtar” viqori!
Qabul et, Moskva,
Mana, bo‘lmasa,
Senga yana bitta
Dardkash bezori!

Ko‘ramiz!
Kim bo‘lur bu jangda. g‘olib,
Yangradi qishloqning
Sha’n madhiyasi.
Nozik salonlarni
Larzaga solib
She’rim bilan kirdi
Ryazan’ biyasi.

Yoqmaydimi?
Mayli.
Siz-ku Lorigan,
Va gullarga mehr
Qo‘ygansiz faqat,
Bilasizmi, axir,
O‘sha siz yegan —
Oq non axir go‘ngdan
Bitgan ziroat…

Yana yillar o‘tdi
O‘zga iz solib.
Ta’rifiga ojiz
Shoirning gapi.
Yurtda podsholikning
O‘rnini oldi
Ishchilar sinfining
O‘lug‘vor safi.

O‘zga yurtlar aro
Kezmoqdan horib,
Yana qishlog‘imga
Qaytdim, netayin.
Yashil sochlarini
Oftobga yoyib
Menga peshvoz chiqdi
Bir tup oq qayin.

Naqadar ajoyib,
Naqadar suluv.
Bundoq siyna bo‘lmas
Jononlarda ham
Ana, aravaga
Ortishib suli
Menga tomon kelar
Bir necha odam.

Ular meni bilmas,
Men bir yo‘lovchi,
Ana, kampir o‘tdi
Boqmay yuzimga.
Butun vujudimga
Otash qalovchi
Allaqanday bir kuch
Urdi ko‘ksimga.

Nahotki u o‘sha!
Tanimas nahot!
Mayli, o‘taversin,
Bilmasin, mayli.
Boshdan oshib yotar
Mensiz ham kulfat,
Ko‘zlar chuqur botmish
Hasrat tufayli.

Oqshomlar kepkamni
Bostirib qoshga,
(Sovuq nigohimni
Ko‘rmasin deb el)
Ohista boraman
Buloq boshiga,
Bo‘m-bo‘sh dalalarda
Sokin esar yel.

Yoshlik o‘tdi. Endi —
Mehnatga, demak,
Ammo demasmanki,
U yillar qaytsin.
Istagim, bu dalli —
Devona yurak
Endi sozu yetuk
Qo‘shiqlar aytsin.

Quvvat bagishlasin
Yana ko‘nglimga
Yangicha qishloqning
Mehrigiyosi.
Shuhrat keltirganday
Bir zamon menga
Hov o‘sha qadrdon
Rusning biyasi.

* * *

Kel meni o‘p, o‘pa qol
Qonaguncha to labim,
Faqat shodlik va visol
Bu hayotdan talabim.

To‘nkarilgan qadahlar
Bizga emas bazm aro.
Bu dunyoda yasharlar
Faqat bir bor, dilrabo!

Shom pardasi ko‘k, harir,
Falakka bir qil nigoh.
Sariq quzg‘un misoli
Charx uradi ko‘kda moh.

O‘pgin meni, o‘p tezroq,
So‘nayotir hayotim.
O‘sha ko‘kda uchgan zog‘
Sezdi mening mamotim.

O‘lim asli haq ekan,
Mayli, endi o‘layin,
Lek ko‘z yumish oldidan
Lablaringga to‘yayin.

To mangulik uyquda
Yangrab tursin har nafas
Mayin, tiniq, osuda —
“Senikiman” degan sas.

Doim to‘la qadahlar
Sochib tursinlar ziyo…
Bu dunyoda yasharlar
Faqat bir bor, dilrabo!

* * *

Endi qaytmam uyimga,
Men elkezar devona.
Ko‘z tikibdir yo‘limga
Ko‘m-ko‘k o‘tloq yagona.

Unda meni sog‘ingan
Faqatgina qichitqon,
Boshi quyi solingan
Chuchmo‘mai nafarmon.

Oy tepamda yuksakdir,
Shapka otsam yetmaydi.
Qo‘shiq asli yurakdir,
Tug‘iladi — yitmaydi.

Uyga umr so‘ngida
Biz qaytamiz turfahol.
Vujud titroq qo‘ynida,
Yarim murda, yarim shol.

Sening uchun, ey odam,
Ko‘hna maqol aytadi:
“O‘lar chog‘i itlar ham
O‘z uyiga qaytadi”.

Men qaytaman uyimga,
O‘tkinchi bir devona…
Kechalar ko‘l bo‘yida
Yig‘lar o‘tloq yagona.

SINGLIMGA XAT

Bizning Aleksandr
Delvig xaqida
She’r yozgan, madh etib kalla suyagin.
Qanday shirin,
Qanday olis aqida,
Xuddi gulbog‘ yanglig‘ ko‘ngilga yaqin.

Salom senga, singlim,
Salom, assalom.
Qadrdon dalalar salomat bormi?
Ayt, qalay parvarish qilmoqda bobom
Ryazandagi bizning oluchazorni?

O‘sha oluchazor,
Bormi yodingda?
Otam sho‘rlik tinmay qilardi mehnat.
Bir parcha yeridan
Hosil olguncha
Omoch surib qancha chekardi zahmat.

Unga maqsad edi
Kartoshka olish,
Biz bog‘ bo‘lsa derdik,
Bog‘ni kesishdi.
Dilim o‘rtanganin
Aytsin xo‘l bolish,
Bog‘ni kesishdiyu
Bag‘rim ezishdi.
Yodimdadir bayram,
o‘sha so‘lim may,
Sabzalar bezangan,
Gullagan siren,
Oppoq qayinzorni
Quchoqlab tinmay,
Sho‘x xandon maydan ham
Mastroq edim men.

Oh, u oq qayinlar,
Oppoq qayinlar…
Qizlardek sarvinoz, suluv, xushqomat.
Sevmasligi mumkin ularni faqat —
Quvnoq navniholda ko‘rmagan samar.

Singlim!
Naqadar kam hayotda chin do‘st,
Ko‘plardek mening ham
Yuragimda dog‘.
Agar nozik qalbing
Toliqqan bo‘lsa,
Buning soz davosi —
Tinmoq, unutmoq.

Senga achinaman,
Yolg‘iz qolarsan.
Men esam tayyorman
Duelga hatto.
“Baxtlidir jomini ichib bo‘lmagan” .

Va tinglab bo‘lmagan naydan ham navo,
Va lekin bog‘imiz…
O‘sha bog‘ aro
Erka bolalaring o‘ynar ko‘klamda.
Ular o‘ylab qo‘ysa qani bir bor, o
Dalli devonalar
O‘tgan olamda.

* * *

Tong otadi beozor va jim,
Tuman ichra bo‘zarar osmon.
Bugun yana seni esladim,
Mehribonim, munis onajon!

Avvalgidek yana, hoynahoy,
Tepalikka chiqarsan har tun.
Suv ustida halqib turgan oy
Tasviriga boqarsan mahzun.

Qaraysanu o‘yga cho‘marsan,
O‘rtaguvchi dard ko‘ksing aro,
Xayolingda o‘g‘ling bemaskan,
Vatanini o‘ylamas aslo.

Qabristonga borasan asta,
Toshga boqib ko‘rasan kimni?
Xo‘rsinasan mayin va xasta,
O‘ylab aka-singillarimni.

Garchi o‘sdik bezori, chapan,
Qizlar esa may gulisimon.
Lekin xira ko‘zlaring bilan
Buncha g‘amgin boqma, onajon!

Etar kulfat, yetar g‘am, alam,
Tushun hayot aldoqlarini.
Ma’yus qolur hatto daraxt ham
Yo‘qotganda yaproqlarini.

Noyoblik bor quvonchda, baxtda,
Visoldan ko‘p hayotda firoq.
Chirigandan ko‘ra daraxtda
Shamollarda yongan yaxshiroq.

* * *

Seldek toshar chumchuq suroni,
Kecha oydin, kecha musaffo.
O, qanday soz, qanday dilrabo!
Kecha oydin, kecha musaffo,
Kuyga ko‘mib borliq dunyoni,
Seldek toshar chumchuq suroni.

Oy shu’lasi misli bir daryo,
Urgim kelar unga ko‘kragim.
Shunday tiniq, moviyki havo,
Sira tinchlik bilmas yuragim.
Oy shu’lasi misli bir daryo,
Urgim kelar unga ko‘kragim.

Yor, senmi bu? Adashdimmi yo?
Shirin labing dardimga davo.
Shirin labing bo‘lsa bir chashma,
Dilbar, ko‘nglim bo‘sangga tashna.
Yor, senmi bu? Adashmadimmi ye?
Gul bo‘ldimi qarshimda paydo?

Taqdirimda, bilmayman, ne bor.
Dilim o‘rtab, bir lahza tinmay,
Qaylardadir yig‘lar xasta nay.
Men-chi, boqib nilufarga, yor —
Siynasini qilurman xayol…
Qaylardadir yig‘lar xasta nay,
Taqdirimda, bilmayman, ne bor…

* * *

Singlim Shuraga

Bu dunyoda men bir yo‘lovchi,
Shodon menga qo‘l silki, erkam.
Xuddi shunday tinch, erkalovchi
Ziyo to‘kar kuz fasli oy ham.

Isinurman oyning taftiga,
Ilk bor uyadan orom olar jon.
Allaqachon so‘ngan sevgiga
Umid bog‘lab yashayman hamon.

Bunga bois — shu makonimiz,
Shu yer — oppoq, sho‘r manglay turbat,
Qaylardadir toptalgan nomus,
Kimlargadir qadrdon g‘urbat.

Yashirmayman, har kim ham bilar:
Boshqa-boshqa emas, jon singlim,
Ikkimiz ham bir sevgi bilan
Shu vatanga qo‘yganmiz ko‘ngil.

* * *

Lablaringni burma, menga qilma tamanno,
O‘zgadadur mening ko‘nglim, sendamas aslo.

Atay sening derazangga egilganim yo‘q,
Seni izlab kelganim yo‘q, tikilganim yo‘q.

Zor emasman senga, faqat bu oqshom bexos
O‘ta turib boqqim keldi darchangdan, xolos

* * *

Dalalar oq kiygan, oqargan oy ham,
Kafanga o‘ralib yotibdi o‘lkam.
O‘rmonlarda yig‘lar oq qayinlar jim,
Bu yerda kim o‘lgan? Balki men o‘zim?..

* * *

Shoir, tun qo‘ynidan nima izlading,
Chiqdingmi oyga she’r bitmoq o‘yida!
Ko‘pdan xira tortmish mening ko‘zlarim
Muhabbat, kartayu sharob ko‘yida.

Ko‘k uzra suzadi sokin oymoma,
Shunchalar oydinki, tinadi nigoh,
Men toppon xotinga tikkandim, ammo
Sho‘rimga tuz qarg‘a chiqibdi, e voh!

* * *

Boqma menga buncha g‘azabkor,
Seni yomon ko‘rmasman aslo.
Bil’aks, sening nozli, beozor
Nigohingga bo‘lganman shaydo.

Ko‘rsatmoqchi bo‘larsan o‘zing —
Bir ma’suma, hech yo‘q gunohi.
Yumib yotib tulki ham ko‘zin
Quzg‘unlarni ovlaydi gohi.

Kel, ovlayver, baribir menga,
Erta sovib qrlma har qalay.
Balki, muzlab bo‘lgan ko‘nglimga
Qo‘l cho‘zganlar umrimda talay.

Ha, sevaman, senimas ammo,
Sen — aks-sado, soyasan faqat.
Doim sening chehrangda paydo
Moviy ko‘zli men sevgan tal’at.

