Volf Birmann (1936)

Volf Birmann (Wolf Biermann) 1936 yil 15 noyabrda Gamburg shahrida tavallud topgan. Shoirning otasi 1943 yilda Osventsim kontsentratsion lagerida halok bo‘lgan. 1953 yili G‘arbiy Germaniyani tark etib Germaniya Demokratik Respublikasiga ko‘chib o‘tgan. Teatr sohasi bilan ham shug‘ullangan. U tashkil etgan teatr jiddiy ijtimoiy mavzularda yozilgan asarlarni sahnalashtiradi. Shu sababdan u 1976 yili GDR fuqaroligidan mahrum etiladi. Uning «Erdagi jannat», «Vatan», «Vatan sog‘inchi» nomli ko‘plab she’riy to‘plamlari e’lon qilingan. U o‘z she’rlarini qo‘shiq qilib ijro etadi.

VATAN

Men orom izlab bosh og‘riqlarga duch kelayotgan odamman,
Qizg‘in hayotga tashna inson singari
Umrim qisqa bo‘lib tuyulayotir.
Hamma narsaga ega bo‘larak,
Hamma narsani tarqatishni istamoqdaman.
Men pirovardida o‘z vatanimda o‘lmoqchiman.
O‘lsam bas,
Ortga qaytmasman hech.

Tush ko‘rib baqirmoqchi emasman,
Uyg‘onsang, jindekkina mizg‘isang yana.
Aslida bir qultum choy va bir burda buterburod
Insoniyat muammosini yechishi mumkin.
Abadiy navqiron,
Ozodlik janggida

Chida chidab bo‘lmas vokelikka.
Chunki g‘alabada aks etar mag‘lubiyat,
Parvo qilma. Sev. Sevmoqqa jur’at et.

Shu oqshom uchun bir qadah sharob ichaman,
Go‘zal ayol, sen shu sharob singari jimirlaysan,
Qo‘sh ho‘kizga aylanaylik, kel,
Kel, birgalikda uchib ketaylik!
Agarda salamandramning
Tishlangan dumi
Qayta o‘sib chiqsa, senga she’r bag‘ishlayman!

Men orom izlab bosh og‘riqlarga duch kelayotgan odamman,
Qizg‘in hayotga tashna inson singari
Umrim qisqa bo‘lib tuyulayotir.
Hamma narsaga ega bo‘larak,
Hamma narsani tarqatishni istamoqdaman.
Men pirovardida o‘z vatanimda o‘lmoqchiman.
O‘lsam bas,
Ortga qaytmayman hech.

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov va Bahrom Ro‘zimuhammad tarjimasi