Aleksandr Blok (1880-1921)

Ulug‘ rus shoiri Aleksandr Blok o‘zining qisqa umrida  boshidan Rossiyaning muhim voqealarini kechirdi va bu uning o‘tli she’riyatida o‘z aksini topdi.  Shoirning ota — onasi erta ajrashib ketishgan bo‘lishsa — da, Blok hamisha otasining «qoni»ni sezib yashadi. Shoirning onasi Aleksandra Andreevna Beketova ajoyib adiba edi. Onasi bilan o‘rtasidagi ruhiy va ma’naviy yaqinlik, mehr  —  muhabbat bolaligidan to umrining oxirigacha yuragidan o‘chmadi. U Beketovlar oilasida o‘sdi. Bu uyning eng yaqin do‘stlari, mehmonlari   —  Gogol, Nekrasov, Turgenev, Saltikov  — Shedrin, Dostoyevskiy kabilar bo‘lib, Beketovlar oilasi tom ma’noda ilm, adabiyot va san’at bilan yashashardi. Yosh Blok bolalikdan to umrining oxirigacha yozuv stolidan ayrilmadi. Shoirning bobosi  —  Andrey Nikolayevich Beketov  Peterburg universiteti rektori, mashhur botanik olim yoz mavsumida gerbariylar yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘lar, bu ishda  kichik  Blok  bajonidil,  g‘urur  hissi  bilan yordamlashardi.
Blok hayotida Rossiyaning shimoliy poytaxti Peterburgdagi uylari va Moskvadan unchalik uzoqda bo‘lmagan Shaxmatova qishlog‘i muhim o‘rin tutadi. Yosh Blok hamisha qish kunlarini Peterburgda, yozni Shaxmatovada o‘tkazar, uning eng go‘zal asarlari, she’rlari osoyishta Shaxmatova qishlog‘ida dunyoga kelardi. Klassik adabiyot ruhida tarbiyalangan Aleksandr Blokda «yangi adabiyot» ta’siri kuchli kechadi. U butunlay yangi, qudratli so‘z san’atkoriga aylanadi.
Blok  hayoti uning nozik yuragini muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari bilan to‘ldirgan sevgilisi, keyinchalik bir umrlik rafiqasiga aylangan Lyubov Dmitreevna Mendeleeva  —  ulug‘ kimyogar olim Dmitriy Mendeelevning qizi  nomi bilan chambarchas bog‘liq. Ular bir — birlarini sevib, ardoqlab, tushunib, qo‘llab —  — quvvatlab yashadilar.
Blok qoldirgan ulkan adabiy meros teranligi bilan umumbashariy ahamiyat kasb etadi.

***

Cherkovning xorida qo‘shiq aytdi qiz
O‘zga yurtda jondan to‘yganlar haqda.
Kemalarni qaytib bermagan dengiz,
Sevinchni unutib qo‘yganlar haqda.

Ovozi gumbazlar uzra sayr etdi,
Nurda tovlantirar yelkasin malak.
Har kim qorong‘uda ko‘rdi, eshitdi
Qanday kuylaganin nurda oq ko‘ylak.

Barchaga tuyuldi  —  shodlik bo‘lajak,
Joyidan qo‘zg‘alar ul kemalar ham.
Yorug‘ hayot ila baxtga to‘lajak
Begona ellarda horigan odam.

Shirin edi ovoz, nafis edi nur,
Faqat yiroqlarda sirli ufq bor.
Haqning eshigida go‘dak yig‘laydur  —
Hech kim qaytib kelmas degan qo‘shiq bor.


YoLG‘IZLIK

Shamol. Muzlab boradi daryo,
Daryo bo‘ylab uvlaydi shamol.
Bahor yaqin, toshlardan sado
Sizib kelar bamisli xayol.

Tosh yonida o‘y suradi u  —
Yuragida achchiq iztirob.
Qachonlardir burgutsimon bu
Nigohlarda bugun kul — sarob.

Qalqib ketdi kech tushar chog‘i
Ko‘z o‘ngida jonlandi o‘tmish.
Unut bo‘lmas g‘amning qirg‘og‘in
Besas soya, sharpalar tutmish.

Mutloq yolg‘iz, u mutloq g‘arib,
Uni olam unutgan go‘yo.
Qarib borar, boradi qarib,
Hasrat ado qiladi, ado…

Ko‘rinadi tubi yo‘q zulmat,
Iblis yovlar qilishmas shafqat.
Qayda umid, qayda harorat,
Qayda do‘stlar, qayda muhabbat?!

Nahot tashlab ketdi barisi,
Nahot qismat edi bu qayg‘u?
Nahot qalbda armon nafasi
Va tonglarni kutmoq beuyqu?

Qayga oqdi orzular? Nening
Qarshisida o‘zni yo‘qotdi?
Eslar ekan yugurik umrin
O‘tmish o‘ylar uni uyg‘otdi…

Shirin edi bu dam horg‘inlik,
Engil quvonch kezar ruhida.
Xush yoqardi dilga sokinlik,
~am sezinmas shamol uhida.

Na xushomad, na shuhrat darkor,
Unutgisi keladi ishqni.
Xotiralar hamisha bedor
Bulutlarday quchadi ufqni.

To‘ldi minor bag‘riga sado,
Go‘zal va keng shahar yo‘llari.
Oqdi kulrang va olis samo
Ostidagi o‘tli yillari…

Sizib chiqar toshlardan sado,
Yana dilni chulg‘aydi xayol.
Shamol.Muzlab boradi daryo,
Bahor chog‘i uvlaydi shamol…

***

Sho‘rlik, xushomadgo‘y badbaxtlar…
Lir

Derazaning ortida yovqur,
Telbalanib bo‘kirar bo‘ron.
Bulutlarni haydaydi yomg‘ir,
Shamol tinmas tilsiz, beomon.

Dahshatli tun! Bundayin tunda
Achinaman yuraksizlarga.
Nadomatlar aytaman chindan
Balchiqda ham keraksizlarga.

Jafokashning tolesi  —  zulmat ,
Yo yomg‘ir — la olishmoq. Yo, rab!
Derazaning ortida faqat
Bo‘kiradi shamollar ingrab!

***

Elamiz,elamiz, hur go‘daklarim,
Aziz yurt sari!
Tabiat kuylaydi, sof yuraklarim,
Bizniki bari!

Kenglikda  —  ko‘z ilg‘ab bo‘lmas falaklar,
Tutun va changlik!
Elamiz, tabiat hur go‘daklari,
Dala va kenglik!

Elishar, yelishar… ~aramdan oshib,
Chor  —  atrof  —  dala.
Bepoyon ufqni bag‘riga bosib,
Er titrar palla.

Elishar qoshiga quyoshning, mayning.
Ozod pallalar
Issiq quchog‘iga bosmoqda zamin
O‘z bolalarin…

Mehribon ona yer chaqaloqlarin
Erkalab quchdi.
Bahoriy ufqda qo‘ng‘iroqlarning
Kuylari uchdi…

Ularni imlaydi qorong‘u tunlar,
Eng sovuq tunlar.
Ularga ko‘rinar tezoqar kunlar,
Sanoqsiz kunlar…

***

O, odamzod nasli, senga alvido!
Tumanda dengizlar suzar parishon.
Qizil dengiz ichra eng sovuq havo,
Tumanni tark etdim. Salom, yangi tong!

Xalqlar, yana xalqlar ko‘ziga boqsam,
Goho ko‘rinmaydi na o‘t, shon, biroq
Shu muzni yurakda eritib oqsam,
Quyoshning nurida tong otsa oppoq!

***

Deraza ortida kezinmas shamol,
Ichkarida esa shamlarim o‘chdi.
Kimdir kirib keldi besas, bemahal
Menga yaqinlashdi, yelkamdan quchdi.

Qayrilib qaradim. Faqat osmonga
Shunday tikilaman ruhimda titroq.
Burilib boqadi u men tomonga,
Olisdan ko‘rinar vazmin va quvnoq.

Na ro‘yo, na tuman edi u dilbar,
Neni anglamadim, yo anglab yetdim.
U yonimga keldi atay bu safar  —
O‘shal sirlarimiz shivirlab ketdi…

***

Oyparast misoli xayollar sursam:
Ona tuproq o‘lim bilmasa, deyman.
Loqayd, riyokorlar insofga kirsa,
Qurbimiz yetmas ish bo‘lmasa, deyman.

Garchang og‘ir tushlar bo‘g‘ar umrni,
Garchand dimiqtirar bu tush beomon.
Ehtimol, qaysidir sho‘x yigit sirni
Ochadi  —  men haqda so‘ylaydi oq tong.

Agar g‘amg‘in tortsa uning ko‘zlari,
Qudratli yuragi g‘ussaga botsa,
Gunohidan o‘ting! Ne tong, so‘zlari
Dillarda ezgulik va nur uyg‘otsa!

NOMA’LUM QIZ

Dimiqqan shom. Mayxona uzra
Yovvoyiroq havo kezinar.
Sarxush oqqan tovushlarda ham
Bahor o‘yi, o‘ti sezinar.

Olislarda  —  dala hovlining
To‘zonlarga to‘lar ko‘chasi.
Issiq hidi keladi nonning,
Go‘dak yig‘lar unda kechasi.

Haramlarning ortida har kech
Sanqiy boshlar masxarabozlar.
Xonimlar — la xarobazorda
Sayr etishar, hatto soz sozlar.

Suzar muzli halqalar ko‘lda,
Ayol dodlar, hech kimning ishi
Yo‘qday! Ko‘kda behis, beparvo
Evriladi oyning gardishi.

Ko‘rinadi har shom yolg‘iz do‘st
Qo‘limdagi jom ichra faqat.
Sirli, achchiq ta’mli nafasdan
Mening kabi chayqalar karaxt.

Yonimdagi qo‘shni stolda
Mudroq malay qaqqayib turar.
Quyon ko‘zli mayxo‘r ayollar
Gunohini yolg‘iz Haq bilar.

Har oqshomda aynan bir paytda
(Yo tushimga kirarmikan bu?)
Derazadan sirg‘alar tuman,
Shohilarga o‘ralgancha U  —

Mayxurlarni oralab o‘tar,
Har vaqt yolg‘iz, har vaqt ohista.
Tuman, atir hidi urinar,
Derazaning yoniga asta

O‘ltiradi. Shohi ko‘ylaklar
Tovlanadi boqqanim sari.
Tillo uzuk, tillo baldoqlar,
Zanjirlaydi meni ul pari…

Zanjirlaydi meni tobora,
Yuzidagi qayg‘u ortidan
Ko‘rinadi  —  beqiyos kenglik,
Ajib qirg‘oq uning ortida…

Ochilmagan sirlar ochildi,
Qo‘llarimda  —  nening otashi?
Yuragimga sanchildi yomon
O‘tkir mayning hasratli yoshi.

Uchayotgan parlar singari
Xayollarim sarxush va uyg‘oq.
Tubsiz, moviy ko‘zlarning yurti  —
Olislarda shovullar qirg‘oq.

Yurakdagi sirlarim bilan
Sharob ichra to‘kilaman jim.
O, sarxushlik, sarxushlik, haqsan!
Gunohimni bilar xudoyim…

Oygul Suyundiqova tarjimasi

* * *

Kech kuzak va lekin osmon beg‘ubor,
O‘rmon tuymoqdadir kuz osoyishin.
Ivigan qirg‘oqqa to‘planib qator,
Suv parilar qo‘ydi xastahol boshin.

Tumanlar pasayib keladi sekin,
Qamishlar soyasin yutib yuborar.
Ularning bag‘riga ohista, sokin,
Shitirlab barglarin to‘kib yuborar.

Olisda, oy kezar bag‘ri dog‘lanib,
Nedandir bezovta, nedandir bezor.
U ko‘kning bag‘rida qolgan bog‘lanib,
Shundayin holatda, doimo bedor.

Jodulangan jonsiz osoyishtalik,
Go‘yo ta’rifi yo‘q dard andozasi.
Olamning yuzini qoplab sovuqlik,
Quyilib kelmoqda ko‘k ovozasi.

* * *

Hayot o‘tib borar folbindek qari,
Unutilgan so‘zlar shiviri sirli.
Nedandir xo‘rsinib, sarson-sarsari,
Qay xayol bag‘rida umidlar nurli.

Chorraha, keng dala, har bir qadamda
Yastangan o‘rmonning ruhi sezilar.
Hattoki, bunda ham, o‘zga olamda,
Horg‘in osmon ichra armon kezinar.

O‘dimda bolalik. Har shom-saharda –
O‘ylar asirida anglayman sirin.
Olis ufq uzra tik qoyalarda,
Kun azob-la tugar qirmizi, zarrin…

Ey, bahor, o‘zing ayt, men nechun xasta –
Bag‘rimda ne armon kuyayotibdi?
Umr qay so‘zlarni shivirlab asta
Sirli folbin yanglig‘ o‘tayotibdi.

* * *

Ohista cherkovning darbozasidan,
Kirdim parishonhol, bir hayrat bilan.
Bir yonda jaranglar ishqiy qo‘shiqlar,
Bir yonda el mashg‘ul ibodat bilan.

Nahot shu dahriylik lahzasi ichra,
Yo‘lladi qalbimga huzur ogohsiz.
Endi men cherkovning ostonasidan,
Qadam bosmoqdaman, shubhasiz, ohsiz.

Tunda atirgullar bargi to‘kilar,
To‘kilar ohista, to‘kilar sekin.
Men esa yig‘layman, titranar bag‘rim,
Ibodatim kabi irimli, sokin.

* * *

Azizim, men sokin, tinch uyda majruh,
Qiynaldim iztirob iskanjasida.
Osoyish topmayin talvasada ruh,
Sukunat olovin tor panjasida!

Bo‘rondek izg‘irin sadosi chorlar.
Shunchalar dahshatli osudalik bu…
Ortingda, kimningdir nigohi porlar,
Nigohida uning limmo-lim og‘u!

Munis va beozor yelkalaringda,
Qanotlarning sirli sarin sharpasi.
Bo‘ronlar ortida o‘tli nigoh-la,
Bong urib turgandek azroil sasi!

YILLAR O‘TDI…

Yillar o‘tdi, ammo sen – o‘sha-o‘sha,
Go‘zalsan, chehrasi tiniq oydayin.
Faqat bir oz silliq sochlaring aro,
Oq tolalar qo‘nmish yaltirab, mayin.

Men esa, egib bosh, ko‘ksimda kitob,
Qaddi daroz, lekin, bir munkaygan chol.
O‘yimga yetolmay, bir xayol bilan,
So‘nik yuzlaringga boqaman behol.

Ha, bizni yillar ham o‘zgartirmabdi.
Unuta olmadik u damlarni biz.
Doimo yod olib, dilda saqladik,
O‘sha afsonadek onlarni hargiz.

Xotiralar rangi moviy kenglikda,
O‘shal kengliklarda ruhimiz qoldi.
Umr deb atalgan yillar karvoni,
Qismat so‘qmog‘ining yo‘lida toldi.

TUNGI SUHBAT

Tun…
Shahar sukutga cho‘mgan.
Anov katta deraza ortida xuddi
Juda sokin
va tantanavor
Kimdir jon taslim qilayotgandek.

Ammo, uy-chi, huvillab, ma’yus
Go‘yo baxtsizlikdan hayajon ichra
Ochiq qolgan darvozasi orqali boqib,
Yulduzlardan so‘raydi g‘amgin:

“Yulduzlar, yulduzlar,
Aytingiz menga,
Bu qadar baxtsizlik sababi nedir?
Qaylardan yog‘ildi bundayin g‘amlar?”

Osmonning bag‘rida shivirlab bir-bir
Tungi sukunat ichra
So‘zlar hammasin,
Bugungi sirdan ham voqif yulduzlar.

* * *

… Yana derazaga yaqin boraman,
Afsona sha’niga aytaman alyor.
Sukunat cho‘pchagin bir nafas tinglab,
Ma’yus bir ahvolda qaytaman takror.

Kunduzning sershovqin kaftidan chiqib,
Jimlikni cho‘zish-chun uyqudan kechgum.
Kunduzgi damlarga achinmay qo‘ydim,
Tun bo‘yi azobli dardlarim ichgum.

Dardlar jimlik aro bedor, beorom,
Dilda tantanavor qayg‘u bor miskin.
So‘ng esa, judayam yaqin mehrli,
Sirli bir nigohdan toparman taskin.

* * *

Unut qabrlarda maysalar undi,
Kechani unutdik… Unutdik so‘zni…
So‘ng atrofni qopladi sukut…

Shunday yorug‘ o‘lim bilan lovillab, kuyib,
O‘niqmasmisan Sen? Tirikmasmisan?
Ko‘ksing uzra bahor emasmi?

Bunda faqat qabring yonida ma’yus,
Biz yetmagan visol ohangida zor,
Mening qo‘shiqlarim turibdi uyg‘oq…

Mening ul za’faron xazonlar ichra,
Olislab ketuvchi umrimda takror,
Qabr maysasi-la birga keldingmi?

* * *

Yugurar ishonchsiz kunduz soyalar,
Qo‘ng‘iroq jarangi baland va tiniq.
O‘rug‘dir cherkovda pillapoyalar
Qadaming kutmoqda toshlar ham intiq.

Sen sovuq toshlarga tegib o‘tasan,
O‘tmishing muqaddas liboslarida.
Ehtimol bahoriy gullar tutasan,
Shu lahza qat’iylik timsollarida.

Pushtirang soyalar cho‘zilib borar,
Qo‘ng‘iroq ovozi ravshan jarangdor,
Cho‘kadi qadimiy zinalar uzra…
Kutaman qadaming intiq, umidvor.

QANDAY XAYRLAShDIK…

Qanday xayrlashdik, hayajon ichra,
Sevgi, sadoqatga ichib qasamlar…
Birga ajib, sirli suhbatlar qurdik,
Bulbullar kuyladi, tinmadi ular.

Xayrlashish chog‘i, qo‘llarimda tor,
Chertardim, bir navo ketdi jaranglab,
Sevgi iqrorlari, ahdu-paymonlar,
Barchasi qalbimda turardi yangrab.

Qayg‘u to‘lib ketdi, torlar uzildi,
Qalbim navosiga dosh bera olmay.
Chorlamay turingiz olis tomonlar,
Hijron damlariga buncha shoshirmay.

Endi meni esla, yod etgil meni,
Jonim, xudo haqqi, meni yod etgil.
Oqargan tumandek jarlik yuzida,
Hijronlaring yoqdi, meni yod etgil.

HAM DARD ILA, HAM YIG‘LAB…

Ham dard ila, ham yig‘lab, kulib,
Jaranglaydi mening she’rlarim,
Sening poying uzra
Har bir satrlar
To‘lqinlanar yelib, yugurib,
Chegarasin bilmay sirlarin.
Ammo billur torlar ichra sen,
Mendan juda yiroqlardasan,
Yig‘lab navo qiladi torlar,
Qay yo‘llarning rangini chizsam,
Huzurimga kela olursan.
Jodulangan olis joylardan?

AZIZIM, DADIL BO‘L…

Azizim, dadil bo‘l, ishongil,
Bir umr sen qalbimda mening.
Oppoq olcha gullari yanglig‘,
Chayqalayin boshingda sening.

O‘g‘dular-la yorqin yulduzdek:
Sharq tomonda porlab turarman.
Muzdek, salqin to‘lqinlar uzra,
Ajib sirli xayol bo‘larman.

Jilvalangan suv parisidek,
Mavjlanuvchi suvning bag‘rida,
Ham ozorli, hamda yoqimli,
Bu lahzalar shirindir birga.

Birga bo‘lmoq tunlar bag‘rida,
Shirin birga chekilgan ohlar.
Shirin erur bir-birimizga,
Tikilguvchi, intiq nigohlar.

Dilorom Abdurahmon tarjimasi.

* * *

Xo‘p dahshatli sen-la uchrashmoq,
Uchrashmaslik undan-da dahshat.
Hayrat ichra tong qotdim har choq,
Har neda jam belgi, ishorat.

Ko‘cha bo‘ylab izg‘ir soyalar,
Yashadimmi, uxladim, bilmam.
Etaklarku zinapoyalar,
Ortga boqmoq qo‘rqinchli har dam.

Qo‘lin qo‘yar yelkamga vazmin,
Ammo ismin eslay olmayman.
Tunov kungi azadagi un
Qulog‘imda yangrar, netay man?

Pastlagancha xo‘mraygan samo,
Butxonani chulg‘aydi butun.
Sen hozirsan, yaqinsan, ammo
U tomondan boqasan mahzun.

* * *

E’tiqod yo‘q ekan Haqqa gar,
Halok bo‘lgim badar ketib men.
Menga bergil baxtni muqarrar,
Qozongumdir turmush ishonchin.

Qanday og‘ir, qanday uqubat,
Yuragimga tutdi so‘nmas qo‘r!
Uzat menga najot qo‘lin va
Asirlikdan xalos et bir qur.

Yo‘q, ibodat qilmayman senga,
Uloqtirgil olovni takror.
Faqat ko‘z yosh tutmagil menga,
O, yaramga tuz sepma, dildor.

Nechun yig‘lay, boqiylik a’lo,
Ishq o‘tida azoblanish baxt.
Dard-alamni mayli et ato,
Ammo qonda jo‘sh ursin zo‘r ahd!

* * *

Qachon sevsak ayri holda, so‘ng
Chiroy ochar yuzimiz to‘liq.
Kamchiliklar o‘tkinchi, Uning
Go‘zalligin chegarasi yo‘q.

* * *

Turfa ohanglikdan saqladim har on,
Xayolchan kunlarning ko‘rinishida.
Havoda chang to‘zar esarkan bo‘ron,
Atrofim nim tiyra, quyosh yo‘q bunda.

Kulbamda may hukmron, yasharman pinhon,
Gullarda kutyapman o‘zga bahorni.
Nari keting, sevgum ilohni har on,
Erdagi uyqungiz menga yot orzu.

Nari keting, daydi hamda ma’budlar,
Men gullayman hali so‘nggi kunda, ha.
Mening orzularim – muqaddas kishvar,
Mening muhabbatim – gung qotgan soya.

* * *

Mensiz uyqularing ketarku uchib,
Xuddi istalmagan mavhum falakdek.
Xotirlagin tungi manzillarni xo‘b,
Osoyishta ko‘shkda, o‘g‘longinam, lek.

Ignatish zaminda yashayman, alhol,
O‘z ko‘shkimda esa kechadi kunim.
Ovutaman seni, kelgin, kela qol,
Bag‘rimga bosaman o‘chguncha unim.

Qorli kunda ketdim qaytmasman izga,
Qahratonning qahri zildan zil, biroq.
Olovrang ufqning chegarasida,
Ismim muhrladim, o‘g‘lonim, u choq.

* * *

S.Solovevga

O, mavhum, kunduzgi soyalar shoshgay,
Yuksakda qo‘ng‘iroq sasi jarangdor.
Cherkov zinalari yorug‘ nur sochgay,
Toshlari bedoru, qadamingga zor.

Sovuq toshni bosib o‘tasan bunda,
Mudhish qadimdagi kabi kiyinib.
Qat’iy qiyofada g‘uborli kunda,
Balki bahor gulin tutasan, tinib.

O‘smoqdaku mavhum pushti soyalar,
Yuksakda qo‘ng‘iroq chorlovi hokim.
Qadim zinalarda chang o‘ngib yotar,
Qadamingni kutib yorishar qalbim.

XUDDI TUShDEK O‘TAR YoZ KUNI…

Xuddi tushdek o‘tar yoz kuni,
Uyqu bosar olis qishloqni.
Tushga kirar faqat yoz tuni,
O‘ychanligim bekitar ohni.

Nafas olib fikrlayapman,
Qontalash G‘arb naqadar sohir…
Ushbu damni xobdek sevaman,
Shovqin kuyga aslo hush yo‘qdir.

Qarshingdaman, g‘ussa to‘la qalb
Ila halok bo‘lgum muqarrar.
Chaqmoq kuyi vahimali zap,
Chaqnashi-chi undan-da battar.

TUNDA, MOMAQALDIROQDA

Tunda, gumbirlagan momaqaldiroq,
Chaqnagan bulutlar naq orasida,
Zulmat go‘zalligin baxsh etib bu choq,
Yashaydi u chaqmoq qiyofasida.

Ko‘zni qamashtirgan o‘t shu’lasida,
Chaqmoqning chaqnashin tinglab beorom.
Yunona boshqargan jang aravasida,
Zuhalning qoshida yashaydi mudom.

KUZGI KEChA ShUNDAY QAYG‘ULI…

Kuzgi kecha shunday qayg‘uli – za’far,
Ko‘zlarini yumar erib-da shafaq.
O‘rmon sukut ichra sovuqda uxlar,
Tillarang sayxonlik qo‘ynida barhaq.

Ko‘llar xiralashib so‘nar olisda,
Lahzalar soyasin naq orasida.
Tuyg‘usiz uyquda qotib qolar, ha,
G‘ira-shira so‘nik g‘am pardasida!

* * *

O‘tar hayot, o‘tar tovush, nur,
Atirgullar dastasi sangob –
Bari qalbga qo‘l cho‘zmoqdadir,
Savollarga izlarkan javob.

* * *

Juda uzoq kutdim, kech chiqding, biroq
Kutish lahzasida jonlandi ruhim.
Nim qorong‘u aro ko‘z yoshsiz bu choq,
Diqqatim jamladim quloq tutib jim.

Ilk bora alanga yonganda qachon,
Samoga yuksaldi olovli so‘zlar.
Muzlarku sindilar, so‘nggi tosh shu on
Quladi, yurakni zabt etdi ular.

Qorli bo‘rondasan, ham guvillashda,
Afsungar sahnaga chiqdi eshilib.
Va boqiy dunyoda, mangu ovozda,
Cherkov gumbazlarga ketdi qo‘shilib.

* * *

Bugun yolg‘iz bording, osuda,
Mo‘jizangni ko‘rmadim ayon.
U tomonda – tog‘lar yonida,
Cho‘zilgandir ignatish o‘rmon.

Tog‘ yo‘llari berdi xalaqit,
O‘rmon ila chambarchas va zich.
Bir-biriga chiqaverib zid,
Yo‘l qo‘ymadi yashnashingga hech.

* * *

U shunday navqiron, go‘zallikda tug‘,
Pokiza sanamday mangu, dilrabo.
Daryoning aksidek sokin, yop-yorug‘,
Ezilgan qalbimga o‘xshardi go‘yo.

Moviy olislardek beg‘amu dilbar,
Uxlayotgan oqqush misoli ro‘yo.
Balki g‘am-g‘ussaga botgan, kim bilar,
Ezilgan qalbimga o‘xshardi go‘yo.

Muhabbat haqida kuylagan damda,
Shu qo‘shiq ko‘ngilga bo‘lgandi oshno.
Jo‘shqinlik qonimda berardi sado,
Ezilgan qalbimga o‘xshardi go‘yo.

ESKI UYChA

Qor qo‘ynida bir
Eski uychada,
Yashaydi kampir,
Ko‘zi ko‘chada.
Tizza bo‘yi qor,
Nabiralar shod,
Vaqti chog‘, hushyor,
Chana tortar bot.
Yayrab yugurar,
Kulishib quvnoq.
Qordan uy yasar,
Yangrar qo‘ng‘iroq.
Chor atrof bo‘ylab,
Singadi kuyi.
Qorli muz uyda,
Boshlanar o‘yin.
Qo‘llari muzlab
Uyiga jo‘nar.
Kulishib so‘zlab,
Sevinchga to‘lar.
Kampir boqarkan,
Jilmayib takror.
Uycha erir – sha’n,
Hovlida – Bahor!

MANA, SERSUV DARYo…

Mana, sersuv sho‘x daryo,
Erimoqda oq muzlar.
Erkin nafas olar yoz
Sovuq suvdan, qizarar.

Men jo‘shqin yurak bilan,
Sarxushman, har ne yoqar.
Ko‘klamgaku asirman,
Moviy suv to‘lib oqar.

Boqaman tantanavor,
Muz ko‘char olislikka…

O‘TLOQZOR USTIDAN BOQAR TO‘LIN OY

O‘tloqzor ustidan boqar to‘lin oy,
Ajib doirali, o‘zgarmas chiroy,
Jimlik ichra yog‘du sochadir.

Oqarardi gullayotgan o‘tloqzor,
Unda cho‘zilgancha yotar tun bedor ,
Halovatda jim mizg‘iyotir.

Vahimali yo‘lga chiqding o‘sha on,
Tushunarsiz sodir bo‘ldi to‘polon,
Oy ostida yuz berdi , axir.

Bilsang edi agar erta tongdanoq,
Tuman orasidan chiqar quyosh, boq,
Dalalarga sochganicha nur.

O‘shanda borursan so‘qmoq yoqalab,
O‘t-poya ostida nurni orqalab
Hayot qaynar va topgay huzur.

MOMAQALDIROQDAN SO‘NG

Ulug‘vor gumburu gumbir ostida,
Olisda tinarkan momaqaldiroq,
Uyg‘ongan o‘tlarni ezar ohista,
Qayrilgan poyalar rang sochar shu choq.

So‘nggi shamol esa larzakor yelib,
Namxush yaproqlarni olib kelar shod.
Yorqinlashgan quyosh shu’lasi ilib,
Yam-yashil tuplarni yarqiratar bot.

Boricha himoya qiluvchi kuchlar,
O‘zining noma’lum yo‘lida malul.
Tabiatni ayri tarzda jo‘shtirar,
Hayotga qaytgin-da, gullab-yashnagil.

QIRG‘OQDAGI QO‘ShIQ SOVUQ QOTDI

Qirg‘oqdagi qo‘shiq sovuq qotdi bir,
Chag‘alaylar qorli da’vatlaridan.
Yana sukutda-yu mo‘jizakordir,
Qorli bulutlarning esishidan – shan.

YoMG‘IRDAN SO‘NG

Oqargan yomg‘irlar-la nastarin yerga og‘ar,
Bog‘larda to‘xtab qoldi bulbullarning xonishi.
Uzluksiz shildirashi eshitilar jahldor
Suvoriy toshqin soyning – qorayib to‘lg‘onishi.

Tabiat-ku orzu qilgan oltin yog‘duni kutar,
Gullar nam yuzlarini ko‘tarar quyosh sari.
Va yana bog‘larimni cho‘lg‘ar bo‘ylar – muattar,
Qushlarning qichqirig‘in yoyganicha ilgari.

* * *

Men sovuq kunlarni kutaman,
Ko‘ktus g‘ira-shira damni ham.
Qalb muzladi jaranglab , beshan,
Kelaman deb aytganding u dam.

Chorrahada, olisda kutgil,
Odam gavjum bo‘lgan yo‘llarda .
Ulug‘vor yer nafosati, bil,
Hech vaqt qalbda tug‘dirmas zarda.

Sekin kelib jim chekinaman,
Yuragingda jaranglab shunda.
Eshigingni so‘zsiz chertaman,
Qishning g‘ira-shira kunida.

* * *

Yorug‘ kechalarda chatnab cho‘g‘dayin,
Kulrang samo uzra oy chiqar suzib.
Mavhum nafosat-da yoyilib mayin
Akslanar Nevada, o‘ylarim to‘zib.

Sirli o‘y-xayollar ro‘yobini men,
Moviy rangga bo‘yab, quvay ro‘yoni.
Sizda mehribonlik yo pinhonmikin,
Qizil oy, siz sokin shovqin-suronmi?..

* * *

Oqshom tugab borar to‘q qizil, cho‘g‘li,
Xabarchi yulduz-da, porlar yarqiroq.
Jar ustida uchdi chinqiriq, yig‘i,
Dunyoga kelgandi Deva– chaqaloq.

Ovozi ingichka va cho‘ziq juda,
O‘qning chiyillashi singari achchiq.
Ulug‘vor salaflar tushdi vahmga,
Ham podsho, ham o‘smir, ham ayol ochiq.

Mo‘jiza sehriga bo‘lgandi bayroq,
Suv qo‘ygan misoli jimlik shu tobda.
Olomon ichida Iuda – olchoq ,
Paydo bo‘ldi otda, sovuq niqobda.

Hoqonlar g‘am-tashvish o‘yida bejo,
Turli tomonlarga solganida jar.
Oxir Iskariot** lablarida, o,
Tabassumni ko‘rib qaytdi choparlar.
___________
Deva* – Isoning onasi Bibimariyamga ishora.
Iuda Iskariot (Yahudo Ishqariyot) ** – Nasroniy dinining o‘n ikki havoriylaridan biri, Isoga xiyonat qilgan shogirdi.

ZARHAL TUSGA KIRAR KUZ OYIM

Zarhal tusga kirar mening kuz oyim,
Zarhallanar o‘ying, qo‘ng‘iroq soching.
O‘ychan qarag‘aylar orasida jim,
Ishq haqida kuylab yoygung quloching.

Cho‘kayapman shirin o‘ylar qa’riga,
Sen o‘rgatding axir bo‘sa olishni.
Erkalashu tungi navolar menga
Otash tutar, unutaman nolishni.

Jo‘shqinmanu endi mangu bedorman,
Sening lazzat to‘la quchishlaringdan.
Nurli shafaq aro quyoshday borman,
Porlayman cho‘qqilar uchlarida man.

OLTIN VODIY BO‘YLAB…

Sen ketasan, shaddod va bebosh,
Oltin vodiy bo‘ylab ilgari.
Turnalarning so‘narib yuvosh
Olislashar qichqiriqlari.

Cho‘qqi uzra qotar toshdayin
Olis tovush, qayg‘uli ovoz.
Tinmay cho‘zar iplarin mayin
O‘rgimchak ham tantanavor boz.

Oq tolalar orasidan-da,
Quyosh nuri yiltirar – oltin.
Bo‘m-bo‘sh uyning derazasiga
Parvonaday urilar yolqin.

Xo‘p yasangan go‘shangasiga
Kuz quyoshni qaytardi, hayhot,
Ha, yo‘qolgan umidlari va
Ilhom zavqin yo‘rgakladi bot.

JALADAN OLDIN

Shafaq yondi so‘nggi bor yal-yal,
Kun qutuldi qora bulutdan.
Xayrlashuv lahzasi mahal,
Bulut cheti cho‘g‘landi o‘tdan.

Huv noma’lum olisliklarda,
Vahimali tundlashar osmon.
Soqov chaqmoq qilib-da zarda,
Dovul bilan keldi beomon.

O, kutardi yer tildan qolib,
O‘tib ketdi gumbirlash shu dam.
Daraxtlarni uchdiku olib,
Olis samo zirillashin ham.

Go‘yo dunyo – chaqmoq o‘ljasi,
Qorachiqlar kengaydi tinib.
Shamol tunda yetkazdi rosti,
Ilk jalaning ko‘z yoshlarini.

TOG‘DAGI JARLIKKA…

Tog‘dagi jarlikka enishim bilan,
Vohayu o‘rmonga tushdi nigohim.
Sabr-qanoatli orzularimdan,
Osmon charaqlab-da, nurlandi ohim.

Yulduzlar yo‘lidan yo‘l olib tunda,
Ul quyoshli yorqin kunlarim o‘tdi.
Tog‘laru jarliklar ustida bunda,
Olovda dimlanib hayotim bitdi.

Tog‘dagi jarlikka tushgan joyimda,
Vodiyu o‘rmonlar boqdi ishvakor.
Sabotli orzular jonlantirdi, ha,
Marhumning oldingi hayotin takror.

YoZ KEChASI

Shafaqning qirmiztus so‘nggi nurlari,
Za’faron zang yanglig‘ dalada yotar.
O‘rtada o‘rilgan o‘t-o‘lan bari
Pushti mudroq bosgan – ipsiz to‘r otar.

Shamol yo‘q, qushlarning chag‘illashi ham,
Daraxtzor ustida – oy gardishi ol,
O‘roqchi ayolning qo‘shig‘i bu dam,
Kechki sokinlik-la so‘nmoqda behol.

Unutgil g‘am-g‘ussa, qayg‘uni so‘zsiz,
Mayliga maqsadsiz ot choptirib ket.
Tumanli bepoyon o‘tzorda yolg‘iz,
Tun va oyga peshvoz chiq-da, uyga yet!

HAYoT MISOLI DENGIZ…

Hayot misoli dengiz – dovulga onaboshi,
Kemani chayqatadi, sergak-la kuzat, inson.
Zulmatli tun quchganda xavfsirab boshqar rosti,
So‘nggi umidni izla – najot toparsan, inon.

Agarda ey sen inson ko‘rmasang tun yakunin,
Va dengizda langarsiz adashgan bo‘lsang, hayhot.
O‘ylab o‘tirmay sovuq dengizga tashla o‘zing!
Kema cho‘ksa-da seni to‘lqinlar etar ozod!

* * *

Tog‘ bag‘rida nola chekayotir nay,
Uyqu sayilgohi uzra tun uzun.
Uzun tun chehrasi yorishar oyday,
O‘zim bilan qizning siymosi – fusun.

Nay faryodi sira toliqmas, ezgin,
Kuylagay: “Yashamoq– hayot bo‘sasi”.
Qizning siymosiku sevimli, lekin
Naqadar yoqimli sevgi qissasi.

* * *

Men – Hamletman, soviydi qonim,
Gar to‘qishsa makkorlik to‘rin.
Yuragimda ilk sevgi hokim –
Asl olam mayog‘in nuri.

Ofeliyam mening, eh seni
Sovuq hayot ketdiku yulib.
O‘layapman, jonim, og‘uli
Shamshir tig‘i ila sanchilib.

YoMG‘IR YoG‘AYoTIR KO‘ChADA…

Yomg‘ir yog‘ayotir ko‘chada beg‘am,
Nega achinishni bilmaysan, illo
Yig‘lashni istaysan zerikkaning dam,
Kuchingni nimaga sarflarding, o.

Betug‘yon gupirar dilda g‘am-g‘ussa,
Xayolingdan ketmas alanga sira.
Qani tutantiriq qilaylik esa,
Puflab yondiramiz samovarni-da.

Bu bosh og‘rig‘imi balki choydandir,
Nelarni g‘o‘ldirar vaysaqi tilim.
Quvnoq kayfiyatni yondirdi beqo‘r,
Mudroq bosgan moviy ko‘zlaring-da jim.

Qadrdon tartib bu vafo uchun rost,
Shoshilmay yashashga umidvor, balkim!
Qaynoq suv aritsa g‘am-g‘ussani, o,
Umid-la yutoqib ichaman qalbim!

MAYSAZORGA

Olislardan ko‘zga tashlanar o‘rmon,
Etagini tutgan moviy samo ham.
Qorayib ko‘rinar uyquli yobon,
Hamda shudgorlangan yer taram-taram.

Maysazorda yangrar bolalarning sho‘x
Jarangos ovozi, titraydi havo.
Bahor kelar, albat, tutib yashil tug‘,
O‘zi qayerdaykin? – ul zangor navo.

Tingla, eshitilar jarangdor ovoz,
Bahor emasmikan? Yurakni yoqqan.
Yo‘q, yo‘q bu jarangli, ingichka sho‘x soz –
Jilg‘aning kuyidir, shildirab oqqan.

QISh ShAMOLI O‘YNAR…

Qish shamoli o‘ynab tyorn* bilan,
Shamga urilar-da shu’lasin to‘zar.
Xushtoring yoniga ketding kulib san,
Men esa yolg‘izman, o‘ylarim bo‘zlar.

Sajda qilmog‘ingni bilmaysan kimga,
Hazilu o‘yinga yo‘yaman barin.
O, tyorn, yurakka sanchilgung tunda,
Uyga qaytar chog‘im shamshirday tag‘in.

Xayriyat, baxtimga tutasan quloq,
Deraza yonida seni kutaman.
Uning xayolida yonasan, biroq
Baribir, dardingni men sir tutaman.

Yuragingda ne bor xira tortgan ul,
Mening sukutimda ayondir bari.
Va qachonki sendan voz kechganda u,
Faqat menga izhor qilasan darding.
___________
Tyorn* – mevasi mayda, olxo‘riga o‘xshagan bo‘ta o‘simlik

* * *

Uyg‘onaman tumanli tongda,
Uriladi yuzimga quyosh.
Senmisan men kutgan jonona,
Ostonamda paydo qalamqosh?

Lang ochilar darvoza kengroq,
Shirin ifor yoyilar har yon!
Qo‘shiqlar ham bunchalik quvnoq,
Yangramadi anchadan buyon!

U bilan tong tumanli ayon,
Yuzim siypar quyosh va sabo!
Ardoqlidir men kutgan jonon,
Eshigimda bo‘lgan on paydo!

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi

SIRLI KEChA

Bahor so‘qmog‘ida g‘aroyib ko‘shk bor,
O‘mbaloq oshadi shamol telbavor,
Oltin qo‘ng‘iroqlar yangrar jarangdor…

Ostonada bir zum tin oldi bir qush,
Eshik halqasini izladi sarxush,
Ko‘zguda aks etdi ajoyib bir tush…

Va parvoz etdi u kengliklar uzra,
Erib bitayotgan qor hovurida
G‘amgin o‘rmonlaru daralargacha…

Huv, ana, ko‘rinar ajib qayinzor,
Bir otaxon qayin shoxini egar.
Yoy yasab, qiziq bir rejasin ko‘zlar…

To‘bichoqqa minib qichqirdi yayrab,
“Ey go‘zal, kel yashil sochlaring tarab,
Sog‘inchdan ezildim yo‘lingga qarab” .

Bujir barmoqlarni siladi to‘lib,
Maysazorlar sarin turar chayqalib,
O‘rmon jilvalandi tuman oralab…

Cheksiz inzorlik kechgandi dildan,
Ilohiy sehrga evrildi bu olam,
Afsungar topishdi Bahoroy bilan…

IShONCh

Bahridan o‘t barcha ijoding,
Yuz o‘gir sen ahli olamdan.
Havas uchun tikma nigohing,
Ibodat qil, so‘ra Egamdan…

Behalovat bo‘lsa yuraging,
Ilhom parisidan qoch nari.
Aqling bilan eshdir tilaging,
Axir, yo‘ldan ozdirar bari.

Biroq, aytgin, mohiyat nedir,
Qanday sinov yo‘llar Xudoyim?
Ishqqa tashna dillarni yondir,
O‘z qalbingga ishon sen doim!

IRODA

Sen o‘limdan qo‘rqma, dadil bo‘l,
Xusumat ham do‘stlik ham o‘tar.
Iymoningni saqla, pokdil bo‘l,
Shunda Shayton naridan o‘tar.

Uning o‘zi qoshingga kelar
Etganida vaqti, soati.
Tavoze-la ishora berar,
Ozod bo‘lgung, deydi abadiy.

Sen va O‘lim – uzilmas zanjir,
Yaratganning irodasi bu.
Undan qochma, yaqinroq kelgin,
Sen qo‘rquvdan bo‘lasan ustun…

SEVGAN QALB

Siz yo‘limda paydo bo‘lgan dam,
Hayotsevar va go‘zal edingiz.
Biroq juda horg‘in ko‘rinardingiz.
G‘am-qayg‘udan tinmay so‘zlab,
O‘lim haqda o‘ylashingiz,
Hech kimni sevmasligingiz
Va o‘z husningizdan nafratlanishingiz
Borasida aytib berdingiz…
Nima bo‘ldi o‘zi?
Sizni xafa qildimmi?
O, yo‘q!
Axir, men zulmkor emasman,
Yolg‘on va kibrni ham xushlamam asti.
Shunchaki ko‘p narsani bilaman.
Bolaligimdan ko‘p xayol suraman,
Va nihoyat…
O‘zi bilan ovora insonman.
Axir, men – ijodkorman,
Har narsani o‘z nomi bilan ataguvchi
Gullar iforiga oshufta qalbman.

Qanchalar so‘zlamang qayg‘u-hasratdan,
Qanchalar mulohaza qilmang
ibtido va intiho to‘g‘risida,
Baribir men sizga
o‘n besh yoshni ravo ko‘raman.
Chunki siz oddiy bir insonni sevib qolgansiz.
U esa zamin va samo shaydosi,
Qofiyali va qofiyasiz misralar bitguvchi
Muhabbatga limmo-lim yurak sohibi…
Ochig‘i,sizdan g‘oyat minnatdorman men.
Axir, faqat sevganlargina
Inson deb atalishga loyiq ko‘rilar…

* * *

Oy chiqdi. Sershovqin va gavjum shahar.
Yiroqda gumburlar, sochilar yog‘du.
Bizning o‘rtamizda bor go‘yo jodu,
Benihoya sokin porlar lahzalar.

Alanga olsaydi jonbaxsh bu tug‘yon,
Yonib-o‘rtansaydik diydor onlari.
Suhbatimiz bunday kechmasdi, inon,
Tuslanmasdi qalbing hayajonlari…

Nahotki, alam bor dardli ko‘nglingda,
Baxtimizni bunday cho‘chitma, erkam.
Nechun beparvosan, zorman ko‘yingda,
Bu onlarni eslab yurmaylik diltang…

* * *

Erinchoq va og‘ir suzar bulutlar,
Samoning havorang sharorasida.
Bilaman, yo‘limda azoblar kutar,
O‘rmon ichra uzlat harorasida.

Toliqqan tulporim pishqirib qo‘ymas,
Qayda men izlagan manzil chirog‘i.
Olis-olislarda changalzor ichra
Bir qo‘shiq yangraydi kuydirar ohi…

Agar bu xirgoyi to‘xtasa go‘yo,
Men ham unutaman nafas olishni.
Daf’atan yiqilar otim ham go‘yo,
Dargumon manzilga yetib borishim.

Erinchoq va og‘ir suzar bulutlar,
O‘rmonni qurshaydi behalovat his.
Bilaman, yo‘limda azoblar kutar,
Biroq, hamrohim bor – qo‘shig‘im yolg‘iz.

* * *

Butun umr kutdim,
Kutishdan toldim.
Jilmaydim, tiz cho‘kdim kezi kelganda.
Lolman bu dam sochdek taralib sokin
Elkalarim uzra zulmat cho‘mganda.

Garchi biz kutgandek emasdir to‘kis,
Dunyoga beparvo boqmoqlik xato.
Axir, aytishadi yashamang behis,
Umid qilavering mahshargacha to.

Shu tobda quloqqa chalinadi nay,
Shoir kuylar g‘amgin qo‘shig‘in yana.
“Begona beshikni tebratgin atay,
Mehring ber, yoqimsiz o‘zga bolaga”.

Men ham shu yerdaman taqdir hukmi-la
Oyboltadek o‘tkir g‘azabim, shonim.
Lek, qo‘shig‘im kuylab ta’zim qilgancha
Savdo qilgum kezib dunyo bozorin.

Ishongum taqdir o‘z yozug‘in yo‘llar,
Va sening qudrating cheksizdir beshak.
Rangpar ruhim sodiq itdek suykalar,
Oyog‘ing ostida zanjirband quldek.

O, mana nihoyat ko‘rsatdi ro‘yin,
Uchrashdim men sirli qiyofa bilan.
Uning nomin aytib nafas olsaydim.
Yashasaydim mangu hamrohim-la sha’n.

Orzular… hayotda tushdek kechasiz,
Og‘ulab izma-iz qalbni, umrni.
Behuda safsata, ontlar ichasiz,
Qani o‘zgartirsam deyman barini.

Yashash o‘zi qiziq, qiziqdir bilmoq,
Illo, oy ostida barchasi ko‘hna.
O‘lik ruhga hayot baxshida etmoq,
So‘z qudrati bilan kechgan mo‘jiza.

Ne so‘zki ongimga oqdi nur bo‘lib,
Ularni sharh etdim qalbimga doir.
Misralarim o‘qib, asta jilmayib
Qabrtoshim o‘yib yozdilar: “ShOIR…”

* * *

Ko‘hna topishmoqdek o‘tmoqda umr,
Unut so‘zlarimni shivirlab sirli.
Xo‘rsindim, qalbimni tirnadi nedir,
Qay bir orzular-la yondim arzirli?

Xo‘rsindim, tin oldim chorrahalarda,
Dalalar, o‘rmonlar oralab bir-bir.
Hattoki poyonsiz kengliklarda ham
Samoga talpindim to‘lg‘onib og‘ir.

Qisqa fursatlarda esladim yana
G‘o‘r bolalik davrim, o‘smirligimni.
Ko‘z ilg‘amas o‘sha balandliklarda
Oltindek tovlangan sho‘x-sha’nligimni.

O, bahor, so‘zlagin dilda g‘am nedir,
Qaysi orzular-la yondim arzirli?
Eski topishmoqdek o‘tmoqda umr,
Unut so‘zlarimni shivirlab sirli…

NOTANISh AYoL

Oqshomlari restoran uzra,
Kezib yurar og‘ir, gung havo.
Eshitilar mastona so‘zlar,
Xira tortar bahoriy ma’vo.

Olisdagi xilvat ko‘chadan
Sog‘inch bo‘yin taratar bir sas.
Va… pishadi oltin kulchalar,
Bolakaylar yig‘isi elas…

Har oqshomda ko‘tarma g‘ovdan,
O‘tib borar harbiylar ildam.
Ko‘l bo‘yida kezgancha shodon,
Xonimlar-la so‘zamol, xandon.

G‘ichirlagan eshkak qulog‘i,
Tarqatadi ayolchan tovush.
Samo uzra yo‘qdir adog‘i
Aylanadi beo‘y bir gardish.

Shunday kezlar hamrohim g‘arib,
Aks etadi shisha qadahda.
Taxir sharobimni ko‘tarib,
Tavoze-la turibman men ham.

Shundoqqina qo‘shni stolda
Uyqusirab o‘tirar qarol.
Suzilgancha mast xonimchalar
Qichqirishar: “Haqiqat-zavol…”

Va har oqshom, belgilangan payt
(Yoki kechmakdami bu tushda).
Bir navnihol aksi oynada,
Tuman ichra sirg‘alar qushdek.

Asta-sekin o‘tib borar u
Odamlarni oralab yolg‘iz.
Deraza yoniga cho‘karu
Va oladi chuqur bir so‘lish.

Ufuradi qadim bir ixlos,
Uning ipak yonoqlarida…
Soyabonin patlari bexos,
Quchar inja barmoqlaridan.

Kishanlangan kabi boqaman,
Illo, qalbda samoviy his bor.
Oh, qanchalar moviy bu sohil,
Aytgim kelar so‘ngsiz bir izhor.

Og‘ir sinov yuklamish taqdir,
Biroq, qalbda quyosh shu’lasi.
Butun qalbim azobga shaydir,
Va chayqalar sharob jilvasi.

Aqlim loldir, yurakda g‘ulu,
Sarxushdirman inoyatingdan.
Tangrim, dilda g‘unchalar kular,
Umidim bor marhamatingga.

Ming shukrkim, ishq berding bekin,
Bu tuhfangdan bo‘ldim majnunhol.
To‘g‘ri aytding, shirakayf do‘stim,
Garchi ishq – haq, haqiqat – zavol!

Rus tilidan Muxtasar Tojimamatova tarjimasi

SKIFLAR

Panmo‘g‘ulizm! Qanday qo‘rqinch bir sado,
Mening qulog‘imga xush yoqar ammo.

Vladimir Solovyov

Sizlar – milyon-milyon, bizga yo‘q raqam,
Solishing gar sizda kuch bo‘lsa, qudrat!
Ha, biz – skiflarmiz! Osiyolik qavm,
Qiyiq ko‘zlarimiz qo‘rqinch, och-ofat.

Asr sizga asr, bizga bir lahza,
Tekin xizmatkormiz sizga har qachon.
Biz o‘rtada qalqon tutdik hamisha,
Mo‘g‘ullar bir taraf, Ovrupo bir yon!

Asrlar, asrlar olovida chin
Quydingiz qurollar qabohatini,
Yovvoyi cho‘pchak deb bildingiz lekin
Lissabon, Messini halokatini.

Yuz yillar Sharqqa ko‘z tikdingiz ilhaq,
Durru gavharimiz bo‘ldi sizga tan,
Fursat kelishi kutdingiz faqat
Bizga o‘q uzmoqqa zambaraklardan.

Mana, fursat yetdi, kulfat ochib yuz,
Qanot qoqar, alam ziyoda har on,
Ammo kun keladi, unda shubhasiz,
Pestumlaringizdan qolmagay nishon.

Ey sen, keksa dunyo! Tiriksan, omon,
Shirin azob ichra yasharsan hali.
Sfinks qoshida to‘xta bir zamon
Zakovatli podsho Edip singari!

Rossiya – sfinks. Quvonib, kuyib,
Va qora qoniga botib shu palla,
Sen tomon termilar, termilar to‘yib,
Ham nafrat ila, ham muhabbat ila!

Yo‘q, sevgi emasdir sizdagi sezgi,
Bizdek sevolmaysiz, berolmaysiz tob,
Unutdingiz, bordir dunyoda sevgi,
Ki o‘rtab kuydirar va aylar xarob!

Biz sevamiz sovuq raqamlar taftin,
Ilohiy ro‘yolar safosini ham,
Anglaymiz gall fikri teran hikmatin,
Olmonlarning xomush dahosini ham…

Parijning do‘zaxdek ko‘chalari-yu
Salqin Venetsiya tarovatlarin,
Barini eslaymiz, limonzor bog‘lar,
Kyolnning bulutdek imoratlarin…

Biz tanni sevamiz, ta’mi, rangi-da,
Og‘ir nafasi-da xushdir, bilsangiz.
Aybdormizmi, bizning nafis qo‘llarda
Qarsillab sinarsa suyaklaringiz?

Jilovidan tutib asov otlarni
Bo‘ysundirib minish – bizga hech narsa.
O‘jar kanizaklar, parizodlarni
Kaftga qo‘ndirishni bilamiz rosa.

Keling biz tarafga! Qo‘ying urushni,
Keling bizning sokin quchog‘imizga!
Qiniga jo eting eski qilichni,
Og‘a-ini bo‘ling, do‘st bo‘ling bizga!

Magar yo‘q desangiz, bizga nima ul?
Buzuqboshlik kelur bizning-da qo‘ldan.
Asrlar, asrlar – la’nat o‘qilur,
La’nat yog‘ar sizga bemor nasldan.

Go‘zal Ovruponing ko‘zi o‘ngida
Cheksiz o‘rmonlarga olamiz o‘zni.
Qayta yuz ochamiz, ko‘rasiz shunda
Osiyolik mudhish qiyofamizni!

Kengish maydon ochdik, keling Uralga,
Urush karnaylari chalinsin baland.
Po‘lat mashinalar integralga
To‘lib, savash qilsin mo‘g‘ullar bilan.

Biz sizlarga qalqon bo‘lmaymiz endi,
Jang aro tikmaymiz siz uchun jonni.
O‘sha qo‘rqinch, qiyiq ko‘zlar-la xuddi
Tamosho qilamiz qonu qironni.

Qo‘zg‘almaymiz, yovuz, qonsiragan xun,
O‘liklar hamyonin titsa hamki to,
Shaharlarni yoqib, kul etsa butkul,
Oq tanlar go‘shtini qovursa hatto!..

So‘nggi bor – esni yig‘, ey ko‘hna dunyo!
Tinchlik, mehnat ila et o‘zni e’zoz,
So‘nggi bor – charog‘on do‘stlik bazmiga
Chorlamoqda seni bu badaviy soz!

NOTANISh

Oqshomlari restoranlar uzra
Issiq havo yovvoyi, bo‘g‘iq,
Va mast-alast qichqiriqlar ila
Bahoriy ruh kezar achimsiq.

Uzoqda, to‘zonli ko‘chalar osha,
Mudroq dala uylar osha hamon,
Novvoyxona tomi yiltirar xira,
Bir bola yig‘laydi nogahon…

Har oqshom shlagbaumlardan
Narida, dol qo‘yib shlyapalarni,
Erkaklar sayr etar xonimlar bilan,
Gapga to‘n kiydirib, avrab ularni.

Ko‘l uzra eshkaklar g‘ijirlashi-yu,
Bir ayolning chinqiroq sasi,
Osmonda yuz ochib, sochadi yog‘du
Yarim oyning kumush halqasi.

Har oqshom yagona do‘sti aziz
Qadahimda aks etadi xush,
Taxir, sirli sharobdan shaksiz,
Xuddi mendek shirakayf, sarxush.

Xizmatkorlar qo‘shni stollarda
Uyqu bosib o‘ltirar guras,
Mastlar quyon ko‘zlari ila
Qichqirishar: “In vino veritas!”

Har oqshom belgili soatda
(Yo tushimda ko‘raman buni?)
Bir sanam qomati atlasda,
Derazadan jazb etar meni.

Mastlar orasidan ohista o‘tib,
Yonida kimsa yo‘q, hamrohsiz,
Atru ufor, tumanlar taratib,
Deraza oldida o‘ltirar yolg‘iz.

Qadim rivoyatlar ufurar shunda
Atlas, shohilardan har safar,
Motam parlari bor shlyapasida,
Nafis qo‘llarida uzuklar.

Bir yaqinlik tortib ko‘ngilni,
Qora niqob osha boqaman shu dam.
Ko‘raman maftunkor sohilni,
Va maftunkor yiroqlarni ham.

Ajabtovur sirlar menikidur ul,
Kimningdir quyoshi berilmish menga,
Taxir sharob singib jonimga butkul,
Hukmi otashini joylamish unga.

Tuyaqush parlari egilib endi,
Miyamda tebranib turar yarqirab,
Tubsiz moviy ko‘zlar sochib sehrini,
Olis bir sohilda gul ochar ajab.

Xazina bor mening qalbimda ulug‘,
Kaliti ham mendadir faqat,
Sen haqlisan, sharobxo‘r maxluq!
Sharobdadir asl haqiqat…

SOLVEYG

Sergey Gorodetskiyga
Solveyg chang‘i uchib kelar…
Ibsen. “Per Gyunt”

Solveyg! Kelding menga chang‘ida uchib,
Tabassum aylading bahor quchib!

Faqir kulbam aro yashading noqis,
Toshlar orasida o‘tsiz, chiroqsiz.

Yashil ko‘zlaringni chaqnatib menga,
Boqqan eding, oldim boltamni qo‘lga.

Asriy qarag‘ayni qulatdim kulib,
Bahorim yuz ochdi kelinchak bo‘lib!

Yangi uyim uzra
Endi har lahza
Qarag‘aylar to‘smas moviy samoni.

Bu osmon – seniki!
Bu osmon – meniki!
Bekorga mag‘rur deb atashmas meni!

Men o‘rmonchi edim,
Duo o‘qirdim
Ko‘kka quloch yozgan qarag‘aylarga.

Sen kelding, yorishdi,
Qish uyqusi qochdi,
Bahor gurrosini sochdi olamga.

Tinglayapsanmi, ayt,
Bolta sadosin shu payt?

Ko‘rmayapsanmi, shod, quvonchli nigoh
Senga tikilmishdir, senga mahliyo?

Tinglayapsanmi meni,
Quvnoq o‘qshig‘imni?
Daraxt kesib, Solveyg, kuylayman seni!

Oyboltam ostida, maqtov aytib juda,
Novdalar tebranar ko‘kka yetgudek.

Ovozing yuksalur
Keksa qarag‘aydan ul,
Yashil bahor qo‘shig‘isan, Solveyg!

ShOIRLAR

Shahar chekkasida xarob mahalla,
Eri zax, tuprog‘i botqoq, battarin,
Shoirlar yashaydi bunda, bir-birin
Qarshilab kibrli tabassum ila.

Quyosh behudaga chiqib har kuni,
Shu botqoqni burkar mehru shafqatga,
Bu joyning odami o‘z kunduzini
Sharobga sarf etar, qora mehnatga.

Mast bo‘lib do‘stlikka ichishar qasam,
Valaqlashar oldi-qochdidan qancha,
Tongga yaqin qusib, qamalib mahkam,
Ishlashadi so‘ngra holdan toyguncha.

Inlaridan chiqib kelishar keyin,
Dengizga boqishar shafaq yonganda,
Ko‘chadan o‘tguvchi zebo sanamning
Oltin sochlariga bo‘lishar banda.

So‘ng oltin asrni orzu etishar,
Noshirlarni shig‘ab so‘kishar inoq,
Kichiq gul ustida ko‘zyosh to‘kishar,
Mo‘jaz bulutchaga chekishar firoq.

Shoirlar yashaydi shundoq. O‘quvchi!
O‘ylab ko‘r, ularda ne savdo, samar,
Ularning turmushi, ishi, xohishi
Sening turmushingdan yomonmi magar?

Yo‘q, aziz o‘quvchim, o‘ylagin zinhor,
Shoir bisotida har tugul har goh
Bulut bor, oltin soch, oltin asr bor,
Bularning barisi senga noravo!

Sen o‘zing, xotining ila shod, masrur,
Konstitutsiyang ila baxtiyor,
Shoirga mayxo‘rlik – jahoniy surur,
Qoida-qonuning barchasi bekor.

Mayli, itdek o‘lay devor tagida,
Hayot yerga qorsin meni beshafqat,
Xudoyim, qor bilan ko‘mib o‘shanda,
Quyun peshonamdan o‘padi albat!

NAJOT FARIShTASI

Najot farishtasi, sevaman seni,
Sababki, zulmatda asrading meni.

Sababki, nozanin kelinchak eding,
Siru sinoatim barini bilding.

Ki bizni boyladi tun ila asror,
Singlimsan, qaylig‘im, qizimsan, dildor.

Sababki, umrimiz uzoq ko‘rindi,
Sababki, biz hatto er-xotin endi!

Men sevganni sen sevmaganing-chun,
Faqir-fuqaroni o‘ylaganim-chun

Ahil yashashimiz bu holda gumon,
O‘ldirmoq istayman, o‘ldirolmayman.

Quyon yuraklarni, yovuzdir ular,
Meni va xalqimni tahqir etdilar.

Turmaga tiqishdi asl erlarni,
Notavon deyishdi kamsitib meni.

Sotib olmoq bo‘lar ular irodam,
Itdek itoatkor bo‘lishimni ham.

Sababki, ojizman, bo‘ysunishga shay,
Bobolarim qul bo‘lishgan har qalay.

Ruhim bo‘lmish nozik zahardin ado,
Qo‘lim ko‘tarolmas xanjarni aslo.

Ammo men sevaman ojizligim-chun,
Menga sunchiqdir qudrating, kuching.

Olovda toblanib, qo‘rg‘oshinlangan,
Narsani parchalash qiyindir zotan!

Sen-la tongotarga boqamiz tikka,
Sen-la o‘shal tubsiz qorong‘ilikka.

Qismatning biza zo‘r mukofoti bor,
Erkin insonmizu, qulmiz g‘azabkor.

Taslim bo‘l! Bo‘sh kelma! To‘xta! Tashlama!
Zulmatmi yo olov – oldinda nima?

Kim chorlar? Kim yig‘lar: Yo‘limiz qayon?
Hamisha birgamiz, birga ikovlon!

O‘lib-tirilgaymiz? O‘lgaymiz hamon?..

KLEOPATRA

Muzeylar ketma-ket ochilar hamon,
Birovlar ochadi uni ermakka,
Biz esa, sharobxo‘r, surbet olomon,
Boramiz… Tobutda kutar malika.

Oynaband tobutda unsiz yotar, jim,
O‘likmas, tirkmas, bir holatda ul,
Odamlar shivirlab aytar betinim,
U haqda behayo gaplarni nuqul…

Malika yotadi chalqanchasiga,
Abadiy uyquga g‘arq bo‘lib tamom,
Ilon uning ochiq, mum siynasiga
Erinmay zahrini to‘kar beomon.

Men ham shu qator sharmanda, sotqin,
Ko‘zlarim atrofi ko‘kargan halqa.
Keldim tobut ichra tin olib, sokin
Uxlagan sanamga nazar solmoqqa.

Tomosha qiladi seni har kimsa,
Tobutingda jondan bo‘lsaydi asar,
Eshitardim unda necha bir daf’a
Chirik dudoqlarning ohini magar.

“Isiriq tutating. Ko‘ming gullarga,
Bundan ko‘p asrlar muqaddam, yiroq,
Misr o‘lkasida edim malika,
Endi mum ichraman, chirik bir tuproq”.

“Malika! Men senga mahliyo, maftun,
Agarchi Misrda qul edim, haqir,
Nasibamni qara, buyurmish taqdir,
Bu yurtda shoirman, podshoman bugun!

Tobutingdan boqib, ko‘rasanmi, ayt,
Rus ham Rimdek senga mast bo‘lib boqar,
Sezar va men endi abadulabad
Qismat qarshisida tengmiz, barobar!”

Jim qoldim. Qarayman. Meni eshitmas,
Ammo epkin esib ko‘ksida kam-kam,
Olar harir mato ostida nafas,
Shivir-shivir so‘zin ilg‘ayman shu dam:

“Bir zamonlar edim har ishga qodir,
Endi-chi, asrlar, davronlar osha –
Holimga ko‘zyoshi to‘kadi shoir,
Ahvolimga boqib, kular fohisha…”

SENI UNUTGANLAR

Etishdi soati. Shaylandi zamon,
Qilich yarqiradi yo‘l ochib tikka,
Men olomon ila yo‘l oldim hamon
Tumanli manzilga, baland kenglikka.

Yo‘lda necha dovon, jarlik, cheki yo‘q,
Xalq horib, dohiylar holdan toydi hay,
Qarshimizda qora bulutlar quyuq,
Chaqmoq tilkalardi ularni tinmay.

Qo‘llar osilsa-da nochor shalvirab,
Mushtlar tugilardi shu hollariga,
Guldirak gumburlab, bolalar yig‘lab,
Ayollar o‘randi ro‘mollariga.

Men dag‘i charchadim, qatordan ketdim,
Ortimdan ergashdi necha bir odam,
Boshimizda osmon, ko‘rinmasdi dim,
Bulutlar ortida edi quyosh ham.

Sarson bo‘lib yurdik, chekib oh-voh,
Topolmay kulbayi vayronamizni,
Tunlar gulxan yoqib, isindik goho,
Taqdir qaltiratdi sovuqda bizni.

Qancha yo‘l izladik, tortib mashaqqat,
Bari zoye’ ketdi yetmay samarga.
Ushalmas orzular berasan faqat,
Bu dunyoda Seni unutganlarga…

OQShOM ChO‘KAR SOKIN, BESADO…

Oqshom cho‘kar sokin, besado,
Quyuqlashar tuman suv uzra.
To‘lqinlarda sirli bir nido,
Bosh ko‘tarar oppoq bir kimsa.

Suv parisi chiqar dengizdan
Va yonimga kelib o‘ltirar,
Harir ro‘mol ostida shu dam,
Kumushlanib, ko‘ksi yaltirar.

Talpinadi so‘ngra quchgani
Va bag‘riga bosadi mahkam,
Quchaman deb bo‘g‘ding-ku meni,
Ey dengizlar parisi, sanam!

“Men bo‘g‘aman ko‘nglimni chog‘lab,
Qo‘lim kuchli, chirmashur chunon,
Oqshom salqin, seni quchoqlab,
Isinmoqchi bo‘laman shu on”.

Oy chehrasi oqarib, so‘lg‘in,
Osmon xira tashlaydi nazar.
Yoshlanadi ko‘zlaring nechun,
Ey dengizlar parisi, dilbar?

“Ko‘zlarimda qalqib turar nam,
Ko‘zyosh dema, ko‘nglim quvonchi.
Men dengizdan ko‘tarilgan dam,
Inib qolgan tiniq bir tomchi”.

Oq chorloqlar qichqirar chanqoq,
To‘lqin urar qirg‘oqqa boshin,
Qalbing nega titraydi mundoq,
Ey dengizning go‘zal sirdoshi?

“G‘alatidir qalbim chindanam,
Titrashlari ajabdir albat,
Men sevaman seni, ey odam,
Muhabbatdan yaralgan xilqat!”

* * *

Hayot baxsh etmoqchi o‘z nafasidan
Kelib avvalgidek ul zebo sanam,
Mening abgor bo‘lgan tanimga chindan,
Mening shu kulbayi vayronamga ham.

Boshimda osmondek turdi mehribon,
Men unga javoban shu og‘riq qo‘lim
Qimirlatolmadim hattoki, gulim,
Men seni qanchalar sog‘indim debon.

Nursiz ko‘zlarimni tikib ko‘rdim, ul
Kuyib, g‘am chekardi menga har nafas.
Bizning oramizda yo‘q edi butkul
Na bir so‘z, na iqbol, na ranju araz.

Bechora qalb charchab, horgandi kushod,
Shuncha yil, shuncha oy, shuncha kun magar,
Kechikkandi qaro baxtimiz, hayhot,
Ot surib kelsa ham yo‘lda qanchalar.

Men endi xastaman, dardi bedavo,
Xayolim o‘zga bir olamda bugun,
Quyoshli shafaqqa boqaman mamnun,
Abadiy tundanam qo‘rqmayman aslo.

Abadiyat boqib ko‘zimga bo‘yla,
Tinib-tinchimoqqa o‘rgatdi meni.
Moviy tunning muzdek shabnami ila
So‘ndirdi hayajon gulxanlarimni…

* * *

Ortimdan ergashib bir ablah gado,
Sudralib keladi odim va odim.
“Puling qayda?” – “Pulim sharobxonada”,
“Qalbing qayda?” – “Uni o‘pqonga otdim”.

“Senga nima kerak?” – “Istagim shuki,
Mendek ayon etsang o‘zni har lahza.
Chidasang, masxara etsalar, kulgi,
Istagim shu faqat, boshqa hech narsa”.

“Boshqalar ishiga tiqma burningni,
Ergashma izimdan, nari tur, yo‘qol!”
“Azizim, ikov deb o‘ylama bizni,
Adashma, alanglab atrofga ko‘z sol…”

Chindanam (boshimga soldi ne savdo!)
Tegramda birovni ko‘ra bilmadim,
Cho‘ntagimga boqsam, yo‘qdir hech vaqo,
Yuragimga nazar tashlab… yig‘ladim.

Rus tilidan Jamol Kamol tarjimasi