U ko‘rinmas ma’suma bo‘lib,
U hattoki bir oz sovuqroq.
Lek ulug‘vor xiromi ila
Solib qo‘yar qalbimga titroq.

Qani, uni unutsam bir dam,
Intilmasam bir lahza, qani…
Sen-chi, hatto g‘azab chog‘i ham
Tashlamassan yolg‘on ishvani.

Seni sevmam, lek netay, e voh,
Ochadirman bag‘rim umrbod.
Bo‘lmasaydi jannat va do‘zax,
O‘ylab topar edi odamzod.

* * *

Xayr endi, xayr do‘stginam,
Bag‘rimdasan, ko‘ngil malhami.
Muqarrar bu ayriliqning ham
Visoli bor oldinda hali.

Xayr, do‘stim, so‘zga ochma lab,
Qo‘y, men uchun o‘rtama bag‘ir,
Bu hayotda o‘lmoq-ku bor gap,
Yashamoq ham yangimas, axir!

Erkin Vohidov tarjimasi

* * *

Qish kuylaydi uvillab,
Mudraydi paxmoq o‘rmon
Qarag‘ay kuyin qutlab.
Qayg‘udan har yon to‘zib,
Olis yurtlarga suzib –
Borar qorli bulutlar.

Hovli uzra izg‘irin
Yoyar ipak gilamin.
Sovuqdan dillar zada.
O‘yinqaroq chumchuqlar –
Misli yetim jujuqlar,
Yopishar derazaga.

Sho‘rlik qushchalar titrab,
Och va horg‘in dildirab.
Mahkamroq suqilishar.
Bo‘ron esa quturib,
Darichalarni urib,
Battar g‘azabi toshar.

Nozik qushchalar esa,
Qor-quyun ichra muztar,
Oyna ostida mudrar.
Ular tushiga kirar –
Kundek kulgulari zar,
Ajib va go‘zal bahor!
(1910)

TUN

Toliqqan kun tiz cho‘kdi tunga,
Tindi shovqin mavji birpasda.
Quyosh botdi va borliq uzra
Suzib chiqdi o‘ychan oy asta.

Vodiy tinglab sokin tin olar,
Jilg‘alarning shildirashidan.
Qalin o‘rmon bosh egib mudrar,
Xushxon bulbul chuldirashidan.

Qo‘shiq tinglab, o‘z qirg‘og‘iga
Erkalanib shivirlar daryo.
Suv tubidan, sho‘x qamishlardan –
Taraladi bir dilbar navo.
(1910–1912)

* * *

Qorong‘u tun, uxlolmay
Chiqdim daryo bo‘yiga.
Kamarin yechar chaqmoq
Ko‘pirgan suv ro‘yiga.

Do‘nglikda qayin – bir sham,
Kumush bezar oy tig‘in.
Chiqqil, jonginam sen ham,
Tingla guslyar qo‘shig‘in!

Sevib qoldim, bir ko‘rib
Suluv qiz, jamolingni.
Raqs etib, olib otgum –
Boshdan to‘r ro‘molingni.

Seni quyuq o‘rmonda
Mayin tunda, rosti gap.
Tonggacha olib qochgum
Qiyaliklar ostiga.
(1911)

QO‘ShIQQA O‘XShATMA

Sen otingni yetaklab, sug‘ording hovuzchadan,
Chayqalar suvda nozli qayinlar – kumushbadan.

Derazadan qarading boshingda moviy ro‘mol,
Jingalak sochlaringni ilondek avrar shamol.

Ko‘pikli suv oqimin jilosin topgim kelar,
Sening ol lablaringdan sipqorib o‘pgim kelar.

Ammo menga sen nozli kulgularingni sochib,
Suvlig‘in jiringlatib, ot minib ketding qochib.

