Minayxon Jumanazarova (1957)

Minayxon Jumanazarova 1957 yili Kegeyli tumanida tug‘ilgan. Qoraqalpoq davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. “Elim deb” (1992), “Yuragimda bir dard bor” (1993), “Alvido demayman, muhabbat” (1997) to‘plamlari, 2001 yili Toshkentda o‘zbek tilida “Qalbingizda qolgim keladi” kitobi chop etilgan.

SENSIZ

Sensiz bordim talay davraga,
Iltifotlar ko‘rdim basma-bas.
Hazil-kulgum bari jo‘rttaga,
Ko‘zlarimdan suvrating ketmas.

Kerak emas soxta izzatlar,
Jonim, faqat seni qo‘msayman.
Labda kulgu, qalbda hasratlar,
Ichdan yonib-kuyib yashayman.

Qo‘shiq-sozlar chalinar ana,
Tinglamayman, qizimas qonim.
Xo‘rsinaman faqat jimgina,
Chunki yo‘qsan yonimda, jonim.
Yo‘qsan, yo‘qsan, yo‘qsan…

KO‘RINDI

Ko‘rdim bu dunyoda yaxshi-yomonni,
Aqlli, ahmoqni hamda nodonni.
Ko‘rdim yig‘latganin odam odamni,
Dunyoga kelganim yolg‘on ko‘rindi.

Ko‘rdim or-nomusin pulga sotganni,
Amal uchun jonin o‘tga yoqqanni,
Orqasidan biri birin sotganni,
Bu dunyo ishlari vayron ko‘rindi.

Inson fe’l-atvori ozgan zamonda,
Shumligi boshidan oshgan zamonda,
Rizqu barakasi qochgan zamonda
Bir tishlam non topish gumon ko‘rindi.

Mehru shafoat ham o‘lgan zamonda,
Sevgi-muhabbat ham so‘ngan zamonda,
O‘monlik urug‘i ungan zamonda
Hatto bir tabassum armon ko‘rindi.

Vatan

Daryoyu dengizing, ko‘lingni yozdim,
Asqar tog‘laringni, cho‘lingni yozdim,
Uchi-oxiri yo‘q yeringni yozdim,
Ilhom bulog‘imning ko‘zisan, Vatan!

Necha turli qushlar, ne jonvorlaring,
Yashil to‘qaylaring, so‘lim bog‘laring,
Nurga cho‘miltirar alvon tonglaring,
Mehribon onamning o‘zisan, Vatan!

Sahrolarda jonim halak yugurdim,
Loyqa suvlaringda suzdim, cho‘mildim,
Baxtim shu – Ona yurt, senda tug‘ildim.
Kindik qonim tomgan yerimsan, Vatan!

Daryoyu dengizing, ko‘lingni yozdim,
Asqar tog‘laringni, cho‘lingni yozdim,
Uchi-oxiri yo‘q yeringni yozdim,
Ilhom bulog‘imning ko‘zisan, Vatan!

 Yaxshi-yomon kunlarda

Bir yelka bo‘lsa ekan, –
Boshingni qo‘yadigan.
Unutib bor dunyoni
Eb-ichmay to‘ysang ekan…..

Bir do‘sting bo‘lsa ekan,
Dardingni oladigan.
Yaxshi-yomon kunlarda
Yoningda qoladigan…..

Dushmaning ham mard bo‘lsa,
Hayratga solgudayin.
Yo aylansa jon-tanga,
Yo o‘tga solgudayin.

Shular bari jam bo‘lsa.
Qolmas edim g‘aflatda…

Ketmoq uchun kelganman

Qancha suluv gul bo‘lsa-da, so‘lar bir kun,
Shon-shavkatli saroylar ham to‘zar bir kun,
Tarqab ketar har qandayin bozor bir kun,
Ellar aro yod etilar so‘zim mening,
So‘zim aro yashagayman o‘zim mening.

Boylik quvib o‘zgalarga yalinmadim,
Amal so‘rab ravon yo‘lda ko‘rinmadim,
O‘z o‘tovim, o‘z boshpanam – Vatanim bor,
Adolatda, haqiqatda kuchim mening,
Shuning uchun o‘tkir poki-tishim mening!

So‘z ham – davlat, podshodirman mening o‘zim,
Bosh oladi o‘tkir qilich – she’rim, so‘zim,
Ko‘zga surma har bir bosgan izim mening,
Shukrim ko‘pdir yaratuvchim – bir Ollohga,
Ketmoq uchun kelgandurman bu saroyga!

Qayga borsam xalqim o‘zing — qaytar joyim,
Borim o‘zing, yo‘g‘im o‘zing — sensan doim,
El bo‘lib es, men — ko‘kdagi to‘lin oying,
Aylanayin qoragina ko‘zim mening!
Ko‘zim emas, jon-jigarim, o‘zim mening!!

Qancha suluv gul bo‘lsa-da so‘lar bir kun,
Shon-shavkatli saroylar ham to‘zar bir kun,
Tarqab ketar har qandayin bozor bir kun,
Ellar aro yod etilar so‘zim mening,
So‘zim aro yashagayman o‘zim mening!

Yolg‘izlik

Boyagi bog‘larning bog‘boni o‘zga,
O‘zga nihollari, o‘zga gullari….
Mevasi bosh egib egilmas bizga,
Hatto maysalarning o‘zga nurlari.

Eski narsa bari – yangi bo‘yangan,
Eski suruvlarda qolmabdi izlar.
Said Ahmad ham yo‘q hassa tayangan,
Muhammad Yusuf yo‘q yurakdan so‘zlar.

Yangi bahonada damlanadi osh,
Diydor g‘animatdir – tushunarli hol.
Quloqlar eshitar, ko‘z ko‘rar takror,
Do‘rmon bog‘larida yangicha jamol!

Ammo men yolg‘izman, bog‘ yolg‘iz, yakka,
Neni izlab keldim, neni yo‘qotdim?!
Sog‘inchlar o‘rnashar yana yurakka,
Nega kelganimni bilolmay qaytgum…

2011 yil Do‘rmon

Qoraqalpoqchadan Muzaffar Ahmad tarjimalari

* * *

Qalbimda har bahor g‘uncha ko‘z ochdi,
Kimningdir intizor boqqan ko‘zidan.
Hislarim qitiqlab kimdir so‘z ochdi,
Men ham kimlarningdir boqdim izidan.

Necha bor o‘qidi dil qona-qona:
Tug‘ilish, muhabbat, dilroz kitobin.
Kimga maftun bo‘ldim goh yona-yona,
Kimlarga tottirdim hijron azobin.

Bilmadim, bilmadim, hanuz bilmayman,
Qachon bu tizginsiz hislar olar tin.
O‘zidan men faqat shuni tilayman,
Muhabbat qalbimni hech tark etmasin.

* * *

Ehtirosga ko‘nglim bo‘lmagin banda,
Erk berma havoyi hissiyotlarga.
Go‘zallik shaydosi – ko‘zim aldanma,
Bosh urma ergashma yetti yotlarga.

Ko‘nglim ko‘chalarin kishanla, nomus,
Vijdon har qadamda nazorat qilgin.
Mehr qalbga quyil, sen hovuch-hovuch,
Beg‘ubor pokligim, sen ogoh bo‘lgin.

* * *

Mayli, tinglamagil ohu zorimni,
Mayli, chertma hargiz ko‘ngil torimni.
Faqat bir iltimos. Unutma, aslo,
Bu ulkan dunyoda mening borimni.

Mayli, yo‘qlab kelma meni bir bora,
Qolsam ham bo‘ronda, izg‘irin qorda.
Agar g‘aming bo‘lsa, ko‘taray o‘zim,
Seni ko‘rsam basdir mangu bahorda.

Tushlarimda diydor, o‘ngimda hijron,
Vaslingga vosillik qilmaganman ahd.
Dard yaqin do‘stimday aziz, begumon,
Sevib qiynalmoqning o‘zi menga baxt.

* * *

Ayozli izg‘irin, qalbim qahraton,
Er-zamin silkinar armonlarimdan.
Yozug‘im ne edi, aytchi, ey Rahmon,
Ko‘zyoshlarim qotdi mujgonlarimda.

Qoralardan boshimga kiydirding tojni,
Saroyim – muz qal’a, muz taxti ravon.
Ko‘nglim esa, ko‘nglim qo‘msaydi yozni,
Tushimga kiradi faqat saraton.

* * *

Qushlar uchib ketdi oshgancha tog‘lar,
Bulbulim qayt deya yig‘laydi bog‘lar,
Sahrolar bag‘rini ayriliq dog‘lar,
Men esa sog‘indim, seni sog‘indim!

Uchib ketgan qushlar qaytishar bir kun,
Ko‘klam-ey, ko‘ngilni ayladi bugun.
Ko‘zlarim yo‘lingda, bir umr kutdim,
Azizim, qaydasan, seni sog‘indim?

Yoz ko‘rsatib bo‘ldi basti-bo‘yini,
Dunyo yana chaldi sog‘inch kuyini,
Uzoq nishonladik firoq to‘yini,
Endi, kel, kel endi, seni sog‘indim!

* * *

Hey, qalbimda ungan gul-chechak,
Nechun menga ochding bag‘ringni?
Goho loqayd, goho kuyunchak,
Bol aralash totdim zahringni.

Goh oqila deysan, goh barno,
Zamin qolib, ko‘kka tenglaysan.
Eru ko‘kka ishonmay goho,
Yuragimning amrin tinglaysan.

Tushunmayman, hatto, mehringga,
Yashin kabi yonib, qulaysan.
Badanlarim kuyar sehringga,
Osmoningdan so‘rayman nayson.

Faqat ayon, biz bir yurakmiz,
Umr bo‘yi intildik abgor.
Men senga, sen menga kerakmiz,
Qolganlari bekordir-bekor.

* * *

Sepgandim ko‘nglingga yaxshilik nurin,
Mehru muruvvati tinmasin, deya.
Goh oshkora sevdim, goho yashirin,
Sevgi-muhabbati so‘nmasin, deya.

Sen bergan mevaning doni puch bo‘ldi,
E voh, ekkanimni o‘ra olmadim.
Orzu-xayollarim bari tush bo‘ldi,
Bir kam dunyo ekan, toshib-to‘lmadim.

* * *

Qancha bahorlar gulladi sensiz,
To‘kildim sog‘inchdan kuzgi yaproqday.
Yozlarda qaqradim yog‘insiz, namsiz,
Dardli bir ko‘nglimning davosin topmay.

Bugunchi, o‘zgacha qulf urar dunyo,
Vujud, shuurimga kel, tezroq sing sen.
Kelgin ko‘zlarimga baxsh etib ziyo,
Nahot, bu sen bo‘lsang, sen bo‘lsang, sen, sen?

Qalbim saroyiga kelgin, hukm et sen,
Bizga muntazirdir visol bog‘lari.
O‘tli nafasingdan eriblar ketsin,
Qalbimdagi qat-qat hijron dog‘lari.

Qoraqalpoq tilidan Mansur Ahmedov tarjimasi