Marina Svetayeva (1892-1941)

Rus she’riyatida betakror ovozga ega bo‘lgan shoira Marina Svetayeva 1892 yili Moskva shahrida tavallud topdi. Uning otasi adabiyotshunos olim Ivan Vladimirovich Svetayev Moskva universitetida dars bergan va Pushkin nomidagi San’at muzeyiga asos solgan edi. Onasi iste’dodli musiqachi bo‘lib, Rubinshteyn qo‘lida tahsil olgan. Yosh Marina bolaligidayoq nemis va frantsuz tillarini bilgan, 6 yoshidan she’rlar yoza boshlagan.
Uning ilk she’riy to‘plami – “Oqshom albomi” 1910 yilda chop etiladi. Yosh shoira unga kirgan she’rlari bilan V.Bryusov, M.Voloshin, N.Gumilyovlar nazariga tushadi. Keyin uning “Sehrli chiroq”, “Ikki kitobdan she’rlar” to‘plamlari dunyo yuzini ko‘radi.
M.Svetayeva 1912 yili oqgvardiyachi ofitser S.Efronga turmushga chiqadi.
Shoira Oktyabr inqilobini nafaqat anglab yetmaydi, qabul qilmaydi ham. Eri esa xorijga ketib, muhojir aksilinqilobchilarga qo‘shiladi. Bu davrda M.Svetayeva og‘ir qashshoqlikda kun kechiradi. Boshiga tushgan bemisl azob-uqubatlar tufayli norasida qizidan judo bo‘ladi.
Shoira qalbidagi kuchli muhabbat eri ortidan borishga undaydi va u Vatanni tark etadi.
Ularning oilasi 17 yil davomida muhojirlikda yashaydi. 1939 yilda Vatanga qaytishga muvaffaq bo‘ladilar. Biroq katta umidlar-la yurtga qaytgan eri oliy jazoga hukm qilinadi. Qizi qamoqqa olinadi. Yaqinlaridan ayrilgan shoira voyaga yetmagan yolg‘iz o‘g‘li Georgiy bilan qoladi.
Urush boshlangan paytda u o‘g‘li bilan Kama daryosi bo‘yidagi Yelabuga shahriga evakuatsiya qilinadi.Tirikchilik uchun ish topish u yerda shoiraga nihoyatda qiyin kechadi.
Uning 1941 yil 26 avgustda, meni bufetga idish yuvuvchi qilib ishga olishingizni so‘rayman, degan arizasi arxivda saqlanib qolgan. Turmush mashaqqatlaridan behad charchagan shoira 31 avgustda o‘z joniga qasd qiladi.
Shoira vafotidan keyin – bir necha o‘n yillar o‘tgach, Yevgeniy Yevtushenko M.Svetayeva haqida shunday yozgan edi: “Ulkan iste’dod sohibasi M.Svetayeva she’r qurilishini isloh qilish borasida Pasternak va Mayakovskiy bilan birgalikda ko‘p yillar oldinga ketgan shoirdir. Uni hamisha o‘ziga maftun qilib kelgan Axmatova esa an’analarni o‘zida mujassam etganligi tufayli yuksak maqomga erishgan bo‘lsa-da, Svetayeva yuqorida ta’kidlangan jihatiga ko‘ra Axmatovadan baland turadi”.
Tashqi dunyo bilan murosa qila olmagan va hayotda ro‘shnolik ko‘rmagan ulug‘ shoiradan ko‘plab teran va yorqin asarlar qoldi. Bu ijodiy merosni lirik she’rlar, o‘n yetti doston, sakkiz she’riy drama, esdaliklar, tarixiy-adabiy asarlar hamda badia va falsafiy-tanqidiy maqolalar tashkil etadi.

* * *

Sevgi! Talvasada, tobut qa’ridan
Tortinib, intiqib, talpingum quvnoq!
Sevgi! Go‘r labida, bulut bag‘rida
Turib ham, demasman senga alvido
Berilmagan axir, juft o‘t qanotlar
Yursin deb yurakka ortib g‘am yukin.
Yo‘rgakli, ko‘zyumuq, bezabon zotlar
Nufuziga qo‘shmam yana bir yupun.
Qo‘llarim qutqarib, rostlayman qaddim,
Ishq! Seni o‘limdan saqlayman omon.
Men unga o‘t qo‘ysam ming-ming chaqirim
Erlarda qor qaynab, yonadi o‘rmon!
Lekin qanotlarim, kiftim, tizlarim
Bukib shum hukmiga bera qolsam tan, –
Bu – o‘lim ustidan kulib, ezganim,
Bu – men she’r bo‘lganim, bo‘lganim gulshan.
Kecha termularding hali ko‘zimga,
Bugun qaylardadir kezadi nigoh!
Kecha qush turguncha bo‘lding o‘zim-la,
Bugun hamma to‘rg‘ay – naq qarg‘a siyoq.
Men chunon nodonman, sen esa dono,
Sen tirik, men jonsiz dong qotib qoldim.
Zamonlar ayolin dodi bu sado:
“Jonginam, men senga ne qila qoldim?”
Ayol ko‘z yoshi – suv va qoni ham suv,
Qonda va ko‘z yoshda cho‘mildi ayol.
Sevgi ona emas, o‘gay ona u,
Hukm va tarahhum kutmak xomxayol.
Kema olib ketar sevgilimizni,
Ularning yo‘llari nurafshon doim.
Faryodimiz tutar yerning yuzini:
“Jonginam, men senga ne qila qoldim?!”
Hali kechagina yotib poyimda,
Xitoy hoqoniga etganding qiyos.
Birdan ikki qo‘lim qoldi yonimda,
Zanglagan chaqaday sochildi hayot!
Farzandin qatl etgan bir jallodsimon
Suddaman: nosuyak, jur’atsiz, muzlim.
Men do‘zaxdan senga chekaman faryod:
“Jonginam, men senga ne qila qoldim?!”
So‘rayman stuldan va karavotdan:
“Nechun shuncha azob, shunchalik toqat?”
Va javob olaman: “To‘ydi o‘pmakdan,
O‘zgani o‘pmak-la etmoqchi badbaxt”.
Otashda yashashga o‘zing o‘rgatding
Va muz sahrosiga so‘ng otding jismim.
Mana, ne kunlarga solding, ne qilding,
“Jonginam, men senga ne qila qoldim”
Men barin aytaman, qilma e’tiroz,
Boz ko‘zim ochildi. Emasman jazman,
Qayerda chekinsa muhabbat shu xos
Hukmin boshlar ajal atalmish bog‘bon.
Olma shoxlarini silkitmoq nechun
Pishib yetilganda tushar o‘zi jim.
– Meni kechir, bari, barchasi uchun:
Jonginam, men senga ne qila qoldim?

Zulfiya tarjimasi

* * *

Sharobingga aralashtirdim
Kuydirilgan soch tolalarin,
Toki iching kuydirsin g‘amim,
Toki jo‘shsin dil nolalaring.

Toki yoshlik bo‘lsin ko‘zyoshlik,
Toki asal aylasin kasal.
Toki tunda yoshgina yoring
Tinglamasin fig‘onu zoring.

Oltin kabi cochlarim rangi
Aylangandek kulga beomon,
Yoshligingning bokira tongin
Qorlar bossin,bossin qahraton.

Toki ko‘r bo‘l – zulmatga to‘lgin,
Toki o‘tdek qurigin,so‘lgin,
Toki so‘nggi nafasday o‘lgin.

MUHABBAT

Tig‘mi? O‘tmi?
Yo og‘uli taft?
Yoki alam, mungli o‘rtanish?

Yo‘q,u dard,
Shunday bir dardkim,
Ko‘zimga kaft,
Labga bolam ismidek – tanish.

Rus tilidan Xurshid Davron tarjimalari

VATAN

Buncha qaysarsan, zabon!
Mendan oldin ham dehqon:
— Rossiya, vatanim, — deb
Kuylashni qilgan-ku ep.

Kaluga qirlaridan
Yurtga boqardim har dam.
Endi olis maskanim,
G’arib elim, vatanim.

Olislik — bitmas yaram,
Topilmas unga malham.
Qayga borsam ko‘ksimda
Yo‘l bosar o‘zim bilan.

Yaqinni yiroq qilgan
Olislik kirib tilga:
«Uyga qayt», — der tinimsiz,
To‘rt yonim, hatto yulduz.
Men boshimni bekorga
Urarmidim devorga?
So‘nggi yo‘lga ketar dam
Ikki qo‘lsiz qolsam ham
Boshim yotgan kundaga
Lablarimda yozaman:
«Qaddingni rostla, bag‘rim,
Vatanim, mening faxrim!»

* * *

Men qog‘ozman qalaming uchun,
Nima bitsang aylayman qabul.
Boyligingni asrayman butun,
Qaytaraman ko‘payganda ul.

Men qishloqman va qora tuproq,
Sen boshimda yomg‘ir, nur — olmos.
Sohibimsan, yana sen Olloh,
Men qora yer, oq qog‘oz, xolos.

* * *

Oxirat kitobida
Ayol uchun ishq — gunoh.
Uning «Sevgi san’ati»
kitobi — butun tuproq.

Yurak — ishqning sharobi,
Yaxshidan — yaxshi sharob.
Ayollar yo‘rgakdanoq
Birovga gunoh, azob.

Qo‘y osmonni, uzoq u,
Erdagi lablar yaqin.
Ayolmassan, bilmaysan,
Bizni qarg‘ama, tangrim.

Qutlibeka Rahimboyeva tarjimalari

***

Kimdir kelar — o‘lim g‘alabasiga.
Daraxtlarda — kibr, foje qayrog‘i.
Iudalar — qonli qurbonlik raqsi!
Daraxtlarda — tilsiz sirlar titrog‘i.

Bu — asrga qarshi isyon, suiqasd:
O‘lchovlar, hisoblar, vaqt, kasrlar.
U yeri — bu yeri yirtilgan parda:
Daraxtlarda — qotib qolgan qabrlar.

Kimdir kelar. Osmon — yo‘l ibtidosi.
Daraxtlarda — baxtning yo‘q intihosi.

***

Quyosh — yagonadir, shahar kezadi,
Quyosh — menikidir. Hech kimga bermam.
Na lahza, na nigoh, na nur sezadi —
Quyoshni bermayman. — Hech kimga. Hech dam.

Zulmatlarda so‘nsin shaharlar, mayli,
Quyosh — qo‘limdadir! Quyoshsiz ochun!
Yondirgum — qo‘lulab, yuragim — dalli!

U yo‘ldan adashsa eng qorong‘u tun
Elaman izma-iz… Quyoshim mening
Hech qachon hech kimga bermayman seni!

***

Yoningga kelaman, raqibam, u tun
Xuddi hozirgiday nurga to‘ladi.
Hovuzda baqalar dodlar betutun,
Ayollar og‘riqdan telba bo‘ladi.

Men — asr tug‘yoni iylagan hur sas —
Rashkli kiprigingga to‘kilaman jim.
Aytmoqchi bo‘laman, men — odam emas,
Tushman — ro‘yolarga aylangan qonim.

Aytmoqchi bo‘laman, — yupanch ber, shaffof
Yuragimga kimdir mixlar qoqmoqda!
Aytmoqchi bo‘laman, — shamol hali sof,
Olovli yulduzdan shu’la oqmoqda…

***

Men — mahbusa. Sen esa — soqchi.
Sendan ortda qolib bo‘lmaydi.
Taqdir bitta — bo‘m-bo‘sh, aldoqchi
Safsataga bo‘shliq to‘lmaydi.

Tabiatim yuvvosh, muloyim!
Nigohlarim yorqin! O‘tinchim —
Huv, qayinga qadarlik bir zum
Sayr etmoqqa izn ber, soqchim!

***

Bemahal qo‘zg‘almas kema,
Bulbul bevaqt kuylamas bildim.
Men qanchalik yashash istamay,
Oh, shunchalik o‘lgim ham keldi!

Bolalikda bo‘lgani kabi
Terlab chiqdim loto o‘ynidan.
O‘z baxtiga ishonmas ko‘ngil,
Dunyolar bor dunyo qo‘ynida.

***
Dilni mehr bilan chulg‘aydi xayol,
Tez orada meni chorlasa yiroq,
Kimga qolar ekan — qalin jun ro‘mol,
Bo‘rining mo‘ynasi, ixcham qo‘ltayoq…

Feruzarang kumush bilakuzugim,
Kimning nasibasi… Jami yozuvim,
Gullarni asrashga toqat qilar kim…
Eng so‘nggi qofiyam — eng so‘nggi tunim!

***

Na o‘y, na zor, na qizg‘in bahs,
Na orombaxsh uyqum bor.
Na kun, na oy va na dengiz,
Na kemaga orzum bor.

Na devorlar, yashil bog‘lar
Hidin sezar tuyg‘um bor.
Na kutganim — qaynoq chog‘lar
Tuhfasini tuygum bor.

Quvontirmas tong va tunlar,
Tramvaylar yelishi.
Yashayapman — unut kunlar,
Vaqt va asr kelishi.

Tuyular, men — kichik raqqos,
Zanjiri uzik mastman.
Qorong‘u oy ichra hassos,
Mag‘rur xayolparastman.

***

Juda erta tug‘ildi she’rlar,
Esimda, ularga qalbim berganim.
Bamisli favvora tomchilar, nurlar
Bilmagan ekanman shoir ekanim.

Sajdagohga kirgan iblis singari,
Yoshlik ila o‘lim beun jo‘shadi.
Oromli, isiriq hidli go‘shada
Hali o‘qilmagan she’rlar jangari

Mittiday do‘konda chang bosgan g‘amnok!
(Uni hech kim olgan emas va olmas!)
Bebaho dardlarim — she’rimning olmos
Davri kelgusidir shodumon va pok.

***

Do‘ngliklarda yugurar so‘qmoq
Jajji — jajjm oyoqlar bilan.
Oka oqar sokin, erinchoq
Uyqudagi o‘tloqlar bilan.

Qo‘ng‘iroqlar jaranglar, zarb-ku
Shoshiladi zarba ortidan.
Borliq kuylar edi eng ezgu
Bolalikning xotirotidan.

Tonglar jannat, choshgohlar jannat,
Lovullagan ufq — ohlar jannat!
Yarqiragan shamshirlar – surat,
Qasrlarni qulflar sukunat.

Bari qayga ketdi aftoda?
Oramizda to‘siq bor – nedir?
Gulpushtaning o‘tinchi — boda,
Tushdagiday chayqalar og‘ir…

***

Menga yoqar, bemormassiz men bois,
Menga yoqar, bemormasman siz bois.
Menga yoqar, og‘ir zaminning shari
Poyimizda oqib yotmas sarsari.

Menga yoqar, bo‘lmoq mumkin kulgili,
So‘zlar o‘yinisiz yashamoq mumkin.
Qo‘llar qo‘lga nogoh tekkan mahali
Qizartira olmas dimiqqan to‘lqin.

Menga yoqar, ko‘zim oldi — qarshimda
O‘zgalarni qucha olasiz sokin.
Sizsiz yashaganim haqqi, arshimda
Menga mo‘ljallamang jahannam o‘tin.

Azizim, ismimni yodlash yodida
Yashamang na kunduz, na tun — befoyda…
Cherkovning ulug‘vor sukunatida
Kuylanmas biz uchun — alliluyya!

Meni sevganingiz uchun bilmasdan,
Sizdan minnatdorman yurak, qo‘l bilan.
Mayli, sevib yashang, — tun, orom haqqi,
Quyosh kulmagan kun, olis shom haqqi;

Kunbotargi go‘yo nogoh vaslimiz,
Sayrimizga zor oydagi g‘am haqqi…
Bemormasman faqat siz bois — hayhot!
Bemormasman faqat siz bois — hayhot!

***

She’rlar o‘sa boshlar yulduzli, gulday.
Qaydin oqib kelar menga bu shu’la?
Tojlar, tantanalar so‘ylar bir tilda,
Yuragim to‘liqar, to‘lg‘in ashula.

Tushimda yorilib ketadi toshlar,
Ko‘kdan nur yog‘ilar barg nafasida.
Dunyo, ishon! Kuychi tush ko‘ra boshlar
Yulduz shu’lasida, gul shevasida.

DON JUAN

Tumanli tongda uzoq
Bo‘zlaydi shamol, bo‘ron.
Bu qor mayin, qor oppoq,
Yotar unda Don — Juan.

Favvoralar sukutli,
Na yulduz, na yorug‘ bor.
Hoch yarqiraydi o‘tli
Majnun ko‘ksida bedor.

Bu qorong‘u ro‘yoni
Yoritay deb atayin
Keldi yuragim — tun — tug‘.
Yuragim — bir hovuch cho‘g‘,
Yuragim — tunday ochiq!

Olis yurtdan siz bilan
Ishq to‘la dilbar daftar
Yonimga keldi, uxlang,
Uxlang, Don — Juan! Yetar…

***

Bahs boylasha — boylasha.
Kuylay — kuylay tolar til.
Meni alday — alday Vaqt
Allalar — oromda dil.

Ko‘zlarim yumsam asta
Qayrilar kipriklarim.
Tushimga kirar qushlar,
Daraxtga bitiklarim.

***

Oqshom cho‘kayotir ulkan shahrimga,
Mudrayotgan uydan chiqib ketaman.
Odamlar o‘ylashar — ayolmi, qizmi,
Hayolim o‘g‘risi — tunga yetaman.

Yo‘limni supurar iyul shamoli,
Qaydadir kuy yangrar elas va elas.
Oh., tongga qadarlik bu mayin havo
Bag‘riga bosadi ko‘ksimni besas.

Ko‘rinar qora tol, derazadan nur,
Baland minorlarning qo‘ng‘iroqlari.
Qo‘lda gul, qushdan ham yengil qadamlar,
Ularga singiyman soya singari.

Tilla iplar kabi yonadi olov,
Yaproqlar hididan behushman, behush.
Kunduzgi tashvishlar, tinch qo‘ying meni,
Do‘stlarim, tushuning, bir tushman, bir tush.

***

Ko‘zingga singigan moviy ko‘kka boq,
Hayqirging keladi: — Momoqaldiroq!

Yo‘lovchi o‘tmoqda, qalbingda sezgi,
Ayqirib oqqisi keladi: — Sevgi!

Sovuq oqimlarni yoraman tong payt,
She’r bo‘lib to‘kila boshlayman: — Hayrat!

QALB VA ISM

Davra olovlanar, bu o‘t taftidan
Isiyin demaydi, to‘lmaydi bag‘rim.
Ko‘zimda yastanib yotadi kenglik,
Sen uni dengiz deb atagil, tangrim!

Boshni aylantirib yuborar raqslar,
Meni tashlab ketay demas sog‘inchim,
Shu sog‘inchlar soldi qalbimga otash,
Ularga dengiz deb nom bergil, tangrim!

Olov bo‘lib kuylar afsungar davra,
Yoniqib chorlaydi, tortmas oyog‘im.
Yurak yo‘lga tushdi, yo‘l esa olis,
Yo‘limga dengiz deb ism qo‘y, tangrim!

DEKABR VA YaNVAR

Sevinch tug‘di dekabr tonggi,
Lahzada kechadi
Umri ilk baxtning.

Yoshartirib ketgay yurakni bu baxt!
Qayg‘usi bor yanvar tonggining,
Umri uzun hasrat.

Ta’mi taxir, achchiq bu g‘amni
Totdim ilk bora!

Oygul Suyundiqova tarjimalari


QIShDA

Qo‘ng‘iroq saslari ko‘ngilga ko‘char –
Yangrar nolakor…
Oramizda bordir bir necha ko‘cha,
Bir necha so‘z bor.

Shahar mudray boshlar oromni istab,
Oy chiqar yangi.
Qorlar yulduzdayin bezar ohista
Sening yoqangni.

Hali so‘nmadimi dilda hasrat-oh?
Tokay bu g‘am-zor?
Yangi tuyg‘ular-la chaqnagan nigoh
Yondirar takror.

Qog‘ozga oshna qalb ardoqlar jondek
Bu ko‘zlar cho‘g‘in.
Qirov oqartirar xuddi kamondek
Kipriklar o‘qin…

Devorlar ortida qo‘ng‘iroq o‘char,
Yangrab nolakor.
Oramizda bordir bir necha ko‘cha,
Bir necha so‘z bor!

Yangi oy nurlari chulg‘anar bu choq
She’rga, ohangga.
Qo‘nadi oq qorlar mayin va yumshoq
Sening yoqangga.

O‘N BESh YoSh

“O‘n besh” – yuragimda jaranglar har kez,
Ko‘nglimda boshqa o‘y tortmishdir xira.
O, nechun ulg‘ayib qoldim buncha tez?
Najot yo‘q sira!

Kecha qayinzorlar oralab – kezib,
Tuyardim o‘zimni sho‘x-shaddod, erka.
Kecha yugurardim sochlarim to‘zg‘ib,
Kechagina, ha!

Menga shivirlardi ko‘klam qir-o‘tloq:
“Yugurgin, yiqilsang yema aslo g‘am!”
Mumkin edi menga shodon qiyqirmoq,
Har qanday qadam!

Oldimda nelar bor? Qilolgummi daf?
Tegram – yolg‘on, cheklov – ichu tashimda!
Men sho‘x bolalikni kuzatdim yig‘lab
O‘n besh yoshimda.

* * *

Boshlarin egmishdir gullar nofarmon,
Favvora sevinchin bidirlar suvlar,
Ko‘m-ko‘k xiyobonda bolalar g‘ujg‘on…
O, qani meniki bo‘lsaydi ular!

Nigohlar taftida yayrashar erkin,
Har biri vallomat – naq tojga ega.
Mas’um bolakayga boqarkan, mening
Qichqirgim keladi: “Shu olam senga!..”

Qizchalar libosi rangin, fusunkor,
Bunda – arazchilar, xush-xandon – bunda…
Onalar dil so‘zin shivirlar oshkor:
“Mening bolamdayi yo‘qdir ochunda…”

Ha, faxr ayolga qilichni tutmoq
Vatan erki deya – tahlikali dam.
Biroq ular uchun beshikni quchmoq
Eng asl baxt erur – illo menga ham!

* * *

Yodimdan ketmas nari
Bolalik damlar mutloq!
Qaydasiz, zangor o‘tloq –
Okaning qirg‘oqlari?

Jo‘ka gullagan chog‘lar –
Bu olam o‘zga tamom,
Manqalda pishar taom,
Mast bo‘lar eski bog‘lar.

Bulutlar suzar ko‘kda,
Yastanib ufqqa to.
Sokin va moviy daryo –
Jimirlab oqar Oka.

Tinglab men dil unlarin,
Qo‘msayman ilk maskanim –
Qadrdon Tarusaning
Qaynoq yozgi kunlarin.

PARIJDA

Uylar bunda yuksak, osmon esa past,
Er harir hovri-la unga yaqinroq.
Garchi bunda hayrat chegara bilmas,
Yurakni bir sog‘inch chulg‘aydi biroq.

G‘ujg‘ondir oqshomgi bog‘chalar so‘lim,
So‘nib borar ufqda shu’lalar alvon.
Oshiqlar ushlashib bir-birin qo‘lin,
Shinam yo‘lkalarda sayr etar shodon.

Men esa bir o‘zim. Dilni mung ezar,
G‘ussadir ruhimni sarosar qilgan.
Ko‘ksimda yig‘laydi g‘amboda she’rlar,
Moskva sevgisi bilan yo‘g‘rilgan.

Parij menga yotdir, menga singmas hech,
Yurakka o‘zimning dardlarim a’lo!
Kutar uyda ma’yus chuchmoma har kech,
Har kech qarshilaydi muloyim siymo.

Devorda nigohin qadar men sari
Xayrixoh do‘st kabi bir surat mag‘rur.
Sevgan kitoblarim qahramonlari
Kelar tushlarimda qoshimga bir qur!

Qancha zo‘r bo‘lmasin Parij shukuhi,
Ko‘nglim shavqi mening – qirlar, bulut – oq…
Suron so‘na boshlar, jismim chulg‘ar ruh,
G‘ussa dilga botar yana teranroq.

XATOLIK

Daf’atan ko‘nglingni sarafroz etar –
Ko‘klardan kaftingga kelib qo‘ngan qor.
Biroq u ko‘zyoshdek erir-da ketar,
Uning harir raqsin ko‘rmaysan takror.

Shaffof baliqchaga bo‘lib maftun, rom,
Ushlasak uni gar qo‘limiz ila,
Dam o‘tmay bo‘lg‘usi u sho‘rlik bejon –
Chunki inson qo‘li omonsiz, bilar.

Agar qanot qoqqan kapalakda biz
Tuymasak ko‘hligu va ilohiy rang, –
Uni tutib olgan barmoqda, shaksiz,
Qolar ranglar yuqi hamda oddiy chang!

Mayli, chappor urib raqs aylasin qor,
Shaffof baliqchani otmagin qumga!
Orzuni tutmoqlik mumkinmas zinhor,
Qo‘l bilan ushlasang uni – uringay!

Mumkinmi o‘tkinchi ishqqa aytmoqlik:
Telbalarcha yon – deb, deb – o‘zingdan kech!
Sening ishqing edi g‘o‘rlik, xatolik
Lek yashab bo‘lurmi, axir, ishqsiz hech!

* * *

Mening she’rlarimga, qoralangan ilk –
Hali shuhratimdan hech kim ochmay fol, –
Bamisli favvora billurlaridek,
Mushakdan sachragan uchqunlar misol,

Baland cherkov ichra – ifor anqigan
Tun payt kirib olgan shaytonchalardek, –
Mening she’rlarimga – sarkash ruhli, shan,
Hali birortasi o‘qilmagan lek, –

Peshtaxtalar uzra yotgan chang aro
(Nazardan narida, chekkada minba’d!),
Mening she’rlarimga, asl, bebaho –
Sharobdek, bir kuni yetgaydir navbat.

* * *

Feodesiyada bir bahoriy kun
Abadul-abadga so‘nib borarkan,
Har yerda – soyalar uzundan-uzun,
Alvon rang chulg‘aydi shafaqni tamom.

Sog‘inchga limmo-lim yuragim mahzun –
Boraman bir o‘zim miskin, aftoda,
Qo‘llarim osilmish go‘yo havoda,
Vujudim go‘yoki yo‘qlikka mahkum.

O‘taman qadimiy qal’ani bo‘ylab,
Ellar yuzlarimdan oladi bo‘sa,
Shoyi ko‘ylagimning etagi bo‘lsa
Tizzam ko‘zlariga teginar o‘ynab.

Oddiy hamda odmi qo‘lda uzugim,
Safosi yo‘q ruhim mo‘rt va shikasta –
Uch-to‘rt chuchmomali jo‘n bir guldasta
Ma’yus ko‘zlarimga termiladi jim.

Entikib yo‘limda to‘xtayman behol,
Garchi tevarakda bahoriy fusun, –
Shom cho‘kar – soyalar uzun va uzun,
So‘zlarim g‘ussaga yo‘g‘rilar alhol.

* * *

P.E.ga

Qabringiz ustida kech kuz xazoni,
Qish yaqin, shaksiz.
Meni tinglang, marhum, eshiting, jonim,
Siz menikisiz.

Kulasiz! – Kumush rang yo‘lning kiftida
Oy turar yuksak.
Bilsangiz, siz menga keraksiz juda
Bamisli yurak.

Shifoxona sari tag‘in tugun-la
Borgum men shosha.
Siz esa ketgansiz o‘zga bir yurtga,
Ummonlar osha.

Men sizni suyardim – yuragimda o‘t!
Nahot taqdir otdi meni shu ko‘yga?!
O‘limga ishonmam! Yo‘lga ko‘zim to‘rt,
Qaytingiz uyga!

Mayli, kuz to‘ldirsin dilga g‘am-angiz,
Motam bitigida so‘zlar unniqsin.
Dunyo uchun gar siz o‘lgan bo‘lsangiz,
Men ham o‘lgum, chin.

Tiriksiz – ko‘ryapman ushbu dam hatto,
Ruhingizga motam emas-ku sarhad, –
Sizni unutmagum, saqlarman yodda
Abadul-abad.

Bilaman, bu yanglig‘ va’dalar bari
Puch va befoyda.
Yo‘llamoq kabidir sog‘inch xatlarin
Manzilsiz joyga.

* * *

Yana bosh ko‘tarar lo‘livash g‘ulu!
Etib yor qoshiga – yo‘lni burgaysan.
Qo‘lni peshonaga tirab beuyqu,
Tunlar karaxt qotib o‘ylar surgayman:

Hech kim teran ko‘z-la boqmadi aslo
Xatlarda bitilgan dil so‘zimizga.
Bizlar xiyonatkor qalblarmiz, zero –
Sodiqdirmiz qattiq o‘z-o‘zimizga.

* * *

O, ishqimiz endi olovga
O‘xshamas hech – muzga aylandi…
Mening ko‘nglim boshqa birovga
Ajib rishta bilan boylandi.

Saroying bor sening purviqor,
Unda esa – yalang dasht, o‘rmon;
Senda zobit, askarlar bisyor,
Unda esa – sohilu sayhon.

Dengiz bo‘yin biz etganda sayr,
Sen mening bor jahonimsan, der.
To‘shagimiz bizning turfadir,
Bir kun – toshloq, bir kun – zarang yer.

Ha, sevar u jondan yaxshiroq,
Uning-la men g‘am bilmam aslo.
Bugun oydir bizga shamchiroq,
Qandil bo‘lar ertaga samo.

U avvallar edi suvoriy –
Ko‘rkam kelbat, aslzoda zot,
Bir kun menga ko‘zi tushdi-yu,
Qo‘shinni tark etdi shu zahot.

* * *

Yayra, ko‘nglim – bahorim!
So‘ng kun kelar, hoynahoy –
Bo‘lsin shunda mozorim
To‘rtta yo‘l tutashgan joy.

Tegram – dala beega,
Uvlagan bo‘rilar och;
Xoch bo‘l qabrim ustiga,
Yo‘lda turgan simyog‘och!

Uloqib yurmay manfur
Manzillarda luzumsiz.
Olisdan ko‘rinib tur,
Baland bo‘y xoch, ismsiz.

Ozmas do‘st bo‘lib menga
Iltifotim ko‘rganlar.
Panoh bo‘ling qabrimga,
Dashtda o‘sgan burganlar.

Ko‘rsatib ehtiromni,
Sham yoqmangiz sukutda.
– Istamam o‘chmas nomni
Tug‘ilganim – shu yurtda!

* * *

Eyfel nima bo‘libdi bizga –
Uzatsam gar qo‘limni, yetar.
Yonarkan qay yurak bu hisda,
Avval ichdan shuni his etar:

Sizning Parij bamisoli sham,
Shundoq erur bizda tushuncha.
“Rossiya, o, mening Rossiyam,
Yarqiraysan nurlanib buncha?”

* * *

Domangir bo‘lib baxtga,
Tutmadim etagidan.
Men kelganman poytaxtga
Bir tupkaning tagidan!

Qiziqtirmas ziynat-zeb,
Menga tunlar kezmoq soz!
Birovga taft beray deb,
O‘z kulbamdan kechgum voz!

Yoringman gar – yoqtirsang,
Ostonamdan o‘tsang, bas.
Kifoya biz-chun, bilsang,
Qonda jo‘sh urgan havas.

