Ozod Yashar (1961)

Ozod Ilyos o‘g‘li Farajov (Fərəcov Azad İlyas oğlu) 1961 yilda tug‘ilgan. Ilk she’ri 1998 yilda bosilgan. Asarlari Moskva, Istanbul, Kiyevning nufuzli adabiy jurnallarida chop etilgan.
Dunyo adabiyotining 150 dan ziyod yozuvchilar asarlarini ozarbayjon tiliga tarjima qilgan. Shular orasida Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan hikoyatlar, G.Mopassanning “Tanlangan asarlari”, Ye.Kapettining “Ko‘rlashma” romani, absurd teatr namunalari, rus postmodern antologiyasi bor.

KIChIK ShE’RLAR YoZIShIM BOISI

Kichik she’rlar yozishimning boisi
Aslida ularni
Kichik qog‘ozlarga she’r yozishdandir.
Kichik qog‘ozdagi kichik bush joyni
She’rim yozib tor joyni
Kichik ash’or bilan to‘lg‘azishdandir.

Keyin esa ayni shu kichik she’rlarim
Kichik kitoblarda chop etiladi.
Bularning hammasi tuzatiladi,
Chunki o‘quvchimning yuragi meni
Tushuna olmas darajada kichik,
Ko‘zi esa tor bo‘ladi.

Hattoki egnimga kiyganim ko‘ylak
Yashab turgan mo‘jaz manzilim kabi
Murg‘ak fikrlarimga ham tor keladi:
Bu qog‘oz,
Bu dunyo,
Bu ko‘k yuzi,
Bu yer yuzi,
Joy yo‘qligidan.

Hali mo‘jaz-mitti rasmlar
Chizganimni aytib nima qilaman.
Joysizlikdan hech qanday rasm
Chizmaganimni ham faqat o‘zim bilaman.

QOG‘OZ PUL VA PUL QOG‘OZ

Orasira do‘kondan
Uyga narsa olganda,
Cho‘ntagimdan qog‘oz pul
Izlagay paytim
Puldan ham ko‘proq
Qo‘limga qisqa she’rlar yozganim
Qog‘oz pul ilashganin
Yaxshi farqlay olaman.

Shu boisdan ham,
Anovi juft old tishi
Yirik va siyrak bo‘lgan
Sotuvchi qizning har safar
“Piq-piq” kulishlariga
Chidamoqdan boshqa
Choram qolmaydi.
Chunki moddiylikka
Asoslagan ushbu dunyoda
She’r yozilgan qog‘oz parchasining
Bir panjacha qog‘oz pul o‘rnini
Bosa olmasligini o‘sha qizchalik
Men ham bilaman.

Lekin oramizda bitta farq bor:
U bu ahvolga kuladi shirin-shirin,
Men bo‘lsam achchiq-achchiq.
Aslida esa
U menga kulganchalik
Men ham har borada
Tuzalib ulgurmagan
Zamonaga kulaman.

MUShKUL MASALA

Sendan nima istaganini
O‘zi ham bilmagan kimsaga
U istagan narsani berish
Juda-juda mushkul masala.

HA BILAN YO‘Q

Hayot —
Tangri bizga bergan
Ajib bir ne’mat,
Chunki yashab bo‘lmas
Xotinlar bilan,
Lekin ularsiz ham
Yashab bo‘lmaydi.

SEVGI KUBI

Sensizlikda miyam
Rubik kubigini eslatar mudom.
Undagi mayda kublarni
Istagan tomonga buraveraman.
Har safar
Har tarafida
Sen ko‘rinib turaverasan.

Fayzi Shohismoil tarjimasi