Roxelio Sinan (1902-1994)

Roxelio Sinan (Rogelio Sinán) – atoqli panama shoiri va nosiri, pedagog. Asl ismi Bernardo Dominges Alba. Panama Milliy institutini tamomlagan. So‘ng Chilida tahsil oladi va bu yerda Pablo Neruda va Gabriyela Mistral kabi mashhur shoirlar bilan hamsuhbat bo‘ladi. Yigirma besh yoshida ilk she’riy to‘plami – “To‘lqin” chop etiladi. Keyinchalik “To‘lin oy” romani, she’riy kitoblari, ko‘plab hikoyalari e’lon qilingan. R.Sinan bolalar uchun ham asarlar yozgan. Rikardo Miro nomidagi mukofot va boshqa nufuzli sovrinlarga sazovor bo‘lgan.

SAYR

Bulutlar – bolalar
boshlang‘ich sinfda
kitoblarin olib
yo‘lga tushdilar.

Shamol – uchqur tulpor
eltar ularni
nozik belida.

“Chu!” “Chu!” Ana ketishdi.
va faqat
“Xayr!” – der mo‘rilar,
tutun dastro‘molin siltab.

YuLDUZLAR

Tungi daraxtga
barin osarlar.

Kim ularni yig‘ib oladi?

Hech kim!
Chunki tongda quyosh –
bobodehqon
barin yetilgan deb
uzib oladi.

Ajoyib hosil!
Yulduzlar!
Sharbati qanday tiniq!

OFTOB

Qari quyosh nuridan sarmast
bezovtahol uxlar pishillab
shumlik qilib to‘ygan boladay.

Og‘zidan oqadi tomchi-tomchi nur.
Qara! Daryolarga to‘kilar billur.

(Kunlarning yolg‘iz chiroqchisi
Meridianda horg‘in to‘xtadi.)

Bechora
qari chiroqchi!..

Nuri sharobidan sarmast
quyar uni daryolar uzra.

Axir, bu dala uchun emasmidi?

SAROSIMALIK

Ko‘zlaring tuhfa etgan
so‘zlarni yig‘ib
tuzdim
dudoqlaring uchun
sevgi qo‘shig‘in.

O‘zingdan yaralgach,
nozik va quvnoq bo‘larmikan?
Yoki g‘amgusor?

Bari shubha ichinda!

Menga shivirlading-u
so‘zlar
telbalarcha ucha boshladi.

Senikimidi?
Menikimidi?

Bizni tan olmadi ular!

Endi ular tun ichra qolgan
unsiz qalbimizning sadolaridir.

Ispan tilidan Hilola Ro‘ziyeva tarjimasi