Rahimiddin Zohariy (1968-2015)

Rahimiddin Zohariy (Rahimidin Zahari) – malayziyalik shoir. 2003 yili Malayziya fanlar universitetini tamomlagan, ushbu dargohning adabiy ijod dasturida ishtirok etgan. She’rlardan tashqari pesa va novellalar ham yozadi. “Rubob shiviri” pesasi Kuala-Lumpurdagi “Madaniyat saroyi”da sahnalashtirilgan. Hozirda “Sahna” teatr jurnali muharriri.

QABRISTONDA

Sukunat.
Faqatgina shamol
Yovshangullarni
Shildiratadi,
Gohida sambittol bargi
Shitirlab qulaydi zaminga.

Tez-tez kelib turgin: men
Muzlagan yerni istayotgan
Qadamlaringni sezaman,
Tilovat qilayotgan oyatlaring
Ovozini eshitishni istayman.

Hali qachondir sen ham bu joyga kelasan,
Uchrashamiz,
Keyin ajralmaymiz abadiy.

TUPROQ MAYSASI

Men atirgul g‘unchasi emasman,
bosh ko‘tarayotgan ilon ham emasman,.
Men – tuproqda o‘sayotgan maysaman,
atirgullar hidi
va ilonlar vishillashi aro o‘sayotgan bir ko‘kat.
Atirgul hidi
ilon vishillashini bosib ketayotirmi
yoki ilon vishillashi
bog‘dagi atirgul hidini bosmoqda,
bu muhim emas.

Men faqat shuni bilaman,
Zamindagi maysaman men.
Menga tomgan shabnam tomchisida
nurlar jilvalanmoqda.
Yuqorida – samo.
Pastda – muzlagan,
Qurt-qumursqalar kovlab g‘ovlagan tuproq.
Men o‘sayotirman
saksovul soyasida,
hozircha…

“EPIGON” TURKUMIDAN

Men shoir emas, o‘g‘riman.
She’riy satrlarni niqob qilib, panasiga berkinaman,
eskirgan qochirimlar va qiyshaygan harflar
ortiga yashirinaman.

Men shoir emasman, bir qo‘rqoqman,
fikrlar tumani bosgan shubhalarga to‘laman…

Nihoyat, yirtaman bugun shu o‘g‘irlangan niqobni.

Ingliz tilidan Karim Bahriyev tarjimasi