Oyni ham jazb etgaymiz,
Qo‘ndirgaymiz kaft uzra.
Ketsak – qalbda qolmas iz,
Ko‘rishmasak – dil muzlar.

Tig‘ zahriga qarayman,
Etmasmi meni xarob, –
Duch kelgandan so‘rayman,
“Yo‘q” deb u aylar javob.

* * *

Mening ruhim aslo senga kelmas xush,
Dashnomlar berasan har qachon, qoim.
Sen – toshsan, men esa – sayroqi bir qush,
Sen – haykal, men esa uchgayman doim.

Bilaman, ha, baravj bahor ifori
Mangulik oldida oniy va hechdir.
Qushman men – shu erur xislatim bori,
Sendek bo‘lolmasam, afv et, kechir.

* * *

Kulbang qarshi olar seni kech kirib,
Qadrdon uyingga yetmas hech biri!

So‘nadi darchada oltinlangan nur,
Vujuding nihoyat tuyadi huzur…

Kun tugab, eshikka tushadi tamba,
To‘shakda yolg‘izsan, ko‘zlaring namda!

Toki urib turar ekan shu yurak,
Yana tongda barvaqt turmog‘ing kerak…

Otsin har ne ko‘yga, mayli, shum taqdir,
Qo‘lingga go‘daklar termilar, axir.

Faqir kunlaringda baxt shu-da butun –
Chiqib turibdi-ku, mo‘ringdan tutun…

* * *

Ayon bir haqiqat! Boshqasi – yolg‘on!
Shartmi urush, shartmi qirg‘inbarotlar!
Nima bilan bandsiz ayni ushbu on,
Shoirlar, oshiqlar, sarkarda zotlar?

Iliq yellar esdi qishning qasdida,
Inmoqda zaminga ilohiy saslar.
Ha, biz ham uxlaymiz yerning ostida –
Bir-biriga uyqu bermagan kaslar.

* * *

Garchi dilda g‘ussa-mung,
Sevgim bilmas nihoya!
Oramizga bizlarning
Tashlamish hijron soya!

Afsuski, sen yiroqda,
Pechda o‘t yonar yal-yal!
O‘ltiribman firoqda,
Seni qo‘msab har mahal!

Ostonaga damba-dam
Termilaman bemador.
Tashga boqqum oynadan –
Gullab yotar bog‘ bekor.

Kabutarlar “g‘uv-g‘uv”lar,
Bilmay nima qilarin!
Shamollar tinmay yo‘llar
Salomlarin men sari!

Emas bari behuda,
Sezganmisan sen o‘zing, –
Sog‘ingan ular juda
“Marina” degan so‘zing!

* * *

Ikki qo‘lim ikki dilbandim
Boshin silab yayrardi har on.
Tuhfa edi menga chindan ham
Ikki mitti – ikki mas’um jon.

Ikkisin ham o‘ngu so‘lidan
O‘tib mudom – kun-tun tolmadim.
Birin yulib ajal qo‘lidan,
Birini, oh, asray olmadim!

Ikki qo‘lim – yuragim mehri
Ikki boshga edilar panoh.
Biroq, netay, qo‘llarim biri
Bo‘m-bo‘sh qoldi bir kechada, oh!

Kulganda u yashnardi yal-yal,
Nur o‘ynardi bo‘yi-bastida.
Anglolmayman hali ham tugal –
Nechun yotar u yer ostida.

* * *

Ko‘z yoshim tomgan joydan
Lolalar ungay bir qur.
Bu kun kashta to‘qisam,
Ertaga to‘qiyman to‘r.
Dengizim mening – osmon,
Dengizim mening – yerdir.
To‘r to‘qish emas oson,
To‘rlarim mening she’rdir!

* * *

B.Pasternakka

Masofa – bu ramz, bu ma’no…
Ikkimizni etdilar ayro –
Keng zaminning ikki burchiga,
O‘ltirishsin jimgina deya.

Masofa – bu yo‘ldir adoqsiz…
Ajratdilar, payvand edik biz.
Qutqu, rahna soldilar betin,
Biz, aksincha, bo‘ldik qurch, metin.

Bizmas, ular davron surdilar,
Kovlashtirib, yovlashtirdilar.
Hech qilmay or,
ayladilar xor,
Ular uchun edik fitnakor.

Bo‘lak-bo‘lak joyga otdilar,
Eh, sotdilar, so‘ng yo‘qotdilar.
Ayozlarda titradik dir-dir,
To‘dalashdi yetimdek bir-bir.

Aldovlar-la bizni “siylashdi”,
Qartalardek keyin chiylashdi!

DENGIZChI

Allalagin, yulduzli samo!
To‘lqinlardan to‘yib ketdim, o!

Qayda qirg‘oq – yetarmi doshim, –
Toliqtirdi junbushlar boshim:

Olqish, gullar, makr – bari jam
O‘yinlardan quridi sillam!

Ko‘nglim mangu oromni xushlar,
Tinkamni quritdi urushlar!

* * *

Tomirimni kesdim, qarangiz,
Hayot oqar sharillab undan.
Idishlarni tezroq tuting, tez,
To‘lib-toshar barchasi zumda!

Sayoz likob, sayoz tovoq ham –
Tomchilardan bahra olar yer.
To‘lib ketdi yuragim biram,
To‘xtamasdan quyulmoqda she’r!

* * *

Darcham mening yuksakdir,
Otma bekor qulochni!
Chordog‘imda tonggi nur
Devorga chizdi xochni.

Ko‘zimga yosh quyular,
Entikdim shu asnoda.
Menga shundoq tuyular:
Ko‘milganman samoga!

* * *

Bilaman, o‘limim mening tong mahal!
Biroq shom payti ham qalbdan so‘ngay nur.
Olsa, o, koshkiydi jonimni ajal
Shom hamda subhidam onlari bir qur!

Quyosh yo‘llarimga to‘shadi ziyo!
Sevdim men gullarni! Samo qiziman!
Bilaman, tong payti ko‘z yumgum! Zero
Tunda Tangri meni ayar begumon!

O‘pilmagan xochni suraman asta,
Tinglayman samodan ilohiy bir sas.
Ruhim farishtalar chorlarkan arshga,
Shoir bo‘lib qolgum to so‘nggi nafas!

Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

* * *

Siz, yonimda borayotganlar –
Shubhali may kosasi tomon,
Qancha yolqin, umr, bilsangiz,
Behudaga sarf bo‘lgan tamom.

Har bir shitir, har bir sharpaga
Shahdu shiddat ketdi, ne kerak?
Va behuda qancha azmimni
Kuydiriblar kul qilgan yurak.

O, tun bag‘riga otilgan poyezd,
Olib uchgan vokzal uyqusin…
Bilamanki, o‘shanda ham lek
Bilmasdingiz, bilsangiz-ku, siz …

Nega buncha so‘zlarim keskin,
Qancha g‘amu dahshatli g‘ussa.
Tamakining dudiga botgan
Mallasochli boshimda tutqun.

* * *

Shoir ekanligimni o‘zim ham bilmay,
Sal erta yozib qo‘ygan, haddidan oshgan,
Raketadan to‘ragan olovday so‘nmay,
Favvoradan otilgan to‘lqinday toshgan,

Mushk ila mudroq bosgan muqaddas dargoh
Bag‘rini yorib kirgan shaytonday ogoh,
Yoshlik va o‘lim haqda yozgan she’rimga,
Hech qachon o‘qilmay to‘zgan she’rimga…

Do‘konda chang bosgan, hech kimsa bilmas,
(Hech kim sotib olmagan va hech sotilmas!)
Eng qimmatbaho may kabi va nihoyat
Mening she’rlarimga ham keladi navbat!

* * *

Ushbu kun eridi, ushbu kun,
Deraza oldida turdim jim.
Aqlim hushyor, nafasim erkin,
Yana sokin holatda edim.

Bilmam nechun. Bo‘lishi mumkin,
Va shunchaki charchadi ko‘ngil,
Va isyonkor qalamni bu kun
Nimagadir kelmadi ko‘rgim.

Shunday turdim – tumanlik aro,
Ezgulik va zulmdan yiroq,
Oyna asta berarkan sado,
Men ohista chertardim barmoq.

Ko‘ngil zada yoki xursandmas,
Ro‘paradan chiqqan bir, mana,
Ufq yoyilgan yarqiroq ko‘lmak
Tuyg‘u bermas ortiq rosmana.

Uchib o‘tgan qushdan yo‘q malol,
Yo bir itdan yugurgan daydib,
Hatto qashshoq qo‘shiqchi ayol
Ko‘z yoshimga bo‘lmadi sabab.

Unutmoqlik san’atdir yohu
O‘zlashtirib olgan ko‘ngil gung.
Qanaqadir bir ulkan tuyg‘u
Erib ketdi ko‘ngilda bugun.

RAQIBAMGA

Muqaddassan yoki sensan tengsiz gunohkor,
Yashab bo‘lding yoki qo‘yding hayotga qadam.
O, faqat sev, uni sevgin, sev devonavor –
Bola kabi allalagin bag‘ringda har dam.
Uyqusida erkalashing erur ko‘p darkor,
Quchog‘ingda uyg‘otmagil uni uyqudan.

Abadiyga birga bo‘ling: sadoqat darsin
Senga o‘tsin qayg‘usiyu ma’sum nigohi.
Abadiyga birga bo‘ling: uni o‘y ezsin,
Mehribon bir opa kabi tegingin gohi.
Agar tushlar gunohsizlik bag‘ridan bezsa,
Yoqa olgin yuragida mislsiz yolqin!

Bosh irg‘ab ham salomlashma bosh egsa birov,
O‘tmish haqda sog‘inchingga barham ber barvaqt.
Shunday bo‘lki, men bo‘lmadim yurak berib dov,
Orzularni qo‘rquv bilan mahv etma faqat.
Men hayotda bo‘lolmagan yor bo‘l, diloro,
Behad sevgin, sevgin yana abadul abad!

* * *

Haqiqatni angladim! Eski gaplar yo‘qolsin!
Odam odamga qarshi kurashmasin, odamlar!
Tez orada alishgay, ko‘ring – oqshom, ko‘ring – tun,
Shoir kimu, xushtor kim, sarkardadan ne g‘amlar?

Tez orada osmonda muzqotar yulduzbo‘ron,
Shudring tushdi yerlarga, qarang, esgaydir shamol,
Er ustida tinch uyqu bermaganlar hech qachon –
Er ostida hammamiz uxlagaymiz bezavol.

* * *

Shafqat etgil, Rabbim, bu kun, senga arzim bormoqdadur,
Biri qalbda, biri ko‘kda – ikki quyosh so‘nmoqdadur.

O‘z-o‘zimdan rozimanmi so‘nsalar gar ikki quyosh,
Aqlu hushdin begonalar qilsalar gar ikki quyosh.

So‘nsalar gar nurlarining ozori ham bitgaymi, bas,
Qay biri yorug‘ yonsa, zumda yonib bo‘lgay abas.

* * *

Op qoling, kep qoling, sotaman!
Shoshiling, muhtaram janoblar!
Bebaho mulkimni sotaman,
Asl mol, ohori to‘kilmagandir,

Yamog‘i yo‘q, bo‘yalmagan ham,
Men ko‘p so‘rab etmasman mulzam!

Mening molim barchaga ham mos,
Ey attorlar, kep qoling, qani!
Qimmat emas, sira qimmatmas!
Narxin qancha qo‘yasiz, ya’ni?
Kiysang asti bo‘lmagay ado,
Ko‘z qiymas tashlasang mabodo.
Eh, mollarim yaxshidir, maza!
Hisob-kitob qilingu tezroq!
Qalbim uchun tutingiz aza!

* * *

Raqibam, sen tomon kelgumdur, bir boq,
Qachondir, oydin tun kelgum sen tomon.
Ko‘lda qurbaqalar qurillagan chog‘,
Ko‘ngilchan ayollar dil tutgan zamon.

Rashkdan pirpiragan qovog‘ing uyma,
Rashkchi kipriklaring titranib turgay,
Rostdan mehrim iyib, men yo‘qman, deyman,
Qo‘rqma, men tush bo‘lgum xobingda ko‘rgan.

Aytamanki: meni yupatgil, yupat,
Yurakka nish sanchar, sepilar tuzlar,
Salqin shamollarga yuz tutgum, faqat,
Ko‘kdan yonib boqar dardli yulduzlar…

* * *

Qalamingga men oq sahifa
Qabul qildim. Men oppoq varaq.
Marhamating asrab har safar:
Mo‘l-ko‘l qilib qaytargum biroq.

Men – qishloqman, qora tuproqman,
Sen yomg‘ir va nursan, qanday soz!
Sen – Rabbimsan, Egamsan va man
Qora tuproq ham oppoq qog‘oz!

* * *

– Bahor haqda so‘ylagin bizga! –
Nabiralar qiladi garang.
Lek boshini chayqab ohista
Kampir javob beradi arang:
– Bahor bag‘rida gunoh,
– Bahor qo‘rqinchlidir, oh!

– Ishq haqida so‘ylab ber bizga! –
Go‘zalligin kuylar nabira.
Lek nigohin tikib olovga
Kampir javob so‘yladi-ku: – Oh!
– Sevgi bag‘rida gunoh,
– Sevgi qo‘rqinchlidir, oh.

Tong nuriga cho‘milib, sirli,
Uzoq-uzoq kuylar ma’sumlik:
– Sevgi bag‘rida gunoh,
– Sevgi qo‘rqinchlidir, oh…

YoShLIK

1

Yoshligim! Sen mening begonam!
Sen mening poyma-poy kavushim!
Shamollagan qisiq ko‘z bilan
Boqib kun-kun yirtarlar taqvim.

Sening butun o‘ljangdan hech qur
Bir misqol olmadi Ilhomim!
Elkamga yuk bo‘lding bir umr.
Yoshligim! Ortingga chorlamam!

Sen tunlar bag‘rimni tilkalab,
Ich-etim yedirgan tig‘larga,
Muruvvating men uchun sabab
O‘zgalar gunohin chekarga.

Shohlik tug‘in muddatdan oldin
Bergan dilga bayram nimasi!
Ey yoshligim! Chalkashgan savdom,
Ey umrimning atlas parchasi!

2

Qaldirg‘ochdan jodugarga do‘narmiz bir kun.
Ey yoshligim! Vido senga, arafa bu kun.
Sening birla shamollarga yuz tutib albat,
Turarmiz lol. Qoramag‘iz yoshligim, yupat.

Yarqiratgin qirmizi rang keng etaklaring,
Sen o‘zingsan kabutarim, yoshligim mening!
Sen qalbimning yolqinisan, ketarsan qiynab,
Qoramag‘iz, ey yoshligim! Yupatgil o‘ynab!

Kelgin moviy ro‘molingni chayqatib qo‘yib,
Beboshginam! Beboshliklar qilganmiz to‘yib!
Kuydirmajon yoshlikkinam, o‘yna, bebahom,
Eh oltinim, kahraboim! Endi alvido!

Men shunchaki qo‘ling tutib turmasman, go‘yo
Sevgilim-la vidolashib turgandek shaydo.
Qalb to‘rimdan sug‘urilgan sen mening baxtim –
Ey yoshligim! O‘zgalarga etarman taqdim!

OQARGAN SOChLAR

Bu yo‘qotish, g‘amlardan
Yo ganjlardan qolgan kul.
Bu kullarning oldida
Metin ham bo‘lar kukun.

Juftsiz qolgan kabutar
Tulagandir va rangpar.
Behudalik uzra gar
Donolik kuli yotar.

Oq kukun-la, shafqatsiz
Ufqsiz bu zamonlar.
Uyga o‘t ketsa, demak,
Xudo soldimi nazar?

Eski-tuski ichra g‘arq
Kun-tunlarimga hokim,
Tik o‘rlagan yolqin – Ruh,
Erta tushgan oqdankim…

Yillarim, siz ortimdan
Sotmagansiz, yo nasib!
Bu oq sochlar hech o‘lmas
Kuchlarning g‘alabasi!

BOYLARGA TASANNO

Ha, aytgancha, sizga aytib qo‘yay jim:
Oramizda bordir minglab chaqirim!
Bu dunyoda topgan halol mansabim
Aniq juldur – yamoq ichra deb bildim.

Barcha dabdabaning ostida asl
Mayib-majruh hamda bukrilar shodon.
Boylarni sevaman! Ha-ya! Aytgancha!
Qo‘ng‘iroq bongi-la qilaman e’lon!

Beshikdanoq anduh o‘stirayotgan
Chirik va mo‘rt ildiz, zulmatlar uchun,
Qo‘ynidan to‘kilsa, qo‘njiga ketgay,
Yo‘qolib boryotgan odatlar uchun.

Va shuning uchunki, iltimoslari
Buyruqdek bajarib kelingan butun,
Yuziga qaramay kun kelib bir kun,
Ularni jannatga qo‘yishmagan-chun.

Xufya-la yo‘llangan sirlari uchun,
Xatda jo‘natilgan hayajonlari,
Ularning qo‘lida tutqun tun-chun
(Bo‘sa ham olishar majburlab bari!)

Shuning uchun hamki, na hisob, g‘urbat,
Na oltin, na paxta, na bir fursatda
Mendek bir surbetni olmaslar sotib –
Boylarni sevaman, ha-da, albatta!

Silliq yuzlariga qaramasdan ham,
To‘qligi, sho‘xligi, bor gunohi-chun,
Qandaydir ezilgan holatlariyu
Qaysidir ko‘ppakka xos nigohi-chun.

Er o‘z o‘qidan ketmadimikan,
Og‘ib ketmadimi tarozi – taqdir,
Barcha buroqishlar ichinda hali
Bu qadar yetimlik dunyoda yo‘qdir!

Masal bordir ajib qadimdan qolgan:
Igna teshigidan o‘tar ekan nor.
…Sevaman, ularni – qattiq hayratda
O‘sal nigohi-la yotarkan bemor.

Xonavayron chog‘i qarz so‘ragandek
Iltijo ichinda, akangman deb ham,
Og‘zidan sirg‘alib chiqqan so‘zlar-chun,
Boylarni sevaman: bu mendan qasam!

UChRAShUV

Belgilangan visol oshig‘ich,
Juda baland – yetmog‘im mubham.
Kechikaman – oqargandir soch,
Kechikaman. Bahordir tuhfam.

Yillar o‘tar – qarashlar o‘sha,
Ofeliyaning qismati to‘ngmas.
Ko‘ngillar va qo‘llardan osha,
Tog‘lar osha – yo‘llarim o‘ngmas.

Yashash mahol, yer – chakalakzor,
Har tomchi qon daryo qismidir.
Lek har doim maysalar uzra
Ofeliyaning achchiq qismati.

Azoblardan totdim-ku zimdan,
Faqat azob! Bas, yetar! To‘ydim!
Seni baland sevdim, o‘zimni
Osmonlarga dafn etib qo‘ydim!

* * *

Yondirmasdan yashashga erta,
Hali erta bo‘lmoqqa fano!
U dunyoning uchrashuvidan
Nafosat – bu shafqatsiz jazo!

Qancha chuqur bormagin – osmon
Tubsiz ulkan kosadir bitta.
Oh, bu qadar muhabbat uchun
Jarohatsiz bo‘lmoqqa erta!

Dunyo tirik rashkimiz bilan!
To‘kilmoqni istaydi yerga
Nahotki qon? Nahotki beva
O‘z haqqini qilichga bergay?

Dunyo tirik rashkimiz bilan!
Qalb yarasi muvofiq kelgay.
Nahot endi yam-yashil maysa
O‘z haqqini o‘roqqa bergay?

Maysalarning ichki titrog‘i…
Har bir butoq aytadi: “sindir”…
Parcha-parcha tarqatsam-da man,
Jarohatim hali meningdir.

Jarohatlar bitmasdan turib,
Hali o‘zing qo‘ymasdan malham,
U dunyoning muzliklariga
Hali erta bormoqqa, Egam!

MAKTUB

Shuncha kutilmas so‘zlar,
Bir xat shuncha kutilar.
Elim tasma girdida
Xatni bog‘lar qiyqimlar.
Ichkarida bir so‘z bor.
Baxt bor unda. Shu – bori.

Baxtni shuncha kutmaslar.
Ajal shunday kelar, chin.
Salyut berar chin askar,
Ko‘ksida uch qo‘rg‘oshin.

Ko‘zlar qizargan, hayhot,
Faqat shugina, faqat.
Baxtlar qarimagandir,
Shamolda uchdi ranglar.

To‘rt devorning fursati,
Miltiq og‘zin surati!

[To‘rtburchak xatlar tusi
Siyoh va may qadahi!]
Kelsa o‘lim uyqusi
Keksaymas hech kim axir!

To‘rtburchak xatlar tusi…

* * *

Tirik, o‘lmagan hali
Ichimdagi iblisim!
O‘z ichimda – zindonda,
Tanim unga qafasim!

Chiqsa – turar oybolta,
Dunyo unga to‘rt devor.
“Dunyo asli bir sahna” –
Aljiraydi g‘o‘r aktyor.

Ayyorlik ham qilmagan
Lang oyoq masxaraboz,
Tanim ichra shuhratda,
Go‘yo zarbof to‘ni soz.

Gar tiriksan – qadrla,
Ko‘p yillar yayra albat,
(G‘irrom hayotda shoir
Gardkam tashlaydi faqat!)

Yo‘q, yallo qilmagaymiz,
Ey xushovoz og‘alar,
Tana ichinda xuddi
Paxtalik to‘n kiyganlar.

Oliyroq darajamiz,
Issiqdan so‘lish bor naq,
Tana go‘yo qo‘raday –
Ichda kuygay jizg‘anak.

Dabdabalar sarqitin
To‘plab yurmaymiz birday,
Tanda – o‘choq ichinda,
Tanda – go‘yo qabrda.

Tanamda – eng uzoqda
Surgunda u! Kuchsizdir!
Tanamda u sir ichra,
Yuzimda esa temir

Niqob iskanjasida.

* * *

Nihoyat suratni bitkazayotgan,
Rassom mo‘yqalami uloqtirgan barg.
Kabi toshyo‘lkaga uchib suzyotgan,
So‘lg‘in yaproqlarga boqib jonsarak.

O‘ylayman (na gavdam, o‘ychan qiyofam –
Endi birovlarga yoqmaydi aniq),
Balki unut bo‘lgan za’faron, purg‘am,
Yuksakda zang bosgan yagona yaproq.

Rus tilidan Gulbahor Saidg‘ani tarjimasi

RUH VA NOM

Toki o‘yin-kulgi, balda avj maqom,
Ruh halovat bilmas, ruh yummagay ko‘z.
Biroq Xudo bergan menga o‘zga nom:
Otimda dengiz bor, zotimda dengiz.

U bilan vals tushdim, ruhda shavq-tuyg‘u,
Uning nafasini unutmam hargiz.
Menga Xudo bergan o‘zgacha orzu:
Orzumda dengiz bor, tuyg‘umda dengiz!

Qo‘shiq aytib davra chorlar dilrabo,
Qo‘shiq aytib yashnar bamisli yulduz.
Biroq menga o‘zga ruh berdi Xudo:
Ruhimda dengiz bor, ruhimda dengiz!

* * *

Manglaydan o‘pmoq bu – g‘amni aritmoq.
Manglayingdan o‘paman.

Ko‘zlardan o‘pmoq bu – shirin uxlatmoq.
Ko‘zlaringdan o‘paman.

Lablardan o‘pmoq bu – suvga qondirmoq.
Lablaringdan o‘paman.

