Nina Kassian (Nina Cassian) taniqli rumin adibasi va kompozitori. Galats shahrida tug‘ilgan. “Bizning ruhimiz”, “Bir ming to‘qqiz yuz o‘n yettinchi yil, tirikmisan?”, “Yoshlik”, “Yillarning yoshi”, “Dengiz bilan shamol suhbati”, “Kun ora bayramlar”, “Arfa sabog‘i”, “Xun” va boshqa kitoblar muallifi.
INSON
Vatan uchun urushda u bir qo‘lidan ayrildi-yu,
o‘ylab turib qo‘rqib ketdi:
“Endi bundan buyon ishlasam,
qo‘limdan kelgani – yarimta mehnat,
yiqqanim-terganim yarimta bo‘lar,
mehnatim-nasibam yarimta bo‘lar,
men royal chalsam ham,
musiqa chalsam ham,
cholg‘uga jo‘r bo‘lsam ham
bittagina qo‘l bilan
yarmini chalaman, xolos,
zanglagan ko‘hna eshikni
bir qo‘lim bilan ochaman,
bittagina qo‘lim bilan
yorimning sarv qomatining
yarmini quchaman, xolos,
attang, endi ba’zi ishni
bajarmoq qo‘limdan kelmas –
masalan, xalq bayramida
mendek odam bir qo‘l bilan
aslo chapak chala olmas…”
Shu soatdan e’tiboran
ikki hissa mehnat qildi,
boshqalarga qaraganda
ikki karra ko‘p ter to‘kdi,
shundan so‘ng
yo‘qolgan qo‘li o‘rnidan
qanot o‘sib chiqdi.
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi