Kanon Hoji (1975)

Kanon Hoji (Kənan Hacı) – yozuvchi, ssenarist, shoir va tarjimon. Ozarboyjonning Bokuning Buzovna tumanida tavallud topgan.
Asarlari rus, ingliz, ukrain, turk, fors tillariga tarjima qilingan.
“O‘zingdan qochmoqning imkoni yo‘q”, “Qushlar uchun karusel”, “Erosti shamol”, “Adabiyotning kulisi”, “Chehrai qon”, “Eng so‘nggi darvesh”, “Pirosmanining mehmoni” kabi bir qator she’riy hamda nasriy kitoblari nashr etilgan.
Shuningdek Tehronda chop qilingan “Firavn daftari”, Turkiyada chop qilingan “Sukunatning jismidagi sir” kitoblari muallifi.
“Soya” nomli pesasi Pantomima teatrida sahnalashtirilgan.
“Iskandar shikastasi”, “Otilganlar”, “Qirmizi shaharning qurboni” badiiy, shuningdek, “Vatan urushi” hujjatli filmining muallifi.
Hozirda “Mujru” adabiy-badiiy jurnalining bosh muharriri lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

VUJUDNOMA

Shaytonga taslim bo‘lma
fano fosilasinda.
Nafs — bir yog‘li luqma,
pishgan o‘z tovasinda.

Olachipor otini
solar yana saharga.
Manglaydagi yozuvni
ko‘chir oq varoqlarga.

So‘zni sotma bozorda,
Tangri omonatidir.
Har azob, har ozor ham,
baxtning sahovatidir.

Dardlar tegirmonidan
urin, tirik chiq yana.
Boqib mot qolsin shayton
sening farosatingga.

Bu ko‘hna qo‘nimgohda
jon baslamoq ham abas.
Vaqt-va’da kelganida
aytgaydirlar: To‘xta, bas!

Bitar janglarsiz bu jon,
g‘am kelar yana-yana.
Aylanarsan u zamon
sukut obidasiga.

SOQIYNOMA

Ey, ko‘klarning soqiysi,
may suz ko‘ngil jomina.
Maning kabi noqisni
etkaz ishq maqomina.

Man rindlar ko‘chasining
ovorasi, sarhushi.
Kiprigimning mevasi
mevalarning mayho‘shi.

O, falak sufrasining
eng totli ozuqasi.
Ishq hazinasining
eng qimmat durdonasi.

Belda xizmat kamari,
huzuringga keldim man.
Qalbda sevgi sharori,
qo‘lda boda, keldim man.

Husning ko‘zga ko‘rinmas,
vasling hijronda gizli.
G‘ofillar sani bilmas,
tonar yo‘q deb bu hisni.

Yo‘qot meni dunyodan,
o‘zimni sanda topay.
Qochganda har gunohdan,
qoldir eshiging yopmay.

Ey, ko‘klarning soqiysi,
may suz, ichay, oyilay.
Bu gunohlar vodiysin
kechay, undan ayrilay.

Kunduzim shom bo‘lganda
ko‘zimga ko‘rinarsan.
May suz manga to‘yguncha,
och menga siringni san.

TUPROQ, DENGIZ, OLOV, OSMON

Qismat inson hayotining musavviridir
nimagadar ko‘proq foydalanar qora ranglardan
Oy kechaning yongan shamidir
u nurni tinglagil
so‘zlab bersin qorong‘ulik tarixini
Olov sharga aylanganda suvga taslim bo‘ladi
yozda esa aylanadi suv otashning qadrdoniga
u olovni tinglagil
so‘zlab berar sovuqlikning tarixini
Tog‘lardan so‘ragil
qor insondan bezib ketgan nega bu qadar
shuningdek
qo‘y, bulutlar so‘z ochsinlar
tuproqning ming yillik og‘riqlaridan

JADAL RIVOJLANAYoTGAN ASRNING INSONI UChUN HOShIYaDA YoZILGAN QAYDLAR

Shoshilib qilingan ishimiz hayrli bo‘lmaydi odatda,
“Sekin-asta shoshilmoq lozimdir” deymiz,
ammo, qayerga, nega?
“Hech qayerga, hech qachon” shoshilmagan odam endi
har yerga,
har zamon shoshilar…
Vaqt yosh baliq kabi sidirilib chiqib ketar qo‘llarimizdan
eng muhtasham soniyada,
vaqtning tezligiga yutqizar inson,
odatda,
qismatning vaqti har qachon bizdan ilgaridadir,
Sezar sekin-asta shoshilishga chaqiradi jangchilarini,
axir inson tug‘ilganidan to o‘lgunicha hamisha yo‘qotar,
shunday ekan nega sevinamiz yangi yil kelganida, tug‘ilgan kunlarda?
Ehtimol odam yo‘qotganlariga sevinuvchi yagona mahluqdir,
sekin-asta,
shodlana-shodlana
o‘zining yo‘q bo‘lishi kuni tomon shoshilgan…

Ozarboyjon tilidan Rahmat Bobojon o‘girmasi