Manglaydan o‘pmoq bu – yodni aritmoq.
Manglayingdan o‘paman.

* * *

Ko‘zlaringga boqsam – ayriliq! Ko‘zlaring qop-qora – ayriliq!
Bo‘ylaringga boqsam – ayriliq! Bo‘ylaring sarv, qara, – ayriliq!
Yurak-bag‘rim yara – ayriliq!
Yaltiraydi pichoqdek xandang, buncha shodsan, bunchalar xandon!
Menga o‘xshamaysan – ayriliq! Menga o‘xshamaysan – ayriliq!

Erta vafot etgan onalar, yetim bo‘lib qolgan bolalar –
Ayriliq, ayriliq, ayriliq!
Sen mening onamsan – ayriliq! Sen mening onamsan – ayriliq!
Tuzatasan onamga o‘xshab harir ro‘molingni – ayriliq!
Bo‘sag‘ada sezaman qaqshab sovuq shamolingni – ayriliq!
Uxlagan Seryoja boshida bo‘zlagan Annasan – ayriliq!

Onasan – ayriliq! Bolasan – ayriliq!

Taqillatib eshikni nogoh, hech kimsani etmasdan ogoh
Uyimizga kirib kelasan, ola ko‘zing yonib kelasan – ayriliq!
Ayriliq, ayriliq, ayriliq!
Lo‘li ayol kabi – ayriliq! Moldovan qiz kabi – ayriliq!
Dard – ayriliq! Girdob – ayriliq! Bezgak kabi selob – ayriliq!
Qonimizga kirib kelasan! Jonimizga kirib kelaman!

Oh, o‘rtaysan – oh ingratasan. Yondirasan – oh, yaralaysan.
Yirtiladi yurak – ayriliq! Pora-pora ipak – ayriliq!
Bo‘zbo‘ribek dahshat – ayriliq! Sen qo‘rqinchsan vahshat – ayriliq!
Na boboni, na nabirani ayaysan, beshafqat – ayriliq!
Boyqushdek shum, merov – ayriliq! Dasht biyadek asov – ayriliq!
Ayriliq, ayriliq, ayriliq!

Razin zoti kabi – yelkador, qattol, malla, qirg‘inchi qonxo‘r –
Ko‘rmadimmi seni – ayriliq? Bilmadimmi seni – ayriliq?
– Qonxo‘r, ag‘darasan ichakni! – Qonxo‘r, chavaqlaysan yurakni…
_______
Marinadir isming – ayriliq!

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi

* * *

1

Nigohim ildizin sug‘orayotgan
Ko‘zlarimda qayg‘u tomchilari bor.
Men bedor yashagan kechalardagi
Uyqular yig‘ilsa basharga yetar.

Nega anglamaysan?
Endi dard-hasrat —
Sarsondir… Ehromga borma endi, bas.
Nohaq yashirmagin, siring — basirat,
Tunlar iztirobi mangudir abas.

Kunduzlar quyoshing yetmasmi axir,
Kechalar ehromga yana borasan?

Kel, zil uyqulari qochgan ey badbaxt,
Olib ket bu bir juft qadim uzukni.
Ular sehri ila ehtimol bir vaqt
Tark etar u soya so‘lg‘in yuzingni.
Ayt, kelmog‘im uchun qancha bo‘zlading,
Issiq yotog‘ingda yo‘lim ko‘zlading?

Bolam, sen orom ol, senga jon nisor,
Ming a’yon bosh egar ertangni o‘ylab.
Yotog‘ing ustida tunlari bedor,
Beshik tebrataman qo‘shiqlar so‘ylab:

— Uxla bolam, ko‘zmunchog‘im,
Erkam, jonim, bo‘talog‘im.
Alla bolam, allayo,
Uxla bolam, allayo.

Uyquga ketasan ohista, bolam,
Menga jo‘r bo‘ladi ko‘kda hazin Oy:

— Uxla, boshing bolishga qo‘y,
Uxla, onang mehrini tuy.
Uxla bolam, javohirim,
Ham avvalim, ham oxirim.

Kimlarga, qachondir mujda yubordik,
Biz nelar demadik, ichib qancha ont.
Kim eshitdi buni, sezdi kimlardir,
Uxla bolam, uxla, sen tinchgina yot.

Mana, ayrilmoqda
ayrilmaganlar,
Mana, qo‘llari ham
chiqdi qo‘lidan.
So‘ng esa uzildi
erdan oyog‘i…

Uxla bolam,
Uxlamoq zo‘r rohatdir,
Sen uxlasang, tin oladi bir dunyo…

1916, 1 mart.

2

Qo‘llarni sevaman,
qo‘llardan o‘pmoq,
Insonga muhabbat
ehtiromimdir.
Kunduzni yashayman
azizim, biroq,
Eshik ochmoq uchun
qora tun sari.

Halovat topaman.
Tinchlanar jonim,
va quloq osaman qadam sasiga,
tushlari adashgan yolg‘iz o‘rmonning
tushib dod qilmog‘in yel qafasiga.

Oh, oqshom, qop-qora qo‘yningda shodlik
ko‘z ochar. Men yopib g‘am tirqishini.
Jimgina uxlayman,
tinglab kechada —
qayerdadir inson tug‘ilishini…

3

Ulkan shahar uzra cho‘kadi kecha,
Ko‘rganlar aytishar:
— Ey, holi zabun…
Tushimdan haydalib ko‘chama-ko‘cha
Yorug‘ xayolimda yurib chiqar tun.

Iyul shamolida poklanadi yo‘l,
Chor taraf qo‘shiqlar kuylab o‘tadi.
Bu shamol tonggacha oqadi mo‘l-mo‘l,
So‘ngra qo‘llarimdan bir qo‘l tutadi.

Yorug‘ derazaga qarayman va lek
Najot devoriga tirmashadi ruh.
Ko‘rinmas qo‘llarga yoqam bergan erk,
Soyam bordir faqat, faqat o‘zim yo‘q.

Kaftim chizig‘ida nur oqar — ichkin,
Yaproqlar jonini uzganman beso‘z.
Bir sendan tashqari hammadan kechdim,
Endi men sen uchun bir tushman, ey do‘st.

1916, 17 iyul.

4

Gulhanparast qora kecha,
gulhanparast,
Uyg‘otasan bir tong chog‘i
o‘pmoq uchun.

Telba shamol hislarining
qo‘llarida,
Sen — qo‘shig‘im intihosi,
men o‘paman.

Dengizlarning
dolg‘asini icha-icha,
Sharafingga qo‘shiq aytdim
necha-necha.

Nigohlaring olovidan
kecha-kecha,
Yondir meni
qora quyosh — qora kecha.

1916, 9 avgust.
“Bedorlik” turkumidan.

AYRILIQ

Qorako‘z dardkashim, shahlo — ayriliq
Balandbo‘y — ayriliq, tanho — ayriliq.
Xanjardek titragan tabassum sensan,
Menga o‘xshamagan dunyo — ayriliq.

Dunyodan o‘tguvchi onalar kabi
Mening ham onamga mengzar — ayriliq.
Ostonada g‘arib turgan Onadir
Yotgan Seryojani tinglar — ayriliq.

Eshikdan ichkari uy sari kechar,
To‘kilar — ayriliq. Yog‘ar — ayriliq.
Zulukday betinim qoningni ichar,
O‘tda bechorani yoqar — ayriliq.

Yondirsa — yashnarsan, ezsa — yuksalib,
Tinsa — faromushsan, kelsa — muztarib.
Hech qachon ko‘rilmas bir tush — ayriliq.
Qashqirsan — ayriliq. Har on hozirsan,
Na ota, na o‘g‘il — quzg‘un bolasi, —
O‘laksa — ayriliq. Boyqush — ayriliq.

Ehtimol, afsusning qizisan sen ham,
Vahshatli hayvonning yovuz naslisan.
Qullikdir unvoning, shoning ayriliq,
Balki Marinadir noming ayriliq.

1920, iyul.

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi