Eduard Bagritskiy (1895-1934)

Eduard Georgiyevich Bagritskiy (haqiqiy familiyasi — Dzyubin, Dzyuban; 22 oktyabr (3 noyabr) 1895, Odessa — 16 fevral 1934, Moskva) — rus shoiri, tarjimon va dramaturg, grafik-rassom.

TARVUZ

Shamol quturmoqda. Suzadi kema
Azov dengiziga achiqma-achchiq.
Tarvuzga qorong‘u tryum ham to‘la,
Tarvuzga ko‘milgan bandargoh liq-liq.

Endi tongga qadar ichmaymiz sharob,
Qarovulda endi esnamay,
Uch kechayu kunduz suzamiz shitob –
Yoyilgan yelkanlar hilpiraydi shay.

Oppoq sochli dengiz ayuhannos solib,
Chilparchin bo‘laru qaytar qoyadan.
Do‘mbiraday tarang tarvuzni olib,
Yurakning rasmini o‘yaman.

Sho‘r dengizga cho‘kar sahro oftobi,
To‘lqinlar hilolni chiqishar sudrab.
Shamol zo‘raymoqda!
Bo‘ron – shitobli!.. Ketdik!
Elkaningni, kema, hilpirat!
Jingalak to‘lqinlar kengliklar aro,
Tryumda tarvuzlar, tryumda qaro…

Shamol hushtak chalar misoli botsman,
Bulutlar ustida bulutlar – tig‘iz.
Rul bo‘yin egmaydi, G‘ijirlar kema –
Yig‘ishtirib qo‘ydik yelkanlarni biz.
To‘lqinlar aro uchib, Yomg‘ir aro – tavakkal!
Hushtakboz mavjdan cho‘chib,
Paypaslab yuramiz yo‘l.
Ho‘ngraydi har maqomda
Jami yelkan jiqqa ho‘l.

Biz telba belanchakda!
Bozorday qaynar dengiz,
Sayozlik sari sudrar.
U sayozli bag‘rida
Eng oxirgi yo‘limiz!

Jingalak to‘lqinlar kengliklar aro,
Tryumda tarvuzlar, tryumda qaro…

Tugatmadim so‘ngi she’rimni aytib,
O‘liming nafasi yuzimda ammo.
Men qarta o‘ynadim, Yashadim daydib,
Dengiz olib kelar dahshatli sovg‘o.
Bu quvnoq umrimni bo‘lmagay saqlab,
Rulni yulib ketdi to‘lqin – tengsiz zarb!

Cho‘l oftobi yonar cho‘ng ummon uzra,
Sovuqni kesadi – nurlari qirmiz.
Kema g‘oyib bo‘ldi,
To‘lqinda suzar –
Yurakning surati o‘yilgan tarvuz.

Qoyaga urilar oq sochli dengiz,
Baliqlar galasi sapchir osmonga.
Mo‘jaz to‘lqinlarda qalqiydi tarvuz,
U suzib bormoqda sohil tomonga.
U o‘sha qirg‘oqda abadiy qolar…

To‘fon yuvosh tortgan.
Tinchidi dengiz.
Yuragim o‘yilgan tarvuzni olar
Qo‘liga sevgilim – go‘zal kazak qiz.

Hech kimning esiga hech kelmagaykim,
Uning qo‘lidagi mening yuragim.

Usmon Azim tarjimasi