Ramiz Askar (Ramiz Əskər) 1954 yilda Omosiya tumanining Krrachanta qishlog‘tsda tug‘ilgan. Qorachanta litseyini tamomlagach, 1972 yilda Boku Davlat universitetiga kirgan, 1975 yilda Moskva Davlat universitetiga utkazilib, uni 1978 yilda tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1978 yildan Ozarbayjon radiosida boshlagan. So‘ngra “Bugungi Ozarbayjon” jurnalida, “O‘tlar yurti”, “Hurriyat”, “XXI asr” gazetalarida, 2000—2006 yillarda Boku Davlat universiteti turkologiya kafedrasida ishlagan. Hozirgi vaqtda shu kafedraning mudiridir.
Ramiz Askar professor, filologiya fanlari doktori, mashhur tarjimondir. Bir qancha monografiyalar, 1500 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi. Turkiya, AQSh, Rossiya, Germaniya, Xitoy, O‘rta Osiyo, O‘rta Sharq mamlakatlarida o‘tkazilgan xalqaro konferentsiyalarda ma’ruzalar qilgan.
Qardosh turkiy adabiyotlarning eng yaxshi namunalarini, jumladan “XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi”ni Ozarbayjonchaga tarjima qilib, chop ettirgan. Bundan tashqari u zamonaviy o‘zbek shoirlarining asarlarini tarjima qilib, Ozarbayjon matbuotida davomli suratda chop etgirib kelmokda. 2011 yilda “Boburnoma”ni Ozarbayjonchaga tarjima qilib, nashr qildirdi va O‘zbekistonning xalqaro Bobur mukofoti bilan takdirlandi.
Bundan tashqari Ramiz Askar Turkiyaning “Yangi O‘rxun”, ‘Turk dunyosiga xizmat”, Turkmanistonning “Oltin asr” mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
YuBOR
Ustozlarim — turkolog olimlar Bilga xonim va Ahmad Bejon Erjilasunlarga, o‘g‘illari Sotuq Bug‘raning fojiali vafoti munosabati bilan
Yo‘q bu dardning chorasi,
Dunyoda u bor — bu bor.
Bitmas ko‘ngil yarasi,
Yoqsin, jigarga yubor.
Duo qilib Allohga,
Ohlarni ulab ohga,
Oqshom yubor sabohga,
Tunda saharga yubor.
Nahot cho‘kdi saroyi,
Botdimi quyosh, oyi?
Sotuq Bug‘roning joyi —
Chinga, safarga yubor.
Bilgam, Ahmadim bejon,
Qanday chidar bunga jon?
Bo‘l darding, yarmin bu on
Ramiz Askarga yubor.
G‘AMI
Do‘stlarim Fikrat Nag‘makor va Tohir Qahhorga
Bitdi ko‘klam, bitmadi lek gul g‘ami, gulshan g‘ami,
Ketdi do‘st-yor, ketmadi lek el g‘ami — ulkan g‘ami.
Tindi epkin ham bo‘ronu, tindi dengizda to‘fon,
Ammo tinmas ruhda hech ul yel g‘ami, yelkan g‘ami.
Keldi qahrim, yetmadi chun sevgilimga xatlarim,
Ketdi ul yor, ketmadi lek yor g‘ami, dushman g‘ami.
Botdi oy, lek botmadi zulmatda ruhim yulduzi,
Etdi tongga yetmagan ul nur g‘ami, ravshan g‘ami.
Ey Ramiz Askar, o‘limga tayyor askar senmisan?
Har zamon tayyormenu dilda yurt, maskan g‘ami.
YoRING SO‘Z BERDIMI?
Yor senga so‘z berdimi?
So‘z berdi, so‘z oldi-da.
Qalbini tez berdimi?
Berdiyu tez oldi-da.
Yor senga dil berdimi?
Berdi, qaytib oldi-da.
Yashnagan gul berdimi?
Guli so‘lib qoldi-da.
Yor seni yig‘latdimi?
Yig‘latdi, kuldirdi-da.
Hech seni aldatdimi?
Aldadi, o‘ldirdi-da.
Dardingni yor bildimi?
Bildiyu bildirmadi.
Sen-la olg‘a jildimi?
Jildiyu jildirmadi.
Qani ishqing gavhari?
Sotdi bilib-bilmasga.
Qani u sevgan yoring?
Ketdi borsa kelmasga.
Tohir Qahhor tarjimalari
IChINDA
Yozda unar qizil gul,
Qizil norlar ichinda.
Alvon rangli atirgul,
Boqdim, qorlar ichinda.
Tuproq muzli, qara shan,
Qanday chiqmish oradan,
Xalq aylamish Yaratgan,
Yo‘qlar, borlar ichinda.
Qaro qishning so‘nggida,
U bir otash to‘nida,
Oppoq qorning ranginda,
Oppoq nurlar ichinda.
O‘ynashar yurak bilan,
Yo boshqa chechak bilan,
Raqs aylar kulak* bilan,
Tanho, sirlar ichinda.
Yozda qishga qochgan gul,
Qachon unding, qachon, gul?
Umrimda gul ochgan gul,
Buncha yorlar ichinda.
So‘ldi gullar va bog‘lar,
O‘tdi umr, shan chog‘lar,
Man yig‘larman, yor yig‘lar
Ohu zorlar ichinda.
_____________
* shamol
U QIZ
Xudo menga yor bo‘ldi,
Tanidim u diblarni.
Ikki narsani sevar —
Kitoblarni, gullarni.
Na qadar ko‘p turbati,
Shu qadar xor qismati,
Anglanmagan qiymati,
Uni tark etgan eri.
Elkasida og‘ir yuk,
Qalbi yukidan buyuk,
Yor unga har mehri yo‘q,
Har telba, har sarsari*.
U bir ziyo, u bir nur,
Tuganmas, bitmas erur,
Uni ko‘rgil, to‘xta, tur,
Qiz emas go‘yo pari.
Go‘zal sanam, go‘zal yor,
Qayon boqsa gul to‘lar,
Faqat bitta aybi bor:
Sevmas Romiz Asqarni…
_____________
*devona
DARVESh EDIM
Darvesh edim, rind edim,
Qismatimdan ranjidim,
Bo‘ldim yo‘llarda safil*.
Panjob edim, sind edim,
Hindistonda hind edim,
Afrikada moviy Nil.
Fikr edim, fand* edim,
Sel oldida band edim,
Ko‘rdiyu to‘xtadi sel.
Shahar edim, kand edim,
Shakar edim, qand edim,
Buni bildi butun el.
Sevgi dedim, sen dedim,
Sevadirman men, dedim,
O‘tsa hamki asru yil…
_______________
*adashgan
*g‘oya
KETMOQ ShART
Yoz kuni qor istadi,
Oldi meni so‘roqqa,
Qish kuni nor istadi,
Soldi meni qiynoqqa.
Bas, endi ne etmoq shart,
Qof tog‘iga ketmoq shart,
Qorni olib, nor uchun
Nor bog‘iga ketmoq shart.
Sahroda muz istadi,
So‘ngra dedi: axtarma!
Bir chimdim tuz istadi,
Sepmoq uchun yaramga.
Bas, endi ne etmoq shart,
Qof tog‘iga ketmoq shart,
Muzni olib, tuz uchun
Tuz tog‘iga ketmoq shart.
Issqida yel istadi,
Na yel esdi, na kulak.*
Ayozda gul istadi,
Na gul ochdi, na chechak.
Bas, endi ne etmoq shart,
Qof tog‘iga ketmoq shart,
Elni olib, gul uchun
Gulbog‘iga ketmoq shart.
Mendan yurak istadi,
Bosh ustiga, ol, dedim.
To‘ylar qilmoq istadi,
Baxshilarga chal, dedim.
Bas, endi ne etmoq shart,
Yor sorig‘a ketmoq shart,
Yorni olib, to‘y uchun
Qof tog‘iga ketmoq shart,
Nor bog‘iga ketmoq shart,
Gul bog‘iga ketmoq shart.
______________
*shamol
SO‘NGGI SOHIL
Yuzlarida nuri yo‘q,
Demak, yig‘lar, bilmas tin.
Qo‘llaring yomon sovuq,
Yig‘lama g‘amgin-g‘amgin.
Chimirma, bas, qoshingni,
Qo‘y bag‘rimga boshingni,
Sharbat o‘rniga ichay
Ko‘zdan oqqan yoshingni.
Yashnab-yashnab boradir,
G‘am dashtidir yuragim.
Sizlab-sizlab boradir,
Yaralangan kuragim.
Buncha darding ichinda,
Sen bir nursan ichimda,
Ey, parivash, malagim,
Go‘zalsan har bichimda.
Yondi bag‘ringning boshi,
Ber qo‘lingni, budrama*.
Tinsin ko‘zlaring yoshi,
Kir qo‘ynimga, titrama.
Bo‘salardan qochma, qo‘y,
Uyat sari shoshma, qo‘y,
Qara tindi titroqlar,
Souvtib, dil ochma, qo‘y.
Hayot jo‘shqin bir dengiz,
Yuz dolg‘ayu yuz bo‘ron.
Bir qayiqda ikkimiz,
Qo‘psin, mayli, ming to‘fon.
Dunyoni tutsin tuman,
Titrasin yeru osmon,
Bir sen hamda ishqimiz, —
Bilganim so‘nggi sohil…
_______________
*fikrdan qaytmoq
ShAROB
Negadir, hech bilinmas,
Azob sevar oshiqlar.
Sharob g‘amni orttirar,
Sharob sevar oshiqlar.
Men ishqingla sarhushman,
Sharob menga kor etmas.
Oshiq ishqni anglasa,
Sharobni inkor etmas.
Mayga qo‘l urmasimdan
Sarhushman, ko‘pdan buyon.
Sharob — shirin, sen — achchiq,
Sharobdir qalbni ochgan.
Sharob shisha ichinda,
Sen qalbimda, shu yerda.
Seni ko‘pdan ichmisham,
Sharob hali bir chetda.
AShHOBODLI QIZ
— Uzoq eldan kelgan bikam,
So‘yla, yurting qaysi diyor?
— Ashhoboddir mening o‘lkam,
Unda asl muhabbat bor.
— Ashhoboddan kelgan sanam,
Isming nadur, aytgil, qani.
— Nur atalgan u qiz menman,
Izlayapman ko‘nglim yarmin.
— Ashhoboddan kelgan dilbar,
Menga ko‘ngil berarsanmi?
— Bu ne yong‘in, bu ne xabar,
Sevganimdek sevarsanmi?
— Qalbim bo‘shdir, o‘zim yolg‘iz,
Ko‘ksim uzra bitmas yara.
— O‘z yurtingda yo‘qmi bir qiz,
Malham bo‘lar og‘riqlarga?
— Biri bordir, yoqtirmadi,
Biri bordir, anglolmadim.
Meni to‘fon cho‘ktirmadi,
Biroq ishqni yengolmadim.
— Hozir nedir, ayt, istaging,
Yo‘lim uzoq, havo bulut.
— Menga kerak sof yuraging,
— Yo‘q-yo‘q, jonim, uni unut…
— Isming nadur?
— Ismim Chila.
— Duch kelmadim bunday otga,
Bitar hasrat, bitar gina,
Kel ortimdan Ashhobodga.
…Ketdi u qiz, yana toqman,
Temir choriq, temir aso.
U dilbarim, so‘nam, bikam,
Ne bo‘lardi hech ketmasa.
Kim aytmishdir, sevgi bitmas,
Sevgan o‘lar, qolar oti?
Umr bitdi, dardi bitmas,
Topolmadim Ashhobodni…
MARYaMJON
— Bu senmisan? Tanimadim,
Ertang yo‘qdir, ertang bordir…
— Esingdami, aytgil, ismim,
Bunda ishqing, yoring bordir…
— Bu ko‘ksimda yurak emas,
Maryam degan go‘zal qiz bor.
— Yetti yildir har kunim yil,
Dard ichinda bir yolg‘iz bor.
— Yelkang uzra tizim-tizim,
Qora soching bayoz bo‘lmish.
— Soch nimadir, vafosizim,
Bahor umrim ayoz bo‘lmish.
— Men qochmadim ishq qo‘lidan,
Yosh umrimni yelga berdim.
— Sen kelmading rus elidan,
Otam meni yotga berdi.
— Umrim o‘tdi sarson, surgun,
Botdim kadar botqog‘iga…
Sen emas yo‘q, kirdi har kun,
Bir Mariya yotog‘imga.
— Ayt, sevmasmi ering seni,
Nigohlari g‘amgin, sovuq.
— Bir oydan so‘ng otdi meni,
Sendan battar, shafqati yo‘q.
— Senchi, menga yo‘q deganding,
Buni qanday anglamoq shart?
— Yor nozini bilmasmiding,
Senga qanday anglatmoq shart?
— Yondim, o‘ldim… Kim topdi, kim,
Bizdan yillar ketar, Maryam.
— Qo‘y, chaqiray, kelsin hakim,
— Qo‘limdan tut, yetar, Maryam…
YaRA
Qo‘llaring sovuq bo‘lsa,
Demak, qoning ham qaynoq.
Boshqa sabab yo‘q bo‘lsa,
Unda sabab udir, oh.
Agar sabab ko‘p bo‘lsa,
Demak, yarang chuqurroq.
Ming tasalli so‘ylasam,
Yuragingga o‘t yoqar.
Qancha taskin aylasam,
Darding bitar, tutoqar?
Sening uchun naylasam,
Senga biroz hush yoqar?
Agar ko‘zlaring tolsa,
Demak, sog‘inch toparsan.
Gulgun yonog‘ing so‘lsa,
Dilni dardla yoparsan.
Yarang chuqurroq bo‘lsa,
G‘am ekib, dard ekarsan.
Dardli yuzi kulmaydir,
Garchi ming doston yozgum.
Hushingga ham kelmaydir,
O‘chirib, boshdan yozgum.
Bilgil, tabib bilmaydir,
Senga bir qurbon lozim.
Ruhim, vujudim, borim,
Zarim, harim, ipagim,
Gulim, chechagim, norim,
Havom, suvim, cho‘ragim,
Buyur, umrlik yorim,
Xizmatingda… yuragim…
LAYLO
Insof, muruvvatmi bu,
Meni qiynaydi bari.
Na kelar bir maktubi,
Nada axir salomi.
Kiydim temir chorig‘ni,
Oldim temir asomni.
Kunduz yoqib chiroqni,
Topdim qaro savdomni.
Men bechora, bir yetim,
Yo‘limda qirq haromi.
Ishqdir butun davlatim,
Bo‘lsa, olsin poramni.
Oxir yetdim qo‘lingga,
So‘roqladim Laylomni.
Qo‘l tekkizar sochiga,
Ko‘rdim ibn Salomni.
Ko‘nglim harob, shikasta,
Dunyo oqmi, qaromi?
Tabib hasta, men hasta,
Kim davolar yaramni?
ENDI
Yuzda yurak yozdadir,
Hayotim kuzda endi.
Yuragim shu qizdadir,
Ne bor bu qizda endi.
Yoshlik o‘tar, yorishar,
Bilgil, o‘ttizda endi.
Qarilikka erishar,
Ellik to‘qqizda endi.
Shamolda yo‘q sarinlik*,
Sovuqlik muzda endi.
Shakarda yo‘q shirinlik,
Sho‘rlik ham tuzda endi.
Tepada yo‘q, tog‘da yo‘q,
Izlarim izda endi.
Chechaklarim bog‘da yo‘q,
Gulim yarpizda* endi.
Yashil bog‘dan quvilgan,
Bulbul, tovus-da endi.
Ko‘k dengizdan ayrilgan,
Baliq hovuzdan endi.
Kular orazim, yuzim,
Faqat Navro‘zda endi.
Qolmish bir yil muhlatim,
Etmish to‘qqizda endi.
To‘rtidan uch bo‘limi,
Umrim so‘ngsizda endi.
Etdi ilon o‘limi,
Ko‘zim yulduzda endi.
_____________
*qaynoq
*gul nomi
KELMISh
Bu ne malakdir, yo Rab,
Shumer chog‘idan kelmish.
Bu ne chechakdir, yo Rab,
Eram bog‘idan kelmish.
Bellarida yaroq bor,
Balki ohindan kelmish.
Yo‘q, sochida popuk bor,
Biroz yaqindan kelmish.
Ishqning yo‘lidan o‘tib,
Huv naryog‘idan kelmish.
Balki so‘lidan o‘tib,
Balki sog‘idan kelmish.
Yo sanam, yo pari u,
Ul Qof tog‘idan kelmish.
Yo‘q-yo‘q, dunyo huri u,
Arshning bog‘idan kelmish.
MUHABBAT
Oh, bu qanday sevgidir,
Oh, bu qanday muhabbat?
Boshlamoqqa on kerak,
Bitmog‘iga qiyomat.
Ehtimol uzoq eding,
Yo‘q eding sen, bor bo‘lding.
Bir kunlik mehmon eding,
Bir umrlik yor bo‘lding.
Qalbim bir nozik chechak,
Nega uzding, qo‘pording?
Unda so‘lib ketajak,
G‘urbat elga yubording.
Mening ko‘ngil qushimni
To‘ringga solding nega?
Nega olding hushimni,
Ko‘nnlimni olding nega?
— Qalbing qayda, so‘yla-chi,
— Ul sandiqning ichinda.
— Sandiqning kaliti-chi,
— Azroyil cho‘ntaginda…
Ozarboyjon tilidan Rahmat Bobojon o‘girmasi