Xorxe Luis Borxes (1899-1986)

Xorxe Luis Borxes (Jorge Luis Borges) – argentinalik mashhur yozuvchi, shoir, ajabiy tanqidchi. O‘zining ruhiy va falsafiy novellarai bilan mashhur. Lotin Amerikasining eng mashhur yozuvchilaridan biri.
Xorxe Luis Borxes Buenos-Ayresda tug‘ilgan, o‘smirligi Yevropada o‘tgan, shu yerda ta’lim olgan. 1920-yillarda o‘z yurtiga qaytgan adib dastlab shoir sifatida mashhur bo‘ladi. 1955 yildan milliy kutubxona direktori bo‘lib ishlaydi. Ko‘zi ko‘rmay qolgach, 1973 yili ishdan bo‘shaydi.
Bir qancha milliy adabiy mukofotlar sohibi; Italiya, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Ispaniyaning oliy mukofotlari sovrindori; Sorbonna, Oksford, Kolumbiya (Nyu-York) universitetlarining faxriy doktori.
Kitoblari: «Buenos-Ayres jaziramasi» (Fervor de Buenos Aires, 1923), «Qarshi tomondagi oy» (Luna de enfrente, 1925), «Tekshiruv» (Inquisiciones, 1925), «Mening umidimdagi hajmlar» (El tamaño de mi esperanza, 1926), «Argentinaliklar tili» (El idioma de los argentines, 1928), «San-Martin maydoni daftari» (Cuaderno San Martín, 1929), «Evaristo Karrego» (Evaristo Carriego (1930), «Muhokama» (Discusión, 1932), «Sharmandalikning umumiy tarixi» (Historia universal de la infamia, 1935), «Mangulik tarixi» (Historia de la eternidad, 1936), «To‘qimalar» (Ficciones, 1944), «Kashfiyot» (Artificios, 1944), «Alef» (El Aleph, 1949), «Yangi tekshiruvlar» (Otras inquisiciones, 1952), «Bajaruvchi» (El Hacedor, 1960), «Boshqa, xuddi o‘zi» (El otro, el mismo, 1964), «Soya maqtovi» (Elogio de la sombra, 1969), «Broudining xabari» (El informe de Brodie, 1970), «Yo‘lbarslar oltini» (El oro de los tigres, 1972), «Qum kitobi» (El libro de arena, 1975), «Ko‘ngildagi atirgul» (La rosa profunda, 1975), «Temir tanga» (La moneda de hierro, 1976), «Tun ertagi» (Historia de la noche, 1977), «Etti kecha» (Siete noches, 1980), «Sirli xat» (La cifra, 1981), «Dante haqida to‘qqiz esse» (Nueve ensayos dantescos, 1982), «Shekspir xotirasi» (La memoria de Shakespeare, 1983), «Atlas» (Atlas, 1984), «Fitnachilar» (Los conjurados, 1985).

YoMG‘IR

Bog‘ uzra maydalab yog‘moqda yomg‘ir,
Hovli sahni sokin tozargan, oydin.
Balki tinib qoldi? Oqshom nam, dilgir,
Azizlaring uzra yog‘gandir betin.

Mavsum buzuq havo bilan qaytmoqda,
Xazina atalur bezovta nigoh.
Atirgul ko‘rinar unga boqqanda,
Atrof bayram misol rang-barangdir, boq.

Tobora qorong‘u deraza ortida
Yomg‘ir erkalagan mo‘yqalam, ana,
Qorayib turadir zinapoyada.

Chirindi isiga to‘yingan atrof.
Tirik kishim sasin tuyaman yana,
Qaytib kelayotgan otamniki, ha.

“O‘N YeTTI HAYKU”DAN

1

Oqshom va tog‘lar.
Nimalarni menga qildilar hikoya?
Unutildi attang, baribir.

7

Shu kundan men
shaxmat taxtasidagi donalarga
qo‘l tekkizmadim sira.

14

So‘nayotgan yorug‘lik,
so‘nib borayotgan saltanatmi
yoki yonarqurt?

HOVLIChA

Oqshomda
ranglarin o‘chirar toliqqan hovli.
Osmoni falakdan to‘lin oy
kutadir behuda ilk ehtiroslarin.
Kichik hovli, toshloq irmoqday
niliy ranglar
derazaga singishib ketar.
Sokin va yorug‘ yulduzlar oralab
qotib qoldi Abadiyat ham.
shiyponcha bilan ustunchalar oralig‘ida
Sir tutilgan do‘stlik lahzasi uraverar jom.

ShANBALAR

(parcha)

Unutilgan soyalari dala hovlining
taqa-taq berkitilgan derazalari.
Mening notinch ko‘nglim kimsasiz uy bo‘ylab
sening tinchimas qalbingni
izlaydi ko‘r-ko‘rona.
Ovunmas sog‘inch uzra qo‘yar uzib
istak ila tortinchoqlik.
Tun zimistoni uzra
sening nurafshon yalang‘ochliging chiqib kelar.
Qalbga o‘xshab tobora og‘riqdan qisilib ketgan
jimlik qa’riga singiydi ikki tan, vujud.

XIII ASR ShOIRI

Ko‘z tashlar, qoralamalar boshboshdoq,
Sonetning cho‘ng birinchi namunasi u.
Gunohkor to‘rtlik, uchliklarga qarar,
O‘z-o‘zicha qalam yoza olgan-ku?

O, nechanchi sayqal bermoqda satrga,
Osudalanadi… Yo salom tovushin ilg‘ar,
Notanish dahshat aro shoir bulbulning
Asrlar osha sayrashini tinglar.

Oshno bo‘lgan idrok ila his etar
Apollon yetkazgan xayol daldasida
Unga tabarruk yuzin ochgay Arxetip:

Qirra-qirra billur nigohini ham
Umr bo‘yi qondirib bo‘lmaydi, yohu,
Labirinting, Dedal, yo Sfinksing, Edip?

BUENOS-AYRES KO‘ChALARI

Buenos-Ayres ko‘chalari,
Siz – yuragim qoq markaziy nuqtasi.
Piyodalar shoshilinch odimlaridan aziyat chekkan
mudroq xiyobonlar emas,
ay siz, chekka hududlar sokin jin ko‘chalari,
sizga notanish daraxtlar pakana poyasi,
shahar chekkalari,
bunda qop-qorong‘u yupun kulbachalar
elkasidan ezib bosar Abadiy makon,
tekisliklar va osmon
olis-olis kengliklariga g‘arq bo‘lib ketishdan
turgandek cho‘chib.
Tirik inson qalbin sog‘ingan barchaga
Baxt-saodat etarsiz va’da:
Chorrahalaringizda tutinadi do‘st
uylar zindonidan ozodlikka chiqqan taqdirlar.
Hech bo‘lmasa,
Qayroqtosh to‘shalgan ko‘ksingiz uzra
adashgan umid dadil ildamlab borgani uchun
egilib ta’zim qilaman sizga.
Egri-bugri qayrilishlaringiz
Osmon turfa shamollarida hilpirayotgan
bayroqlarning hapriqishidek.
Mayli, mening she’rlarim dastasida
raqsga tushaversin o‘sha bayroqlar.

1964

1

Go‘yo sehrlangan barchasi. Yana bir bora
Bundayin charog‘on bo‘lmas oy shundog‘am,
Bog‘ni bosgan mudroq. Oy endilikda
Ko‘zgu bor-yo‘g‘i, o‘tmish ko‘lankasi qora,
So‘nish hovuri. Yonma-yon yonayotgan ikki chekkam,
Chalkashib turgan qo‘llarimdek… –
Alvido! Barchasiga alvido!
Sodiq qolur xotira, sog‘inch!
Istalgan har qanday kimsa (doim etarsan ta’kid)
Sohibi bo‘lmagan bir lahzani yo‘qotadir, o,
Biroq unut bo‘lgan a’molin o‘rganish mashqi
Etgay nasib kuchi yetganlarga muqarrar!
Seni o‘ldurarlar birgina atirgul ila, ay,
Titrab turgan birgina torlarda kadar.

2

Barcha shodliklar o‘tmishda. Nima ham derdik,
Zamona behisob boyliklar ila to‘la.
Dengizdan-da teran har daqiqa, beshak,
Ham tushunarsizdir. Kun uzun biroq.
Oftob botishidan bo‘lmaydi qochib!
Qoldiq esa yanada qisqaroq —
O‘shal yashirin hadya yaqinroq yanada.
Dengiz va kamon o‘qlari o‘zgacha.
Qaysiki, bir kuni bizni davolar
Tundan va muhabbatdan, shubhasiz.
Belgilab qo‘yilgay har bir yo‘qotish,
Barcha narsa bo‘lgan, endi har narsa jumboq.
Faqatgina endi qalbingda qayg‘uli quvonch,
Burchaklarga boshlovchi yana o‘sha eshik, boq.

IMKONIYaTDAN TAShQARIDA

Verlenning hech men eslolmaydigan satri bor bitta.
Qaydadir, yaqin orada
endi men o‘tmaydigan bir ko‘cha ham bor.
Hatto o‘z uyimda meni ko‘rmaydigan,
katta ko‘zgu borligi ehtimol.
Qay bir eshikni umrbodga yopdim ortimdan.
Kutubxonam kitoblari orasida
o‘zgachasi bor bitta.
Uni o‘qish nasib etmaydi menga hech.
Ellikka kiraman shu yozda.
Demak, ajal ham aytarli olisda emas.

Rus tilidan Tursun Ali tarjimasi