Isabek Isaqov (1933-2014)

Isabek Isaqov (Isabek Isakov) 1933 yili Norin viloyatining Qo‘chqor tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iziston davlat universitetini tamomlagan (1958). SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1963). Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi (2007).
Ilk she’riy to‘plami 1959 yili “O‘roz bilan xo‘roz” nomi bilan chop etilgan. U M. Isakovskiy, S. Stalskiy, K. Salыkov, V. Shkoda, R. Hamzatov, A. Dүysөmbiyev asarlarini qirg‘izchaga tarjima qilgan.

* * *

O‘rkach-o‘rkach tog‘larida
Yotibdi hali qish qori.
Bu yerdan oqqan suviga
Oshiq bog‘, paxtazori…

Qarag‘ay, qayin, archalar
Totishar tuproq totini.
Erimda qancha boylik bor—
Ochaman bir-bir qatini.

Tikilsang, g‘azal aytguday
Har gulning o‘zga sururi.
Liraning sirin so‘zlaydi
Tog‘ining tog‘day g‘ururi.

Chanqog‘in bosgach ko‘zlarim,
Quyila boshlar iliq she’r…
Har joyda—olis-yaqinda
Sog‘ingum seni ona yer!

Usmon Temur tarjimasi