Isroil Saparboy (1941)

Isroil Saparboy (Israil Saparbay) O‘zbekistonning Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. Chimkent Pedagogika institutini bitirgan. Chimkent viloyat yozuvchilar bo‘limida adabiy maslahatchi, Jalin nashriyotida katta muharrir, “Qozoq adabiyoti” gazetasining she’riyat bo‘limi mudiri, 1998 — 1999 yillarda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasida matbuot attashesi vazifalarida ishladi.
Uning “Oqqush armoni” (1976), “Yorug‘ umr” (1978), “Yuragimga uya qurgan qaldirg‘och” (1986), “Barmoqdaygina baxt” (1999), “Amir Temur” (dramatik doston, 1998) kabi kitoblari e’lon qilingan.
“Tarlon” mukofotining sohibi.

QAT’IY SO‘ZLI QAYSARLARIM

(“Jelto‘qson sururi”)

Qulunday erka bo‘lib o‘sdingizlar,
Har g‘amni ko‘krak bilan to‘sdingizlar.
Ensasi haqsizlikdan enkaymagan,
Mardsizlar, bugun qo‘rqmas botir — sizlar!

Hayiqib qaytmadingiz ortingizga,
Erk uchun jondan azob tortdingiz, ha.
Ichimda iztirobim bisyor edi,
Qorildim men ham sizning qayg‘ungizga!

Men uchun tug‘ishgandan aziz bari,
O‘zini otdi qo‘rqmay olov sari.
Quv dunyo quyunida qoldi-ku, oh,
Qiyilib qirchinidan orzulari!

O‘rfe’l, o‘jarlarim, o‘tkirlarim,
O‘ksuk-la o‘tdi, attang, ko‘p kunlaring.
Dog‘ qoldi bo‘sag‘amda o‘chmaydigan,
Toptaldi tosh maydonda cho‘g‘ gullarim…

Qoni bir, hasrati bir tuqqanlarim,
Aylandi azalarga xursand daming.
Yodimdan yotsam-tursam ketmas sira
Gunohsiz oq betingni yuvgan qoning…

Joni bir, yarog‘i bir qurdoshlarim,
Tegmadi qora yerga yonboshlaring.
Chidangiz dushmanlikning firibiga,
Zafar oni to‘kilsin ko‘z yoshlaring!

Erk uchun boshin tikkan bovurlarim,
Engillat bu zamonning og‘irlarin.
Afsuski, yurt qayg‘usi, millat g‘amin
Tuymayin, mudrar mudom ovullaring…

Adolatni tan olmay zamonamiz,
Barchamiz — yuraklari g‘amxonamiz.
Yaratgandan marhamat bo‘larmi deb,
Ko‘zlarni mo‘ltiratib, jim yonamiz.

Topmassan jo‘mard zotni bunday onlar,
Kibrdadir “xudosin unutganlar”.
Xoksorlarning ko‘zida yoshlar milt-milt,
Kunbotarning ufqiday titrar tonglar…

Qora qismat dastidan zor ayladik,
Yuraklarga hasratu g‘am joyladik.
G‘ira-shira maqsadga dilni berib,
Belgisiz bir safarga bel boyladik.

Kimki to‘qdir — o‘zini oldirmaydi,
Qashshoq odam har damda dovdiraydi.
Ko‘ganidan bo‘shalgan uloqdayin
Bani inson alanglab javdiraydi.

So‘ndimi kun nurlarin shomga qorib,
Ko‘rinar yo olisdan tong oqarib?
Adashganning holiga bir qaragin,
Tegmasmi boshlarimiz toshga borib?

Oldinda hali tole, orzu go‘yo,
Ushbu kunda arzandadir shu’la, ziyo.
Ne tongki, och qashqirday bo‘zlasam gar,
Qovurg‘am qayishtirdi bu tor dunyo!

* * *

Ko‘klam kechib, ko‘ngilga kuz enadi,
Kuz rangidan yuragim muz emadi.
Gunoh, nola, tuhmatdan zada bo‘lgan
Manov zamon qay kuni tuzaladi?

Men mehnatga ishqimni kanda qilmam,
Lekin zamon ra’yi ne — ayon bilmam.
Yaltiragan yoshi bor yaprog‘ida —
Ayozlarda titragan men bir gulman.

Xo‘rlar hargiz izg‘irin gulning sha’nin,
Qayda bugun olligi gul-g‘unchaning?
Ko‘kayimda — ko‘z yoshi yesirlarning,
O‘zagimda — o‘ksigi yetimchaning.

Meni baxtmas, qayg‘ular chirmab olgan,
Tomirimda orzular to‘ngib qolgan.
Qaroqchiday qoshimdan ketmay nari,
O‘z ko‘lankam — dilimga qutqu solgan.

Har kim qilar dunyoni har xil talqin…
O‘z-o‘zim-la xo‘shlashar kun ham yaqin.
Qanday mudrab, qandayin orom olar
Erta kunni oldindan bilsa oqin?!

Har kim tole taqdirin har xil yo‘ygan,
Men diyonat haqida toldim o‘yga.
O‘ralib Momo Havo etagiga,
Zamonning “diydiyo”sin soldim kuyga.

Garchi tegram xazonrez, ayoz yelar,
Ko‘klam yitmas, u yana qaytib kelar.
O‘zagimni tilkatar o‘lan bor-ku,
Men ko‘nglimni yupatay o‘zga ne-la?..

YO‘L OLDI DUOSI

Xudo yo‘ling o‘nglasin,
Xizir bo‘lsin yo‘ldoshing.
Arvohlar ham qo‘llasin,
Qirq chilton qo‘rg‘asin.

Chorlaganda chor taraf,
Dilingga ol o‘t qalab,
Yursin doim farishta
Qanoti-la qalqalab.

Yaratgandan so‘rayin:
Yorug‘ bo‘lsin Kun, Oying.
Ilashmasin joningga
Iblisu jin, iloyim.

Olis yo‘llar bosar on
Ko‘liging bo‘lsin omon,
Ishonchingni yo‘qotib,
Rang-ro‘ying qilma somon.

Rizqing butun bo‘lsin, ayt,
Tortilmasin hech bir payt.
Ko‘rishaylik tinchlikda
Oy borginu omon qayt.
Omin!!!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

AMIR TEMIR
/tarixiy drama/

Ishtirok etuvchilar:

Amir Temir
Xo‘ja Ahmad Yassaviy – Amir Temirning ma’naviy piri
Imom Baraka – Amir Temirning ma’naviy ustozi
Ilyosxo‘ja – Samarqand hukmdori
Husayn – amir
Jahongir – amirzoda
Barxan – bahodir
Arg‘unshoh – saroy sardori
Javharxon – Arg‘unshohning qaylig‘i
Validdin ibn Xaldun – Bag‘dod shoiri
Qaysar (Boyazid) – Turk sultoni
Saroy Mulk xonim,
Ingkorbegim – Amir Temirning xotinlari
Cho‘lpon Mulk
Amirlar, navkarlar, saroy xizmatkorlari…

BIRINChI BO‘LIM

Birinchi ko‘rinish

Tog‘ darasi (Amir Temir darvozasi). Chodir ichida Amir Temir darg‘azab. Yonida Burxon bilan boshqa sheriklari.

Barxan

Kimdan bezib, tog‘ panalab, jar bosding?
Qaysi yovning yoqasiga tarmashding?
Kiymaymizmi kafanin biz ham erta,
Kecha urros qochgan Hoji Barlosning?
Xondan qo‘rqib, boshim omon saqlay deb,
Qochib ketdi quyon yurak alvasting!

Amir Temir

Ko‘nglimdagin
Achchiq aytding, rost aytding.
Bu safarmi?
Etar endi, bu safar
Nahot yana aldangancha qolaman?
Kelayotir devlar bilan olishgim,
Aydahorni aldab yo‘lga solaman!!!

Barxan

(So‘zini bo‘lib)
Yota-yota yonboshingga o‘ngirda
Erlar botdi, yana qancha qolarsan?
Sonsiz emas, sarbozing ham sanoqli,
Qatoringga tag‘in kimni olarsan?

Amir Temir

(Quchoqlab olib)
Qiyomatlik do‘stim, Barxan, avvalo
Ishonaman senga jonu tanimdan.
Har qaysisi bir tumanga tatigan
Do‘stlar bilan cho‘chiyman qay g‘animdan?

Barxan

Sir aytganing ma’quldir
Bunday ochiq va kulib…
Xon urug‘i – Tug‘uliq,
Yurmassan mayib bo‘lib.
Sen u bilan to‘qnashib,
O‘ng yog‘ingdan o‘q uchib,
So‘l yog‘ingdan yel turib…

Amir Temir

(Barxanni orqaga itarib tashlab):
Sen turkdirsan, men ham turkman. Nega sen
Bidirlaysan achchig‘imni keltirib?
So‘ng yurishim kerakmidi shu tarzda
Jigarimni yerga urib,
Nomusimni o‘ldirib?

Barxan

(Qoni qochib, rangi oqarib)
Unday bo‘lsa, gapir, xo‘p,
Kim bog‘labdi qo‘lingni,
Kim to‘sibdi yo‘lingni?

Amir Temir

(Shartta burilib, ko‘zini osmonga tikib)
Ajratolmay jonkuyarni, yaqinni,
Aro yo‘lda qoldi menday faqiring,
Kechir, menga kerak bo‘ldi maslahat
Sen deysan, Parvardigor, yo, pirim?

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

(O‘zi ko‘rinmay, ovozi eshitiladi)
Hazrat Alining
Mana bu so‘zlarin esingga olgin:
«Agar osmon sadoq bo‘lsa egilgan,
Taqdir o‘qdir ko‘kdan yerga to‘kilgan.
Xos merganning o‘zi bo‘lsa Yaratgan,
Jon qutulmas joyga o‘qini otgan…»
Bu misolning ta’biri shu, tamsil – shu:
Qarshi borma qattol yovga, qoch, yohu…

Ikkinchi ko‘rinish

Kesh (Shahrisabz) shahri. Kichik kengash.

Amir Temir

Bu Tug‘luqxon va’dasida turmadi,
Kundan-kunga ortib borar jumbog‘i.
Huzurida ming egilib endi biz
O‘lamizmi uni deb?
Ana, meni aldab qo‘yib Kesh bilan –
Anov bolasi –
Samarqandni o‘zboshimcha boshqarar.
Qo‘ldan kelsa, qaysarlanish, bahslashuv,
Omad kelsa, ot quyrug‘in kesmak – em!..

Husayn

So‘nggi damda kim yo‘ladi qoshingga,
Farzand tilab olmaysanmi boshingga?