Uzdi vaqt tig‘i oxir yorug‘ kunlar ipini…
Dafn etmoqchi bo‘ldilar darcha yoniga seni.

Janozangda yangragan oh-faryodu yig‘ilar,
Yuragimdan otilgan bir oh bo‘lib tuyular.
(1910)

* * *

Daryo qo‘ltig‘i uzra sho‘x qamishlar shovullar,
Sohilda malika – qiz nechundir yum-yum yig‘lar.

Taxmin qilar go‘zal qiz, g‘amlar oqib qalbidan,
Parchalanar gulchambar to‘lqinlarning zarbidan.

Oh, bahorda turmushga chiqma edi, – deb, qizjon!
Qo‘rqitar o‘rmon irim-sirimlari-la bu on.

Oq qayinning po‘stlog‘in kemirishib, yeb chunon,
Qizning hovlisidagi sichqonlar qolgay omon.
Otlar urishar, shahd-la silkib yol-kokillarin,
O, tim qaro sochlarni yoqtirmas uy jinlari.

O‘rmondan elas-elas ladanning hidi kelar,
Shamol qo‘ng‘iroqlari motam qo‘shig‘in kuylar.

Qirg‘oq bo‘ylab borar jim qayg‘uli qiz – gulbadan,
Mayin ko‘pik to‘lqinlar to‘qishar unga kafan.
(1914)

* * *

Oq sirenlar qor-la to‘kilar,
Gul va shudring uzra sabzalar.
Novdalarni cho‘qib dalada
Kuymalanib yurar qarg‘alar.

Mayin o‘tlar egilib, anqir –
Qarag‘ayning qatronli hidi.
Ey, siz o‘tloq, emanzor bog‘lar,
Aqlim olmish ko‘klam umidi!

Quvontirar sirli mujdalar,
Yorishadi qalbim shunchalar,
Men qallig‘im haqda o‘ylayman,
O‘ylaymanu qo‘shiq kuylayman.

Oq shumurt, sen to‘kil qor bilan,
Qushlar, kuylang o‘rmon uzra keng!
Qor qoplagan dalalar bo‘ylab,
Qo‘shiq ila gul ulashgum men.
(1910)

* * *

Ona yurtim!
Qalbim qarog‘i,
Quyosh o‘ynar sho‘x soylaringda.
G‘oyib bo‘lib ketgim keladi
Jarang sozli o‘tloqlaringda.

Razeda va javdar bo‘tqasin
Hidin har yon sochar shamollar.
Jiringlatar qo‘ng‘iroqchasin
Pakana bo‘y rohiba – tollar.

Botqoq chekar bulutni puflab,
Qurum bosmish osmon gardishin.
Xayollarim dilga sir aylab,
Yashirmishman bilmam kim uchun…

Uchrashaman hanuz, soz menga –
Jonu dildan quvonmay nechun?!
Kelgandirman men bu zaminga,
Uni tezroq tark etmoq uchun.

* * *

Kuylab borar yog‘och arava,
Do‘ngligu butalar yugurar.
Yo‘lda yana ibodatxona
Va yodgorlik xochlari turar.

Sulizordan esganda shamol
Og‘rir sog‘inch dardidan dilim.
Qo‘ng‘iroqlar chalingani on
Beixtiyor cho‘qinar qo‘lim.

O, Rus – malinazor dalalar,
Va daryoga yiqilgan osmon.
Suygum quvonch, qayg‘ularim-la
Ko‘llaringni sog‘inib har on.

O‘lchab bo‘lmas sovuq qayg‘ungni,
Sen tumanli qirg‘oqlardasan.
Ammo seni sevmay yashashni
Men o‘rgana olmagum, bilsang…

Chorlaganda qadrdon cho‘llar
Duogo‘y gul-giyohlari-la.
Bu tuyg‘uni hech kimga bermam,
Va ayrilmam men undan sira.
(1916)

* * *

Ryabinalar qizarib,
Suvlar moviy tus oldi.
Oy – ma’yus otliq shoshib
Yana tizginsiz qoldi.

Suzib chiqdi bog‘lardan
Ko‘k oqqushlar galasi.
Sochib qanotlaridan
Mo‘jiza silsilasin.

O‘lkam mening, jon o‘lkam,
Abad mungli, zahmatkash!
Tol ostida Volgaday –
Boshing egikdir yakkash.

Tur endi, shifo keldi,
Spas2 ayyoming kezar!
Oqqushlarning qo‘shig‘i
Kamalak ko‘zin bezar.

Kunbotar qurbonlikka
Go‘yo bor aybin yuvar.
Muzdek esgan yellardan
Namchil qor hidi kelar.

Lek titroqlaring dilda
Iliqdan iliqdir-ey!
Yomg‘irda seni eslab,
Bu men – Yesenin Sergey.
(1916)

* * *

Qaydasan, qaydasan, ota uy,
Elkamga ilk oftob tekkan joy.
Ey, mening moviy gul, gulbog‘im,
Hech tengi yo‘q aziz tuprog‘im,
Qaydasan, qaydasan, ota uy?

Daryo ortda qichqirar xo‘roz,
Bunda cho‘pon qo‘rir podasin.
Suv yuzida shu’lavor aksi –
Uchta olis yulduz shodasin.
Daryo ortda qichqirar xo‘roz.

Qanotli bir tegirmondir vaqt,
Oy kapgirin tushirar pastlab,
Qishloq orti, g‘allazor uzra
Shaffof yomg‘ir quyar soatlab.
Qanotli bir tegirmondir vaqt.

Bu yomg‘ir bor o‘qlarin yo‘llab,
Bulutlar-la kulbamni o‘rab,
Moviy gulim uzib otgaydir,
Oltin tuprog‘imni toptaydir,
Bu yomg‘ir bor o‘qlarin yo‘llab.
(1917)

* * *

Ilk qor bo‘ylab kezinaman jim,
Qalbda ishqning marvaridguli.
Moviy tunda yulduzlar sim-sim,
Shu’la sochib yoritgay yo‘lim.

Nurmikan bu va yoki ro‘yo?
Kuylayotgan shamolmi, qushlar?
Dalalarga qish emas, go‘yo
Galalashib qo‘ngan oqqushlar.

Buncha yaxshi qorli kengliklar
Muz yel qizdirgaydir tanimni!
Va bag‘rimga bosgim keladi
Oq qayinning ko‘kraklarini.

O, o‘rmonning mudroq etagi,
Qorli qirlar, siz buncha sho‘x-sha’n?!
Entikkancha quchgim keladi
Yog‘ochbadan tollar belidan.
(1917)

* * *

Singlim Shuraga

Senday suluv qiz yo‘q dunyoda,
Faqat buni qalbga yashirdim.
Mening yaxshi alamim shulki,
Senda takrorlanar yoshligim.

Bo‘tako‘zgul, go‘zal so‘zimsan,
Seni suyib o‘tgum umrbod.
Ne xabar bor sigirimizdan,
Somon kavshab yurganmikan shod?

Bir kuylab ber, menga, azizam,
Orom olay go‘dakdek mudrab.
Yonib ketmabmikan ryabina –
Oq gul sochib hovlimiz uzra?..

Nedan kuylar bechora onam,
Men qishloqni butkul tark etdim.
Bilganim shu – sovuq bo‘ronlar
Bizni bargday uchirib ketdi.

Bilamanki, sen va men birga,
Birga quvonch-g‘amlarimiz ham.
Baxtsiz kelin haqda itimiz
Darvozada uvillar bu dam.

Lek,baribir, qaytmoq shart emas,
Hali fursat bo‘lgan yo‘q, jonim.
Mehrim, qayg‘um, quvonchimdir, bas,
Sening ryazancha ro‘moling!
(1925)

Rus tilidan Zikrilla Ne’mat tarjimasi