Solijon Jigitov (1936-2006)

Solijon Jigitov (Salijan Jigitov) 1936 yil 17 martda Qirg‘izistonning O‘sh viloyati O‘zgan tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iz davlat universitetinining filologiya fakultetini tamomlagan (1959). Qirg‘iziston Fanlar akademiyasining til va adabiyot institutida, Qirg‘iz Sovet Entsiklopediyasi Bosh muharriri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Solijon Jigitov Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti maslahatchisi (1991-1993), Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi (1993-1995), “Ozodlik” radiosining Bishkek byurosi boshlig‘i (1995-1996), Qirg‘iz davlat universiteti professori, Qirg‘iz-Turk Manas universitetining gumanitar bilimlar instituti direktori vazifalarida ishlagan,

BAHOR

Bahorning tarovati ajabtovur
To‘satdan g‘ir-g‘ir shamol – epkin kelar.
Yashil kenglik, Iliq yomg‘ir, Shudring maysa,
Betizgin qulun bo‘lib ketgim kelar.

Sudralib bulut ko‘char, bulut ko‘char,
Bulutning qatlariga botgim kelar.
Sokinlik, to‘rg‘ay kuylar, xushbo‘y maysa,
Chalqancha xayol surib yotgim kelar.

Chor taraf niliy rangda, ko‘zim yashnab
Iforidan hech ayro bo‘lgim kelmas.
Yashargan yer, Yashil dunyo, Tiniq osmon,
Ha, faqat o‘lgim kelmas, o‘lgim kelmas…

SARIQ RANGLAR

Sarg‘ayib ketdi tog‘ning o‘t-o‘lani,
Sap-sariq bo‘ldi ajab, atrof-yonlar.
Javhar tusli dalani ta’riflashib,
Qo‘nim bilmay sayraydi zag‘izg‘onlar.

Sollangan yong‘oqlarning ko‘rki sariq,
Sayhondagi tollarning bo‘rki sariq.
Terakning yaproqlari jezga o‘xshar
Soy sariq, Tog‘lar sariq, To‘qay g‘arib.

Tabiatning quti yo‘q, motamsaro,
Sarg‘ayib boshi egik qayin, irg‘ay.
Birgina o‘rikzorning yaproqlari
Lov-lov yonar o‘limga bo‘yinsunmay.

Balki inson so‘nggi safar oldidan,
Oxirgi umidlarin dildan tuyib.
Ana shu sariq ranglar ko‘zgusida,
Turarmi o‘rikzorday yonib-kuyib.

KEChKI KUZ

Havo olib tog‘lar boshi tumanli
Kuzgi to‘qay xayol surib turardi.
Qari yong‘oq keskir bolta zaptidan
Qars-qurs etib, beso‘naqay quladi.
Tuproq to‘zib, cho‘chib ketdi hatto yer
Qo‘rquv bosdi niholchalar ko‘ksini.
O‘rmon yig‘lar farzandidan ayrilib,
Tabiatning fayzi ketdi, o‘ksinib.

Butab, qirqib, yog‘ochini arralab,
Arqon bog‘lab sudratgancha bo‘z otga
“O‘tin tayyor” deya quvnab qirg‘izim,
Qo‘shiq aytib ketdi ovul tarafga…

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimalari

SEN HAQINGDA

1

Bu tun mening
tushimga kirding.
Ko‘ylak kiyib opsan, yam-yashil, gulgun.
Odamlar ko‘p ekan. Menga boqib,
Chehrang gul ochildi – bir yayrab kulding.
Bu tun mening
tushimga kirding.

Kulding-da, so‘ng qosh chimirding,
“Endi mening yorim boshqa birov”, deding,
“Kech qolding” deb go‘yoki sal o‘pkalading,
men ishonmay ko‘zlaringga qarab kuldim.
Bu tun mening
tushimga kirding.

2

Bu tush o‘zi mening uchun bejiz emas,
sening ko‘ngling ham nenidir tuysa kerak,
yuragimning tub-tubida uxlab yotgan
sezgilarni goh uyg‘otib tursa kerak,
qish-qahraton diydiratgan tuyg‘ularga
kelsa kerak bahoriy oy nur sevalab…

3

Duch kelganda odamlar tabassum-la,
mehrin to‘kib izzatingni qilishsa ham,
jon do‘stlaring ko‘tarishib bosh ustiga,
erkalatib, e’zozlab yurishsa ham,

baribir, sen g‘irt yetimsan
bu dunyoda,
baribir sen yakka-yolg‘iz
bu dunyoda,

agar seni har tun tushda erkalovchi
bu olamda biron kishi topilmasa,
agar seni yiroqlardan dili vayron,
armon bilan sarg‘ayib sog‘inmasa!

4

Yayrabgina, ko‘ylak kiyib ko‘kish-gulgun
bu tun mening tushimga kirding…

SO‘NGGI OQShOM

Bari bitdi,
So‘zlar yitdi.
So‘nggi bor
Qilgan ishim – ta’msiz labdan o‘pkilab,
Chiqib ketdim.
Netay, ko‘ngling to‘ldimi?
Yo qismatdan nolidingmi o‘pkalab?..

Yotgan ekan tosh ko‘chalar huvillab,
Shahar zangor yog‘du ichra munavvar.
O‘shal tunda sevgi mendan quvilib,
O‘shal tunda gulin to‘kdi o‘riklar…

Qirg‘iz tilidan Zuhriddin Isomiddinov tarjimasi