Ahmet Aqnazarov (1948-2020)

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli yozuvchi, shoir va tarjimon Axmet Aqnazarov 1948 yili 1 sentyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. U umr bo‘yi so‘z ustida zahmat bilan ishlab, badiiy ijod bilan shug‘ullandi.

U qoraqalpoq va o‘zbek tillarida ijod qildi.

Ahmet Aqnazarovning “Shokoladi qanikey?”, “Diafilm amaliyoti”, “Diplomatdagi xazina”, “Bolakay bilan uloqcha”, “Oltin tanga”, “Shaytonning chatog‘i” nomli hajviy she’rlar, ertaklar, hikoyalar, qissalardan iborat o‘nga yaqin kitoblari nashr etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lapbergen Qaipbergenovning “Qoraqalpoqman, tavakkalchiman”, taniqli hajv ustasi Muratboy Nizanovning “Odam kuldirgani uchun” qissasini, S.Jumag‘ulov, K.Ernazarov, A.Sultonov, K.Ametov kabi qoraqalpoq yozuvchilarining hajviy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan hamda o‘zbek, qozoq, turkman, rus hajvchi adiblarining asarlarini qoraqalpoq tiliga yuksak mahorat bilan o‘girgan.

U 2001 yildan Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining adabiy maslahatchisi, “Adabiyot” jamg‘armasining boshlig‘i, 2004 yildan 2012 yilgacha uyushmaning mas’ul kotibi, “Mushtum” jurnalining Qoraqalpog‘iston Respublikasi muxbiri lavozimlarida faoliyat yuritdi.