Jeyms Kryus (1926-1997)

Jeyms Yakob Haynrix Kryus (James Jacob Hinrich Krüss, 31 may 1926 — 2 avgust 1997) — kelib chiqishi ingliz bo‘lgan nemis bolalar yozuvchisi.

MUShUK BILAN SARDINA BALIQ HAQIDA QO‘ShIQ

Bir kuni sohilga kelganda mushuk
Uni gapga soldi sardina baliq:
“Bilasan xurillab sichqon quvishni,
Uy ichra eplardim men ham bu ishni!

Kel, hozir ikkimiz almashamiz joy:
Sen suvda baliq bo‘l, yayra, mushukvoy,
Men esa qirg‘oqda yashay bugundan,
“Pish-pish-pish”, “Pisht!” degan buyruqlar bilan”.

Jiddiy ko‘z tashladi baliqqa mushuk,
Javob ham bermadi gapiga tuzuk.
Indamay orqasin o‘girib shu choq
Jo‘nadi, chunki u emasdi ahmoq!

SIChQONLAR HAQIDA

Soat kabi chiq-chiq sichqon
Burchakda ov ovlaydi.
Baroq mushuk epchil, chaqqon,
Hurpayib in poylaydi.

Kuygan nonning burdasini
Ko‘rib bitta Chapani
Shartta burnin chiqargandi
Tayyor bo‘ldi kafani:

Bir lahzada bosdi tappa –
Mushuk qorni bo‘ldi to‘q.
Burda non deb yem bo‘lishda
Hech ham qahramonlik yo‘q.

TAKABBURLAR HAQIDA

Kim maqtasa bolalarini,
O‘zini va xolalarini,
Boshqalarni omi deb bilsa,
Bema’ni deb ilmoqqa ilsa,

Didsizsan deb qalbini tilsa,
Qo‘polsan deb masxara qilsa –
Xabar olsin avval o‘zidan:
Nodonligi ayon ko‘zidan.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi

ChAYKALAR HAQIDA QO‘ShIQ

Bolalar qo‘l siltab, shodon olqishlar,
Eldek charx uradi oppoq oq qushlar.
Baliqchalar notinch, ana chaykalar!
Faqat suv ko‘pirar, to‘lqin chayqalar.

Chaykalar, chaykalar – siz qandaysizlar –
Hamisha mehrga yo undaysizlar?
Olib kelmaysiz-ku, bizga yomonlik,
Bemalol charx uring, bo‘lsin omonlik!

“Chaykalar, chaykalar, keldilar uchib!”
Makrellar, gulmohlar borishar qochib.
Siltashar suzgichu – qanotlarini,
Saqlab qolmoq chun hayotlarini!

Rus tilidan Ravshan Isoqov tarjimasi