Xose Anxel Buesa (1910-1982)

Xose Anxel Buesa (José Angel Buesa) – taniqli Kuba shoiri, adabiyotshunos. Kruses shahrida tug‘ilgan. Yetti yoshida ilk she’riy mashqlarini boshlagan. Yigirma ikki yoshida Gavanaga borib, adabiy davralarga qo‘shiladi va she’rlari e’tibor qozonadi. Uning “Tutqinsiz vaqt”, “Ibodat” (1933), “Tartibsizlik” (1936), “So‘nggi qo‘shiq” (1936), “Voha”, “Prometey”, “Qasidalar”, “Don Juanning qarishi”, “Har kungi o‘lim” (hammasi 1943 yilda), “Proteya qo‘shig‘i” (1944) she’riy kitoblari nashr qilingan. Xalq orasida “Oshiq shoir” nomi bilan tanilgan. Ushbu she’rlar Chili universiteti nashriyotida chop qilingan “Hafta muallifi” (2001) tanlangan she’rlar kitobidan olindi.

YoMG‘IR HAQIDA QO‘ShIQ

Sening ham oynangni chertadi yomg‘ir,
Ehtimol, sukutda yog‘ar u shunday.
Tundan sahargacha, menga ayondir,
Garchi istamaysan, o‘ylaysan kunda.
Sokin yuragingda tug‘ilar qo‘rquv,
Kechagi iliqlik taftini sezib.
Qo‘lingda igna. Ip bo‘ladi tugun,
Ko‘zlaringda yomg‘ir yog‘adi ezib.

KEChIKKAN SEVGI

Kechikkancha hazin bog‘ga
Uchib kirdi kapalak.
Yozning dilgir kechasin
Yorishtirdi ul malak.
Shabnam, gulobga tashna
Atirgulga qo‘ndi u.
Gulning so‘nggi yaprog‘in
Uchirib ketdi qayg‘u.
Men mag‘ribga yo‘l olib
Sezdim. Kapalak misol
G‘oyibdan kelganini
Bir his – orzui visol.
Yuragimda mungli kuz,
Javob ber kirib tilga,
Muhabbat kapalagi,
Nega kechikding dilga?!

SENI UZOQDAN KO‘RMOQ

Shunday, seni uzoqdan ko‘rmoq. Tamom.
Sen-la o‘zga, yonimda boshqa ayol.
Bir chashmadan oqib chiqqan ziloldek
Ul xush damlarni qaytarish – xomxayol.
Uzoqdan ko‘ribon jilmayib o‘tmoq,
Go‘yo tuyg‘ularim ketgandek izsiz.
O‘zni go‘yo befarq, xotirjam tutmoq,
Lazzatni tug‘dirmish jirkanish hissi.
Olisdan ko‘ribon o‘tsam-u, ammo
Sukut saqlasalar tabassum, nigoh.
Yuragim bir seni deyishin hamon,
Shubha ham qilmaysan, bo‘lmaysan ogoh.
Hech kimga aytmayman, har kimsa bilar,
Ismingni solmayman she’r, kuylarimga.
Sen haqda orzuga tun kamlik qilar,
Kunduz ham yetmaydi zor o‘ylarimga.

KO‘Z YoShGA

Bir tomchi dengizki, unda cho‘kkusi
Sokin g‘am-anduhing, kemasi qora.
Tomchiki to‘ldirar, toshar, qoplaydi
Bulutdek ko‘zlarni, bo‘lgan dilpora.

Begona yurakka kelsa u agar,
“Ozor elchisi” deb qo‘yarlar shum ot,
Umidsizlik sabab dunyoga kelib,
Shaffof marvaridga aylangan faryod.
Gulni tikonlardan ozod qilgandek
Yurakni bo‘shatgan tomchiga sharaf!

Sharaf shu tomchiga, ko‘ngil cho‘g‘ini
Kulga aylantirsa, u ketsa to‘zib.
Agarda oqmasa cho‘kib ketardi
Bir tomchi ko‘z yoshga yurakning o‘zi.

QADAH SO‘ZI

Shabnamga cho‘milgan ikki atirgul
Bizning sevgimizdek qizil, biri oq.
Uzibon gulbargin solaman jomga
Oq mayda ol, qizil, mayda oq yaproq.

Qadahni ko‘tarib labimga bossam,
Yaproqlar eslatdi dudog‘in yorning.
Sharobda tuygumdir bo‘salarining,
Maqsadi bir asli alanga, qorning.

Tongdek nurafshonin yoki shafaqrang
Qadahni tanlagin va ko‘targin dast.
Hech nima so‘rama, afzaldir bo‘lmoq
Muhabbatdan emas, sharobdan sarmast.

Sen mayni jilmayib simirganing on,
Ishqingda men sarxush bo‘laman pinhon.

Ispan tilidan Hilola Ro‘ziyeva tarjimasi