Yun Son Do (1587-1642)

BESh DO‘ST

Do‘stlarim bor: yam-yashil g‘arov,
Qarag‘ay, tosh va yana anhor.
Agar ko‘kda oy ham ko‘rinsa,
Baxtlidirman yana ikki bor.
Ishoningiz, aytayin bir so‘z:
Menga yetar mana shu besh do‘st.

ANHOR

Deydilar: bulutning ranglari nafis,
Biroq goho chiqar bulut ham qora.
Deydilar: shamolning ovozi munis,
Biroq jimib qolar goho shamol bechora.
Faqat bitta ne’mat doim yoqadir –
Anhor mudom go‘zal, tinmay oqadir.

QARAG‘AY

Agar issiq bo‘lsa – gullar ochasan,
Agar sovuq kelsa – to‘kilar barglar.
Ey, go‘zal qarag‘ay, chiroy ochasan,
Senga qo‘rqinchlimas bo‘ron, shabnamlar?
Bilaman: sababi – ildizing yerda yotgandir,
Marhumlar ko‘milgan joyga botgandir…

TOSh

Voh, nega bu gullar avval ochilar,
Keyin so‘lib qolar bir kun nogahon,
Yashil o‘tlar avval yerga sochilar,
Keyin sarg‘ayadi, bo‘ladi xazon?
Bu dunyoda o‘zing qilarsan bardosh –
Qotgancha yotarsan sokin xarsangtosh.

OY

O‘zing samovotda bitta parchasan,
Butun olam aro nuring sochasan.
Ayting, qayda bordir bunaqa fonus –
Qorong‘u kechani aylagay kunduz?
Sizga termuladi unsiz, hoynahoy –
Haqiqiy hamdamdir shu bir parcha oy!

G‘AROV

Daraxt desam seni, daraxtmas aslo,
Maysa desam agar, emassan yumshoq.
Sening iching pokdir – pokiza havo,
Usting esa juda qattiqdir biroq.
Men seni sevaman, qamish, komilsan –
Menga dardkashsan-ku, mudom yashilsan.

Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimasi