Fikrat Sodiq (1930-2016)

Fikrat Sodiq (Sadıqov Fikrət Abbas oğlu) — shoir, publitsist, stsenarist. Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1963) Ozarbayjon davlat mukofoti laureati (1990).

UMID MENDAN YuZ O‘GIRSA

Umid mendan yuz o‘girsa,
Derazamni chertsa qo‘rquv,
Bir qo‘limdan qo‘biz tutar,
Bir qo‘limdan Dada Qo‘rqut.

G‘arib bo‘lsam yot ellarda,
Tentirasam G‘arib kabi –
Oq otida uchib kelar
Ko‘mak uchun Xizir Nabi.

Tang qolibon dorga tushsam,
Yo‘qqa chiqsa yolg‘on-to‘g‘ri,
Tez jo‘natar Xon Avazni
Dodimga jo‘mard Go‘ro‘g‘li.

Umr qancha achchiq bo‘lsa,
Xayol aylar uni shirin.
Shirin-shirin ertaklarda
Tayanchi bor har shoirning.

Ozarbayjon tilidan Usmon Qo‘chqor tarjimasi