Amir Temir

Shamshir ushlab, ont ichgan
Senday do‘stga ishondim!
Hakkaday hadis olgan,
Burgut misol chang solgan
Yonimdan yurgan, senga
Ishonaman, Shoh Malik!
Taysallamas qahrdan,
Ishonaman, Sulaymon!
Bir umr do‘st bo‘lishga
Beling mahkam bog‘liqdir,
Ishonaman, Burindiq!
(Atrofidagilarni bir-bir ko‘zdan kechirib)
Ishonaman jaloyirga, barlosga,
Boshchi bo‘lgan yigitlarga – har kasga!
Tug‘luqxonning esin yegan bolasin
Inshoolloh, Samarqanddan haydaymiz!..
(O‘sha kezda Barxan boshchiligidagi ayg‘oqchilar saroyga kiradi)

Barxan

Samarqandning sirlarin
Bila keldik, hukmdor.
Bor xabarni nazarga
Ila keldik, hukmdor:
Qo‘riqchisi mast ekan,
Qamali oson ekan,
Qo‘rg‘on degan past ekan…

Amir Temir

Sizlar boraveringlar!
(Qo‘riqchilar chiqib ketadi)
Izlaganki topadi.
(Tahdid qilib)
Buni hech kim bilmasligi shart erur!
Sonsiz saroy darvozasi ochilar,
Samarqandni olar bo‘lsak sog‘-omon.

Husayn

Xon saroyi – o‘rdadir
Uni qo‘lga olgani,
O‘yin qilib, ot qo‘yib,
O‘kinmasak bo‘lgani…

Amir Temir

(Shubhalanib)
Nimadir deb edingmi?
Meni bunday o‘yindan
Angda qoldi dedingmi?

Husayn

Balolarga qolasan
Uxlagan devni turtsang,
Qumursqalar to‘dasi
Eb qo‘yar, qarab tursang.
Senga o‘zi yetmasmi
Bir Keshni so‘rab yursang?..

Amir Temir

Anqovsima, qaynog‘a,
Shu ham senga xosmidi:
Og‘zingdan chiqqan shu so‘z
Makrmidimi, rostmidi?

Husayn

Qizishsang-da yeng tirib,
Bo‘ltirik – xon bolasi.
Oyga qarab chopay deb
Oqsoqlanib qolasan!..

Amir Temir

(G‘azab otiga minib)
Hmm… oqsab, oqsoqlanib!!!
Yotaveraymi uyda
Nosusimni o‘ldirib?
Nima deb valdiraysan
Achchig‘imni keltirib?!..
(Boshqalar tomon burilib)
Nima deysan qolganing?

Shoh Malik

Bir ko‘raylik Allohning
Boshimizga solganin.

Shayx Sulaymon

Qabul bo‘lsin tilaging,
Qolmasin hech armoning.

Burindiq

“Omading yoring bo‘lsin”,
Sen kechikib qolmagin,
Dardsiz kesak, qovoqbosh
Tishlab qolsin barmog‘in!

Amir Temir

(Burgutga o‘xshab hamla qilmoqchiday)
Yo‘lga tayyorlaninglar!!!

Husayn

(Jahli chiqib, o‘zini boshqalardan chetga olib)
Baliq qolib, baqa tutib yurmasin,
Ehtiyot bo‘l, qarmog‘ing!..

Uchinchi ko‘rinish

Tun chog‘i. Samarqand. Ilyosxo‘janing hashamatli saroyiga kirgan Amir Temir sarbozlari. Qonsiragan soqchi, sondiragan sarboz. Amir Temir bilan Barxan Ilyosxo‘janing yotoq bo‘lmasiga dovulday kirib keladi.

Ilyosxo‘ja

(To‘shagida qo‘rqib ketib)
A…a…Oq…soq… Te…mir…mi?…
O‘ngimmi bu, tushimmi..
Saroyda kim yuribdi?
Qani qorovul,
Saroy soqchisi qayda?

Xonning xotini

(Hurrasi uchib)
Bu – kimlarning fitnasi?
Bu kimning dushmanligi?

Amir Temir

(Ilyosxo‘jaga qahr bilan tikilib)
Sen tush emas, o‘ngingda
Ko‘rib turibsan mani
O‘sha bo‘lar tilingning
Kalimaga kelgani!
Saroyga kirmoq bizga
Hech mashaqqat bo‘lmadi!
(Barxanga qarata)
Ikkoving ham bo‘la qol,
Bo‘shatinglar bo‘lmani!

Barxan pichog‘ini qinidan sug‘irib olib, essiz-tussiz turgan ikkoviga hamla qiladi. Amir Temir taxtga yaqin borib to‘xtaydi. Zum o‘tmay Tarxan ham yetib keladi.

Amir Temir

(O‘ziga-o‘zi)
O‘z-o‘zimdan osha olmay,
Olg‘a qadam bosolmay,
Taysallashim netganim?
Xon taxtiga o‘tirmay
G‘azabimni asovday
Qantarganim netganim?
Xon taxtiga o‘tirmay
Ne qildim, yo pirim-ay?..
(Yalt etib Barxanga qaraydi)

Barxan

(O‘zi bilan o‘zi gapirib)
Nega menga qaradi?
Qonli ko‘zin qadadi?
Ajdarhoday, chamasi.
Og‘zi ochilib turar.
Bu yugurik umrda
Bundayi bir bo‘ladi!
Sen u holda ildamroq
Hazir bo‘lib baxtingga,
Taxtingga qo‘n, taxtingga!!!
(Taxt sari intiladi)

Amir Temir

To‘xta!
Qayga borasan?
Bir-biriga taxt bilan
Barxan yarasharmikan?
Odam degan avvalo
Bilmasmi o‘z haddini?

Barxan

E-e!
Taxtni talashasanmi?
Barxanday xos botirga
Nega hamla qilasan?
Xon bilan xonimini
Tavbasiga, men emas,
Tayantirdi kim, inim?

Amir Temir

Rost aytasan, tana, burun, og‘izdan
Qizil qonin suv misoli oqizding.
Ikkovining jonin olib, jannatga –
O‘z vaqtida ravona qilding, albatta…

Barxan

Qo‘lim qonga bo‘yandi,
Ko‘ksimdagi ko‘p yillik
Bo‘g‘ib yotgan bir g‘azabim uyg‘ondi.
Endi uning tinmasligi ayondir.
Tangri otgan ul dajjol
Kelib tushdi yoningga.
(qurolini o‘qtaladi)

Amir Temir

Shunda… shunda…
Qayda qoldi kechagi
Qasam ichgan do‘stliging?

Barxan

Do‘st deysanmi?
Heh-heh-heh!!!
Qanaqa do‘st?
Taxtdan o‘zga bo‘lgan emas armonim,
Haqdan o‘zga bo‘lgan emas darmonim!!!

Amir Temir

Shunaqa de?
Do‘st emasman, qosh man de?
Qora botmon toshman de?
Hammasidan voz kechib,
Taxtga qadam bosdim de!..
______
Qosh – yovuz niyatli kishi.

Barxan

Otga minib chalqayishni,
Taxtga chiqib taltayishni
Men tugul va sen tugul
Yo‘qsillar ham yoqtirar!

Amir Temir

Qilichingni chiqar unda qinidan!

Barxan

Anov ikkovga o‘xshab
(Qo‘li bilan ko‘rsatib)
Sen ham endi joy olaver jannatdan!

Ikkalasi taxt aylanib, qilichlashadi. Ikkovi ham bir-biriga yaqinlasha olmaydi. Amir Temir epchillik bilan uning qo‘lini qo‘ltig‘idan chopib tashlaydi. «Voh» degan achchiq tovushdan ikki sarboz yugurib kirib keladi. Barxan jon taslim qilib, taxtga yopishgancha qulaydi.

Amir Temir

(Taxtga o‘tirib)
Iblis yedi boshini,
Olib keting loshini!
(Bo‘yini tik tutib)
Ko‘rib chiqib har joyni,
Tozalanglar saroyni!!!

Amir Temir taxtdan tushib, uni bir aylanib o‘tib, nariroqqa borib turadi.

Amir Temir

Nima bo‘ldi bu o‘zi?..
Tangri amr qildimi?
Xonning taxti uchun qon
To‘kish ravo bo‘ldimi?
Shuni orzu qilib yondimi ichim?
Yana kimga o‘qtalarman qilichim?
Ko‘zi qonga to‘lgan qashqir misoli
Kelyaptimi yov har yoqdan ot solib?

Barxan, Ilyosxo‘ja, Husayn va yana boshqalar har tomondan o‘rab oladi.

…Do‘st tutqanim Husayn ham pastkashmi?
Sizlar uchun ayamayman o‘zimni.
Qarindoshi – xudoy qo‘shgan jon yorim.
Qur’on ushlab,
Non ushlab
Do‘st bo‘ldim deb aytsa-da,
Kundosh xotinga o‘xshab,
Kundan-kunga borayotir uzoqlab…
(Taxtga yaqinlashib)
Yo‘-o‘-o‘-o‘q!
Ajdarhoning og‘ziday
Bir o‘y meni tortib borar komiga.
Bobolardan,
Donolardan qolgan so‘z:
“Kim ayasa yovni – o‘zi yarador”.
(Taxtga yaqinlashib)
Unga mening qo‘sharim:
Sen dushmanni yengmasang,
Seni yengar dushmaning!!!
(Taxtga qayta o‘tirib)

Amir Temir

Soqchi!!!
(Soqchi shum o‘tmay kirib keladi.)
Hamma lashkarboshilarni chaqir!

Saroyga Shayx Sulaymon, Shohmalik, Burindiq, Shayx Nuriddin va Kayxusrav yig‘iladi.

Amir Temir

Quloq tuting so‘zimga:
Bir narsani o‘ylab hech
Kelolmayman o‘zimga,
Xayolim band erta-kech.
Xullas, gapning qisqasi:
Husayn bilan orani
Uzsammi deb o‘yladim.
Uning qo‘rg‘on-qal’asin
Buzsammi deb o‘yladim.
Bugun-erta o‘rdasin
Bossammi deb o‘yladim.
Balx o‘lkasin yurtimga
Qo‘shsammi deb o‘yladim.
Xorazmni olgach, so‘ng
Tag‘in yurib Hind sari
Oshsammi deb o‘yladim.
Bunga kim nima deydi?

Shayx Sulaymon

Kunu tun qurolini
Shaylab yurar Husayn.
Qal’a qurib, qilichin
Qayrab yurar Husayn.

Burindiq

Quv tulkiday old-ortin
O‘ylab yurar Husayn.
Kerak deb bog‘imizni
Poylab yurar, Husayn.

Amir Temir

Eh, Husayn, Husayn…
Husaynning ortidan
Chiroq olib tushayin!
Endi so‘zim tinglanglar:
Tarqab ketgan xonlikning
Boshini qovushtirib,
Bilak etmoq o‘yim bor.
Turon tog‘in bariga
Tirgak etmoq o‘yim bor.
Samarqandu Yassini
Yurak etmoq o‘yim bor!
Bir Allohdan o‘shani
Tilak etmoq o‘yim bor!..
«Yaxshi», «Qo‘llaymiz» degan tovushlar eshitiladi.
_______
Bilak etmoq (Bіlek yetpek )– boshqarmoq ma’nosida.

Kayxusrav

Amirim!
Menga muhlat bersangiz,
Bugun otga minayin!
Husayndan o‘chimni
Kech bo‘lsa ham olayin!
Qonin yerga qorayin,
Buzib tashlay saroyin!

Amir Temir

Botirlaring olib tez,
Balxga borib boshin kes…
(Qirg‘iyday vahm solib, Yo‘lbarsdayin kuch olib)
Shu bilan so‘zim tamom!!!

To‘rtinchi ko‘rinish

Balx shahri. Husayn saroyi. Amirning yuzi tund. Amir Temir Samarqandni bosib olgani to‘g‘risidagi xabarni eshitib, kayfiyati tushib, ta’bi tirriq bo‘lgan. Yelpig‘ichni yelpib turgan ikki go‘zal qizdan boshqa biror tirik jonni yoniga yo‘latar holda emas.

Husayn

Ishi yurib cho‘loqning
Yorlaqar Egam – Tangri.
Movarounnahrda u –
Hokimdir, hukmi yangrar.
Iloj qancha o‘ylasa,
O‘ylasayu so‘ylasa
Ikki dunyodan birdan.
(G‘ijinib)
Kimligini bilsin qaroqchi oldin,
U oqsagan oyoq bilan shu oltin
Taxtni olmoq uchun nahot shaylanar?
Xon taxtini yalangoyoq oldi deb
Desang ko‘nglim aynib, boshim aylanar.
Bosib kelsa ertaga u Balx tomon,
meni qo‘yarmi omon?..
Soqchini chaqirmoqchi bo‘lganda saroy ichi bir lahzada to‘s-to‘polon bo‘lib ketadi. Xabarchi urina-surina ichkari kiradi.
Am…i…ri…m!

Husayn

Tiling kesilsin sening!
Jag‘ing ezilsin sening!
Nima bo‘ldi, aytsang-chi?

Xabarchi

Amir Temir!.. Amir Temir!..
Yov bosdi.
Qal’ani ham, qo‘rg‘onni ham tekislab
Bitta qildi yer bilan!…

Husayn

(Quti o‘chib)
Oqsoq Amir Temir deysanmi???
Qilichlar jarangi, ayollarning chinqirgan tovushlari aralash-quralash yaqindan eshitiladi. Saroyga Kayxusrav yetib keladi.

Kayxusrav

Sen qo‘li qon, aynigan,
Taxtdan tushma, mayliga.
Sendan qasos olaman!
Oppoq, shinam xonangni
Ostin-ustin qilaman!
Taqir boshing dumalab,
Toshday qochib tanangdan,
Taxtdan tushsin, iloyim,
Temirga yo‘lin ochib!
(Husayn tomon talpinadi.)

…Saroyni qo‘lga kiritgan Amir Temir vahimaga tushib chuvlashib yotgan haram eshigini ochadi.

Amir Temir

Oq qirg‘iyga burgutcha
Chovut solgan, ajabo.
Oq quyonni olisdan
Ilib olgan, ajabo.
Qiz bilan aysh qilishni
Bilib olgan, ajabo.
Old-ortiga qaramay
Olam ko‘rki – haramda
Yurgan ekan, ajabo!..
U qo‘rqib qarayotgan bir qizning oldida to‘xtaydi.
Go‘zal ekan shunisi,
Ega bo‘lar siyliqqa.
(Navkarlariga qarata)
Husaynning xotin – zavjalarini,
Yana mana bu bokira qizni ham –
Samarqandga yetkazinglar barini,
Sog‘-salomat, eson-omon,
Erk beringlar qolganlarga ham shu on!..
Haram tutqinlari shovqin-suron ko‘tarib, har tomonga yuguradi.

Beshinchi ko‘rinish

Samarqand shahri. Amir Temirning Ko‘ksaroyi. Xoli xona. Xizmatkor ruxsat so‘rab, ichkariga qizni olib kiradi va qaytib chiqib ketadi.

Amir Temir

(Qizga qarata)
Sen-chi, quyon emassan,
Men ham qashqir emasman.
Cho‘chima, kel, oldimga,
Mendan qo‘rqib qoldingmi?
Kel, kelsang-chi?..
(Hissiyotini jilovlab)
Erkak damin tuymagan
Epsizliging sezildi,
Yashirmagin ko‘zingni.
Qani, gapir bir boshdan,
Eshitay-chi so‘zingni.
Nafs bandasi Husayn
Qaydan topdi o‘zingni?
(Qizning iyagidan o‘pib, bilagidan ushlaydi.)
Bilagingning issig‘i,
Ko‘zlaringning uchquni
Tomirimni yoradi,
Tanim balqib boradi.
O‘p, qiynama jonimni…
(Uni yoniga chorlaydi)
Qizdir-chi bir qonimni,
Kirgiz-chi bir jonimni.
Ko‘rsatib siym badaning,
Yondir jonu tanimni!
(Qizning ko‘kragini ocha boshlaganda u ho‘ngrab yig‘lab yuboradi.)

Amir Temir

(Hayron bo‘lib so‘z qotadi)
Qo‘zlaringdan yoshingni
Oqizdimmi bilmasdan?
Nega yig‘lab yubording
Noz-karashma qilmasdan?
(Sochiga, qoshiga qiziqsinib qarab)
Uzun, qayqi kiprigingda yosh qotdi…
Bir sog‘inchim yuzlar bo‘ldi, ming ortdi.

Qiz

(O‘ksigini bosa olmay)
Siz amirsiz,
Ko‘kdan tushgan tangrisiz,
Biz bandamiz – qadrsiz…

Amir Temir

Tangri emas, bor bo‘ldig‘im amirman,
Zamonaning qo‘lidagi qurolman.
Qinga qaytib joylangan bir qilichday,
Erta bir kun ajal kelsa, turolmam…
Ayt, to‘xtama, so‘yla, bos
Bu yer qamoq emasdir,
Zindon emas, xona – xos.

Qiz

To‘ti edim qafasda
Ozod qushga aylandim.
Qo‘rg‘on izlab, joy izlab
Qo‘lingizga boylandim.
Amringizga bo‘ysunib,
Damingizga yuzma-yuz –
Kela olmay turibman.
Ertam bormi, bilmayin
Sho‘rginam ham quribman.

Amir Temir

Borgan sari jumbog‘ing
Ko‘payib borayotir.
Shu jumboqni dastavval
Tinglagim kelayotir.
Ayt!

Qiz

(Engil xo‘rsinib)
Qo‘rquv bilan vahimam
Endi bir oz bosildi.
O‘z yurtimda bir bo‘z yigit bor edi,
Ko‘nglimga yo‘l topgan edi baxtiyor.
Men siz Balxni olgan kuni haramga
Tutqin bo‘lib kelgandim beixtiyor.
Arslonim – Arg‘unim
Sezmasdan qoldi u qismat o‘yinin.
Jumbog‘im shul erur. Qursin bu kunim.
(Sal xo‘rsinib)
Onasidan erta qolgan uloqday
Qo‘lingizda endi mening taqdirim…

Amir Temir

(Nima deyishini bilmay ovozini ko‘tarib)
Bo‘ldi, yetar, qolganini aytmagin,
Yoring kelar, nasib qilsa qaytmagi.
Inshoolloh, bugun aytgan so‘zingning
Salmog‘ini ko‘taradi shu yigit!!!
Rost aytganing – mendan ozod bo‘lganing.
Yolg‘on aytsang –
Unda… unda o‘lganing!
(Bir oz to‘xtab)
Yoshingni tiy, qo‘rqma sira, bemalol
Tong otgancha sen shu yerda qola qol…

Oltinchi ko‘rinish

Ko‘ksaroy. Amir Temir taxtda o‘tiribdi. Atrofida lashkarboshilari, Imom Baraka boshchiligidagi ulamolar…

Soqchi

Amirim, qaytibdi Balxga ketganlar!

Amir Temir

Kirsin!
(Ikki yigit saroyga kiradi)
Balxga borib keldik,
Arg‘unni topib keldik, amirim.

Amir Temir

Keltiringlar!!!
(Ikki yigit Arg‘unni olib kiradi)

Amir Temir

Izlaganim topildi.
Qani, shunday tura tur.
Ko‘pchilikning oldida
Sinagan durust bo‘lur.
(Soqchiga)
Keltiring anov qizni,
Bunga ko‘ngli bor ekan.
(Arg‘unga)
Sinovdan o‘tolmasang
O‘z uvoling o‘zingga –
O‘ta olsang sinovdan
Qizg‘aldoqday qizingga
Qo‘shilasan sog‘-omon.
(Saroy Mulk xonim qizni olib kiradi)

Arg‘un

Amringizga muntazir
Turibman, ulug‘ amir!
Bu sinovga boshimni
Tikay, sadqadir jonim!
Taxtingiz tavof etay,
Aytsangiz sinov sonin…

Amir Temir

Bo‘ladi!
(Arg‘un tiz cho‘kib, tavof etib, joyiga borib turadi)

Amir Temir

Asli sen uchun sinov
Uch savoldan iborat.
Birinchi savolni o‘zim beraman,
Ikkinchi savolni buyuk alloma Imom Baraka beradi,
Uchinchi savol – ko‘r tavakkal, peshonangdan ko‘rasan!

Arg‘un

(Qo‘lini ko‘kka ko‘tarib)
Ey, Yaratgan, jon egam!,
Qirq chiltonim, avliyom!
Og‘ir damda qo‘rg‘agan,
Qo‘ltig‘imdan qo‘llagan,
Xo‘ja Ahmad, jon bobom!
Madad bergin, yo‘llagin!
O‘tirganlar o‘rtasida g‘ala-g‘ovur boshlanadi. «Oh!» degan qizning og‘zini Saroy Mulk xonim yopadi. Boshqalar buni anglamay qoladi.

Amir Temir

(Jahongirga)
Ol, bolam,Otabekdan –
Ne o‘rganding, ne olding,
Hunaringni ko‘rsatgin
Izdihom ko‘rib qolsin.
O‘rtaga chiq tezroq, hov!!!!
Arg‘un bilan qilichlash,
Sen yengmagan bormi yov?!
(Soqchiga)
Qilich uzat Arg‘unga,
Qani, yigit, bo‘la qol,
Bir-biringga qilich sol!
(Ikkovi qilich sermasha ketadi, bir-birini yenga olmaydi)

Amir Temir:

Ha, bo‘ladi,
Bo‘ldi, bas!
Ko‘rdim, ikkovi qo‘rqmas,
Tikka olishar, dangal.
Endi boshqa sinovga
Bermoqchiman navbat, gal!
(Jahongir joyiga borib o‘tiradi)

Imom Baraka

Er yigitning qo‘nog‘i – kuch-g‘ayrati,
Bundan o‘zga bo‘ladi uch g‘ayrati.
Shundan biri…
Bu hayotning mazmuni –
Islom dini olami.
Shul musulmon diniga
Xavf-xatar kelgan oni
Ham umrini, ham jonin
Kimlar qurbon qilganin,
Kim etishin jon fido,
Yigit aytsa, aqliga
Aytar edik tasanno!

Arg‘un

Muhtaram, aziz Imom,
Savolingiz tushundim:
Dunyo degan –to‘qqiz yo‘lning tarmog‘i.
Haqdan boshqa bir qudrat,
Biz singari bandasin
«Yaratdim» deb aytmadi hech birovga…
Har yuz yilda Yaratguvchi shu egam
Bir farzandni nazariga oladi.
Musulmonlar dushman bilan so‘g‘ishsa,
O‘shal farzand qo‘rg‘aydigan bo‘ladi.
Sakkizinchi hijriy asr – yuz yilda
Haqning suygan quli,
(Amir Temirga qarab)
Ulug‘ amirim…
Bunday ishga kuch-quvvatin soladi!
(Imom Barakaga qarab)
Amir Temir jahongirdan avvalgi
Ettovining aytayinmi nisbasin?

Imom Baraka

Etar, o‘g‘lim, yetadi,
Jannatdadir yettovining makoni…

Amir Temir

(Xursand bo‘lib)
O‘tib olding qo‘sh sinovdan bemalol!
Endi esa uchinchisin boshlaylik.
(Saroy Mulk xonimga)
Bo‘ldi, qizni olib ket,
Ola-qora o‘ralsin,
So‘ngra beshov qiz bo‘lib,
Aralashsin, quralsin.
Saroy Mulk xonim qizni olib chiqadi, oradan ko‘p o‘tmay, bir xil kiyingan, bo‘ylari bir xil, yuzlari berk besh qizni olib kiradi.

Amir Temir

Na aqling va na kuching,
Na orqa qilar kishing
Kela olmas yordamga.
Topib olgin yoringni,
Ishga solib boringni!
Topolmasang, jon bilan
Xo‘shlashasan, bilib qo‘y.
Gar topsang, yoring bilan
Qo‘shilasan, bilib qo‘y.
(Arg‘un qizlarga qarab yuradi)

Arg‘un

Besh qiz turar, yurak hovuchlab bari,
Besh qizning ham ko‘rinmaydi yuzlari.
Ikki ko‘zim xato qilsa bo‘lurmi,
Ey yuragim, nedir sening so‘zlaring?
(Qaysi birini tanlashni bilmay,shivirlaydi)
Besh qizning ham tolchiviqday bo‘yi bor,
Ko‘rgan kishi ichmay-emay to‘yadi.
Xato qilsam, bir soniya yorimdan
Meni mangu judo qilib qo‘yadi.
(Birovining yonida to‘xtab)
Besh qizning ham ko‘ngli vayron, ko‘zi mung,
Ado bo‘lmish toqati ham to‘zimi.
Ikki ko‘zim xato qilsa bo‘lurmi,
Sen ne deysan?
Sen ne deysan, sezimim?
U shunday deb qizning betini ochadi va ko‘zi yoshga to‘lgan Javharxonni ko‘radi.
Izlaganim – chopganim,
Yo‘qotganim, topganim!
(Shunday deb u bilan quchoqlashib ko‘rishadi)

Ovozlar

Barakalla!
Chin yigitning o‘zi ekan!
Sinovlarda surinmadi mard yigit!!!
Parvardigor bersin uning omadin!…

Amir Temir

(Taxtidan tushib Arg‘un bilan Javharxonning oldiga keladi)
Xudoy qo‘shgan qo‘shoqni
Kimki bo‘lsa, u – fosiq.
Bu erka va esli qiz
Er yigitga munosib.
(Elpinib)
Zarrin nurga chulg‘anganday manglayim,
Cho‘ng, muhtasham bo‘lib ketdi saroyim!
Kel yonimga, quchog‘imga olayin!
Kel yonimga, bir bag‘rimga bosayin!
(Mehri tovlanib, ko‘ziga yosh oladi)
Kel yonimga, aylanayin, Arg‘unjon,
Alloh seni yorlaqasin har zamon!…
(Arg‘unga oq shamshirini uzatib)
Shamshirday hamdamim bo‘l,
Ishongan odamim bo‘l!!!
(Javharxonning manglayidan o‘pib)
Sen esa kelinim bo‘l…

IKKINChI BO‘LIM

Ettinchi ko‘rinish

Amir Temirning ko‘k chodiri. Bag‘dod yaqiniga kelib, chodir tikib yotgan qo‘shinning shovqin-suroni…

Soqchi

Ulug‘ amirim!
Oq sallali, hassali
Bir qariya kelibdi.
«Bag‘doddan kelgan elchiman», deydi.
«Xudoyi qo‘noq, qo‘shniman», deydi…

Amir Temir

(Kinoya bilan)
Qo‘shniman?
Ko‘raylik, kirsin!

Validdin ibn Xaldun

Assalomu alaykum!

Amir Temir

Vaalaykum assalom!…

Validdin ibn Xaldun

Yurishing bilan yo‘lingni
Alloh o‘nglasin, ulug‘ Amir…

Amir Temir

(Qahr bilan)
Senda ikki qulog‘im!

Validdin ibn Xaldun

(Razm solib)
Chirog‘im,
Qutlug‘ bo‘lsin qo‘ngan joying – turog‘ing,
Mangu o‘chmay, yonib tursin chirog‘ing…

Amir Temir

Omin!!!
(O‘ziga-o‘zi)
Buncha aql o‘rgatadi!
(Jiddiy)
Senda ikki qulog‘im!!!

Validdin ibn Xaldun

Sen so‘ragan shu Bag‘dod
Mening makon – turog‘im…

Amir Temir

Xo‘sh, shunga nima bo‘pti?
Kelishmakka keldingmi?
Ko‘rishmakka keldingmi!?
Tilaging ayt, termulma!

Validdin ibn Xaldun

Aylanmasin jannatim
Tobutu do‘zaxga, oh!
Qancha ulug‘ bo‘lsang ham,
Xalqni der qodir Alloh…

Amir Temir

Tushaman deb tobutga
Qayg‘u yutib, yema g‘am.
Tugadi deb tolqonim
Qo‘rqma do‘zaxidan ham.
Nima istak, ne zoring –
Ayta qol, dilda boring!

Validdin ibn Xaldun

«G‘azab – dushman, aql – do‘st»,
Aqling bilan ko‘rgin ish,
Haddingni bil, eing yig‘.
Xalifaga qasdlashib,
Bu xalqqa ko‘tarma tig‘.
Shu xalqning biri menman,
Olsang, sadqadir boshim,
Sadqadir keksa yoshim,
Shuni aytgani keldim…

Amir Temir

(O‘ziga kelib)
Haybatingga qarasam:
Etti o‘lchab so‘ylagan
Ikki dunyo orasin,
Donishmandsan, o‘ylagan.
Idrokingga qarasam:
Bosiqsan va sarasan.
Iliq, yumshoq so‘z bilan
Ichga kirib borasan.
Aylanib o‘t dermisan
Yashil jannat javhari –
Manov Bag‘dod shahrini?
(Qo‘qqisdan jahllanib)
«Temir keldi, urushsiz
Engil», degan xatimga,
«Oq tug‘ olib oldimga
Kelgil», degan xatimga
Javob bo‘lmagandan so‘ng
Podshoning kuch-qudratin
Payqayin deb kelganman!
Bor urug‘in dovulday
Chayqayin deb kelganman!!!

Validdin ibn Xaldun

Ayt-aytmagin, rosti-da,
Bag‘dodning xalifasi
Shoshib qoldi sen kelgach,
Ichga tushib nafasi.
Shu sababdan o‘rdangga
Kelib turgan joyim bor.
Boshing ne solsang ham
Ko‘nib turgan joyim bor…

Amir Temir

Ajal izlab kelgan jon
Azobidan qo‘rqarmi?
Unday bo‘lsa, sen, oqil,
Eronu Hind aymog‘in
Xaritangga chizib kel!
Senga bir hafta muhlat,
Umiding bo‘lsa jannat,
Qochishni qilma xayol!

Validdin ibn Xaldun

Aytgan so‘zing, amirim,
Quloqqa quyib oldim.
Sen gunohsiz el-yurtni
Yig‘latma, dardi ursin.
Qayqi qilich qayrovli
Qinida tura tursin…
(Ta’zim qilib, xo‘shlashib chiqib ketadi)

Sakkizinchi ko‘rinish

Amir askarlarning jangovor hozirligini ko‘zdan kechiradi. Sarbozlar o‘zaro qilichlashib, nayzalashib, merganlik sinovidan o‘tib, har xil hunarlarini ko‘rsatadi. Amirning yonida – vazirlari, navkarlari, bahodirlari… Qoni qizib, g‘ayrati qo‘zigan Amir yosh sarbozning qilichini yulib olib, bir kuchli sarboz bilan kurashga tushib ketadi.

Amir Temir

Ol, ayama, arlonim,
Talay-talay to‘plarni
Yorgan mening tarlonim!
Amir bor deb oldimda
Bo‘ldirmagin, oldirma!
Bo‘l, o‘zingni qo‘lga ol,
Kuching bo‘lsa, qilich sol!!!

Shoshilinch olishuvdan keyin qizigan temirday yonib, gandiraklab chiqib kelayotgan Amirga yasavul sovuq xabar keltiradi. U hushidan ayrilar tarzda chodiri tomon yuradi. Cho‘chigan, shoshib qolgan ko‘shin orasida g‘ala-g‘ovur boshlanadi: «Sohibqironning suyukli nabirasi va merosxo‘ri Muhammad Sulton Qarshida qazo qilibdi…» Qayg‘urgan, qantarilgan, ruhi cho‘kkan lashkar… Ichkaridan qayg‘uli ovoz eshitiladi.

Amir Temir

Tong oqarib otganday,
Kun qontalash botganday.
Qoq tush chog‘ida Tangrim
Beldan tutib otganday.
Qo‘zlarimdan yosh emas,
Yulduz oqib yotganday…
Oh, Sultonim, shunqorim….
Qo‘lida qo‘bizi bor atoqli shoir Ahmar Karmaniy odamlar orasidan chiqib, saroy tomon yuradi.

Ahmad Karmaniy

Qayg‘ungga sherik bo‘lay deb,
Amirim, keldim qoshingga.
Azamat er erta ketib,
Judoliq tushdi boshingga.
Na iloj, oltinday o‘g‘il,
Tushsa ajal tuzog‘iga?
Qolganlarga umr bersin,
Umrning ham uzog‘ini.
Qo‘yningga tiqqan Qur’onday,
Bo‘yningga taqqan tumorday,
O‘ng-so‘lni bilmay boyaqish
Kafanda ketdi – oq qorday…
Chin qardoshing, tug‘ishganga
Yopishadi ajal, ko‘rsa.
Egasi uning – bir Xudoy,
Haqqing yo‘q so‘rarga fursat.
O‘rningdan, Amir, turgaysan,
Yuzingni bu yon burgaysan,
Belingni mahkam bo‘g‘gaysan,
Ko‘kimtir Nil suvi bilan
Ko‘zingning yoshin yuvgaysan.
Qochgan bir kunning ortidan
Arqonni olib quvgaysan!
Qanchalik jasur bo‘lsang ham
Umrga baribir to‘ymaysan!
Amirim, turgin, turgaysan!!!

Ikkovi quchoqlashib ko‘rishadi. Shoir bo‘zbolaga atab aza oyatini o‘qib, yuziga fotiha tortganda eshikdan soqchi kiradi.

Soqchi

Qaysarga yuborgan elchingiz kelibdi, Amirim.

Amir Temir

Kirsin…

Elchi

(Kirishi bilan to‘xtab, nima deyishini bilmay turib qoladi)

Amir Temir

Qani, gapir!..

Elchi

Qaysarga borib keldim,
Javobin olib keldim…

Amir Temir

O‘qi…

Elchi

(O‘qiy boshlaydi)
«Allohning qahriga uchray demasang, ortingga qayt. Kuching ko‘p bo‘lsa, nega avval anavi qurt-qumursqaday beadad Chinni olmading? Undan keyin qalin o‘rmon – Jinni nega chopmading?..
(Elchi Amir Temirning yuziga qaraydi)

Amir Temir

O‘qi!
«…Bu qilayotgan ishing durust emas. Turk yeriga yetguncha muqim musulmonlarni qirganing – o‘z ildizingga bolta urganing. Ular sening qurboning bo‘lishi kerak emas edi… Bu yoqqa yurishing – halokat!.. O‘yla, esingni yig‘, ortingga qayt!.. Anov Qora Yusufni senga ushlab bera olmayman, u senga qaroqchi bo‘lgan bilan menga qorovul…»

Amir Temir

Bo‘ldi, yetar!!!
Ahmoqning tayin gapsiz
Valdirashini qara!
Hali tong otmay turib
Aljirashini qara!
(Boshini quyi solib, o‘ylanib qoladi)
O‘sha Qora Yusufni
Nega qo‘rg‘ab qolibdi?
Qonxo‘r, ayyor tulkini
Yonboshiga olibdi.
Makka bilan Madina
Orasini buzgan shu
Yaramas emasmidi?
(Elchiga)
Sen boraver!
(Shoir bilan elchi chiqib ketadi. O‘zi qoladi)

Amir Temir

Hamma meni unutdi,
Ko‘ksimni tirnadi sher.
Boyazid oqilsinib,
Bo‘lar-bo‘lmas gapni der:
«Qumursqaday son-sanoqsiz Chin eli…»
«Qora o‘rmonday Jin eli…»
Oqilsinib gap sotar,
Chiqaradi jonimni.
Son-sanoqsiz g‘animni
Men chopmayman dedimmi?
O‘mondagi baloni
Men qopmayman dedimmi?
To‘xtamish-ku, To‘xtamish
Yiqitmoq bo‘lgan dushman
Meni taxtimdan butkul,
Zarra qilmagan pushmon.
Ulug‘ Chingiz hoqonning
Ozib-to‘zgan urug‘i.
Sumalakning sarqitday
Suvi qochgan qurug‘i…
U Qobil, men Hobilning
Avlodimiz, men xonmi,
Sen qorami? Baribir –
Bandaga Haq farmoni!
(Jahli chiqib)
Shunday ekan, men yurgan
Yo‘limdan qaytolmasman!
Borar yo‘ldan adashib
Ketdim deb aytolmasman!
Aybdoring men emasman!
Ahmoq ikki xil so‘zlar,
Men ikki xil demasman!
Ey, Boyazid, sen ham tur,
Jangga chiq, biz ikki turk
Sig‘masak bitta yerga,
Bir o‘zing kirgin go‘rga!!!
(Taxtidan tushib, u yoq-bu yoqqa yuradi)
…Ey, siz, musulmon qavmi…
Qullik tamg‘asi bilan
Qulligini unutgan,
Ozg‘in bo‘yniga gunoh
Ortib, yozmishin kutgan,
U ham sinovdan o‘tsin!!!
Menmi? Men… Men… Qulman,
Bandaligim bilganman.
Alloh amrin bu yerga
Bajarishga kelganman!…
Hindu Bolqon, Anqara…
Qaytolmasman ortimga
Jinu Chin bo‘lar vayron,
Alloh yetar dodimga!
Qurbonlik ham Xudodan,
Qulchilik ham Xudodan!

To‘qqizinchi ko‘rinish

Bag‘dod shahri chekkasi. Amir chodir ichida o‘tiribdi. Oq choponli, oq sallali, qo‘lida hassasi bor Validdin ibn Xaldun uzr so‘rab, bo‘sag‘adan hatlaydi.

Amir Temir

To‘rga o‘tgin, ulamo,
Qadrli mehmonim bo‘l.
Bizga shu yer bo‘ladi.
Yayovlarga olis – yo‘l.
Charchab kelgan chiqarsan
Sen yo‘l bosib,
Cho‘l bosib.

Validdin ibn Xaldun

(Xo‘rsinib)
Choy ham ichilar, Amir,
Chang ham bosilar, Amir.
Yov bilan do‘st orasin,
Yov bilan yot orasin
Bir quvonch, bir qayg‘udan
So‘ng ajratib olasan.
Ittifoqo qayg‘u kelsa, netarsan?
Bel boylasang, unga chidab berasan.
Bo‘shang bo‘lsang, o‘lib-netib ketarsan.
Horib-tolib yotib, qayta turasan.
Bergan olar,
Olgan berar har zamon,
Alloh amri vojib erur odamga,
Kim qoladi deysan ushbu olamda…
Sen berdingmi – Alloh oldi,
Xayrli bo‘lsin qolgani…
Omin…

Amir Temir

Aytgan har so‘zi ulug‘
Zot kamdan-kam tug‘ilar.
Ochilarmi bu ko‘ngilmning tumani,
Bosilarmi ko‘ksimdagi gumonim..
Qarog‘imning salobati, sumbati,
Qanday esdan chiqadi?..
Yolg‘on dunyo!…
(Xo‘rsinadi)
Yo hovliqib, shoshdimmi?
Yoki oshib-toshdimmi?..
Qora boshin gangitib,
Qarab yurmay qon yutib
Yoki haddimdan oshdimmi?
Qora yerning ostida
U yotmay, men yotsam-chi!?

Validdin ibn Xaldun

Astag‘furulloh!..
Gunoh yo‘li kufrdir,
Banda emi shukrdir.
Banaqa ra’yingdan qayt,
Yaxshisi, salavotlar ayt
Haq taolo otiga,
Dog‘ tushmasin hech kimning
Oti bilan zotiga!..

Amir Temir

(Tetiklanib, qat’iylashib)
Temirday qahri qattiq
Odamni ajal yengdi.
Qayg‘u yengdi…
Biroq, biroq!..
Sovuq shamshir saylovli!
Qayqi qilich qayrovli!!!
Qani u, men topshirgan
Xarita… Topinglar tez!
(Unga qadalib qaraydi)
Xalifa-la kelishib,
Men-la yana ko‘rishib,
Yuribsanmi izzatu
Amalingni oshirib?

Validdin ibn Xaldun

Amalimni oshirgani kelmadim,
Aytarimni yashirgani kelmadim.
Xizrniki bilan teng shu yoshimda
Huzuringga bosh urgani kelmadim!
Bosh kesmoq bor,
Til kesmoq…
Orada elchi emas,
Essizday jilpanglasam,
Men badbaxtni shu ko‘yi
Kim kechirar, anglasang?
(Bir oz tin olib)
Gunohsizdan bosh ketsa,
Tili ham birga ketar!…
Kuni bitsa bir kuni,
Podsho ham, qul ham o‘tar!..
Men avvaldan oldingga
Keldim tavakkal qilib,
Qulluq uchun kelmadim,
Keldim uni or bilib.
Chinini qaytsam senga:
Har narsadan ustuvor
Ota-bobo niyatin
Buzolmadim men zinhor.
Chizolmadim Eronu
Hindning tog‘, tosh, adirin…
Sen so‘rama «Nega?» deb,
Haq amri shu, Amirim.

Amir Temir:

Unda, unda…
Boya o‘zing aytganday,
Yolg‘on boshga yetadi,
Til bilan bosh ketadi!!!
(Qo‘li bilan ura ketadi. Soqchi yetib keladi)
Chaqiringlar jallodni!!!

Valiuddin ibn Xaldun

So‘nggi bitta arzim bor…

Amir Temir

Ayt! Aytib qol!…

Valiuddin ibn Xaldun

Bosh, mayli, ketsa, ketar,
Tilning yozig‘i nadur?
Kechagi chin deganing
Bugungi afsonadur.
Mumkin bo‘lsa, she’r o‘qib –
Bermoqchiman, so‘nggi on
Xalifa emas, xalqim –
Uchun shu boshim qurbon!
Bildim… sezib turibman…
Og‘ir sening dard-g‘aming!..
Bir Allohning qo‘lida
Ul og‘riqning malhami…

Amir Temir

Hukm sira qochmaydi,
Amir Temir shoshmaydi!
So‘zning arqog‘in buzma,
So‘zla, gapingni uzma.!
(Jahli otiga minib)
Ko‘rgum talay chechanni,
Ko‘mgum talay «daho»ni!..
Gapni qo‘y-da, she’ringni
O‘qi, beray bahoni!!!

Valiuddin ibn Xaldun

Achchiqlanma, urma dam,
Aytaman men ushbu dam.
…Boshiga boq,
Har ishi qutli bo‘lgan,
Ajaldan omon qilgan,
Talay jonni qutqargan
Qoramisan, xonmisan –
Ko‘nglingga qaramagan
Chin-Mochinning elida
Mashhur emchi bor ekan,
Baxt qushi qo‘nib boshga,
Alloh qut berib ishga:
Kelganni ham emlabdi,
O‘lganni ham emlabdi.
Erga tepib, tepkilib
Ko‘mganni ham emlabdi.
Chan-Chun ekan ot-zoti,
Dovrug‘in eshitganlar
Er yuzidan kelibdi.
Emchining karomatin
Ko‘zi bilan ko‘ribdi.
Jannatdayin havosi –
Tibet ekan ma’vosi.
Nomi tillarda doston
Emchini el so‘ziga
Quloq solib Chingizxon
Oldiribdi o‘ziga:
«G‘azabidan Hoqonning
Qaltiraydi jahonim!..
Shunga qaramay…
Qo‘limdan qurol tushsa,
Boshim gangib qoladi.
Mungim bilan boshqa kimning ishi bor,
Qayg‘u chekib, qanotlarim qayrilar.
O‘z qo‘limdan ketib borar ixtiyor,
O‘z taxtimda tovonlarim toyrilar.
Garchi ko‘nglim osmonlarni kezsa-da,
Yosh oqadi ko‘zlarimdan shashqator.
O‘y yetsa-da, bo‘y yetmaydi olamga,
Garchi nafsim orom bilmas badkirdor,
Shovullaydi qulog‘im,
Shuvillaydi yuragim,
Ochiladi bir tuzalmas jarohat…
Iblis avrar, qilurman na chora men?
Chini bilan tugarmi rizq, mol-holim?
Chini bilan tugaydimi iqbolim?
Qaydan kelib, qayga ketib boraman?
Bu jarlikdjan qutqarguvchi,
Belga quvvat, qut bo‘lguvchi
So‘lgan yuzni qizartguvchi,
Hayotimni uzaytguvchi,
Bormi, ayt-chi, bir amaling?»

Emchi

(Bosh chayqab)
Alloh bergan umrni
Faqat ajal o‘chirar!
Qolganini, buyursa,
Bola-chaqa kechirar…
Miyaga singib ketgan
Og‘riqqa bormi shifo?
Mushkul ekan dardingiz…
Unga topmadim davo.
Uning emi – iroda,
Irodaga bo‘ysuning,
Tavba qilishga ko‘ning.
O‘zganimas, endi siz
O‘zingizni yengingiz!!!
Shunda umr ma’nisi
Mangulikka do‘nadi,
Ajal uni yor misol
Suymoqlikka ko‘nadi…

Chingizxon

Iskandarga buyurmagan bu jahon
Tangrim, kimga nasib, kimlarga armon!…
Yozdim… doridim,
Ozdim… aridim.
Tuzatding bandaning kasalin
Dorisiz, davosiz, asalsiz.
(Shunday deb emchini izzat-hurmat bilan kuzatib qo‘ydi)

Valiuddin ibn Xaldun

Iskandardan qolgan dard
Chingizxonga o‘tibdi.
Chingizxonga qo‘ngan dard
Endi senga o‘tibdi.
Aytsa-aytmasa avfli,
Bu kasal, juda xavfli!!!

Amir Temir

(O‘yga cho‘mib)
E, shunday de, donishmand?
Uzoqdan boshlading gap.
Sening-cha, qaroqchilar
O‘g‘rini ketdi talab.
Kimga vafo qilibdi,
Manov dunyo – zimiston…
Iskandaru Chingizxon…
Ikkisi ham jahongir,
Ikkisi ham arslon.
(Qo‘qqisdan jahli chiqib, o‘tkir ko‘zini ulamoga tikadi)
Yo‘lbarsi men bo‘laman:
Yaralgan or-nomusdan!
Nomus ikki o‘lmaydi,
O‘lsa, qaytib kelmaydi!
O‘zi bergan dardini
Hayot o‘zi emlaydi!
Yo‘lbars – yovvoyi hayvon,
O‘z-o‘zini hech qachon
Enga olmas!
Engmaydi!!!
(O‘zini bosib olib)
…angladim gap ma’nisin:
Sen haddingdan oshmading,
Men haddimdan oshmadim.
Sen ma’nisin chaqsin deb
Salmoqli o‘y tashlading.
Eldan oshgan ulamo
Ekaning isbotlading…
(Rozilik bilan)
Xaldun bo‘larmiding, o‘lib
Xon bilan xalq o‘rtasida,
Goh saroy, goh o‘rdasida
Yugurmasang sarson bo‘lib?!
Bag‘dodning xoni, joni ham
Senga sovg‘a!!!
Sen yengding,
Men ko‘ndim…

O‘ninchi ko‘rinish

Dala jamlog‘i. Ko‘k chodir. G‘oliblik hukm surmoqda. Askarlar xursandchilik qilmoqda. Amir Temir ko‘k chodirda. Ikki qo‘riqchi tutqin Qaysarni ichkariga olib kiradi.

Amir Temir:

Oyoq-qo‘ling bo‘shatinglar arqondan!
(O‘rnidan sakrab turib)
Xudoyim-ey, qay yeringdan qon tomgan?
Kimlar bilan olishib,
Kimlar bilan yulishding, sen boyaqish?..

Qaysar

Kim bilan bo‘lar edi?
Uloqib sen bilan-da!

Amir Temir

(Qaysarni bir aylanib o‘tib)
Voy, bechora!
Men bilan?
So‘ylasang-chi jo‘n gapni,
O‘jarlarning arsloni…
Qo‘shiningni yengdim men!
Basharangni ko‘rdim men:
Yigitlarning sultoni!!!
(Joyiga o‘tirayotganda yelkalari silkinib kulib yuboradi)

Qaysar

(Qattiq ozorlanib)
Yiqilganni tepkilashmi kulganing?
O‘sha bo‘lsa bilganing,
Kamardagi xanjarni ol, ayovsiz
Ko‘kragimni kes mening!!!
(Ko‘k sovutini yirtib tashlaydi)

Amir Temir

Bandaga Tangrim – egam
Bergan ekan hech bekam
Nimaniki istadi,
Shu kulgimni qistadi,
Men oqsoqman,
Sen – to‘qsoq,
Senu meni iyladi!
Lekin Tangri taolo
Ikkimizni siyladi!
Hatlab o‘tib ustidan
O‘raning ajal degan,
Olmoq bo‘ldik jahonni.
Nachora, taqdir ekan,
Yov ikki bo‘lgan bilan
Faqat bitta Yer ekan…

Qaysar

Lekin sen meni yiqding,
Yaratganga baribir
Mendan yaqinroq chiqding!…

Amir Temir

Til tekkizib Allohga,
Qiynamagin joningni.
Sen bo‘lmasang, kim edi
Yo‘lga bo‘lgan ko‘ndalang,
Kelishimga ko‘nmagan?

Qaysar

Borligingni qaytayin,
Norligingni qaytayin,
Gaplarimga ko‘nmasang?

Amir Temir

(Darg‘azab bo‘lib)
Engilma, bo‘lma taslim!
Menga qolganda qalbing
Tosh qotgan ekan asli…
Nor bo‘lsang ham qaytayin,
Hamiyatimga tegsang,
Bor bo‘lsang ham qaytayin,
Boshingni menga egsang?!

Qaysar

Uvlab aytgan so‘zimni
Anglamasang na chora.
Chimchib aytgan so‘zimni
Tinglamasang na chora…
Ulug‘ tog‘lardan oshib,
Ulug‘ qo‘rg‘on elini
Engolmasang na chora!..

Amir Temir

Go‘ng tekkan yer o‘t-o‘lanli bo‘ladi,
Engilgan er qalbi g‘amga to‘ladi.

Qaysar

Enggan odam xudojo‘y bo‘lar,
Engilganda yomon o‘y bo‘lar,
O‘tinchim ham, tavbam ham, ishon,
Tugamaydi senga hech qachon!

Amir Temir

Ayt, aytaver!

Qaysar

Chiqish emas, botishga
Alanglasang na chora.
Jang qilishga xos yovni
Topolmasang na chora?..
O‘rmon yurtin boltaday
Chopolmasang na chora?..

Amir Temir

Hechdan ko‘ra kech yaxshi,
Kechdan ko‘ra es yaxshi.
Hmm… Esing kiray debdi….
Ko‘k sovuting yirtilib,
O‘ransang-da kafanga,
Yurma yuz-xotir qilib,
Chekinmagin orqangga:
O‘jarliging, o‘rliging
Etib ortar sening ham!
Men emasmi aslida
Senday Qaysarni har dam
Chaqirgan murosaga?
O‘zing kel xulosaga!
Men-ku umr tilagan,
Turk eldoshing yitirding.
Bovuringni tepkilab,
Nega buncha quturding?

Qaysar

Sening obro‘ying oshdi,
Meni alvasti bosdi.
Do‘st bahongni beradi,
Dushman yerga uradi.
Ustimdan kulib to‘ygin!
Olovingga moy quygin!

Amir Temir

Sabr qilgin, hoy, Qaysar,
O‘zingni bos sen qaysar.
Birovni baxt qiynaydi,
Birovni taxt qiynaydi.
Esingda tut, er Sulton:
Ikki yulduz bir manglayga sig‘maydi.
Emasdir bu manglayning torligidan,
Aslida bu – Xudoning yorligidan.
Men Alloh amriga qildim itoat,
Bilganim – U buyuk sohibi qudrat.
Sen-chi, sen…
Sen – ulug‘ turkning Sultoni,
Meni qondosh, dindosh demay bezlanding,
Qarshi chiqding, urushay deb xezlanding,
Qanotlaring qayrildi,
Bor-budingdan ayrilding.

Qaysar

Kimki yengsa, og‘zi-burni moy bo‘lar,
Kim yengilsa, ko‘zin yoshi soy bo‘lar,
Tag‘in nima demoqchisan?

Amir Temir

Bas, yetar!
Taqdirga tan berib, umid uzmagin,
O‘zingni bos, xayolingni buzmagin:
Muhammad va islom dini zafari
Yo‘lida, kel, birlashaylik barimiz.
Men ko‘targan turk bayrog‘i ostiga
Sen ham kelgin, aytay gapning rostini!

Qaysar

Sen… sen meni qayrama,
To‘ti qushday sayrama,
Taxtingda to‘lib-toshib.
Mening taxtim qulagan,
Sen yo‘lingdan ketaver,
Qirlar oshib, tog‘ oshib!..

Amir Temir

Mayli, yetar, bo‘ladi,
Engilsang undan nari…
Kel, murosa qilaylik,
Anqarani qaytarib
Beray, Haqni unutib,
Boshlab yubormagin to‘y.
Qaytadan aytib yurma
Eski ashulangni, qo‘y!

Qaysar

Menga rahming kelmasin,
O‘z jo‘ningga yuraver.
Men bitganman, ayama,
Bor kuningni ko‘raver.
Esonman, yovligim yo‘q,
Sulhni, mardlikni unut.
Kechir tutqin Qaysarni
Men kechirmam, yodda tut!!!
(Og‘zidan ko‘pik oqib, tipirchilaydi)

Amir Temir

Kuningni tun qilgancha,
Umid uzasan nechun?
Birlikka ishonmayin
Ko‘ngling buzasan nechun?

Qaysar

Bari bitdi!..
Endi kech!…
Qaysar endi yaramas!!!
(U ham Amir Temirga o‘xshab kuladi. Barmog‘i bilan ko‘kka ishora qilib)
Eshikdagi, to‘rdagi
Banda – Alloh ermagi.
Men arvohman go‘rdagi,
Sen xudosan yerdagi!
Ko‘kda bitta Xudoy bor!
Erda bitta xudoy bor!
(elga qarab)
Qutlug‘ bo‘lsin xudoylar!
Ulug‘ bo‘lsin xudoylar!

Amir Temir

Gunohlarni kechiraman ushbu dam,
Hech qim quruq qaytmas bugun yonimdan!
Boyazidning kasalin qodir Egam
Afv etsin, kechib qoshiq qonidan…
(Navkarlari bilan qo‘rboshilariga)
Yo‘l olamiz endi Chiqish tomonga!
Durustmi?!!
(Qo‘llagan, ma’qullagan tovushlar ko‘k chodirni ko‘tarib olib ketadi)

O‘n birinchi ko‘rinish

Yassi. Amir Temirning yolg‘iz o‘zi. Oldingi yurishlarini xayol elagidan o‘tkazadi. (Ekranda yoki mizansahnada qonli jang sahnalari o‘tib yotadi. Shovqin-suron… Dovul sadolari… Qilichlashuv onlari… Bir lahzada bari tinib qoladi.)

Amir Temir

Taxt ustiga mingali,
Ot ustida yurgali
Yutqazishni bilmadim,
Bosgan izim – ilgari.
To‘rga soldim to‘shakni,
Kengga soldim irgani .
Bag‘dod, Misr bosh egdi,
Hindlarga qochmoq tegdi.
Ikki burab bosganda
Qaysarning ham to‘zoni
Chiqib ketdi osmonga!
Iqlimlarga taralib shon-shuhratim,
Ortib borar borgan sari dovrug‘im.
Er yuzini qo‘llarimdan chiqarmay,
Hilpiratsam deyman Turonning tug‘in!
(Elpinib turib o‘ziga keladi)
Kavkazni oraladim,
Botishni ham borladim.
Endi bitday bijg‘igan,
Endi itday izg‘igan
Chin eliga yo‘l solib,
Izmini qo‘lga olib,
Hukmim yurgizsam deyman,
Yo‘lga kirgizsam deyman.
…O‘ng‘ay bo‘lmagan edi
Yurish oldingi safar,
Qur’onning so‘zi bilan
Aytsam. Yor bo‘lsin zafar…
(Qo‘llarini tepaga ko‘tarib)
Yo, Yassaviy!
Yo, pirim!
O‘zing meni qo‘llagin!
________
Irga (sheva) – o‘tovning kigiz bilan bekitiladigan pastki qismi; pana-pasqam joy.

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

(O‘zi ko‘rinmay, ovozi eshitiladi)
Dovul qoqib har tarafdan,
Sasing yetdi chor tarafdan…
Ko‘zi qonga to‘lgan qantar ,
Qut o‘tguncha nafsing qantar,
Sabr qilgin, sabr qilgin…

Yurish g‘amin o‘ylagaysan,
O‘y tubiga bo‘ylagaysan.
Qilichingni qayragaysan,
Sarbozingni saylagaysan,
Sabr qilgin, sabr qilgin…

Tangringga hozir bo‘lgaysan,
Umringga hazir bo‘lgaysan,
Yo‘li uzoq, xitlangaysan,
Ko‘klam, yozda otlangaysan,
Sabr qilgin, sabr qilgin…
_________
Qantar – qozoq taqvimida yanvar.
Qut – qozoq taqvimida fevral

Amir Temir

«Umringga hazir bo‘lgaysan,
Tangringga hozir bo‘lgaysan…»
Pirim nega shoshma deydi?
Qaltiraydi nega sasim?
Nega rangu qutim o‘chib,
Ichga tushar bu nafasim?

«Sabr qilgin, sabr qilgin…»
Durust gapdir – gapning beli…
Nima sirli jumbog‘ing bor,
Chinning eli, Jinning eli???
(Jahli chiqib, taxtga o‘tiradi)

Soqchi

Ulug‘ amirim,
Chin elchisi kelibdur.

Amir Temir

(Yoqtirmay)
Kirsin!
Elchi
(Salomlashish rasm-rusumini qilib)
Muhtaram xon – adolatning qo‘rg‘oni,
Sizga salom yo‘lladi…

Amir Temir

(O‘ziga o‘zi)
Qaytsam ekan manov chirik xatini?
Salomdan so‘ng nima dedi?

Elchi

Besh yildirki to‘lanmagan qarzlarning
Sababini bil deyishdi.

Amir Temir

Shu bo‘lsa unga keragi,
Xoningga ayt:
«Amir Temir ko‘p kechikmay keladi,
Beradi o‘z qo‘li bilan».

Elchi

(Amirning vajohatidan shoshib)
Xo‘p bo‘ladi, men aytaman,
Yurtga ertaroq qaytaman…
(Orqasiga yurib chiqib ketadi)

O‘n ikkinchi ko‘rinish

Yassi shahri. Yolg‘iz o‘tirib bo‘lmadi – Amir Temir Ingkar Begim bilan. Ingkar Begim momiq to‘shak ustida, sham yorug‘ida Amirning yelkasini, oyoq-qo‘lini silib o‘tiribdi.

Ingkar Begim

(Nozlanib)
To‘rt yil…
Besh yil…
Xayollarim chalkashdi,
Olaman deb botishni
Ot ustida horibdi,
Qarang qotib yotishni.
Sizni qattiq sog‘indik,
Ko‘ngil uzdingiz nahot?
Sizni sog‘indi Ingkor
Hamisha va har zahot.
(Osilib va erkalanib qiliq ko‘rsatadi)

Amir Temir

Ayol degan mana shunday, Allohim,
Tegib ketsang, yeb qo‘yadi joningni.
Kerakmidi yotishim,
Qimirlamay qotishim
Quchog‘ingda quyonday
Kecha-kunduz uyg‘onmay?

Ingkar Begim

O‘t qoplasa vujudimni, tanamni,
Amirim, ayt, ne qilayin, al-a’mon?!
«Qaramasa, xotin ketar» naqlini
Esga olmoq kerakmikan har zamon…

Amir Temir

(Ijirg‘anib)
Nima deb aljiraysan?
Ma’nisizdir demaging!
Xon xotini qay qulning
Bo‘lib edi ermagi?!

Ingkar Begim

(Kalovlanib)
Og‘ushimga olib sizni, erkalab,
Turganimda nelar o‘tdi dilimdan?..
Siz yo‘q kezda bo‘lgan ishlar «lop» etib,
Chiqib ketsa bo‘ladimi ko‘nglimdan?

Amir Temir

(Shubhaga borib)
Qanaqa ish? Nimani
Esga olding? Qani, ayt!
Sen men bilan…
Hazillashma bunday payt!

Ingkar Begim

Shu baland imoratni,
Ko‘rgani tayyormisiz?
Me’morga marhamatni
Ko‘rgazmoqqa bormisiz?

Amir Temir

To‘rdagi ko‘k gumbazning
Naqshi ko‘zni oladi!
Bosh ustaning mehnati
Taajjubga soladi…

Ingkar Begim

Usta deysiz…
Usta yigit astoydil
Naqshlarga sarflasa-da hunarin,
Qochib ketgan ko‘rinadi siz kelmay,
Aniq sezgan qo‘lingizdan o‘larin…

Amir Temir

Kim kuni bitdi deysan?
Kim qochib ketdi deysan?

Ingkar Begim

(Hech narsa bo‘lmaganday)
Abulg‘ozi – yosh usta,
Yosh bo‘lsa-da, bosh usta…
Ekan bozori chaqqon,
Yana kimgadir yoqqan…

Amir Temir

Hunarimi, go‘rimi
Hullas, nima daxli bor
Buning Amir Temirga?
Qani, aytgin, badkirdor!

Ingkar Begim

(Makkorona)
Shamolsiz qilt etmas daraxtning boshi,
G‘unajin o‘tloqqa ko‘zini suzmas,
Salqi bo‘lmasa gar no‘xtasin uzmas…
Ko‘klam kelsa, Samarqandning ko‘k toshi
Eriydi-ku muzday oftob tekkanda…

Amir Temir

(Shoshib qolib)
«Samarqandning qabrtoshi…»
«G‘unajinning no‘xtasi…»
Gapni aylantirmasdan,
To‘g‘risin ayt, to‘xta-chi!

Ingkar Begim

(Ayyorlik bilan)
El gapirmay qolarmi,
Shayton kirsa o‘rtaga?
Sizga yoqimsiz bir gap
Oralabdi o‘rdaga.
Suyukli, istarali
Cho‘lpon aytsin davomin,
Ne deganin avomning…

Amir Temir

(Jahli chiqib)
Hmm… Shunday de?
Shundaymi?
Cho‘lpon…
Cho‘lpon! Qani u?
Men yo‘q payti bir ilon
O‘rmaladi desang-chi
Boloqdan bo‘rboy tomon!
(O‘rnidan yulqinib turib ketib)
Tulki xotin, tul xotin
Amirning pok to‘shagin
Nahot bulg‘ashga qodir!?
Yaratganning atalgan
Unga jazosi bordir!!!

Ingkar Begim

(Yuziga mazax tusini berib, o‘ziga-o‘zi)
Gunohga botgan o‘zing,
Menday to‘ti turganda
To‘r tashlaysan To‘rg‘ayga!
(Odamlarga qarab)
O‘tda yonib turgan chog‘da yuragim,
Nechun chiday, men nimadan qo‘rqayin?!
Changali qon burgut misol chang solib,
O‘sha ko‘yda borib bossin To‘rg‘ayin!
Menga deysizmi…
Menga
Istasam, to‘shak tayin,
To‘r tayin!..

* * *

…Amir Temir kirib kelganda, Cho‘lpon Mulk ikki o‘rim sochi oq to‘shakdan osilgancha, farishta misoli rohat qilib uxlab yotar edi. Bosh tarafida chiroq xira yonib turibdi. Amir Temir uning ilonday to‘lg‘onib yotgan ikki o‘rim sochini qo‘liga olib, uyqudagi Cho‘lponga tikilib qaraydi. Ikki o‘ram bo‘yniga o‘ralib, nafasi tiqila boshlagan Cho‘lpon Mulk uyg‘onib ketadi va beg‘am ko‘yda ko‘zini ochib, kulimsirab so‘z qotadi.

Cho‘lpon Mulk

Kuta-kuta, eshik tomon tikilib,
Ketgan ekan ko‘zim bir oz ilinib,
To‘rga o‘ting, Amirim…

Amir Temir

(Tovushi titrab)
Ikki ko‘zing u holda
Qolsin mangu yumilib!
Ikki o‘ram sochini bo‘yniga o‘rab, bo‘g‘a boshlaydi. Cho‘lponning ko‘zi olarib, tipirchilaydi. Shirin jilmayishi o‘rnini qo‘rquv egallaydi.

Cho‘lpon Mulk

Ami…ir…im…

Amir Temir

Oyog‘ingga tarmashgan
O‘sha ilon buralsin,
Shu bo‘yningga o‘ralsin!
Es-hushingdan ayrilib,
Uyqularga qonarsan,
Mangu tinim toparsan!..

Soch o‘rimdagn qo‘lini bo‘shatadi.. Ko‘zi ochiq, nafas olishi to‘xtagan Cho‘lpon Mulkning jonsiz ko‘zini yopgandan so‘ng kaftini yurgizib, yuzini silaydi. Joyidan turib, gandiraklab borib, chirog‘ini o‘chiradi.

Amir Temir

Topolmasdan jumbog‘ingning yechimin
Manglaydagi chirog‘ingni o‘chirdim,
Jannatingni ko‘kragimga ko‘chirdim.
Yomon ishning oqibati o‘ch ekan,
O‘ch yo‘lida nohaq ketsang, kechirgin…
(Qo‘qqisdan azoblanib, jahli chiqib)
Yo‘-o‘o‘-o‘qq!!!
Bulg‘ansa yor to‘shagi,
Amir qanday kechirar?
Tangri qanday kechirar?!
Shamolda yongan o‘tda
Urchib ketsa qaytaman
Ertan elning o‘shagi?
(Osmonga ko‘zini olaytirib)
O, Allohim!
Yolg‘iz o‘zing qo‘llagin,
Xiyonatin kechirolmay bandaning
Qonga botdi endi mening qo‘llarim!
(O‘ziga-o‘zi)
Ayol yovuz, lozimin
Bog‘i uzun, qaytayin?
Shayton yo‘ldan urganning
Qay qilig‘in aytayin?…
Aqli oz,
Taqimi bo‘sh xotindan
Esing bo‘lsa, nari yur!
Esing bo‘lsa, nari yur!!!

«Nari yur» degan ovoz yangarb ketadi. Qorong‘ini paypaslay-paypaslay eshik tomon gandiraklab yurib keladi. Bunga qadar bo‘lgan ishlarning barini ko‘rib turgan Ingkar Begim hech narsa bo‘lmaganday ovoz bermay, unga peshvoz chiqadi.

Ingkar Begim

To‘shagida yo‘q ekanmi, o‘lmagur?
Nega chiroq yoqilmagan bo‘lmada?

Amir Temir

Do‘zaxga joni uchdi,
U dunyoga qovushdi,
Eshik qayda?
Go‘r qayda?
Ikki qo‘lim tortishdi…

Amir Temir esi kirar-chiqar holatda chiqib ketyapti. Ingkar Begim ichkari kirib, chiroqni qayta yoqadi. O‘z soch o‘rimiga bo‘g‘ilib yotgan Cho‘lpon Mulkni ko‘rib cho‘chib ketadi va ko‘zlari kosasidan chiqquday bo‘lib, gap nimada ekanini tushunadi.

Ingkar Begim

Voy-dod!
Kim bor manov saroyda?
(Cho‘lpon Mulkka jirkanib qarab)
Shumi holing, quv qanjiq?..
Shartta burilib, tez-tez qadam bosib qichib ketadi. Sahna qorong‘ilashadi.

O‘n uchinchi ko‘rinish

Yassi shahri. Tong oldidan karaxtlanib uxlab qolgan Amir Temir tush ko‘radi. Tushiga piri Ahmad Yassaviy kiradi.

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

Uyqu – o‘lim elchisi.
Elchiga ergashibsan
Erkingni ulashibsan.
Yotishingni qaragin, sen tiriklay
Vujudingni go‘rga ko‘mgan ekansan!
Bitta g‘arning hiylasiga aldanib,
Shaytonning makriga ko‘ngan ekansan…
Hayhot, ne tomoshadur?..
Tur o‘rningdan!
Amir, tur!!!

Amir Temir

Qovog‘ingiz uyulgan,
Salomingiz ham kanda…
Temirning xatosi ne,
Ne gunoh qildi banda?
Aybimmi tani iflos
Taqimi bo‘sh xotinni
Jazoga buyurganim,
Berganimmi dodini?

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

Aqlu hushin Azozilga oldirgan,
G‘azabini rashk o‘tiga soldirgan –
O‘sha bo‘lar ojizligi bandaning.
Hoy, bolam-a, shoshib qilich sermading,
Shu aqlingga nega navbat bermading?

Amir Temir

Tayoq etdan,
So‘z suyakdan o‘tadi.
Or bilan o‘ch aqilga
Yo‘l bermayin ketadi.
Urg‘ochining yel turmay,
Jalpillasa etagi,
Shu boshiga yetadi.
Men Allohning amrini
Ado etdim, vassalom…
___________
Jalpillamoq (sheva so‘zi) – silkinmoq.

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

Xato qilding yana tayin,
Ayt, sababini bilayin?
Qontalashar nega ko‘zing?
Qaltiraydi nega qo‘ling?

Amir Temir

Ha… qo‘llarimmi?
Qo‘llarim…
Buni bila olmadim men…

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

Gunohingni sen bo‘yningga
Ololmasang, men aytaman:
Ko‘zlaring qontalashgani –
Aybsizga gunoh ortganing!
Qo‘llaring qaltiragani –
O‘zing gunohga botganing!

Amir Temir

Bosh ustimda o‘ynaganday
Parvardigorning tayog‘i,
Ko‘zingizdan otiladi
Yoy o‘qi – bo‘shar sadog‘i!
Ne bo‘lyapti, yo pirim-ey,
Yovuqlashdimi adog‘im?

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

«Besabab qon to‘kmayman», degan,
«Kasni nohaq so‘kmayman», degan
Va’dang qayda qoldi, chirog‘im?

Amir Temir

Qon to‘kmadim,
Jazo berdim-ku, axir?

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

Alloh jazo bermasmidi?
Banda unga ko‘nmasmidi?

Amir Temir

Taxtga o‘tirgan Amir,
Otga mingan suvoriy
Emasmidi, ulug‘ pir?

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

Taxtingga o‘tirganing
Haqdan bezganingmi, ayt?

Amir Temir

Aslo bunday demangiz –
Men otamning o‘g‘liman,
Allohimning quliman…

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

Qulon humoy bo‘lsam deydi,
Qul ham Xudoy bo‘lsam deydi –
Shunday qilib buziladi.
Haq qahriga duch keladi.
Allohimning qahri yomon
Na shoh, na qul topar omon,
Nohaq o‘lim kechirmaydi
Hech bir kimsani hech qachon!

Amir Temir

(Talvasaga tushib)
Jon, bobojon,
Yo, pirim!
Bu dunyoda ne sirim
Bo‘lsa, sizga aytardim.
Emlang faqirning dardin.

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

Chirog‘im,
Mendan emas,
Buni Allohdan so‘ra…
(Ketib boradi)

Amir Temir

Meni qoldirib tanho…
(Atrofiga alanglab)
Qaydan chiqdi aks-sado?
Bu kun nelar berdi ro‘y?..

Xo‘ja Ahmad Yassaviy

(Aks-sadoga aylanib)
Alloh amri kechikmas,
Faqat g‘aflatda qolma,
Faqat g‘aflatda qolma…
Amir Temir uyg‘onib ketadi. Ruhsizlik kayfiyatidan qutula olmay, Imom Barakani chaqirtiradi.

Amir Temir

Bitta yomon tush ko‘rdim…
Pirim sochdi zahrini.
Endi ko‘rsatmasa, bas,
Haq taolo qahrini…

Imom Baraka

Bo‘ysunish ham, xulqing ham
Haq izmida, dedim-ku…
Nedan cho‘chiding, bunday
Odating yo‘q edi-ku?

Amir Temir

Cho‘chitdi ko‘rgan tushim,
Boshimdan uchdi hushim.
Toqatimdan ayrilib,
Dardlanmasam bo‘lgaydi.
Manzilimdan ertaroq
Otlanmasam bo‘lgaydi…

Imom Baraka

Allohdan kelgan farmon –
Bandaga bo‘lar armon.
Manglayga yozilganin
Toleingdan ko‘rarsan,
Farzing bo‘lsa – o‘tarsan,
Qarzing bo‘lsa – to‘larsan…

Amir Temir

Farz… qarz…
Ikkovi ham barobar
Qo‘sh yelkadan bosadi,
Ish boshimdan oshadi…

Imom Baraka

Ha, bo‘tam,
Ikkovin ham kuchi teng,
Bir-biriga qaramas.
(Bir oz to‘xtab turib)
Unday bo‘lsa, ko‘rpaga
Burkanishing yaramas!
(Qo‘ltig‘idan ko‘tarib)
Bo‘ldi, turgin,
Otga min!
Tuyoqlar dupuridan
Esini yig‘ib olsin
Dunyo degan chala mast.!!
(Qo‘lini duoga ochib)
Beldan tushmay yarog‘ing,
Bardam bo‘lgin, qarog‘im!
Bardam bo‘lgin, qarog‘im…
Omin!!!

Xotima

Qora ko‘lanka. Sahna burchagida ikki qo‘liga ikki chiroqni ushlagan Amir Temir shitob bilan old tomon yurib keladi. Atrof yorug‘lashib, qora ko‘lanka qocha boshlaydi.

Amir Temir

O‘ng qo‘limda – bir chiroq,
So‘l qo‘limda – bir chiroq.
Ko‘nglimda – ming-ming gumon,
Bo‘g‘zimda – shuncha so‘roq…
Jonim qanday tin olsin
Yorug‘lik tursa o‘rab,
Go‘yoki men onadan
Tug‘ilganday xun so‘rab?
(Sahna oldiga yaqinlashib keladi)
O‘ng qo‘limda yog‘du bor,
So‘l qo‘limda yog‘du bor.
Qo‘shilganda qo‘sh chiroq,
Do‘zax elin tark etib,
Jannatlarin tanidim.
Tugamasin, ilohim,
Yorug‘ligu yurishim!!!

Sahnaning har tarafidan askarboshilar, navkarlar, amirzodalar, ulamoyu din peshvolari va hk. chiqib kelib, qiyamasiga qurshab, qo‘llab-quvvatlab, shovqin-suron soladi.

Qabul bo‘lsin qaloving,
O‘ngdan kelsin tiloving!
Qo‘llaringdan chiqarma
Bu dunyoning jilovin!
Avloding bosh-qosh bo‘lsin
Turkning ulug‘ eliga!!!
Turkning ulug‘ eliga!!!

Tamom.

Qozoqchadan Faxriyor tarjimasi