Mirta Agirre (1912-1980)

Mirta Agirre (Mirta Aguirre Carreras) – Kuba shoirasi, jurnalist va siyosiy arbob.

KO‘NGILDAGI HAQIQAT HAQIDA ShE’R

Tushunmaysan, axir, buni do‘stginam,
Kel, anglatay, lekin so‘z bilan emas.
So‘zda ifodalash qiyin juda ham,
Faqat tushunishga mayl bersang bas.
Tushuntirib beray bilganim qadar
Hamda men tasavvur qilganim qadar.
His-tuyg‘u jo‘shganda ko‘ngil jonsarak,
Ehtimol gullarga o‘xshashdir yurak.
Janub go‘zal juda, lekin emas kam,
Cheksiz go‘zallikka to‘la Shimol ham.
Har ko‘rgan kimsani aylaydi maftun.
Derazam ustiga oyni ilar tun
Men bo‘lsam-chi ko‘pdan och qolgan yerni,
To‘ydirgan bo‘lardim hayotim berib.
Yashashni o‘rganib, rizqimni terib,
Bulut qanotida, yellar otida,
Yaproqlar yuzidan shudring shimirib
Zavq olar edim men hayot totidan.
Aldebaran kabi hamisha buyuk —
Bo‘lish shart emasdir yuksak va suyuk.
Ajralgan chog‘da ham bo‘lish shart birga,
O‘tkir sharoblardan jirkanmoq nechun,
Na hojat qadahni urmoqlik yerga —
Jilovlashdan ojiz jaholat kuchin.
Ba’zida shahar ham o‘rmon misoli
Yashnamog‘i mumkin yashil tus olib.
Shundaymi, boshqacha, bu muhim emas.
Hech kim bosh qotirib: — Nimaga? — demas.
Quyosh nurin emib, miriqib, to‘yib,
Uydami, to‘qayda omadga yo‘yib,
Bo‘laman har joyda, hamisha, har zum,
Borliq ham o‘zimman, najot ham o‘zim.

BU YO‘L

Tetapoya yurib men go‘dak misol,
O‘zni haryon urib, tentirab behol.
Mayli, yetakchisiz, tutmay qo‘llardan,
Hayiqmasdan dadil yursam yo‘llardan.
Qoqilsam-chi, yordam bermang ishimga,
Xalaqit qilmanglar yiqilishimga.

Qiyin bo‘lsa bo‘lar ilk qadamlarda,
Mening uchun og‘ir bo‘lgan damlarda,
Axir yordam qila olardi kim ham,
O‘z-o‘zimga madad bera olmasam!

Bu yo‘lni bir o‘zim o‘tmog‘im darkor,
Mayli, o‘zim bo‘lay o‘zimga tayanch.
Mayli, yurib ko‘ray, yiqilay takror,
Mayliga, ahvolim bo‘lsa ham ayanch.

Turib yana yurib ketmog‘im tayin,
Axir o‘z quvvatim menga madadkor.
Hech kim ko‘tarolmas meni mendayin
Kichikmanmi, yo‘qmi, bu yo‘lda zinhor.

Menga kuzatuvchi kerakmas aslo,
Menga mushaklarim, asablarimni
Hamda irodamni sinamoq lozim.
O‘zim bo‘la olish yo bo‘lolmaslik
Menga juda zarur — niyati azim.
Mayli, chang-tuproqda, hattoki loyda,
O‘sha men qoqilib yiqilgan joyda,
Panjalarim izi tushib qolsa ham,
Faqat bir narsani so‘rayman sizdan —
Meni qaytarmangiz ilk bosgan izdan.

Xalaqit bermanglar qoqilishimga,
Urinib, surinib yiqilishimga.
Mayli, tuproqaro ko‘rsam o‘zimni
Qo‘yinglar, topayin o‘zim o‘zimni.

AChChIQ SEVGI QO‘ShIG‘I

Men nechun sevaman, bilmayman o‘zim,
Qachon sevib qoldim — menga qorong‘u.
Netayki muhabbat ko‘r qildi ko‘zim,
Ehtiros qalbimga solmoqda og‘u.
Men harchand o‘zimni tiymoq bo‘laman,
Lek yurak qurg‘urga o‘tmaydi so‘zim.
Bu darddan bir kuni tayin o‘laman —
Men nechun sevaman, bilmayman o‘zim.

* * *

Ehtiros-la qalbga sayqal beraman,
Olmos shaffofligin olgunga qadar.
Muhabbat bog‘idan gullar teraman,
Bu dard qilsa hamki meni darbadar.
Qurshab olsa hamki baxtsizlik, kadar,
Sevgi quvonchidan ko‘krak keraman.
Olmos shaffofligin olgunga qadar
Ehtiros-la qalbga sayqal beraman.

* * *

Gar atirgul mening xasta ko‘ksima
Tikonini sanchib olsa ayovsiz,
Behudaga, deyman, ko‘nglim, o‘ksima
Uni jon deb qabul qilaman g‘ovsiz.
Uning xush bo‘ylari qalbda yoqsa his,
Umid uchqunlarin uyg‘otsa — nima
Bo‘pti tikon sanchib olsa ayovsiz
Gar atirgul mening xasta ko‘ksima?!

* * *

Hayot bo‘lar edi zahardan achchiq,
Bo‘lmasaydi agar senga qayg‘u yot.
Erkaladi taqdir, baxt kuldi ochiq.
Muhabbatim bo‘ldi menga mukofot.
Men davo istamam sevgiga, hayhot,
O‘limdan ham qo‘rqib, yurmayman qochib.
Bo‘lmasaydi agar senga qayg‘u yot,
Hayot bo‘lar edi zahardan achchiq.

* * *

Og‘riq bas kelolmas qalbingga aslo,
Og‘rig‘ing qo‘shiqqa aylansa agar.
Dengizning sho‘r suvi bo‘ladi davo,
Qayg‘u-g‘amdan esa qo‘shiq davolar.
Bilki yurak senga hayot bag‘ishlar,
Faqat kuylagani qo‘yib ber unga!
Og‘rig‘ing qo‘shiqqa aylansa agar,
U bas kelolmaydi aslo qalbingga.

Fayzi Shohismoil tarjimasi.