Pedro Migel Obligado (Pedro Miguel Obligado) – argentinalik shoir, jurnalist va olim. Adabiyot sohasida Milliy mukofot sovrindori. Obligado murakkab poetik ramzlar vositasida ko‘ngildagi nozik kechinmalarni izhor etadi. “Qo‘shiqlar oroli”(1931), “Ma’yuslik”(1943) kabi she’riy to‘plamlari mashhur.
YoMG‘IR HECh NARSA DEMAS
Tong qo‘ynida behuzur shahar.
Shitir-shitir,
yomg‘ir boshlanar –
otayotgan yangi kun talvasada to‘lg‘onar.
Namchil shahar o‘z holin bilmay,
Tuman ichra bag‘rin tig‘laydi.
Yomg‘ir esa hech narsa demay
unsiz yig‘laydi.
Shalabbodan panaga qochar odamlar,
Falokatdan yuz burib go‘yo,
Yopiladi ro‘yxush oynalar –
Bu holni allakimdir kuzatmoqda beparvo…
O‘z-o‘zidan yomg‘ir ham horiganga o‘xshaydi.
Tebranar yovvoyihol atirgulning butasi,
U ham bir so‘z demaydi,
yakkash unsiz yig‘laydi.
Daryolarning bag‘ridan yo‘llangan maktub –
Tomchilar-la ingraydi
toza bir o‘pich ila dil munojoti
bizni mehr yo‘g‘rilgan diydorlarga chorlaydi.
Ammo undan odamlar yiroqlashganin sezib,
Ko‘chalarda sargardon, yurak-bag‘rin tig‘laydi,
Faryod chekar, oqibat yana hech narsa demay,
takror unsiz yig‘laydi.
Go‘yo aqldan ozgan, bir o‘jar telba kabi,
Zulmat kezgan makonda halovatin topmaydi,
O‘shal qadim qo‘shiqni ingranib yodga olar,
Har ne bor azob berar, sira ko‘nikolmaydi.
To‘yingan maysalar ham bir tomchisin xohlamas,
Undan qochib odamlar, yana pana istaydi –
U esa bir so‘z demas,
faqatgina yig‘laydi.
Odamlarning anduhin, ko‘rib turib u balkim,
Ko‘z yosh to‘kayotgandir.
Yoki oqshomgi nozik ermagi yodga tushib –
Bizni ovuntirmoq-chun quyib yog‘ayotgandir?
Yo insonlar bu qadar beparvoligin ko‘rib,
Yoki o‘z taqdiridan afsus chekayotgandir?
Xullas, u hech narsa demay
unsiz yig‘layotibdi.
Ruhsiz kun uzra tiniq
toza bir ohang
qanot qoqar, yomg‘ir-la
taraladi hamohang.
Jodulangan ovozlar ichra kumush rang shahar
so‘qirdek tun bag‘riga suzib borayotibdi…
Yomg‘ir esa hech narsa demay
unsiz yig‘layotibdi.
Rus tilidan Dilorom Abdurahmon tarjimasi