Muratxan Shokan (1974)

Muratxan Shokan (Mұratxan Shoqan) 1974 yili Tarbag‘atay viloya­tining To‘la tumani Aqbelli qishlog‘ida tug‘ilgan. Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, shoir, faylasuf. Olma-otadagi Yoshlar siyosatini rivojlantirish fondining “Adabiyot olami” markazi rahbari. “Yigirmaning yolqini”, “Bahor uchun meni sev”, “Yurakka yukinib”, “Pokiza oqshomlar”, “Oqshom lirikasi” nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan. “Yaratilishnoma” falsafiy asari muallifi.

BOG‘ KEZAMAN

Bog‘ kezaman horitganda eski mung,
Qalay o‘tayotir, do‘stim, besh kuning?
Bog‘ kezaman, bolalikni xotirlab,
Chirildoqlar hushtak chalar kechqurun.

Yolg‘iz o‘zim aylanaman – so‘qqabosh,
Kunlar qayda bizlar birga yayragan?!
Bir-birini chorlayapti qaygadir,
Chirildoqlar sayragani sayragan!

To‘xtatib tur, qurbing yetsa fursatni,
Hayot o‘tar, o‘tar firoq, farahlar.
Bog‘ kezaman, tuyuladi g‘aroyib,
Qushlar meni chorlaganday chax-chaxlab.

O‘jarlarni hayot mangu o‘r etgay,
Ikki qirg‘oqdamiz, qolding sarg‘arib.
Go‘yo olis to‘qayda o‘sayotgan
Yolg‘iz terak kabi so‘qqabosh, g‘arib.

Behol qildi sevgi, alam, qayg‘u-g‘am,
Mendan o‘zga holingni kim tushunar?
Sog‘inaman, sog‘inaman, bir kuni
Meni senga olib boradi qushlar.

Bog‘ kezaman horitganda eski mung,
Qalay o‘tayotir, do‘stim, besh kuning?
Bog‘ kezaman, bolalikni xotirlab,
Chirildoqlar hushtak chalar kechqurun.

KUZ YoMG‘IRI

Kuz yomg‘iri ezib yog‘ar tun bo‘yi,
G‘amgin boqqa kim ham qo‘yadi ko‘ngil?
Atrofdagi maydalardan charchadim,
Muhabbatga qaraydilar yep-engil.

Xazonrezgi…yaproq uzilar – o‘lar,
Afsus-afsus nafas olmay uzilar.
Uzuq-yuluq yo‘llar yotar dasht uzra,
Ko‘hna afsonalar aytadi ular.

Har yon g‘iybat – muhabbatning go‘rinday,
Go‘r qazishga chevarmiz biz erinmay.
Ko‘kda turar bulut ichra to‘lin oy –
Sovuqqotgan qizning rangpar labinday.

Yomg‘ir yog‘ar…stilar sabru toqat,
Ko‘chalarning ko‘zlarida so‘ndi nur.
Yozdagiday olislarga intilib,
Kapalaklar uchmoq istar baribir.

Kuz yomg‘iri ezib yog‘ar tun bo‘yi,
Bog‘ning ohin tinglar endi qay ko‘ngil?
Atrofdagi maydalarga qarayman,
Muhabbatga qaraydilar yep-engil.

QAYG‘URMOQ-ChUN KELMAGANSAN

Umidlaring yo‘lga solsa yoprilib,
Olg‘a emas, chekina bil bir qadam.
Armon ba’zan o‘zi izlab topadi,
Sog‘inganda kirib kelar o‘zi g‘am.

Umid ba’zan buzib o‘tar devorni,
Sen ilinjning o‘zanidan o‘tma ko‘p.
Taqdirlar bor oyoqosti, ezilgan,
Zoye bo‘lgan oq umiddan zaxa yeb.

Hoyu havas orzularga aldanma,
O‘kinarsan o‘rinlanmay qolganda.
Bu hayotga qayg‘u uchun kelmading,
Kulib qaray bilmoq kerak yolg‘onga.

Umr – g‘animat, yashab bo‘lmas shunchaki,
Bizlar nega intilamiz qiynab jon?
Dard chekmoqqa kelmaganmiz dunyoga?!
Kulib qara, yolg‘onchi-ku bu jahon!

Umidlaring qo‘ldan tutsa yoprilib,
Olg‘a bosmay, chekina bil bir qadam.
Umid seni o‘zi izlab topadi,
Sog‘inganda kirib kelar shodlik ham.

SEN KETDING-U…

Sen ketding-u, bemajolman necha kun…
Kunlarimning bari sog‘inch, bari mung.
Kelayapman, meni o‘zing qarshi ol,
Huv boshidan manov nursiz ko‘chaning.

Simyog‘ochdan nur taralar salgina,
Oy osmonga intilar beholgina.
Kapalaklar chir-r aylanar chiroqda,
Tuni bo‘yi xirom aylagay yana…

Oldinda bir diydor turar – baxtga teng,
Tuni bilan sog‘inaman, sen yo‘q, sen…
Olatovning cho‘qqisiga chiqvolib,
Senga qarab uchayinmi endi men?!

Sog‘inchlarim holim oldi pirpirab,
Sensiz kunlar o‘tib borar tirqirab.
Hatto uyqum chiqib qochib ko‘rpamdan,
Oshib ketdi derazamdan bir sakrab.

Sen ketding-u, bemajolman necha kun…
Kunlarimning bari sog‘inch, bari mung.
Kelayapman, meni o‘zing qarshi ol,
Huv boshidan, manov mahzun ko‘chaning.

KUZ VA MEN

Oddiymizda, mehr dilin bezagan,
Hayot ichra o‘z baxtini izlagan.
Kuz shivirlab, saboq berar hayotdan
Jilmayaman parvo qilmay kuzga men.

U aytadi oldda hali qish bor deb,
Shaqqillagan sariq ayoz – tush bor deb.
Men aytaman: unut bo‘lar barchasi
Keng dalamda sayraganda qushlar, deb.

Xo‘mrayadi tog‘lar, vahma bosganma?
Biroz ishlar o‘tdi bizning boshdan-da.
Qora yerga topshiradi vujudin,
ol yaproqlar joning berib osmonga.

Oddiymizda, mehr dilin bezagan,
Hayot ichra o‘z baxtini izlagan.
Kuz shivirlab, saboq berar hayotdan
Jilmayaman parvo qilmay kuzga men.

KULIB TURIB…

Kulib turib nega ranjib qolasan?
Ko‘rsatma ko‘p ko‘zlaringning jolasin!
Shusiz ham men zo‘rg‘a ko‘tarayapman
Bu asrning tashvishi-yu nolasin…

Ketmoqchisan yana mendan o‘pkalab,
Yuribsan-da, g‘amga ko‘nglimni belab.
Ketaman deb qo‘rqitasan goh meni,
Yolvoraman, arazlaysan, burib lab!

O‘zing aytgil, yarashami senga g‘am?
Men kim o‘zi, begonami sevgim ham?
Chertgim kelmas boshqalarning darchasin,
Tuyg‘ularim mazax qilma, ey, sanam.

Mag‘rur tutib turganim yo‘q o‘zimni,
Yoningdaman, gulim, hargiz ranjima.
Baxtli kunlar bizni chorlab turibdi,
Katta yo‘lda ko‘ksimga tig‘ sanchima.

Kulib turib nega ranjib qolasan?
Ko‘rsatma ko‘p ko‘zlaringning jolasin!
Shusiz ham men zo‘rg‘a ko‘tarayapman
Bu asrning tashvishi-yu nolasin…

MAHZUN BULBUL

Oy uyg‘ondi uyqusidan tun yarim,
Nur qopladi Olatovning minbarin.
Bog‘ ichinda sayraydi bir mahzun qush,
Tushunmadim unda qanday mung borin.

Tungi havo dirillaydi un tiniq,
Sezimlarim ketdi shu on intilib.
Bu atrofda mendan boshqa kim uyg‘oq,
Bulbul ohin tinglar ekan kim tinib?:

Shukronam shu– uy ortida bog‘ bori,
Bog‘da o‘tar mening ba’zi chog‘larim.
Yozda tinglab yaproqlarning duosin,
Qishda sirdosh qilaman tog‘ oq qorin.

Ko‘rsatdimi taqdir unga zulm-talosh,
Bugun menga topildi bir qayg‘udosh.
Mitti bir qush nola chekar uyqusiz,
Ufq yuziga sachratib yulduz– ko‘zyosh.

G‘amga botib borayotir atrofim,
Yo‘l yuraman yana necha chaqirim?
Sudragancha to‘zgan eski kovushim,
Hayot o‘tib borayotir, ana, jim…

Oy uyg‘ondi uyqusidan tun yarim,
Nur qopladi Olatovning minbarin.
Bog‘ ichinda mahzun bulbul sayraydi,
Tushunmadim unda qanday mung borin.

Qozoq tilidan Muzaffar Ahmad tarjima qilgan.

QAROG‘IMDA QALQIB-QALQIB KO‘L TURDI

So‘zlarimdan ma’no ketdi, yozmadim,
Barin aytdim – ko‘chdi ko‘nglim ohori.
Taqdirimning ko‘rmaganday yozlarin,
Taqdirimning ko‘rmaganday bahorin.

Gulbog‘larning anglamadim gulini,
Yaproqlarning tushunmadim tilini.
Goho boshdan, gohi aytdim poyidan,
Yurak-bag‘rim ming parchaga bo‘linib.

Shamollarning qo‘llaridan tutmadim,
G‘amgin qoldim, g‘ussalarga belanib.
Bulut ko‘rdim ko‘k toqida bir parcha
Mo‘l yomg‘irlar so‘radim men elanib.

Yog‘olmadi, tishlab qoldim tilimni,
Ilon kabi tashlab ketdi uch bo‘lib.
Men noumid qaytdim so‘ngra qoshingdan
Uyg‘ongandek g‘ira-shira tush ko‘rib.

Qarog‘imda qalqib-qalqib ko‘l turdi,
Bog‘larimni yana zavqqa to‘ldirgin.
Aytmaydigan so‘zning barin aytdim-ku,
Aytadigan so‘zning barin o‘ldirdim…

ARBAT*DA

Birovning jim turgani, gapirgani,
Gohi notinch yuragimni parchalaydi.
Bir tomonda quvonch ko‘nglimni siylasa,
Bir tarafda hijron ko‘ksimni yalaydi.

Menga nima kerak, tag‘in anglolmayman,
Bilolmayman kimga ko‘ngil yorishimni?
Dil yozadi kimdir gitarani chertib,
Kimdir ko‘zda yoshi bilan tinglaydi tik.

Hayot o‘zi totli, garchi go‘zal emas,
Arbatdagi muzqaymoqning suratidek.
Kimdir toshu sanamlarga qilar toat,
Ko‘ksimdagi qushim ko‘kka o‘rla faqat.

Ko‘z tashlayman yon-atrofga men shunchaki,
Yuragimga taskin berar istirohat.
Birovning jim turgani, gap otgani,
Gohi notinch yuragimni parchalaydi.

Bir tomonda quvonch ko‘nglimni siylasa,
Bir tarafda hijron ko‘ksimni yalaydi.
Menga nima kerak, tag‘in anglolmayman,
Bilolmayman kimga ko‘ngil yorishimni?
____________
*Arbat – Olma-ota shahridagi ko‘chaning nomi.

Qozoq tilidan Faxriddin Hayit tarjimasi