Yan Yanson Starter (Jan Jansz. Starter) – niderland shoiri. 1614 yili Leyvardenda kitob savdosi bilan shug‘ullangan. Mahalliy notiqlar maktabini tashkil qilgani uchun katolik dinidan ajralib chiqqan kalvinchi nasroniy ruhoniylari unga qattiq hujum qildilar. 1620 yilda oilasi bilan Frantsiyaga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldi. U yerda huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. 1621 yilda Amsterdamga ketdi. U yerda “Na’matak” nomli notiqlar maktabida o‘qidi. 1625 yildan vaqtini tarixni o‘rganishga bag‘ishladi.
U asosan she’riyat va dramaturgiyada ijod qildi. Brederoga shogird tushdi.
Starter lirikasi va satirasi Niderlandiya adabiyotida “oltin asr” deb nomlanuvchi davr namunalari ichida eng e’tiborlilari qatorida turadi.
* * *
Necha-necha tunlar uxlay olmadim,
Umid-la yalindim, yondim behuda!
Yolvordim jon-jondan, aslo tolmadim –
Sen esa ayovsiz ekansan juda!
Bunday tosh hukmni ko‘rmagan jahon!
Hozir sev, hozir sev, hozir sev, shu on –
Yo‘qsa hech qachon!
Men oyday yuzingni uchratdim bir kun,
Qorday oq ekansan, ma’sum, beg‘ubor.
Ko‘ksimda bir yong‘in avj oldi butun
Sevgi yong‘inida yondim betakror!
Oh, naqadar yomon, bu ofat yomon!
Hozir sev, hozir sev, hozir sev, shu on –
Yo‘qsa hech qachon!
Mayliga, o‘lgin de, yuzimga qarab,
Agar senga yoqsa shundayin farmon.
Uni qabul qilish men uchun sharaf,
Sen uchun ming bora bag‘ishlayman jon.
Qancha kuch sarflasam, qilmayman armon!
Hozir sev, hozir sev, hozir sev, shu on –
Yo‘qsa hech qachon!
Men sening ko‘yingda ovora bo‘ldim
Vaqt yetmas ovora yilni sanashga.
Bunday dard-alamlar, azobi ma’lum
Men uchun bir imkon bermas yashashga!
Senga muhtojligim og‘ir, beomon!
Hozir sev, hozir sev, hozir sev, shu on –
Yo‘qsa hech qachon!
O go‘zal ma’buda, har qilig‘ingdan
Xabardorman, seni o‘rganganman ko‘p,–
O‘laymi muhabbat bosirig‘idan,
Chiriblar ketaymi kul bo‘lib bir to‘p?
Uyatdan qizarib ketsang ham chunon!
Hozir sev, hozir sev, hozir sev, shu on –
Yo‘qsa hech qachon!
“ASKAR QO‘ShIQLARI” TURKUMIDAN
NIDERLANDLAR
Asov dengizlarda, yerda jang qilgan
Ey, siz – niderlandning dengizchilari!
O‘rim-yig‘imlarni tashlagan-kelgan
Qo‘lga qurol olgan zo‘r jangchilari!
Urush ham boshlandi – hammasi xarob!
Modomiki sulhga qolmadi imkon,
Ispan lashkarlari qat’iy bir javob
Olajaklar endi, oqibat yomon!
Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi