Yoxan Sebastyan Velxaven (1807-1873)

Yoxan Sebastyan Velxaven (Johann Sebastian Welhaven; 22 dekabr 1807 — 21 oktyabr 1873) — norveg shoiri, adabiy tarixchi. Norvegiyalik shoir o‘z davri ma’naviy hayotidagi qusurlarni tanqid ostiga olgan hajviy sonetlari, inson ruhiyati aks etgan lirikasi bilan ma’lum va mashhur. U, she’r ravshan va batartib bo‘lishi zarur, deb hisoblagan. Uning “Henrik Vergelannga” (1834) she’ri doimiy ijodiy muxolifi H.A.Vergelanning “Norvegiya uzra tong” (1830) hajviy sonetlar to‘plamiga javobi sifatida norveg ijtimoiy muhitida sezilarli voqeaga aylangan.

TIKANLI OLChA

Istaysan, daraxtlar bo‘lsa betikan,
Hech o‘ylab ko‘rdingmi ne xavf bor ekan –
Mo‘rt nihol boshida; axir, payqab goh
Gulbargda qon izin – shikast yegan shox
Yarasin bog‘laysan, ber-da o‘zing tan.

Tikan – bitgan yara izidir xolos.
Sen kabi daraxt ham bilar: nedir mung,
Sinovdan o‘tgan u, barg yozgan, oz-oz
Gullari lovullab yolqinlangan so‘ng.

Ko‘klamda daraxtzor oralab o‘tsam,
U daraxt iboli egilib bir dam,
Shivirlab dedi: “Ey, azizim, jahling –
Chiqdi sal-pal tirnab qo‘yganimga ham,
Men qancha ranjidim – yetmadi aqling!”

BERGEN

Sharqdan esib shamollar puflar,
Yolg‘iz jo‘ka barg o‘ynab uflar,
O‘zi bilan olib g‘amni-da
Suzib ketar bulut g‘arb sari –
O‘shal yoqda bolalik qarir
Qaytgan to‘lqin ko‘piklarida.

Oltin kunlar – bolalik imlar,
Eski kitob: rangli rasmlar,
Men har rasm kuyiga shaydo;
Ko‘piklagan shovva osti, chin,
Menga Xuldra tutdi chiltorin,
Tushim bo‘ldi o‘ngimda paydo.

Ayt-chi, ne u zaxkash ekinzor?
U – kimsasiz, nomsiz, bepusht, zor,
Kamgap, xuddi ibodatxona.
Jilg‘a bo‘yidagi po‘lattus
Oqqayinlar menga burib yuz
Ne boy berdim – sanaydi, ana.

Tashlab dali daryoga soya
Uzanganda o‘rmonu qoya,
Ko‘rganmisan, bahaybat g‘oyat?
Gul bodragan yalangliklarda,
Qush inida to‘shalgan parda
Baxt bulog‘in topdim nihoyat.

Jannatiy bog‘ devori yoni
Qo‘riqchilar mangu qalqoni:
Cho‘qqi ko‘kni kesgan shamshirday,
Botir yarog‘iga atirgul
Mungluq gulbarglarin atab ul
Disa3 sochib tashlaydi birday.

U yerlarda qirg‘oqlar ovloq,
Tog‘cha kitlar mo‘ljali – u yoq
Asraydi-da dovulda zamin
Ko‘rfaz uzra bayroqlar hilp-hilp,
Kemang, machtang uzra yetilib
Pishar alvon mevalar tag‘in.

Unda, O‘zi, bandaga majoz
Barhayotlik tarhin tuzgan soz,
O‘rmon, ko‘rfaz xorali4 yangrar,
Qubbali cho‘qqilar ibodatxonasi
Uzra, qorayaloq chug‘uri-sasi
Va qahrli o‘lka savti jaranglar.

Belanchagim tebrangan o‘sha
Jimjit, nurli emanzor go‘sha
Aro orzu balqardi bot-bot;
Bosirinqi tush panjasidan
Zil-zambil o‘ng iskanjasidan
Qutqaradi meni xotirot.

Norvegiya jon-qalbi, salom!
Ne sinov bor, xullasi kalom,
Sen baridan o‘tgan titansan5,chindan;
Og‘ir sovut egningda, har choq
Lekin o‘zing xushfe’lu quvnoq
Muhabbat yuragi urar ko‘ksingda.

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi